Kasbga muhabbat

yoki armoni yo'q jurnalist haqida
Yillar o'tgani sari odamlar orasidan bir narsani izlay boshladim. Bu — muhabbat. Avvalo, o'ziga, qolaversa, Vataniga, ona xalqiga, atrofidagi odamlarga, jamoasiga va, eng asosiysi, kasbiga muhabbat. Zotan, yuragi muhabbat bilan to'yingan kishi ko'p narsalarga qodir va tayyor bo'ladi. Agarki kasbiga muhabbat qo'ygan insondan biror yumush so'ralsa, har qanday vaziyat va har qanday sharoitda ham u dastlab xizmat burchini ustun qo'yadi. Shaxsiy manfaat va boshqa narsalar keyingi darajada turadi. Bu xislat esa, ayniqsa, bugungi kunda nihoyatda qadrlanadi va shunday bo'lishi ham lozim.
Shu ma'noda Toshkent viloyatida chop etiladigan “Mash'al” ijtimoiy-siyosiy gazetasi bosh muharriri Tolib Hakimov juda katta o'rnak maktabini yaratib kelmoqda. Ehtimol, bu nom ko'plar uchun ma'lum va mashhur bo'lmasligi mumkin. Darhaqiqat, hozir taniqlilikning mezonlari bir oz o'zgargan. Agarki kasbiga, so'ziga, irfoniy e'tiqod va shaxsiy qadriyatlariga sodiq odamlar jamiyatda mashhur bo'lganida, Tolib Hakimov davrimizning eng taniqli insonlaridan biri bo'lardi.
Hamkasbimizni qirq yildan buyon bir gazetada, bir jamoada — bir dargohda mehnat qilayotgani uchun kasbiga sodiq, matbuotga sadoqatli jurnalist demoqchi emasmiz. To'g'ri, chindan ham Tolib Hakimov qirq yildan beri bir joyda ishlaydi. Qirq yildan buyon uning “yo'l xaritasi” o'zgargan emas. U bosh muharrirlik qilayotgan gazeta Toshkent viloyatidagi eng ilg'or nashrlardan biri. Nurafshon shahri va O'rta Chirchiq tumani hokimliklari muassisligidagi ushbu ijtimoiy-siyosiy nashrda e'lon qilinayotgan materiallar ham mazmunan, ham geografik nuqtai nazardan, qolaversa, dizayn jihatidan ham mamlakatimizdagi tuman gazetalariga namuna sifatida ko'rsatishga arzigulik.
Umrining qirq yilini matbuotga bag'ishlagan va bir marta beriladigan hayotining bu vaqtini bir gazetada o'tkazayotgan qadrdonimiz Tolib Hakimov 2011 yilda “Mash'al” gazetasiga bosh muharrir etib tayinlandi. U gazeta ishini yangi bosqichga olib chiqib, matbuotchilikning eng so'nggi yutuqlarini tahririyatga olib keldi, amaliyotga tatbiq qildi. Xususan, sakkiz sahifali gazetaga rangli sahifalar qo'shildi, ijodiy jamoaga qulay sharoitlar yaratildi, matbaa sifati ham oshdi. O'tgan yillar mobaynida gazetxonlar bilan yaxshi aloqa yo'lga qo'yildi. Mushtariylar o'z izhorlarini, fikr va takliflarini sevimli gazetasiga yozadilar, tahririyat esa o'z vazifasi — tahrir ishini ado etib, uni matbuot orqali e'lon qiladi. Eng muhim gap — tahrirda. Chunki hozirgi kunga kelib juz'iy iqtisodiy qiyinchilik va moliyaviy muammolar bilan andarmon bo'lib yurgan gazeta muharrirlari ko'p ham tahrirga ahamiyat qaratmay qo'ydi. Buning oqibatida zamonaviy jurnalistikada tahrir oqsay boshladi, saviya sayozlashdi. Bugungi kunda gazeta va gazetxon o'rtasidagi ayrim nuqsonlar va “majburiy obuna” degan sun'iy yorliq tufayli bir qancha tahririyatlar ahvoli tang bo'lib turgan bir paytda “Mash'al” gazetasining adadi chakki emas. 2024 yil mobaynida bu gazeta qariyb uch ming nusxada chop etib kelinmoqda. Mahalliy gazeta uchun bu yomon ko'rsatkich emas. Mana shu xayrli ishlarning boshida Tolib Hakimov turibdi. Shu bois uni kasbiga sodiq va fidoyi jurnalist desak xato bo'lmas.
