Ta'lim tizimi: Yangilanishlar samara bermoqda

Bugun zamonaviy hayotimizni ilm-ma'rifat va ta'limning rivojisiz tasavvur qilish qiyin. Qaysi bir sohani olsak ham, uning yuksalishi uchun, eng avvalo, ta'lim sohasi rivojlangan bo'lishi kerak. Ya'ni inson kapitaliga, uning qobiliyatiga e'tibor bermay turib, natijaga erishib bo'lmaydi.

Shu bois, keyingi yillarda mamlakatimizda ta'lim-tarbiaya sohasini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko'tarilib, yoshlarning jahon andozalariga mos sharoitlarda zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashi uchun barcha kuch va imkoniyatlar ishga solinmoqda.

Biz ta'lim sohasidagi yangilanishlar xususida Qoraqalpog'iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta'limi vaziri

Gulistan KOJABAEVA bilan suhbatlashdik.

— O'zbekiston Respublikasi davlat mus­taqilligining o'ttiz uch yillik bayramiga tayyorgarlik ko'rish va uni o'tkazish bo'yicha “Bir bo'lsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” degan bosh g'oyani o'zida mujassam etgan tashkiliy-amaliy ishlarimiz bilan suhbatimizni boshlasak, nima deysiz?

— Juda yaxshi-da. Bugungi kunda ta'lim sohasini tubdan isloh qilish davr talabiga aylandi. Shu talabdan kelib chiqqan holda, ta'lim sohasidagi munosabatlarni tartibga soluvchi qonunlar qabul qilinmoqda. Xususan, O'zbekiston Respublikasining “Ta'lim to'g'risida”gi Qonuni 2020 yil 23 sentyabr kuni qabul qilingan bo'lib, uning maqsadi ta'lim sohasini tartibga solishdan iborat. Ushbu qonunga asosan, ta'lim sohasidagi asosiy tamo­yillar, ta'lim tizimi, turlari va shakllari aniq belgilab olindi. Unda belgilangan onlayn ta'lim to'g'risidagi qoidalar o'quv rejalari va o'quv das­turlariga muvofiq ta'lim oluvchilar tomonidan zarur bilim va ko'nikmalarni axborot-kommunikatsiya texnolo­giyalari va internet jahon axborot tarmog'idan foydalangan holda onlayn tarzda olishga qaratilgan. Shuningdek, qonunga muvofiq, davlat oliy ta'lim, o'rta maxsus, professional ta'lim muassasalari va ularning filiallari, shuning­dek, davlat ishtirokidagi oliy, o'rta maxsus, professional ta'lim tashkilotlari va ularning filiallari Prezident yoki hukumat qarorlari bilan tashkil etiladigan bo'ldi. Nodavlat ta'lim muassasalarini tashkil etish ularning ta'sischilari tomonidan amalga oshirilishi belgilandi.

“O'zbekiston Respublikasida 2030 yilgacha maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirish konsepsiyasi”ning qabul qilinishi sohadagi o'zgarishlarni amalga oshirishda huquqiy asos yaratdi. Maktabgacha ta'limni rivojlantirishda hududlar, shahar va ovullar o'rtasidagi tafovutni bartaraf etishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Bu borada davlatning sohaga davlat-huquqiy sheriklik asosida xususiy kapitalni jalb qilishni qo'llab-quvvatlash siyosati imkoniyatlarni kengaytirmoqda.

Hayotga tatbiq etilayotgan islohotlar natijasida o'tgan qisqa davrda maktabgacha ta'lim, oliy va o'rta maxsus ta'lim tizimida katta o'zgarishlar bo'ldi. Ayniqsa, “Yangi O'zbekiston — maktab ostonasidan boshlanadi” degan ezgu g'oya asosida maktab ta'limini rivojlantirish umumxalq harakatiga aylandi.

E'tibor bersangiz, bundan olti-etti yil oldin maktab ta'limi inqirozga uchrashiga sal qolgan edi. Ta'lim muassasalarida yoshlarning sifatli ta'lim olishi uchun yetarli sharoitlar yo'q edi. Sinf­lar qishda sovuq, yozda issiq bo'lardi. Ayrim maktab­larimizda hatto sport zallari ham yo'q edi.

