Maktab — ma'naviyat maskani

So'nggi yillarda mamlakatimizda ta'lim-tarbiya tizimining sifati va samaradorligini oshirish, bog'cha tarbiyalanuvchilari, o'quvchi va talaba-yoshlarda zamonaviy bilim va ko'nikmalarni shakllantirish, ta'lim tizimlari hamda ilm-fan sohasi o'rtasida yaqin hamkorlik va integratsiyani, ta'limning uzviyligi va uzluksizligini ta'minlash borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda.

Ma'lumki, tarbiya o'z mohiyat-e'tibori bilan milliy, umuminsoniy va gumanistik mazmunga egadir. Har bir jamiyat o'z oldiga yetuk, har tomonlama kamol topgan, o'zida butun ijobiy, olijanob fazilatlarni birlashtirgan avlodni tarbiyalashni orzu qiladi. Tarbiyasi og'ir, ma'naviyati qashshoq yoki ma'naviyatdan mahrum bo'lgan odamdan biror ezgulik kutish mumkin emas. Chunki u yaxshilik va ezgulik haqida umuman o'ylamaydi. Atrofga va hatto ota-onasi, qarindosh-urug'lari taqdiriga ham befarq, loqayd holda yashaydi. Tarbiyali, ma'naviyatli inson bugungi kun va kelajak haqida fikr yuritadi, shuningdek, kelgusi hayot va turmushning ravnaqi uchun o'z hissasini qo'shishga intiladi.

Inson hayotda o'z o'rnini topishi, ikki dunyo saodatiga erishishi, yurtining taraqqiyotiga hissa qo'shishi va shu Vatanga munosib bir farzand bo'lishini ta'lim-tarbiyasiz tasavvur qilib bo'lmaydi. Buni biz qushning ikki qanoti bo'lmasa, osmonga ko'tarilib, ko'klarga parvoz qila olmaganiga qiyoslasak bo'ladi. Shuning uchun ta'lim-tarbiyaning bir-biri bilan uzviy bog'liqligiga va farzandni kamol toptirishda ikki narsani uyg'unlikda olib borishga alohida e'tibor qaratilgan. Insonda odob va tarbiya bo'lmasa, ta'lim olish masalasi juda qiyin. Agar ilm bo'lsa-yu, odob-tarbiya bo'lmasa, u dunyoda eng xavfli va xatarli insonga aylanadi. Chunki bunday kimsalar insonlar boshiga turli kulfat va balolarni keltirishi mumkin. Shuning uchun ham eng avvalo tarbiyaga katta e'tibor qaratiladi. Agar ota-ona yoshligidanoq o'sha farzandlarining tarbiyasi bilan mashg'ul bo'lib, yaratilayotgan imkoniyat va sharoitlardan unumli foydalansa, ta'lim-tarbiya berishda murabbiylarga o'z vaqtida ko'maklashsa, ular o'z yurtiga munosib, ajdodlariga haqiqiy voris bo'lishadi. Hozirgi axborot dunyosi bilan bir-biriga qorishib ketgan “globallashuv” deb atalgan davrda farzandlarimizga yaxshini yomondan, oqni qoradan ajrata olishni o'rgatish, avvalo, ota-ona va maktabdagi ustoz pedagoglar oldida turgan eng muhim vazifadir.

Ana shu vazifani uddalash uchun Angren shahrida ta'lim sohasida tizimli ishlar yo'lga qo'yilgan. Maktabgacha va maktab ta'limi tizimida pedagog xodimlarimiz va bolajonlarimiz uchun zarur shart-sharoitlar yaratib berish maqsadida tegishli dasturlar asosida 18 ta MMTB tashkilotlarida quyidagi ishlar amalga oshirilmoqda.

Angren shahrida 42 ta ta'lim muassasasi faoliyat yuritadi. Ya'ni 39 ta umumta'lim maktabi, 1 ta maxsus maktab, 2 ta maktab-internat va 1 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi bor. 181 ta maktabgacha ta'lim tashkiloti (38 ta davlat, 4 ta nodavlat, 3 ta DXSh va 136 ta oilaviy MTT) mavjud.

