Hamkorlik, tashabbus va ezgu loyihalar

Sohibqiron Amir Temur millatimiz tarixida alohida o'rin tutgan, e'zozu ehtiromlarga sazovor buyuk siymodir. U yashagan davrni tariximizning oltin davri deb ataymiz, ushbu davrda ikkinchi Renessans jarayoni ro'y berdi.
Mamlakatimiz mustaqilligidan keyin tariximizni yangidan o'rganish, unga yangicha nazar bilan qarash kabi ulug' madaniy jarayon boshlanib ketdi. 1996 yil 14 martda Vazirlar Mahkamasining “Xalqaro Amir Temur jamg'armasini tashkil etish to'g'risida”gi farmoni e'lon qilindi. Xalqaro Amir Temur jamoat fondi ilk bora o'sha yili — Sohibqiron bobomiz tavalludining 660 yilligi munosabati bilan tashkil qilingan bo'lsa, mana bugun “Xalqaro Amir Temur jamoat fondi” nomida faoliyat olib bormoqda.
Fond bugungacha juda ko'p mashaqqatli davrni boshdan kechirdi. Erkini endi qo'lga kiritgan navnihol Vatanning o'tmish haqiqatlarini tiklash Fondga ham, olimlarga ham oson bo'lmadi. Izlanishlar natijasida tariximizning yangidan-yangi qatlamlari ochilib bormoqda. Bu esa xalqimizni yanada xushnud etmoqda.
Bugungi kunda Xalqaro Amir Temur jamoat fondi Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi bilan bevosita hamkorlik asosida, bahamjihatlikda faoliyat olib boradi. Ayniqsa, Prezidentimiz tomonidan 2024 yil 26 avgustda imzolangan “Fuqarolik jamiyati institutlarini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash tizimini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni mazkur yo'nalishdagi ishlarimizning takomillashuvi va yanada yuksalishiga ko'mak beradi.
Mazkur hujjatga ko'ra, Oliy Majlis, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesi hamda mahalliy Kengashlar huzuridagi nodavlat notijorat tashkilotlarini va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondlarini qo'shib yuborish va ularning negizida Oliy Majlis huzuridagi Fuqarolik jamiyati institutlarini qo'llab-quvvatlash jamoat fondi hamda uning Qoraqalpog'iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridagi alohida bo'linmalari tashkil etilishi hamkorlikdagi ishlarimizni yanada mustahkamlaydi. Negaki, Jamoat fondi kabi Xalqaro Amir Temur jamoat fondining ham har bir viloyatda bo'limi ishlab turibdi. Joylardagi vakillarimizning taklif va tashabbuslari esa hamkorligimizga yanada mazmun-mohiyat baxsh etadi.
Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondining beg'araz ko'magi, e'tibori tufayli ma'lum tadbirlar amalga oshirilmoqda, ilmiy anjumanlar o'tkazilmoqda. Xususan, o'tgan yili Sharafuddin Ali Yazdiy qalamiga mansub “Zafarnoma” kitobi nashr etildi. Bu kitob Sohibqiron bobomiz haqida yozilgan kitoblar ichida eng ishonchli manbadir. Kitob taqdimotida ko'p tarixchilar, yozuvchilar, olimlar, harbiylar vakillari ishtirok etdilar. Amir Temur hayotiga bag'ishlangan “Sohibqironga ehtirom” nomli she'rlar, dostonlar, publitsistik maqolalar bo'yicha xalqaro tanlov o'tkazildi. Unda O'zbekiston, Qozog'iston, Tojikiston ijodkorlari qatnashdilar. Qozog'iston, Qirg'iz Respublikasi, Samarqand va Toshkent shahrida xalqaro konferensiyalar uyushtirildi. Maktab o'quvchilari orasida “Amir Temur — mening bobom” nomli insholar tanlovi ham juda jonli va qiziqarli o'tdi. “Amir Temur va Temuriylar davri siymolari” ruknida “Amir Temur solnomasi”, “Sulton Husayn Mirzo”, “Sohibqiron yodi”, “Ibrohim Sulton”, “Amir Temur va Temuriylarning moliya va pul siyosati” nomli bir qancha Amir Temur davri va hayotiga oid qiziqarli kitoblar nashr etildi. Rejalar ko'p.
Fond bugungi kunda ham yangi davrda yangicha ruhiyat bilan ishlashni davom ettirmoqda. Ma'lumot o'rnida aytib o'tish joizki, hali o'zbek tilida nashr etilmagan, Amir Temur haqida yozilgan ilk tarixiy kitob — G'iyosuddin Ali qalamiga mansub “Hindiston yurishi kundaligi” kitobi fors tilidan o'zbek tiliga tarjima qilinib, nashriyotga topshirildi. Shuningdek, “Amir Temur saboqlari” nomli kitob ikki tilda — o'zbek va ingliz tillarida bosib chiqarish uchun nashrga berilgan.
Bularning bari Oliy Majlis huzuridagi Jamoat fondining ko'magi asosida amalga oshirilmoqda. Davlatimiz rahbarining nomi yuqorida qayd etilgan farmonidan kelib chiqib aytadigan bo'lsak, nodavlat tashkilotlar, fondlarning ishi yanada samara berishi muqarrar.
Muhammad ALI,
Xalqaro Amir Temur jamoat fondi raisi,
O'zbekiston xalq yozuvchisi.