So'nggi yillarda yurtimizning aksariyat joylarida yangi zamonaviy maktablar barpo etildi. Ko'pchiligi qayta ta'mirlanib, tubdan yangilandi. Bunda o'quvchilarga yaratilgan sharoitlar alohida g'urur va iftixorga sazovor bo'ldi. Ularni ko'rib, bir necha yil avval amalga oshmagan ishlarga qiyoslab, ixtiyorsiz ravishda “mana, qisqa fursatda ishga solish mumkin ekan”, deyishingiz tabiiy.

Agar raqamlarni keltiradigan bo'lsak, Qoraqalpog'iston Respublikasida Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligiga qarashli 757 ta ta'lim muassasasi mavjud bo'lib, shundan 722 ta maktab (ular orasida 4 ta maxsus maktab-internat, 1 ta sanatoriy tipidagi maktab-internat ham bor), 1 ta Prezident maktabi, 1 ta Ibroyim Yusupov nomidagi ijodiy maktab-internati, 16 ta ixtisoslashtirilgan maktab va 18 ta “Barkamol avlod” bolalar maktabi faoliyat ko'rsatmoqda.

Maktab ta'limi bo'yicha asosiy ko'rsatkichlarga to'xtaladigan bo'lsak, 2023-2024 o'quv yilida 356516 nafar o'quvchi ta'lim oldi. Shundan 1-sinf­larda 37 153 nafar, 2-4-sinflarda 108 368 nafar, 5-11-sinf­larda esa 217 057 nafar o'quvchi  o'qishni muvaffaqiyatli yakunladi.

Umumta'lim maktablarimizda o'qish 5 tilda, ya'ni qoraqalpoq, o'zbek, qozoq, rus va turkman tillarida olib borilmoqda.

— Ta'lim sohasida “Har bir kun — bu imkoniyat, har bir kun — bu kelajak uchun poydevor” degan hayotiy shiorning mohiyati va ahamiyatiga to'xtalib o'tsangiz.

— Mamlakatning ertangi kuni yoshlarning qay darajada bilimli ekani bilan bevosita bog'liq. Shu bois ta'lim tizimini rivojlantirish masalasiga hukumat darajasida e'tibor qaratish har bir mamlakatning eng dolzarb vazifasi hisoblanadi.

Yurtimizda ta'lim sohasiga qaratilayotgan alohida e'tibor, yoshlarning sifatli ta'lim olishi uchun yaratilayotgan sharoitlar, imkoniyatlar tufayli istiqbolimiz egalari har tomonlama yetuk bo'lib kamolga yetmoqda. O'tgan 2023 yilda 20 633 nafar bitiruvchidan 11 229 nafari (54,8%) oliy ta'lim muassasalariga o'qishga kirishga muvaffaq bo'ldi. Ya'ni maktab bitiruvchilarining oliy ta'lim muassasalariga kirish ko'rsatkichini tahlil qiladigan bo'lsak, 12 foizdan 54 foizgacha ko'tarilganini faxr bilan ayta olamiz.

2023-2024 o'quv yilida 22 849 nafar maktab bitiruvchilaridan 267 nafari O'zbekiston Respublikasi va xorijdagi oliy ta'lim muassasalariga muddatidan oldin kirish baxtiga muyassar bo'ldi.

Davrning yangilanishi bilan yangi zamonga mos ilg'or texnologiyalar ham kirib kelmoqda. Sohadagi 722 ta umumta'lim muassasasi internet tarmog'iga chiqish imkoniyatiga ega bo'lib, shundan 719 ta maktabda yuqori tezlikdagi optik tolali aloqa liniyalari orqali “Education” tarifi bo'yicha internetga ulangan, elektr va aloqa tarmoqlari yetib bormagan, olis hududda joylashgan Taxtako'pir tumanidagi 23-sonli va Ellikqal'a tumanidagi 33-sonli 2 ta maktabda esa quyosh panellari yordamida elektr ta'minoti yo'lga qo'yilib, yerning sun'iy yo'ldoshi orqali, shuningdek, sohadagi 448 ta maktabgacha ta'lim tashkilotlari yuqori tezlikdagi optik tolali aloqa liniyalari orqali Internet tarmog'iga ulangan.

