Ta'lim sifatiga mas'ulmiz
Bugun zamonaviy hayotni ilm-ma'rifat va ta'limning taraqqiyotisiz tasavvur etish qiyin. Hozir qay bir sohani olmang, uning yuksalishi uchun, eng avvalo, ta'lim tizimi rivojlangan bo'lishi kerak. Zero, inson kapitaliga, uning iqtidoriga e'tibor qaratmay turib, natijaga erishib bo'lmaydi. Shu bois, keyingi yillarda mamlakatimizda ta'lim-tarbiya tizimini rivojlantirish davlat siyosati darajasiga ko'tarilib, yoshlarning jahon andozalariga mos sharoitlarda zamonaviy bilim va kasb-hunarlarni egallashlari uchun barcha kuch va imkoniyatlar safarbar etilmoqda.
O'tkazilayotgan islohotlar doirasida viloyatimiz ta'lim tizimini yaxshilash yuzasidan bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilyapti. Birgina maktabgacha va maktab ta'limi sohasida o'qituvchilarimiz hamda bolajonlarga zarur shart-sharoitlarni yaratib berish maqsadida 2023 yilda tegishli dasturlar asosida 12 ta umumta'lim maktabida rekonstruksiya ishlari bajarilib, yangidan 3 ming 344 nafar o'quvchi o'rni yaratildi. Davlatimiz rahbari tomonidan ilgari surilgan tashabbus doirasida mahalliy hokimliklar tomonidan 20 mlrd so'm yo'naltirilib, 2023-2024 o'quv yilida viloyatimizda ikkita til va bitta kasbga o'rgatish tizimini joriy etish bo'yicha 51 ta maktab mebel jihozlari va kasbga o'rgatish asbob-anjomlari bilan to'liq ta'minlandi.
Bugungi kunda umumta'lim maktablarida faoliyat olib borayotgan pedagog xodimlarning 1544 nafari 8-10 mln so'mgacha, 215 nafari 10-12 mln so'mgacha oylik maoshi olib kelmoqda. 2023-2024 o'quv yili yakuniga ko'ra hamda har yili an'anaviy tarzda nishonlanadigan 1 oktyabr — O'qituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan viloyatimizda ish olib borayotgan, faoliyati davomida yuqori natijalarga erishgan 4 nafar xalq ta'limi xodimi mamlakatimizning yuksak mukofotlariga sazovor bo'ldi. Jumladan, Hazorasp tumanidagi 32-umumiy o'rta ta'lim maktabining fizika fani o'qituvchisi Ozod Otajonov “O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan xalq ta'limi xodimi” faxriy unvoni, Qo'shko'pir tumanidagi 5-ixtisoslashtirilgan umumiy o'rta ta'lim maktabining nemis tili fani muallimasi Feruza Ollaberganova “Do'stlik” ordeni, Urganch tumanidagi 23-umumiy o'rta ta'lim maktabining informatika fani o'qituvchisi Zulayho Rahimova II darajali “Sog'lom avlod uchun” ordeni, Xiva shahridagi 121-ko'zi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan maktab-internatning ona tili va adabiyot fani muallimi Ne'matjon Qilichev “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. Shuningdek, 13 nafar pedagog Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligining tarmoq mukofoti — “Xalq ta'limi fidoyisi”, 41 nafar hamkasbimiz “Xalq ta'limi a'lochisi” ko'krak nishonlariga sazovor bo'ldi.
Bundan tashqari, 35 nafar fidoyi o'qituvchilar viloyat hokimining, 785 nafar hamkasbimiz shahar va tuman hokimlarining faxriy yorliqlari bilan taqdirlandi. Qolaversa, viloyat miqyosida o'tkazilgan turli tantanali tadbirlarda 250 nafar, tuman va shaharlar miqyosida uyushtirilgan tadbirlarda 5425 nafar ilg'or o'qituvchiga hurmat-ehtirom ko'rsatildi, qimmatbaho sovg'alar taqdim qilindi.