Yuqoridagilardan xulosa qilib aytish lozimki, rahbarlik — yo'g'on bo'yinbog'ni bo'yinga bog'lab, yig'ilishlarda savlat to'kib yurish degani emas. Ta'kidlanganidek, Tolib Hakimov — iste'dodli ijodkor. Uning muallifligidagi bir qancha tanqidiy-tahliliy, hajviy maqolalar ko'p marta keng muhokamalarga, tuman miqyosida bahslarga sabab bo'lgan. Ammo har doim muallif o'z maqsadiga erishgan. Tahliliy maqola yordamida holat ro'yirost ko'rsatilgan, tanqidiy maqola orqali vaziyat yaxshilangan. Tolib Hakimovning hajviy-jurnalistik asarlari alohida mavzu. Uning shogirdi, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi Otabek Isroilov yaqinda “Adabiyot ziyosi” gazetasida bosilgan maqolasida shunday yozgan:
“O'tgan asr 80-yillari oxirida “Mash'al” gazetasining 1 aprel sonida chiqqan bir maqolani sharhlamoqchiman.
Ushbu maqolada qadimiy To'ytepa shahridagi ko'hna tepaliklardan birini qaziyotgan yigitlarning dafinaga duch kelganligi va ushbu dafinadan topilgan qimmatbaho gavhar va tangalar — xazinaning qiymati to'g'risida so'z boradi. Ushbu topilma tumandagi mas'ullarga topshirilgani, uni tadqiq etish uchun nafaqat Toshkentdan, balki o'sha vaqtdagi markaz — Moskva hamda dunyoning boshqa burchaklaridan olim va tadqiqotchilar tashrifi kutilayotgani hamda boylik kuchaytirilgan tartibda qo'riqlanayotgani aytiladi. Maqolaning nihoyasida esa gazeta chop etilgan kunga ishora qilinib, bu 1 aprel hazili ekanligi ma'lum qilinadi.
Ehtimol, bir jurnalistning yengil yumori yoki xonada zerikib o'tirgan paytida to'qib-bichgani hangomasi sifatida bu maqolaga yuzaki qaralishi mumkin. Biroq o'sha vaqtdagi vaziyat nuqtai nazaridan yondashilsa, maqola muallifining katta dardi zohir bo'ladi. Axir o'sha vaqtda tarixiy maskanlarga e'tibor yo'qolgan, olomon bilgan holicha To'ytepa tepaliklaridan shaxsiy manfaati yo'lida foydalanayotgan edi.
Tabiiyki, bu maqola ko'plab shov-shuvlarga sabab bo'lib, muhokamalarni yuzaga keltiradi hamda jurnalist iste'dodini ko'rsatib beradi”.
Yubilyarning yana bir hamkasblari, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zolari Ma'murjon Bozoraliyev va Anora Karimova o'tgan hafta “Toshkent haqiqati” gazetasida bosilgan maqolasida bunday yozgan:
“Bu yigit yaqinda harbiy xizmatdan qaytgan to'ytepalik yosh jurnalist Tolib Hakimov bo'lib, “Hovuzning qopqog'i” sarlavhali fantastik janrda tanqidiy maqola yozib kelgan va uni “Mash'al” gazetasida chiqarish istagida ekan.
Darvoqe, o'sha kezlari tuman markazi To'ytepaning qoq o'rtasida katta bir sun'iy hovuz bo'lar edi. Yong'in xavfsizligi uchunmi, yo ekzotika uchunmi, yoki boshqa maqsadda qurilganmidi — bunisini bilmasdik. Ammo o'sha sun'iy hovuz tashlandiq holatga kelib qolgan, u xunuk ko'rinishidan tashqari odamlarga, ayniqsa, o'yinqaroq bolalar uchun jiddiy xavf tug'dirardi.
Fantastik maqolada muallif hech kim e'tibor bermay qo'ygan bu sun'iy hovuzga hatto o'zga sayyoraliklar ham juda qiziqib qolganligi, uni odamlar nima uchun qurishganiyu, endi nima uchun qarovsiz tashlab qo'yishganini astoydil bilish maqsadida tun yarmida “uchar likopchalar”da To'ytepaning qoq markaziga qo'nib, bu “sirli ob'yekt”ni o'rganganligi va, alalxusus, bu hovuzga qopqoq o'rnatib ketishgani hajv qilinadi.
Bu g'ayritabiiy voqelik aks etgan maqola gazetada e'lon qilingach, ancha shovshuvlarga sabab bo'ldi. Bir oz vaqt o'tgach, bu tashlandiq hovuz tekislab tashlandi”.
Shu ikki maqola va undagi fikrlarni dalolat qilib keltirgan holda aytish mumkinki, Tolib Hakimov — yumorning yetuk ustasi.