Joriy yilning birinchi choragi davomida “Wi-Fi” zonalari 162 ta maktabning, asosan, STEM fanlari o'qitiladigan sinflari va maktab kutubxonalari yaqinida joylashtirildi. Shuningdek, bugungi kunda barcha maktablarda “Elektron kundalik”, YaET-ERP avtomatlashtirilgan axborot tizimlari va “Smart Land” ta'lim platformasi bilan birga “kitob.uz”, “edukids”, “maktab.uz”, “educare.uzedu.uz”, “idea.uzedu.uz”, “VR-360 sayohat” va “artshop.uzedu.uz” kabi maxsus internet resurslari, shuning­dek, “YouTube” platformasida joylashgan “Milliy ta'lim resurslari” joriy etildi.

Bundan tashqari, barcha maktablarda tajriba-sinov tarzida, fanlar kesimida media-kontentlar (videoroliklar, animatsiyalar, virtual laboratoriyalar va shunga o'xshash ko'rgazmali tasvirlar ko'rsatiladigan fayllar) maktab dasturi doirasida o'zbek, rus va ingliz tillarida tayyorlangan “talim.uz” va “talim-twig.uz” platformalari ham ishga tushdi.

Mazkur platformalar kontentini qoraqalpoq tiliga tarjima qilish bo'yicha ishlar olib borilmoqda.

Shu bilan birga, vazirlik markaziy apparati hamda barcha tuman va shahar maktabgacha va maktab ta'limi bo'limlarida “edo.ijro.uz”, “e-huquqshunos” va “e-xat” elektron hujjat almashish tizimi yo'lga qo'yilgan, shuningdek, “e-huquqshunos” va “edo.ijro.uz” tizimi barcha umumta'lim muassasalarida ham ishlab turibdi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 29 noyabrdagi qaroriga asosan, respub­lika byudjeti mablag'lari hisobidan 55 ta, mahalliy byudjet mablag'lari hisobidan 86 ta, jami 141 ta maktabga zamonaviy kompyuter to'p­lami olib berildi.

Prezidentimizning 2022 yil 11 maydagi 241-son qarori asosida 2023-2024 yillar davomida respub­likamizdagi jami 180 ta maktabdagi nosoz kompyuter texnikasini yangisiga almashtirish bo'­yicha O'zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tomonidan smeta-loyihalari ishlab chiqildi.

2023 yil yanvar holatiga ko'ra yuqori toifadagi pedagoglar 2022 yilga nisbatan 6,6 (2 477) foizdan 9,9 (3 705) foizga, ya'ni, +3,3 foizga, birinchi toifadagilar 17,4 (6 482) foizdan 21,1 (7 865) foizga, ya'ni +3,7 foizga, ikkinchi toifadagilar 29,6 (11 040) foizdan 29,8 (11 124) foizga, ya'ni, +0,2 foizga oshgan bo'lsa, toifaga ega bo'lmagan pedagog­lar 40,0 (14 905) foizdan  10,3 foizga, ya'ni 30 foizga pasayishiga erishildi.

Umumta'lim maktablarida 3 124 nafar pedagog­ning xorijiy fanlar bo'yicha xalqaro va unga teng­lashtirilgan milliy sertifikatga ega pedagoglar ulushi 49,1 (1533) foizdan 56,0 (1752) foizga oshdi.

Maktab bitiruvchilaridan 717 nafar o'quvchi xalqaro va unga tenglashtirilgan milliy sertifikat olish uchun ariza berib, shundan 702 nafar (97,9%) o'quvchi sertifikat olishga erishdi.

2022-2023 o'quv yili davomida umumta'lim maktablaridagi 115 nafar tajribali pedagoglarimiz O'zbekiston Respublikasi Xalq ta'limi vaziri jamg'armasidan mehnatga haq to'lashning 5,5 baravari, ya'ni aprel-dekabr oylari oralig'ida 5 million so'm miqdorida har oylik ustama olish huquqiga ega bo'ldi.

— Qoraqalpog'iston Respublikasida ta'lim-tarbiyani yanada rivojlantirish, maktab va maktabgacha ta'lim xizmatlari bo'yicha amalga oshirilayotgan ijtimoiy dasturlar bo'yicha qanday yangiliklarni aytgan bo'lardingiz?

— Xabaringiz bor, mamlakatimizda maktabgacha ta'lim doimo e'tiborda bo'lib kelmoqda. Maktab­gacha ta'limga talab ortmoqda. 3-6 yoshdagi bolalarni maktabgacha ta'lim bilan qamrab olishni kengaytirishga yangi muassasalarni qurish va eskilarini qayta ta'mirlash (qo'shimcha bolalar o'rinlarini joriy etish) hisobiga, ota-onalar o'rtasida maktabgacha ta'limning ahamiyati haqida tushuntirish va targ'ibot ishlarini olib borish, kam ta'minlangan oilalar farzandlarini davlat tomonidan qo'llab-quvvatlash hisobiga ham erishildi.