Viloyatda yakunlangan o'quv yilida oliy toifali o'qituvchilar ulushi 17,6 foizga (2022 yilga nisbatan 8,1 foizga o'sgan), birinchi toifali pedagoglar hissasi esa 27,4 foizga (2022 yilga nisbatan 6,2 foizga o'sgan) yetkazildi. 5546 nafar xorijiy tillar o'qituvchilarining 2235 nafari til bilish sertifikatini qo'lga kiritdi. Shundan 1609 nafarida (29 foiz) S1 sertifikati mavjud. 2023-2024 o'quv yilida viloyatdagi 92 ta maktabning kompyuter sinflari zamonaviy axborot kommunikatsion texnologiyalari bilan ta'minlandi.
Shuningdek, ichki hojatxonalarni qurish bo'yicha 403 ta maktabga 20 mlrd 300 mln so'm mablag' ajratildi, buning hisobiga ushbu maktablar ichki hojatxonalarga ega bo'lib, sanitariya holatlari yaxshilandi.
Soha vakili sifatida men shu narsadan mamnunmanki, viloyatimizda sharoiti aytarli darajada bo'lmasa-da, atrofidagilarga ibrat ko'rsatayotgan maktablar bor. Jumladan, Urganch shahridagi 5-umumiy o'rta ta'lim maktabida o'qish-o'qitish yangi zamonaviy talablar asosida olib borilmoqda. Bu yerda ta'limni sifatli amalga oshirish uchun qat'iy maqsad qo'yilgan: “Ta'lim sifatini ko'tarish uchun butun maktab jamoasi, ota-onalar mas'ul”. Maktabda yana bir tajriba borki, xodimlar bilan ishlashda ularning individual xususiyatlari hisobga olinadi, bular:
— xodimlarning xarakter xususiyatlari;
— xodimlarning bilim salohiyati yuqoriligi;
— dars berish metodikasining yuqoriligi yoki yetishmasligi.
O'qituvchilar bilan ularning ehtiyojlaridan kelib chiqib, muntazam ravishda seminar-treninglar o'tkaziladi. Seminar-treninglar metodbirlashma rahbarlari, direktor o'rinbosarlari va direktor tomonidan tashkil qilinadi. Seminarlarda o'rganilgan metodlar va ta'lim texnologiyalari darslarda qo'llaniladi. Shu metodlarning eng samarali deb topilganlari metodbirlashma va pedagogik kengashga qo'yiladi. Bunday seminarlar o'quv yilining har oyida o'tkaziladi.
Maktabda o'qituvchilar guruhlari mavjud: dars kuzatuvchi va tahlil qiluvchi guruhlar, seminar-treninglarni tashkil qiluvchi guruhlar. Amalga oshirilgan ishlar, ya'ni o'tkazilgan ochiq darslar, seminar-treninglar, o'quvchilarning bilim samaradorligi tahlillari ota-onalar yig'ilishlarida, ota-onalar bilan o'tkaziladigan seminar-treninglar va ota-onalar kunlarida ularga yetkaziladi. E'tiborga molik jihati shundaki, bilim dargohida qator ta'lim xizmatlari tashkil qilingan. Ular: media-klub, suratchilar guruhi, ingliz tili klubi, maktab va oila hayoti to'g'risida bilim oluvchi guruhlar, “Zakovat” klubi, ijtimoiy tarmoqlar orqali muloqot, raqamli qurilmalar bilan ishlash guruhi, o'quvchilarni rag'batlantiruvchi treninglar, maslahat guruhi, maktab liderlari, eng yaxshi sinf, eng yaxshi dars, maktab qahramonlari.
Maktabda o'quvchilarning boshlang'ich sinflardan boshlab matematik yozma va og'zaki savodxonligini oshirish uchun alohida dastur bo'yicha ishchi guruhi ish olib boradi. Buning natijasida o'quvchilarning savodxonligi juda yuqori, o'qituvchilarni metodikaga o'qitish esa nafaqat maktabda, balki shahar miqyosida ham tashkil qilinadi. 2024 yilning o'zida quyidagi mavzularda 6 ta katta seminar uyushtirilgan: innovatsion metod — sifatli dars, kafolatlangan kelajak, ta'limning yangi texnologiyalarini darslarda qo'llash va uning samarali usullari, mezonlarga asoslangan yangi baholash tizimi, ta'lim sifatining oshishida ota-onaning roli, o'quvchi-yoshlarda milliy o'zlikni anglash, milliy qadriyat va an'analar hamda umuminsoniy qadriyatlarga nisbatan chuqur hurmat va ehtiromda bo'lish tuyg'ularini rivojlantirish, o'quvchilar savodxonligini shakllantirish bo'yicha ilg'or milliy va xalqaro tajribalarni o'rganish.