“Mash'al” gazetasida bosh muharrir davom ettirayotgan bir an'anani alohida qayd etish joiz. Bu — adabiy soat. Vazirlar Mahkamasida “Hukumat soati”, hududiy hokimliklarda “Hokimlik soati”, hatto shifoxonalarda “besh daqiqa” degan majlislar o'tkaziladi. Jumladan, barcha gazeta tahririyatlarida har hafta avvalida adabiy soat yig'ilishlari o'tkazilar, bunda gazetaning o'tgan hafta mobaynida chop etilgan sonlari tahlil qilinar, yutuq va kamchiliklar yuzma-yuz muhokama qilinar hamda yangi hafta rejasiga tartib berilar edi. Ayni kunlarda aksariyat gazeta tahririyatlarida bu an'ana yo'qolayozdi. Biroq “Mash'al” gazetasida bunday adabiy soat yig'inlari Tolib Hakimov raisligida har hafta o'tkazib kelinadi. Bu majlisbozlik emas, bil'aks, “Mash'al” gazetasi erishayotgan yutuqlarning omillaridan biridir.
Tolib Hakimov — duo olgan yigit. Nafaqat ota-onasidan, balki ustozlaridan ham. Nuroniy yoshga yetgan otasiga mehribon, e'zoz bilan xizmatda, oilada ham aka-ukalariga o'rnak bo'lgan bo'lsa, jamoada ustozlarini e'zozlab, yangi avlod jurnalistlariga, hamkasblariga namuna. Hozir ham umumxalq bayramlari arafasida O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Toshkent viloyati bo'limi bilan hamkorlikda jurnalistika faxriylarini yo'qlashdan, ular bilan doimiy muloqot qilishdan charchamaydi, bu ishni aslo kanda qilmaydi.
Bosh muharrirdagi dadillik, shijoat, mehnatsevarlik, bag'rikenglik kabi fazilatlar hammada ham uchrayvermaydigan xislatlardir. “Xalq so'zi” gazetasining Toshkent viloyati bo'yicha ishlayotgan kezlarim. Viloyat markazining Nurafshon shahriga ko'chirilishi munosabati bilan ko'chada qoldim. Poytaxtdan ko'chgan barcha-barcha tashkilotlarni bino yoki xona bilan ta'minlash mushkul masala edi. Shunda Nurafshon shahrining qoq markazidagi qo'sh qavatli “Mash'al” gazetasi bosh muharriri Tolib Hakimov menga tahririyatdan joy berdi. Xonani to'la jihozladi.
Bundan tashqari, O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi Toshkent viloyati bo'limi faoliyati qayta yo'lga qo'yilganida ham boshpana masalasi kun tartibidagi birinchi vazifa edi. Shunda ham Tolib Hakimov ko'magini ayamagan. Ta'bir joiz bo'lsa, T.Hakimov rahbarlik qilayotgan idorada bo'lim faoliyati qayta tug'ilgan, qayta jonlangan edi.
Shu yil Matbuot va ommaviy axborot vositalari xodimlari kuni arafasida O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Farmoniga muvofiq Tolib Hakimov “Do'stlik” ordeni bilan mukofotlandi. “Do'stlik” ordeni bilan O'zbekiston Respublikasining fuqarolari O'zbekistonda yashayotgan barcha millat va elatlarning vakillari o'rtasida do'stlik, o'zaro hamjihatlik va totuvlikni mustahkamlash ishida erishgan katta yutuqlari, O'zbekiston xalqining boshqa mamlakatlar xalqlari bilan do'stlik va har taraflama hamkorligini rivojlantirganliklari uchun mukofotlanadilar. Albatta, Tolib Hakimov ham millatlar va davlatlararo do'stlikni ardoqlaydi, o'zaro hamkorlikning mustahkamlanishiga hissa qo'shib kelmoqda. Ammo, aytishni istardimki, u — eng avvalo, do'stlikni e'zozlaydigan, qadrini biladigan inson.
Maqola avvalida kasbga muhabbat haqida so'z ochgan edik. Yillar davomida turli tashkilotlarda mehnat qilib, ko'pchilik bilan tanishganman, birga ishlaganman. Agarki xodim o'z ishini sevmasa, kasbiga muhabbat qo'ymasa, natijadorlikka erishish juda og'ir kechadi. Bunday xodim jamoaga ortiqcha yukdek gap. Tolib Hakimov esa o'zidagi kasb muhabbatini jamoadoshlariga, shogirdlariga ham singdira olgan muharrir, rahbardir.
O'zidan yaxshi farzandlar, yaxshi nom, yaxshi shogirdlar qoldirayotgan insonning bu dunyoda armoni bo'lmaydi, albatta. Shu ma'noda o'zining kamolot yoshiga peshvoz chiqqan oltmish yoshli muharrirning ham armoni yo'q desak xato qilmasak kerak. Omon bo'ling, ijodiy yutuqlar bardavom bo'lsin, qadrli hamkasb birodarimiz!
Rahmatilla ShERALIYEV,
O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan
yoshlar murabbiysi.