Natijada bugungi kunda Qoraqalpog'iston Respub­likasida 1839 ta maktabgacha ta'lim tashkiloti mavjud bo'lib, ulardan 478 tasi davlat, 9 tasi xususiy, 104 tasi davlat-xususiy sheriklik asosida, 1248 tasi oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari sifatida faoliyat ko'rsatmoqda.

Respublikamiz bo'yicha 3-7 yoshgacha bo'lgan bolalar soni 150 913 nafarni tashkil etib, shundan 121 529 nafar bola (80,5%) maktabgacha ta'lim tashkilotlariga qamrab olingan.

Shuningdek, maktabgacha yoshdagi bolalar soni kam bo'lgan hududlarda ham maktabgacha ta'limning muqobil turlari joriy etildi. Xususan, Ellikqal'a, To'rtko'l, Beruniy, Kegeyli, Shumanay tumanlarining eng chekka hududlaridan 11 tadan 3-7 yoshli bolalar uchun mobil guruhlar tashkil etildi va 5 ta jihozlangan avtobus bilan ta'minlandi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 9 martdagi “Bolalarni boshlang'ich ta'limga majburiy bir yillik tayyorlash tizimini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qaroriga asosan, Qoraqalpog'iston Respublikasi bo'yicha maktabgacha ta'lim tashkilotlarining bo'sh xonalaridan, Maktabgacha ta'lim tarkibidagi pedagogika kollejlari bazasida va maktablarning bo'sh xonalarida jami 292 ta bepul majburiy maktabga tayyorlash guruhlari tashkil etilib, ularga maktabgacha ta'lim tashkilotlariga qamrab olinmagan 6 yoshli 7 mingga yaqin bolalar olingan.

Ushbu guruhlar mebel va jihozlar, metodik qo'llanmalar, didaktik materiallar bilan bepul ta'minlandi. Shu bilan birga, Maktabgacha ta'lim tizimini rivojlantirishda imkoniyati cheklangan va jismoniy rivojlanishida nuqsoni bo'lgan bolalarga mo'ljallangan bog'chalarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash ishlariga ham alohida e'tibor qaratildi.

Xususan, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2018 yil 16 avgustdagi “Orolbo'yi mintaqasi bolalari uchun reabilitatsiya markaziga ega bo'lgan davlat ixtisoslashtirilgan ko'p tarmoqli maktab­gacha ta'lim tashkilotini tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 3909-sonli qaroriga asosan, Nukus shahridagi “Nur” mahalla fuqarolar yig'inida 120 o'ringa mo'ljallangan “Imkon” reabilitatsiya markaziga ega bo'lgan davlat ixtisoslashtirilgan ko'p tarmoqli maktabgacha ta'lim tashkiloti 2019 yil 4 apreldan boshlab ishga tushirilib, u yerda bugungi kunda 120 dan ortiq maktabgacha yoshdagi bolalar ta'lim-tarbiya olmoqda va sog'lomlashtirilmoqda.

O'zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi huzuridagi Maktabgacha ta'lim agentligi rahbarining (eslatib o'tamiz, Prezident Farmoniga ko'ra, 2024 yil 2 iyul kuni Maktabgacha ta'lim agentligi faoliyati tugatildi hamda Agentlikning tashkiliy tuzilmasidagi tashkilotlar Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi tasarrufiga o'tkazildi) 2024 yil 14 maydagi “Maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari o'rtasida “Shaxmat festivali”ni o'tkazish to'g'risida”gi buyrug'iga asosan joriy yilning 24 iyun kuni “Shaxmat festivali” musobaqasining Qoraqalpog'iston Res­publikasi bosqichi o'tkazildi. Unda o'g'il bolalar o'rtasida Xo'jayli tumani 7-son maktabgacha ta'lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi M.Qidirbayev, qizlar o'rtasida Taxiatosh tumani 9-son maktabgacha ta'lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Z.Larina 1-o'rinni egalladi.

