Oliy ta'limda yangi marralar sari tashlangan qadamlar
“Tarbiya biz uchun yo hayot — yo mamot, yo najot — yo halokat, yo saodat — yo falokat masalasidir”. Fikrimni ushbu o'lmas hikmatli ibora bilan boshlashimga sabab, buyuk jadid bobomiz Abdulla Avloniy ta'lim-tarbiya masalasida hech qachon befarq bo'lmasligimizni qat'iy uqtirib ketgandek go'yo.
Darhaqiqat, bugun ham, ertaga ham tarbiya masalasi insoniyat taraqqiyotining bosh mezoni bo'lib qolaveradi, zero, millat rivoji — yurt ravnaqi, bugungi ta'lim-tarbiyaga chambarchas bog'liqdir.
Bugun Yangi O'zbekiston hayotining barcha sohalari chuqur islohotlar maydoniga aylanib ulgurdi, bu esa barchamizni birday quvontirib, kelajakka bo'lgan ishonchimizni chin ma'noda oshirmoqda.
Bu jarayonda ijtimoiy sohaning asosi hisoblangan ta'lim tizimidagi o'zgarishlar haqida so'zlamaslikning iloji yo'q.
Dono xalqimiz “oshing halol bo'lsa ko'chada ich” deydi, nega olib borilayotgan islohotlar haqida gapirmasligimiz kerak? Mening nazarimda, har bir sohada bo'layotgan o'zgarishlar, yangilanishlar, yuksalishlar haqida qancha gapirsak, shuncha kam. Chunki ular zamirida “ertangi taraqqiyot — yangi istiqbol” yotibdi. Yangi O'zbekistonda olib borilayotgan ortga qaytmas, shiddatli islohotlar mazmun-mohiyatini anglash, har bir yangilanish va o'zgarish yuksak taraqqiyotga tamal toshi sifatida qo'yilayotganini keng jamoatchilikka targ'ib qilish barcha ziyolilarning sharafli burchidir. Zero, bugungi ziyolilar Uchinchi Renessans jadidlaridir.
Shu o'rinda mamlakatimizda so'nggi yillarda ta'lim tizimining barcha bosqichlarini tubdan zamon talablari asosida tashkil etish bo'yicha amaliy ishlar hal qiluvchi bosqichga kirdi. Zotan, bu borada Yurtboshimiz ta'birlari bilan aytganda, “ortda qolishga yoki oqsashga hech birimizning haqqimiz yo'q, xalq roziligi yo'lida barcha imkoniyatlarimizni ishga solsak, bu ham adolatdan bo'ladi”. Ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan islohotlar o'ziga xos ahamiyatga egadir, unda o'zaro uzviylik mujassamdir. Bu borada uzviylikning asosiy qismini, albatta, oliy ta'lim tizimidagi islohotlar tashkil etadi. Xususan, O'zbekiston Respublikasida oliy ta'limni tizimli isloh qilishning ustuvor yo'nalishlarini belgilash, mustaqil fikrlaydigan yuqori malakali kadrlar tayyorlash jarayonini sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarish, oliy ta'limni modernizatsiya qilish, ilg'or ta'lim texnologiyalariga asoslangan holda ijtimoiy soha va iqtisodiyot tarmoqlarini rivojlantirish maqsadida Davlatimiz rahbarining 2019 yil 8 oktyabrdagi Farmoni bilan tasdiqlangan “O'zbekiston Respublikasi oliy ta'lim tizimini 2030 yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasi” sohadagi yangi islohotlar uchun “kompas” vazifasini bajarib bermoqda.
Oliy ta'lim tizimida olib borilayotgan islohotlarga Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti hayoti va misolida to'xtaladigan bo'lsam, qariyb 100 yilga yaqin tarixga ega universitet nafaqat O'zbekiston, balki Markaziy Osiyo hamda jahon iqtisodiyotining turli sohalarida faoliyat yuritayotgan yuqori salohiyatga ega kadrlar tayyorlab kelmoqda. Universitetni tamomlagan bitiruvchilar Markaziy Osiyo va dunyo miqyosida davlat va nodavlat tashkilotlarida turli darajadagi lavozimlarda faoliyat yuritib kelayotgani ham, ushbu universitetning nufuzi yuqori ekanligini ko'rsatib turibdi.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024 yil 7 fevralda qabul qilingan “Iqtisodiyot sohalari uchun kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Qaroriga ko'ra, Toshkent davlat iqtisodiyot universitetiga Toshkent moliya instituti va O'zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo'mitasi huzuridagi Fiskal institutini qo'shish asosida qayta tashkil etildi.
