Namanganda palma o'sadimi?

Odatda palma dengiz bo'ylaridagi deyarli qish bo'lmaydigan yurtlarda o'sadi. Bu issiqsevar palma daraxtini ko'rib, avvaliga ishonmadik. Qalovini topsang, qor yonar deganlaridek, namanganlik ishbilarmonlar palma o'stirishni uddasidan chiqibdi, qoyil!

Toshkentdan Namangan shahriga kiraverishda yo'lning o'ng tomonida shu shahar nomi bilan atalgan besh qavatli mehmonxona bor. Bu mehmonxonaning o'z tarixi bor ekan. Mustaqillikning dastlabki yillari biznes bilan shug'ullanib yurgan namanganlik tadbirkornikiga Rossiyadan do'stlari mehmonga keladi. Ular mezbonning uyida qolishga ko'nmay mehmonxonada yotamiz, deb turib olishadi.  Baxtga qarshi o'sha paytda shaharda  mehmonxonalar kam bo'lgan. O'sha paytda shahar uchun obro'li hisoblangan mehmonxonani ko'rsatishadi, mehmonlarga bu joy yoqmaydi. Mezbon juda hijolatli ahvolda qoladi. O'shanda u go'zal Namanganimga yarashadigan mehmonxona quraman, deb ahd qiladi. Shu bahona bo'lib, 2007 yili ikki qavatli shinamgina mehmonxona bunyod etilgan ekan.

— Bugungi kunda ushbu koshona tubdan qayta qurilib, qavatlar soni beshtaga yetdi, — dedi mehmonxonaning ijrochi direktori Adahamjon Boydadayev. — Gullar shahri bo'lgan Namanganimizga fayz bag'ishlab turgan ushbu maskanda 95 ta xona mavjud bo'lib, ularda 125 kishi istiqomat qilishi mumkin.

Mehmonxonaga kiraverishning har ikki tomonida ikki tupdan bo'yi besh quloch chamasi bo'lgan palmaga ko'zingiz tushadi. Hovlida esa besh qavatli bino bilan bo'ylashib qolgan palma sovuqdan asrash uchun temir karkas tayyorlanib, did  bilan o'rab qo'yilibdi. Uzoq Rossiya o'lkalarida o'sadigan oq qayinlaru o'nlab turdagi noyob manzarali daraxtlarni aytmaysizmi?

Ushbu shinam va zamonaviy mehmonxonaga kiraverishdagi oynavand hududda yana zaytun daraxti o'stirilmoqda. Zaytun juda shifobaxsh o'simlik, ming yil yashaydigan daraxt. U ham, asosan, iqlimi issiq yurtlarda o'sadi. Dunyo kezgan tadbirkor Namanganda zaytun ham parvarish qilayotgan ekan, xayratimiz oshgandan oshdi.

Bu joydagi shart-sharoitlar ilg'or chet mamlakatlarning zamonaviy mehmonxonalaridan aslo qolishmaydi.  Hovlisiga chiqsangiz qushlar bog'i bo'lib, unda o'n ikki turdagi sayroqi qushlar “qo'shiq” kuylab turibdi. Huddi Madinaning kabutarlariga o'xshaydigan chiroyli kabutarlarni ko'rib, yana ko'z quvonadi.

Bugun ushbu maskanda bo'lsangiz, Yangi yilga moslab bezatilgan manzaraga boqib kayfiyatingiz ko'tariladi. Xodimlarning xushmuomalaligi, narxlarning arzonligi va boshqa qulayliklarni aytmay qo'ya qolaylik.

Dilmurod QIRG'IZBOYEV,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × three =