Yuqoridagi ilg'or ish uslublarini faoliyatiga keng tatbiq etib kelayotgan ilm maskani bir qator yutuqlarga erishmoqda. Jumladan, “A'lo maktab”, “Obod maktab” tanlovlarida ushbu ta'lim dargohi respublikada birinchi o'rinni egallagan, II darajali “Zamonaviy maktab” sertifikatini qo'lga kiritgan. “Ustoz” milliy mukofoti tanlovining final bosqichida maktabning ona tili va adabiyot fani o'qituvchisi Nilufar Olimova “Matonatli ustoz” nominatsiyasi bo'yicha g'olib bo'lib, 30 million so'm pul va Dubay shahrida bo'lib o'tgan “Global Teacher Prize” tanlovida qatnashish huquqini qo'lga kiritdi. Bu yil Turkiyada o'tkazilgan xalqaro konferensiyada ishtirok etib keldi.
Maktabning 75 nafar o'qituvchisi oliy va birinchi toifali pedagoglar hisoblanadi. 12 nafar o'qituvchi xalqaro va milliy sertifikatlarga ega, 20 nafar pedagog “Xalq ta'limi a'lochisi”, 2 nafari “Xalq ta'limi fidoyisi” ko'krak nishonlariga, 1 nafar kasbdoshimiz davlat mukofotiga sazovor bo'lgan.
O'zbekiston Respublikasining 2020 yil 23 sentyabrdagi “Ta'lim to'g'risida”gi qonuni, O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 26 maydagi “Maktabgacha va maktab ta'limi vazirligi va uning tizimidagi tashkilotlar faoliyatini samarali tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi farmoni, 2024 yil 2 fevraldagi “Umumiy o'rta ta'lim muassasalari o'quvchilarini xorijiy til va zamonaviy kasblarga o'qitish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi qarori hamda O'zbekiston Respublikasi Maktabgacha va maktab ta'limi vazirining 2024 yil 26 martdagi “Umumiy o'rta ta'lim muassasalari yuqori sinf o'quvchilarining qiziqishi va qobiliyatiga ko'ra fanlarni chuqurlashtirib o'qitish hamda zamonaviy kasblarni o'rgatish to'g'risida”gi buyrug'i ijrosini ta'minlash maqsadida 2024-2025 o'quv yilida viloyatimizda 55 ta umumta'lim maktablarida tanlov sinflari tashkil etilishi rejalashtirildi. Bundan ko'zlangan maqsad o'quvchilarning individual xohish-istaklari, qobiliyatlarini inobatga olgan holda o'quv jarayonini tashkil etish, farzandlarimizni oliy o'quv yurtlariga yo'naltirish, kasb-hunar o'rganishlariga keng imkoniyatlar yaratish hamda maktab davridanoq xorijiy tillarga bo'lgan qiziqishini oshirishdan iborat.
Tanlov fanlari o'quvchilarning qiziqishi va qobiliyati hamda maktabdagi yuqori malakali, tajribali o'qituvchilarning mavjudligi inobatga olingan holda matematika-fizika, kimyo-biologiya, ona tili va adabiyot — chet tili, matematika — chet tili yo'nalishlari bo'yicha 10-sinf o'quvchilari o'rtasida so'rovnoma o'tkazish orqali aniqlanadi. Yuqoridagi talablardan kelib chiqib, viloyatimizdagi tanlov fanlari joriy etiladigan 55 ta umumta'lim maktablari o'quvchilaridan olingan so'rovnoma natijalariga ko'ra ona tili va adabiyot — chet tili yo'nalishi 13 ta sinfda, matematika — chet tili yo'nalishi 33 ta sinfda, matematika-fizika yo'nalishi 6 ta sinfda, kimyo-biologiya yo'nalishi 7 ta sinfda tashkil qilinishi belgilandi.