Universitetda 14 ta fakultet hamda 38 ta ta'lim yo'nalishi mavjud bo'lib, hozirda jami 45 mingga yaqin talabaga sifatli ta'lim xizmatlari ko'rsatilmoqda. Universitet qoshidagi 2 ta akademik litsey va 6 ta texnikumda professional ta'lim berilmoqda.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida 2500 ga yaqin professor-o'qituvchilar faoliyat yuritib, ularning ilmiy salohiyati 60 foizni tashkil etadi. Bu borada yosh olimlarni qo'llab-quvvatlashga, ularni har tomonlama rag'batlantirishga alohida e'tibor qaratilmoqda va ilmiy salohiyatni oshirish yuzasidan tegishli “Yo'l xarita” ishlab chiqilgan bo'lib, istiqbolda 100 foizga olib chiqish ko'zda tutilgan. Quvonarli holat shuki, yosh olimlar va tadqiqotchilar nufuzli xorijiy OTMlari bilan ilmiy tadqiqot ishlarini olib borish masalasida yuqori darajada o'zaro hamkorlik yo'lga qo'yilgan, bu o'z navbatida olib borilayotgan ilmiy ishlarning saviyasini yanada oshirishga va ilmiy natijalarni amaliyotga keng joriy qilish, ilmiy ishlanmalarni tijoratlashtirish masalalarida qo'l kelmoqda. Universitet axborot-resurs markazi fondida mahalliy, xorijiy va zamonaviy adabiyotlar jamlangan.
Universitetda hozirda barcha ta'lim yo'nalishlari va magistratura mutaxassisliklari bo'yicha xalqaro reytinglardagi “TOP-300” talikka kiruvchi universitetlarning o'quv rejalari va fan dasturlari asosida yangi malaka talablari, o'quv rejalar va fan sillabuslari ishlab chiqilgan. Ispaniyaning Barselona universiteti, Buyuk Britaniyaning London iqtisodiyot maktabi hamda Manchester universiteti, Ispaniyaning Valensiya universiteti va Buyuk Britaniyaning Surrey universiteti kabilar shular jumlasidandir.
Universitetda Buyuk Britaniya, Avstriya, Indoneziya, Rossiya hamda Belarus davlatlari bilan hamkorlikda qo'shma ta'lim dasturlari tashkil etilgan. Hozirgi kunda Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti chet mamlakatlarning 250 dan ortiq oliy ta'lim tashkilotlari bilan hamkorlik bitimlari asosida ish olib bormoqda.
Universitetda ilmiy-amaliy laboratoriya va innovatsion tadqiqot markazlari faoliyat yuritmoqda, 3 ta yo'nalishdagi innovatsion markazlar, ilmiy-amaliy laboratoriyalar faoliyati yo'lga qo'yilgan. Xususan, Nobel mukofoti sohibi, professor Rae Kvon Chung rahbarligidagi “Yangi iqlim innovatsiyalari markazi”, “Microsoft” kompaniyasi bilan hamkorlikdagi o'quv-ilmiy laboratoriya va boshqalar shular jumlasidandir.
Islohotlar samarasi o'laroq, universitetda o'quv jarayonlari to'liq xalqaro standartlar asosida, ta'limning kredit-modul tizimida tashkil etilgan. Har bir ta'lim yo'nalishida ingliz tilida dars jarayonlarini olib borishga ixtisoslashgan guruhlar mavjud. Universitetning 5 ta ta'lim yo'nalishi xalqaro akkreditatsiyadan o'tkazilganligi juda katta yutuqlarimizdan biri hisoblanadi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti milliy va xalqaro reytinglarda yuqori o'rinlarni qayd etib kelmoqda, xususan, universitet “QS Stars” reytingida 5 yulduz olgan Markaziy Osiyoda ikkinchi va O'zbekistonda birinchi oliy ta'lim muassasasi hisoblanadi. “QS WUR Asia” reytingida Osiyo qit'asida 401-o'rinni, Markaziy Osiyo OTMlari orasida 23-o'rinni, O'zbekiston OTMlari orasida 3-o'rinni qayd etgan.