Angren shahridagi 42 ta maktabning 18 tasida (42,8 foiz) o'qish jarayoni 2 smenada tashkil etilgan. Shuningdek, 6 ta maktabda (4,6 foiz) navbatlilik koeffitsienti — 1,5 dan yuqori.

Ta'lim sifati past bo'lgan maktablar soni 2023-2024 o'quv yilida mavjud emas.

2022-2023 o'quv yilida oltin medal olgan bitiruvchilar soni 61 nafar (5,1 foiz) bo'lsa, 2023-2024 o'quv yilida 94 nafar (6,7 foiz), kumush medal olgan bitiruvchilar soni esa 2022-2023 o'quv yilida 1 nafar (0,08 foiz) bo'lsa, 2023-2024 o'quv yilida 94 nafarga yetdi.

2023-2024 o'quv yilida Angren shahrida 3024 nafar o'quvchi (shundan 163 nafari imtiyozli, 2833 nafari oddiy shahodatnoma va 28 nafari sertifikat olgan) 9-sinfni, 1396 nafar o'quvchi (shundan 7 nafari kumush, 94 nafari oltin medal, 1295 nafari oddiy attestat olgan) 11-sinfni bitirdi.

Fan olimpiadasi respublika bosqichiga 2022-2023 o'quv yilida 5 nafar o'quvchi yo'llanma olgan bo'lsa, 2023-2024 o'quv yilida 7 nafar o'quvchi yo'llanmani qo'lga kiritgan.

Angren shahar umumiy o'rta ta'lim maktablarida 1000 dollardan oylik oladigan o'qituvchilar soni 8 nafarga (7-maktabda 2 nafar, 16-maktabda 1 nafar, 20-maktabda 1 nafar, 21-maktabda 2 nafar, 33-maktabda 1 nafar va 35-maktabda 1 nafar o'qituvchi) yetdi.

2020-2021 o'quv yilida 1 ta (50 foiz) maktab (13-maktab), 2022-2023 o'quv yilida 7 ta (77,8 foiz) maktab (11, 12, 15, 24, 25, 27, 37-maktablar) zamonaviy maktab maqomini olgan bo'lsa, 2023-2024 o'quv yilida 12 ta (100 foiz) maktab (4, 6, 7, 8, 14, 17, 20, 29, 33, 34, 39, 43-maktablar) shunday maqomga sazovor bo'ldi.

Angren shahridagi maktablarda o'qitish 3 tilda (o'zbek, rus, tojik) olib boriladi. Shundan 22990 nafar o'quvchi o'zbek tilida, 5526 nafar o'quvchi rus tilida, 3017 nafar o'quvchi tojik tilida ta'lim olmoqda.

Angren shahar maktabgacha va maktab ta'limi tizimida hozirgi kunda 2148 nafar (1676 (78 foiz) nafari ayollar) o'qituvchi faoliyat olib bormoqda. Shundan 1970 nafari (91,7 foiz) oliy ma'lumotli, 92 nafari (4,2 foiz) tugallanmagan oliy, 86 nafari (3,9 foiz) o'rta maxsus ma'lumotli pedagog xodimlardan iborat.

Jami pedagog xodimlarning 282 nafari (13,1 foiz) oliy toifali, 452 nafari (21 foiz) birinchi toifali, 540 nafari (25,1 foiz) ikkinchi toifali, 696 nafari (32,4 foiz) mutaxassis va 178 nafari (8,3 foiz) o'rta maxsus ma'lumotlilardan iborat.

2023-2024 o'quv yilida oliy toifadagi pedagoglar soni 13,1 foizdan 15,6 foizga (+2,5), birinchi toifadagilar soni esa 25,1 foizdan 29,3 foizga (+4,2) oshdi.