O'zbekiston Respublikasi miqyosida 2024 yil 4 iyul kuni o'tkazilgan musobaqada Taxiatosh tumani 9-sonli maktabgacha ta'lim tashkiloti tarbiyalanuvchisi Z.Larina 1-o'ringa sazovor bo'ldi.

Tegishli hujjatga muvofiq, joriy yilning 8-12 iyun kunlari “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi-2024” kasb tanlovining Qoraqalpog'iston Respublikasi bosqichi o'tkazilib, unda 6 ta yo'nalish bo'yicha R.Satimuratova, G.Jabbarbergenova, G.Qazaqbayeva, E.Jumaniyazova, A.Aralbayeva, A.Rejepovalar g'olib bo'lib, iyul oyida bo'lib o'tayotgan respublika bosqichiga yo'llanma oldi.

— Ta'lim tizimida Yangilangan Kons­titutsiyamiz mazmun-mohiyati va “O'zbekiston — 2030” strategiyasining ustuvor yo'nalish­lari doirasida belgilangan tub islohotlar nimalarda o'z ifodasini topmoqda?

— Yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 52-moddasi ikkinchi qismida davlat o'qituvchilarning sha'ni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy jihatdan o'sishi to'g'risida g'amxo'rlik qilishi belgilab qo'yildi. Chunki ta'lim sifatini zamonaviy bilimlarga ega malakali o'qituvchilar yordamisiz ta'minlab bo'lmaydi. Buning uchun o'qituvchining ijtimoiy va moddiy ta'minlanishi haqida g'amxo'rlik qilish, uning hurmatini joyiga qo'yish talab etiladi.

Hech ikkilanmasdan aytish mumkinki, o'qituvchi maqomining Konstitutsiya darajasida belgilanishi ilm-fan, ma'rifat va ta'lim bo'yicha tub islohotlarni amalga oshirishga davlat tomonidan alohida e'tibor qaratilganini ko'rsatadi. Bu qoida esa ustoz va murabbiylarning huquq va manfaatlari ta'minlanishi, ularning sha'ni va qadr-qimmati munosib himoya qilinishiga huquqiy asos bo'lib xizmat qiladi.

Albatta, mamlakatimizda ta'lim sohasiga shunchalik e'tibor qaratilayotgani bejiz emas. Chunki ta'lim sifatini oshirish — Yangi O'zbekiston taraqqiyotining yagona to'g'ri yo'nalishi. Demak, har gal maktablarda o'qituvchilar bilan tez-tez uchrashib, mavjud muammolarni birgalikda hal etish, ularning ta'lim sifatini yaxshilash bo'yicha g'oyalarini amalga oshirishga ko'maklashish bizning asosiy vazifalarimizdan hisoblanadi.

Davlatimiz rahbarining Oliy Majlis va O'zbekiston xalqiga yo'llagan murojaatnomasida: “Biz o'z oldimizga mamlakatimizda Uchinchi Renessans poydevorini barpo etishdek ulug' maqsadni qo'ygan ekanmiz, buning uchun yangi Xorazmiylar, Beruniylar, ibn Sinolar, Ulug'beklar, Navoiy va Boburlarni tarbiyalab beradigan muhit va sharoitlarni yaratishimiz kerak. Bunda, avvalo, ta'lim va tar­biyani rivojlantirish, sog'lom turmush tarzini qaror toptirish, ilm-fan va innovatsiyalarni taraqqiy ettirish milliy g'oyamizning asosiy ustunlari bo'lib xizmat qilishi lozim”, — degan so'zlari, albatta, ta'lim, fan va innovatsiyalarning yanada adolatli va barqaror rivojlanishiga intilishni qo'llab-quvvatlashga qaratilgan.

Yuqorida keltirilgan islohotlarni yanada mus­tahkamlash va davomiyligini ta'minlash, qonunchilikda yoshlarning uzluksiz ta'lim olishga bo'lgan imkoniyatlarini yanada mus­tahkamlashni taqozo etmoqda.

— Joriy yilgi Davlat dasturida nazarda tutilgan chora-tadbirlarning samarali ijrosi xususida ham to'xtalsangiz.