2023-2024 o'quv yilida viloyatimiz maktab o'quvchilari xalqaro va respublika fan olimpiadalarida yuksak natijalarni qo'lga kiritdi. Jumladan, Tailandning Bankok shahrida o'tkazilgan 20-xalqaro yoshlar tabiiy fanlar olimpiadasida Qo'shko'pir tumanidagi 1-ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktab-internatining 9-sinf o'quvchisi Azizbek Erkinov bronza medali bilan taqdirlandi. Bog'ot tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktab o'quvchisi Maqsadbek Egamberdiyev Qozog'iston Respublikasining Olmaota shahrida bo'lib o'tgan 20-xalqaro Jautikov olimpiadasida bronza, Turkmaniston Respublikasining Arkadag' shahrida buyuk shoir Maxtumquli tavalludining 300 yilligiga bag'ishlab uyushtirilgan xalqaro matematika olimpiadasida esa oltin medalga sazovor bo'ldi. Hazorasp tumanidagi ixtisoslashtirilgan maktabning 9-sinf o'quvchisi Dilshod Rajabov joriy yilning 3-10 iyun kunlari Malayziyada o'tkazilgan 24-Osiyo fizika olimpiadasi (APhO) da munosib ishtirok etib, joriy yilning 21-29 iyul kunlari Eronda bo'lib o'tadigan nufuzli 54-xalqaro fizika olimpiadasi (IPhO)ning O'zbekiston terma jamoasi tarkibiga kirdi.
Toshkent shahrida joriy yilning 26-31 may kunlari o'tkazilgan Al-Xorazmiy xalqaro olimpiadasida Urganch shahridagi 3-maktabning 8-sinf o'quvchisi Sulaymon Matnazarov bronza medalini qo'lga kiritdi. Joriy yilning 9-14 iyun kunlari Buxoro shahrida O'zbekistonda ilk marotaba o'tkazilayotgan Abu Ali ibn Sino nomidagi xalqaro biologiya olimpiadasida Urganch tumanidagi 27-maktabning 10-sinf o'quvchisi Asalxon Sharipova bronza medaliga sazovor bo'ldi.
Umumiy o'rta ta'lim tashkilotlarining 5-8-sinf iqtidorli o'quvchilari zaxirasini shakllantirish maqsadida o'tkazilgan informatika olimpiadasining respublika bosqichida 12 nafar o'quvchimiz O'zbekiston terma jamoasi safiga qabul qilindi. Bular Xiva shahar, Qo'shko'pir, Yangibozor, Yangiariq tumanlaridagi ixtisoslashtirilgan maktablar, Urganch shahridagi 1-ixtisoslashtirilgan maktab-internati, Qo'shko'pir tumanidagi 12-maktab o'quvchilaridir. Asosiy olimpiadaning respublika bosqichida geografiya fanidan Yangibozor tumanidagi 30-maktabning 11-sinf o'quvchisi Barchinoy Ergasheva 1-o'rinni, Al-Xorazmiy nomidagi tabiiy fanlar (Sciense) olimpiadasining respublika bosqichida Urganch tumanidagi 45-ixtisoslashtirilgan davlat umumta'lim maktab-internati 7-sinf o'quvchisi Muslima Nazarova 3-o'rinni egalladi.