Universitetda jami 10 dan ortiq talabalar turar-joylarida talabalar vaqtlarini mazmunli o'tkazishlari uchun “Karaoke” klubi, kibersport xonalari hamda kasb-hunar to'garaklari, alohida suzish havzasi, sport majmualari tashkil etilgan. Talabalar o'z iqtidorlarini yuzaga chiqarishlari uchun universitetda turli madaniy tadbirlar tashkil etilmoqda.
Universitetda “fan, ta'lim va ishlab chiqarish integratsiyasi” uzluksizligini ta'minlash yuzasidan soha ishlab chiqarish tashkilotlarida kafedra filiallari tashkil etilgan bo'lib, talabalar bevosita o'z mutaxassisliklari bo'yicha turli tijorat banklari, moliya tashkilotlari, sug'urta kompaniyalari, byudjet tashkilotlarida, ko'plab korxona va tashkilotlarda “5+1” shaklida amaliy mashg'ulotlar olib borishadi. Yana bir yangi quvonarli tajriba qo'llanmoqdaki, bitiruvchi talabalarning Bitiruv malakaviy ishlari himoyalari ham 100 foiz amaliyot joylarida tashkil etilmoqda, bu esa o'z navbatida iste'molchilar uchun kadr tanlash, talabalar uchun esa ishga joylashish imkoniyatini bermoqda. Mazkur tajriba o'zini oqlamoqda va “nazariya-amaliyot” uyg'unligini ta'minlashga xizmat qilmoqda. Universitet bitiruvchilariga mamlakatimizning iqtisodiyot va boshqa sohalarida talab yuqori ekanligi sababidan bitiruvchilarning ish bilan ta'minlanish ko'rsatkichi o'rtacha 98 foizni tashkil etmoqda.
Toshkent davlat iqtisodiyot universiteti talabalarga keng qamrovli ta'lim, yuqori malakali professor-o'qituvchilar, amaliy tajriba, xalqaro almashinuv dasturlari, zamonaviy infratuzilma, tadbirlar va klublar, ilmiy izlanishlar, kampus hayoti, moliyaviy yordam kabi imkoniyatlar taqdim etishi uning nafaqat mahalliy OTMlari orasida, balki xalqaro darajada ham nufuzini va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, talabalar o'z ustida ishlashlari uchun Sertifikatlangan diplomli buxgalterlar xalqaro assotsiatsiyasi (Association of Chartered Certified Accountants — ASSA) bilan hamkorlikda ASSA tomonidan akkreditatsiyadan o'tkazilgan “International institute of finance and accounting” innovatsion ilmiy-o'quv startap markazi, IT-park hamkorligida “Digital finance” inkubatsiya va akseleratsiya markazi faoliyati yo'lga qo'yilgan.
Bir so'z bilan aytganda, universitet ilm-fan, ta'lim va innovatsiyalarni rivojlantirish orqali iqtisodiyot va insoniyat taraqqiyotiga munosib hissa qo'shish va kelajak yetakchilarini tayyorlashni o'zining ustuvor maqsadi deb biladi.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetining bakalavriat ta'lim yo'nalishlari dunyoda tan olinib, universitet xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o'tgan oliy ta'lim dargohlaridan biri bo'lganligini quvonch bilan e'tirof etishimiz mumkin.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 11 sentyabrdagi “O'zbekiston — 2030 strategiyasi to'g'risida”gi farmonida ta'lim tizimini tubdan isloh qilishga alohida e'tibor qaratilgan bo'lib, unda 30 ta oliy ta'lim muassasasining ta'lim dasturlarini xalqaro akkreditatsiyadan o'tkazish vazifasi belgilangan. Shuningdek, Prezidentning 2024 yil 7 fevraldagi “Iqtisodiyot sohalari uchun kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida ham ilmiy faoliyatni jahon standartlari asosida tashkil etish, ularning xalqaro reytinglardagi o'rnini yanada oshirish, ilg'or xorijiy tajribaga ega ilmiy-pedagogik kadrlarni keng jalb etish kabi masalalar ustuvor vazifalardan biri etib belgilangan. Bundan ko'zlangan asosiy maqsad — ta'lim dasturlarini xalqaro talab va standartlarga moslashtirish, ilg'or xorijiy tajribalarni mamlakatimiz ta'lim tizimiga joriy etish hamda shu asosda bozor talablariga javob beradigan yuqori malakali kadrlar tayyorlashdan iboratdir.