— Ta'limning ko'rsatkichi — kadrlar salohiyatida. Sohada hozirgi kunda 37 297 nafar o'qituvchi-pedagoglar faoliyat yuritayotgan bo'lsa, shundan, ayollar 27 602 nafar (74,0%) bo'lib, oliy ma'lumotli o'qituvchi-pedagoglar 34 904 nafar (94,0 foiz), tugallanmagan oliy ma'lumotlilar 819 nafar (2,2 foiz), o'rta maxsus ma'lumotlilar 1 574 nafarni (2,4 foiz) tashkil etadi.

Ta'lim sohasida davlatning alohida majburiyatlari sifatida imkoniyati cheklangan bolalarning sifatli ta'lim olish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan aniq mexanizmlar belgilangan bo'lib, ta'lim tashkilotlarida alohida ta'lim olish ehtiyoji bo'lgan bolalar uchun inklyuziv bilim va tarbiya ta'minlanishi to'g'risida ijtimoiy qoida kiritilmoqda.

Sohadagi qurilishlar, yaratilgan imkoniyatlarga ham to'xtalib o'tish o'rinli bo'ladi. Sohaga o'tgan 2023 yil Investitsiya dasturi asosida 78,6 mlrd so'm mablag' ajratilib, 3 ta maktab yangidan qurilib, 9 ta maktabda qayta ta'mirlash-qurilish ishlari amalga oshirilmoqda.

Shuningdek, Qoraqalpog'iston Respublikasi Jo'qorg'i Kengesining 2023 yil 22 iyundagi Prezidium qarori asosida jami 3 ta, ya'ni Kegeyli tumanidagi 10-sonli maktab, Taxtako'pir tumanidagi 2-sonli maktab va Amudaryo tumanidagi 45-sonli maktabning qurilish-ta'mirlash ishlari uchun 14,4 mlrd so'm mablag' ajratildi.

Olis hududlarda pedagoglar qamroviga kelsak, sohadagi hech bir masala Yurtboshimizning e'tiboridan chetda qolayotgani yo'q. Respublikamizdagi olis hudud aholisining ham mamlakatimizdagi yangilanishlar jarayonidan xabardor bo'lib turishini ta'minlash bo'yicha bir qancha vazifalar belgilanganini keltirib o'tishimiz lozim. Bu borada muhtaram Prezidentimizning 2021 yil 11 yanvardagi “Olis hududlardagi byudjet tashkilotlariga malakali mutaxassislarni jalb qilish chora-tadbirlari to'g'risida”gi 4940-son qarori asosida Qoraqalpog'iston Respublikasi Vazirlar Kengashi tomonidan tegishli tartibda taqdimnoma asosida Nukus shahri, Taxtako'pir, Bo'zatov, Qo'ng'irot, Mo'ynoq, To'rtko'l va Ellikqal'a tumanlarida 2022-2023 o'quv yilida faoliyat yuritgan 19 nafar pedagogga qo'shimcha ish haqi to'landi.

Joriy 2024 yilda ta'lim muassasalari jami 346 nomdagi 2 786 389 dona darslik va o'quv-metodik qo'llanmalar bilan ta'minlandi. 2024 yilda o'qish o'zbek, rus, qoraqalpoq, qozoq va turkman tillarida olib boriladigan umumta'lim maktab­larining 1-sinflari uchun 645 107, 2-sinflar uchun 602 722, 3-sinflar uchun 569 152, 4-sinf­lar uchun 527 800, 5-sinflar uchun 54 373, 6-sinf­lar uchun 52 511, 7-sinflar uchun 52 813, 8-sinf­lar uchun 70 083, 9-sinflar uchun 52 670, 10-sinf­lar uchun 89 186, 11-sinflar uchun 62 835 dona darslik va mashq daftarlari, maxsus kitob va maktab-internatlar uchun 3 651 dona darslik, maktab o'qituvchilari uchun 3 486 dona metodik qo'llanma, jami 346 nomdagi 2 786 389 dona darslik va o'quv-metodik qo'llanmalar umumta'lim maktablarining kutubxona fondi uchun olindi.

— Respublikamizda “O'zbekiston — 2030” strategiyasi, shuningdek, “Yoshlar va biznesni qo'llab-quvvatlash yili” bo'yicha qabul qilingan davlat dasturi ijrosini ta'minlash maqsadida Qoraqalpog'istonda nimalarga e'tibor qaratilmoqda?