Ma'lumki, farzandlarimizning bilimli, yuksak axloqli bo'lib voyaga yetishi ularning maktabgacha ta'lim tashkilotlarida egallagan ko'nikmalariga bog'liq. Boshqarmamizning maktabgacha ta'lim tashkilotlari faoliyatini muvofiqlashtirish bo'limi tomonidan joriy yilning birinchi yarmida ko'lamdor ishlar amalga oshirildi. Chunonchi, bugungi kunda viloyatimizda 2054 ta maktabgacha ta'lim tashkiloti faoliyat olib bormoqda. Shundan 366 tasi davlat maktabgacha ta'lim tashkiloti, 98 tasi davlat xususiy sherikchilik asosidagi maktabgacha ta'lim tashkiloti, 6 ta xususiy maktabgacha ta'lim tashkilotlari, 1584 tasi oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkilotidir. Ushbu maktabgacha ta'lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan 3-7 yoshdagi bolalar soni 157 188 nafar bo'lib, ularning 77528 nafari (49,3 foiz) davlat, 294 nafari (0,2 foiz) xususiy, 10 981 nafari (8,6 foiz) davlat-xususiy sheriklik asosidagi, 39604 nafari (30,8 foiz) oilaviy maktabgacha ta'lim tashkilotlarida tarbiyalanadi.
2024 yilning 1-choragida 4 ta davlat-xususiy sheriklik asosidagi va 79 ta oilaviy nodavlat maktabgacha ta'lim tashkiloti tashkil qilinishi hisobiga yangidan maktabgacha ta'lim tashkilotlariga 3407 nafar bolaning qamrab olinishiga erishildi. Davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlaridan tashqari barcha turdagi maktabgacha ta'lim muassasalarida tarbiyalanuvchilar o'rnini oshirish bo'yicha Gurlan, Qo'shko'pir, Shovot, Yangibozor tumanlari peshqadam bo'lyapti.
Maktabgacha ta'lim tashkiloti direktor va pedagoglari o'rtasida intellektual raqobat muhitini vujudga keltirish va “Intellektual olimpiada”ga tayyorgarlikni qo'llab-quvvatlash maqsadida davlat maktabgacha ta'lim tashkilotlari jamoalari o'rtasida “Zakovat” intellektual o'yini tashkil etildi. 14 yanvar — Vatan himoyachilari kuni, 8 Mart — Xalqaro xotin-qizlar kuniga bag'ishlab viloyatdagi barcha maktabgacha ta'lim tashkilotlarida bayram dasturlari o'tkazildi. Tuman va shahar kesimlarida “Zumradoylar davrasi”, “Eng obod ta'lim tashkiloti”, “Men sevgan ertak qahramoni”, “Ertakchi bolajon” mavzularida ko'rik-tanlovlar, rasmlar tanlovlari tashkil qilindi. Maktabgacha ta'lim tashkilotlarida tarbiyalanayotgan bolajonlar o'rtasida “Jajji oshpaz” tanlovi tashkillashtirildi. Bolajonlar “Eng shirin qo'llar”, “Eng mohir oshpaz”, “Eng chaqqon oshpaz”, “Eng mohir pazanda”, “Eng ahil jamoa”, “Eng yaxshi dizayn” nominatsiyalari bo'yicha baholandi.
Ta'lim tashkilotlaridagi jihozlardan samarali foydalanish va ularning sifatli saqlanishi, bolalarni boshlang'ich ta'limga majburiy bir yillik tayyorlash guruhlarini tashkil qilish, ta'lim-tarbiya jarayoniga zamonaviy o'quv dasturlari hamda innovatsiyalarni, ilg'or pedagogik va axborot texnologiyalarini joriy etish, tumanlarda 2023-2024 o'quv yilida tashkil qilingan qisqa muddatli guruhlar faoliyatini rivojlantirish, maktabgacha ta'lim tashkilotlarining “Ilk qadam” davlat o'quv dasturi, ilk va maktabgacha yoshdagi bolalarning rivojlanishiga qo'yiladigan davlat talablarini ta'lim-tarbiya jarayoniga tatbiq etish, maktabgacha ta'lim tashkilotlarida ta'lim-tarbiya sifati va samaradorligini oshirishda ta'lim tashkilotlari rahbarlarining mas'uliyatini kuchaytirishga qaratilgan o'quv-seminarlar muntazam o'tkazildi.