Maktab bitiruvchilarining oliy ta'lim muassasalariga qabul qilinganligi reytingi quyidagicha: 2023 yilda Angren shahrida 1191 nafar o'quvchi maktabni bitirib, shundan 813 nafari (68,3 foiz) talabalikka tavsiya etildi.

Shahardagi 2 ta maktab “qizil”, 11 ta maktab “sariq”, 29 ta maktab “yashil” toifali hisoblanadi.

Shaharda 1642 ta fan va sport to'garaklari, 39 ta umumiy o'rta ta'lim maktabida teatr jamoalari, 4 ta umumiy o'rta ta'lim maktabida xor jamoalari tashkil etilgan.

2023 yilning 5-7 dekabr kunlari Namangan viloyati Davlatobod tumanida “Jaholatga qarshi ma'rifat” shiori ostida bo'lib o'tgan “Huquqiy-ma'rifiy bilimdon” respublika ko'rik-tanlovida Angren shahridagi 39-maktabning 8-sinf o'quvchisi Samira Merzaxmetova 1-o'rinni qo'lga kiritdi.

Angren shahridagi 13-maktabning 11-sinf o'quvchisi Nozimaxon Rustamova esa 2024 yil Zulfiya nomidagi Davlat mukofotining hududiy bosqichlarida g'olib chiqib, respub­lika bosqichida tengdoshlari bilan bellashish baxtiga muyassar bo'ldi.

2024 yil 25 aprel kuni Toshkent viloyati hokimi Zoyir Mirzayev “Telefonsiz maktab” loyihasini faol qo'llab-quvvatlagani uchun Angren shahridagi 17-umumiy o'rta ta'lim maktabiga 300 million so'm pul mukofotini topshirdi.

2 may kuni esa Parkent tumanida “Yashil makon” ko'rik-tanlovining viloyat bosqichida Angren shahridagi 7-maktabning “Ekozamin” jamoasi 1-o'rinni olib, respublika bosqichiga yo'l oldi.

3 may kuni Yuqori Chirchiq tumanida bo'lib o'tgan “Turon” maktab teatri tanlovining viloyat bosqichida Angren shahridagi 13-maktab jamoasi 2-o'rinni egalladi.

43-sonli ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktabi jamoasi 5 tashabbus doirasida o'tkazilgan kitobxonlik festivalida “Eng kitobxon maktab” tanlovida viloyatda faxrli 1-o'rinni egalladi.

Hademay yangi o'quv yili boshlanadi. Angren shahridagi barcha ta'lim maskanlarida 2024-2025 o'quv yilida ham yanada yuksakroq natijaga erishish maqsadida sinflarni ko'rgazmali qurollar bilan jihozlash, o'quvchilarni kerakli o'quv adabiyotlari bilan ta'minlash ishlari hozirdan bosh­lab yuborilgan.

Farzand — umrimizning mazmuni, ular hayotimiz davomchilari, kelajagimiz egalari ekanligi, shuningdek, ularni asrab-avaylab, har tomonlama barkamol qilib voyaga yetkazish har bir ota-onaning, har bir ustozning muqaddas burchi ekanligini teran anlagan holda, yangi o'quv yilida ham pedagoglarimiz ota-onalar bilan hamjihatlikda o'quvchilarga puxta ta'lim-tarbiya berishda davom etadi. Zero, voyaga yetmagan farzandlarimiz tarbiyasiga oilada ham e'tiborli bo'lsak, maktabda, maktabdan tashqari, ko'chada nima ishlar bilan shug'ullanib yurganliklarini, atrofida qanday do'stlari borligini bilib nazoratga olsak, kattalarga hurmat, kichiklarga izzatda bo'lish singari odob-axloq xislatlarini singdirib borish orqali ularni tarbiyalasak, yurtimiz kelajagi ishonchli qo'llarda bo'ladi.

Sarvar NURIDDINOV,

Angren shahar Maktabgacha va

maktab ta'limi bo'limi boshlig'i.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 4 =