— Yurtimizda navqiron avlodga Yangi O'zbekis­tonning kelajagi sifatida alohida e'tibor qaratilayotgani, yoshlar bilan ishlash bo'yicha noyob tizim yaratilgani natijasida ularni zamonaviy kasb-hunarlarga o'qitish, bandligini ta'minlash, bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazish va ijtimoiy qo'llab-quvvatlash bo'yicha yurtimizda shakllangan samarali va ta'sirchan tizim mazmun-mohiyatini ochib berish bo'yicha bir qancha ishlar amalga oshirilmoqda.

Fan olimpiadasi — bilimdonlar sinovi hisob­lanadi. Joriy yil 24-27 mart kunlari Qoraqalpog'iston Respublikasi, Surxondaryo, Qashqadaryo, Samarqand viloyatlari va Toshkent shahrida o'tkazilgan asosiy olimpiadada qoraqalpog'istonlik 3 nafar o'quvchi 1-o'rin, 3 nafar o'quvchi 2-o'rin va 2 nafar o'quvchi 3-o'rin, jami 8 ta o'quvchi sovrinli o'rinlarni egallashga muvaffaq bo'ldi.

— Qoraqalpog'iston Respublikasida ta'lim sifatini jahon standartlariga moslashtirish, mamlakatimizning xalqaro miqyosdagi obro'-e'tiborini oshirish yo'lida erishilayotgan natijalar haqida ham ma'lumot bersangiz.

— Bajonidil. Shu o'rinda bir hayotiy misolni keltirib o'tsak. Yaqin yillargacha pedagoglar va maktab o'quvchilari qariyb to'rt oy davomida paxta terimi va boshqa dala ishlariga band bo'lardilar. Buning ustiga, oylik ish haqi kamligi sababli aksariyat erkaklar o'qituvchilik kasbini tashlab, ishlash uchun chet ellarga ketib qolishdi.

So'nggi yetti yilda mamlakatimizda ta'lim tizimini kompleks rivojlantirish, bilimli kadrlar tayyorlashga alohida e'tibor qaratilib, mab­lag' ajratildi. Ayniqsa, o'qituvchilar, ustoz-pedagoglarga bo'lgan munosabat o'zgardi. Ularning mashaqqatli mehnatini munosib rag'batlantirish, ularning ish va yashash sharoitini yaxshilash, jamiyatdagi obro'-e'tiborini oshirishga alohida ahamiyat qaratildi.

2020 yilda “Ta'lim to'g'risida”gi qonunning qabul qilinishi mamlakatimizning bu boradagi maqsadlarini yaqqol ko'rsatib berdi. Ushbu hujjatda ta'lim sohasidagi asosiy tamoyillar, ta'lim tizimi va shakllari aniq belgilab qo'yildi.

Mazkur hujjat barkamol avlodning zamonaviy bilim, kasb-hunar egallashi va sifatli ta'lim olishining huquqiy asoslarini yaratishda muhim ahamiyat kasb etib, ta'lim tizimidagi mavjud muammolarni bartaraf etishga, uni tubdan takomillashtirishga, ta'lim sifatini yaxshilashga va uni xalqaro hamkorlik bilan uyg'un holda olib borishga keng imkoniyatlar yaratib berilmoqda.

Yangi O'zbekistonning 2022-2026 yillarga mo'ljallangan taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlarda ham ta'lim sohasiga keng o'rin berilgan. Ya'ni, iqtidorli o'qituvchilarning ish haqini bilim darajasiga qarab nisbiy oshirib borish, o'qituvchilarga bilim toifalarini berish tartibini tubdan qayta ko'rib chiqish va bilimni baholash metodikasi asosida adolatli va xolis tizim joriy etish ko'zda tutilgan.

Shu nuqtai nazardan olib qarasak, bugun mamlakatimizda o'qituvchilarga e'tibor, munosabat butunlay o'zgardi. Hozir hammaning nigohi pedagogda. Ularning oylik ish haqi izchil oshirib borilmoqda. O'qituvchilarga imtiyozli iste'mol kreditlari berish, olis hududlarga borib ishlayotgan oliy ma'lumotli pedagoglar uchun ustamalar belgilash joriy etildi. Bunday imkoniyatlar orqali ta'lim sohasi vakillarining jamiyatdagi o'rni va maqomi yanada yuksaldi. Hozir ularning faoliyatiga, hayotiga munosabati butunlay o'zgarib, doimo izlanib, yangilik­larga intilib yashamoqda.