25-30 iyun kunlari maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyachilari o'rtasida “Yilning eng yaxshi tarbiyachisi” ko'rik-tanlovining shahar va tuman bosqichlari yuqori saviyada o'tkazildi. 1-bosqichda jami 1074 nafar ishtirokchi qatnashib, shundan 518 nafari 2 va 3-turda qatnashish imkoniyatini qo'lga kiritdi. Viloyat bosqichiga jami 72 nafar qatnashchi yo'llanmaga ega bo'ldi. Ishtirokchilar “Eng yaxshi metodist”, “Yilning eng fidokor tarbiyachisi”, “Eng yaxshi ijodkor-ixtirochi tarbiyachi”, “Innovatsion va axborot texnologiyalarini qo'llaydigan eng yaxshi tarbiyachi”, “Eng yaxshi ekotarg'ibotchi tarbiyachi”, “Yangi O'zbekistonda yangi avlod bolalarini ma'naviy kamolotga yetaklovchi eng yaxshi tarbiyachi” nominatsiyalari bo'yicha bellashdi.
Maktabgacha ta'lim tashkilotlari tarbiyalanuvchilari o'rtasida o'tkazilgan “Shaxmat festivali” musobaqasining respublika bosqichida Urganch shahridagi maktabgacha ta'lim tashkiloti 30-tayyorlov guruhi tarbiyalanuvchisi Sultonhusayn Bobojonov faxrli birinchi o'rinni egalladi. Musobaqaning hududiy bosqichida g'olib bo'lgan maktabgacha ta'lim tashkilotlarining 14 nafar o'g'il va 14 nafar qiz tarbiyalanuvchilari o'zaro bellashdi.
O'quvchi-yoshlarni kasb-hunarga o'rgatish, ularning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil qilish, yosh iqtidorli o'quvchi va tarbiyalanuvchilarning ekologik ongi, madaniyati va bilimini oshirish hamda inson hayoti va faoliyati uchun qulay ekologik vaziyatni vujudga keltirish, ekologik xavfsizlikni ta'minlash, ekologik tahdidlarning oldini olish va ularni bartaraf etish, aholi o'rtasida ekologik-huquqiy ta'lim-tarbiyani zamonaviy xalqaro andozalar talabi asosida olib borishni ta'minlash masalalari bo'yicha bilim berish maqsadida viloyatimizdagi maktablarda ekosinflar faoliyati yo'lga qo'yilmoqda.
Bundan tashqari, ta'lim muassasalarida Jaloliddin Manguberdi va Amir Temur xonalari tashkil etildi. Mazkur sinf xonalarini tashkil qilish orqali o'quvchilarga millatimiz faxri, jasur sarkarda, milliy qahramon Jaloliddin Manguberdi va Sohibqiron Amir Temurning hayoti haqida ma'lumot berish, ularning tariximizdagi o'chmas jasorati yosh avlod uchun o'ziga xos namuna ekanligi, hayot yo'li yosh avlodni vatanparvarlik, milliy an'ana va qadriyatlarimizga sadoqatli, jasoratli, matonatli, irodali qilib tarbiyalashda, insonlarni komillikka yetaklash, mafkuraviy immunitetni mustahkamlashda ma'naviy qalqon vazifasini o'tashi hisoblanadi.
Joriy yilda yangicha tizim orqali o'tkazilgan pedagog kadrlar attestatsiyasi jarayonlarida Xorazm viloyatidan 14 ming 460 nafar kasbdoshimiz ishtirok etdi. O'qituvchilarning o'rtacha ballari bo'yicha viloyatimiz respublikada ikkinchi o'rinni band etdi. Shuningdek, oliy va birinchi toifali o'qituvchilarning ulushi bo'yicha ham Xorazm viloyati Respublikada yetakchilik qilmoqda. Bundan tashqari, Prezident, ijod va ixtisoslashtirilgan maktablar tizimidagi yangicha baholash tizimiga o'tgan 29 ta maktab o'quvchilaridan olingan nazorat ishi natijalariga ko'ra Xorazm viloyati respublikada birinchi o'rinni qayd etmoqda. Shuningdek, “Coursera” platformasi kurslarida ta'lim olayotganlardan 114 339 nafarining “Coursera” sertifikatini qo'lga kiritgani mamlakat bo'yicha eng yuqori ko'rsatkichdir.
Hamro BEKTEMIROV,
Xorazm viloyati Maktabgacha
va maktab ta'limi boshqarmasi boshlig'i.