Toshkent davlat iqtisodiyot universitetida yuqorida keltirilgan vazifalar ijrosini ta'minlash, bugungi mahalliy va xorijiy mehnat bozoriga raqobatbardosh kadrlar tayyorlashda sifatli va xalqaro standartlarga mos ta'lim berish borasida tizimli ishlar olib borilmoqda. Amaliy sa'y-harakatlar natijasi o'laroq, universitetning 5 ta bakalavriat ta'lim yo'nalishi: moliya, bank ishi va audit, buxgalteriya hisobi va audit, iqtisodiyot va sug'urta ishi Akkreditatsiya va reyting mustaqil agentligi (IAAR (HAAP)) tomonidan ishlab chiqilgan standartlarga muvofiq xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o'tdi. Xalqaro akkreditatsiya agentligining sertifikatini olish bu — universitetning ta'lim sifati darajasi bo'yicha xalqaro miqyosda e'tirof etilishidir. Endilikda TDIU bakalavr diplomini olgan bitiruvchi shu diplomi bilan Yevropa mamlakatlaridagi istalgan OTM magistraturasida tahsil olish imkoniyatiga ega bo'ladi. Agentlik ekspertlari bevosita akkreditatsiyaga jalb etilgan ta'lim yo'nalishlarida ta'lim olayotgan talabalar va dars mashg'ulotlarini olib borayotgan professor-o'qituvchilar bilan ta'lim jarayonini tashkil etish va uning sifati yuzasidan suhbatlar uyushtirgan. Shuningdek, xalqaro ekspertlar universitetning akkreditatsiyadan o'tayotgan ta'lim yo'nalishlarini tamomlagan sobiq bitiruvchilari bilan ham intervyular o'tkazgan. Korxona va tashkilotlarga tashrif buyurib, bevosita ish beruvchilar bilan xalqaro ekspertlar o'rtasida bo'lib o'tgan muloqotlar natijalari ta'lim yo'nalishlarining xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o'tishida muhim omil bo'lib xizmat qildi.
Xalqaro ekspertlar Yangi O'zbekistonda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahbarligida so'nggi yillarda oliy ta'lim tizimida olib borilayotgan islohotlarni yuqori tarzda baholab, ushbu islohotlar kun sayin o'z samarasini berayotgani va xalqaro maydonda yurtimizning nufuzi oshib borayotganligini ta'kidlab o'tishdi. Buning yaqqol dalili sifatida, universitet ta'lim yo'nalishlarining xalqaro akkreditatsiyadan muvaffaqiyatli o'tganligi, ta'lim sohasini modernizatsiyalash, ta'lim jarayonini yangi texnologiyalar asosida tashkil etish, ta'lim sifatini tubdan yaxshilash, ta'lim tizimini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash bo'yicha amalga oshirilayotgan islohotlarning yaqqol natijasi ekanligiga alohida urg'u berildi.
Olib borilayotgan barcha islohotlar, shuningdek, ta'lim yo'nalishlarining xalqaro akkreditatsiyadan o'tganligi mazkur ta'lim yo'nalishlarining xalqaro miqyosda tan olinishi hamda ta'lim sifatining yangi bosqichga ko'tarilganligining yaqqol isbotidir, desak, mubolag'a bo'lmaydi. Oliy ta'lim sohasida amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar Yangi O'zbekistonni yuksak marralarga olib chiqish yo'lida qo'yilgan ilg'or qadamlardir.
To'lqin TEShABAYEV,
TDIU rektori,
iqtisodiyot fanlari doktori,
professor.