Manzilli metodik xizmatlar borasida so'z yuritadigan bo'lsak, Qoraqalpog'iston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligiga qarashli 722 ta umumta'lim maktablarida 2023-2024 o'quv yilida 1-11-sinflarda tahsil olgan jami 362,5 ming nafar o'quvchi o'zbek, rus, qoraqalpoq, qozoq va turkman tillaridagi darsliklar bilan 99,9 foiz ta'minlandi.

Nukus shahridagi Prezident maktabining xorijdan kelgan fan o'qituvchilari, oliy ta'lim muassasalarining professor-o'qituvchilari va tajribali fan metodistlari ishtirokida ta'lim sifati past bo'lgan Amudaryo, Beruniy, Bo'zatov, Qo'ng'irot tumanlaridagi tegishli umumta'lim maktablariga manzilli metodik xizmat ko'rsatish bo'yicha “Metodik-tur” ishlari olib borildi. Bu jarayonni barcha tuman va shaharlarda davom ettirish ko'zda tutilmoqda. 2023-2024 o'quv yilida 33 ta maktab qamrab olinib, shundan, 33 ta (100 foiz) maktab hisobdan chiqarilib, yuqori darajada uslubiy yordam ko'rsatildi.

Umuman 3 ta o'quv yili davomidagi ko'rsatkichlarni tahlil qilib ko'rganimizda, quyidagi natijalarga erishildi:

Jami 78 ta umumta'lim maktablarida “Uslubiy tur” loyihasi amalga oshirilib, shundan, oliy toifali o'qituvchilar soni 95 tadan 149 taga, ya'ni 2 barobarga oshdi.

Maktab bitiruvchilarining oliy ta'lim muassasalariga kirish ko'rsatkichi 46 tadan 108 taga, ya'ni 2,3 barobarga oshishiga, fanlar olimpiadasida sov­rinli o'rinlarni egallash 5 tadan 19 taga, ya'ni 4 barobarga, turli tanlovlarda sovrinli o'rinlarni egallashda 49 tadan 161 taga, ya'ni 3,3 barobarga, o'quvchilardan olingan test natijalariga ko'ra o'rtacha 33,3 balldan 60 ballga oshishiga, fan o'qituvchilarining milliy va xalqaro sertifikatlar olishi 62 tadan 182 taga, ya'ni 3 barobarga, o'quvchilarning milliy va xalqaro sertifikatlar olishi esa 11 tadan 48 taga, ya'ni 4,4 barobarga oshishiga erishildi.

“Kundalik.som” platformasida 2023-2024 o'quv yili natijalariga ko'ra Qoraqalpog'iston Respub­likasi Qashqadaryo viloyatidan keyin O'zbekiston bo'yicha 2-o'ringa ko'tarildi.

Shuningdek, “Quvnoqlar va zukkolar” hamda “Turon” maktab teatri tanlovining O'zbekiston Res­publikasi bosqichida Nukus shahridagi 31-sonli maktab jamoasi munosib ishtirok etib, 3-o'rinni, o'quvchi yoshlarimizni harbiy vatanparvarlik ruhida tarbiyalashga qaratilgan harbiy-sport musobaqalari — “Vatanparvarlar” musobaqasida Qonliko'l tumanidagi 2-sonli maktab jamoasi 1-o'rinni, “Yosh qutqaruvchi” musobaqasida Nukus shahridagi 31-sonli maktab jamoasi 1-o'rinni, “Yosh gvardiyachilar” musobaqasida To'rtko'l tumanidagi 18-sonli maktab jamoasi 3-o'rinni egallab, respublikamizga quvonch bag'ishladi.

O'z navbatida yuqoridagi yangiliklar bugungi kunda Qoraqalpog'iston Respublikasida faoliyat yuritayotgan 37 297 nafar o'qituvchi-pedagogning ijtimoiy nufuzini mustahkamlash, ularni davlat tomonidan qo'llab-quvvatlashni kuchaytirish va kasbiy o'sishini ta'minlash imkonini berishi shubhasiz.

Xulosa qilib aytganda, ta'lim sohasidagi yangilanishlar bugungi kunda o'zining dolzarbligi va amaliy ahamiyati bilan boshqa sohalardagi islohotlardan hech qolishmaydi. Chunki bu sohadagi islohotlarni yanada keng ko'lamda davom ettirishni davrning o'zi taqozo etmoqda.

Perizat URAZALIYEVA suhbatlashdi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven + 7 =