Raqs — san'atimiz ko'rki

Ko'p asrlik boy va betakror madaniyatimizning ajralmas qismi bo'lgan milliy raqs san'atining xalqimiz ma'naviyati, badiiy-estetik qarashlarini yuksaltirish, yosh avlodni milliy qadriyat va an'analarimizga hurmat, Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalash borasidagi o'rni va ahamiyati tobora ortib bormoqda.

O'zbekistonda raqs san'ati sohasiga e'tibor va munosabat tubdan o'zgardi. Muhtaram Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning 2020 yil 4 fevraldagi “Raqs san'ati sohasida yuqori malakali kadrlar tayyorlash tizimini tubdan takomillashtirish va ilmiy salohiyatni yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi hamda “Milliy raqs san'atini yanada rivojlantirish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorlari tom ma'noda milliy raqs san'ati taraqqiyoti va xoreografiya ta'lim tizimida tarixiy voqea bo'ldi. O'zbek milliy raqs san'atini rivojlantirish, uni jahon sahnalariga olib chiqish borasida bugungi kunda ko'plab ishlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Muhtaram yurtboshimizning 2020 yil 28 sentyabrda qabul qilingan “Lazgi” xalqaro raqs festivalini tashkil etish va o'tkazish to'g'risida”gi qaroriga asosan Xiva shahrida har ikki yilda bir marta “Lazgi” xalqaro raqs festivalining o'tkazilishi va O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22 yanvardagi 31-sonli qaroriga asosan O'zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi Urganch filiali tashkil etilganligi fikrimizning isbotidir.

Filialda bugungi kunda 170 dan ortiq talaba-yoshlar xoreografiya jamoalari rahbari ta'lim yo'nalishi bo'yicha kunduzgi va sirtqi ta'lim shaklida ta'lim-tarbiya olmoqda. Talabalarga raqs san'atining sirlarini O'zbekiston xalq artisti, Amerika Qo'shma shtatlaridagi Yevroosiyo raqs akademiyasining akademigi, professor Gavhar Matyoqubova, O'zbekiston xalq artisti, ustoz baletmeyster Abibulla Sharipov, “Madaniyat va san'at fidokori” va “O'zbekiston Respub­likasi Mustaqilligining 30 yilligi” ko'krak nishoni sohibi, ko'plab yoshlarning sevimli ustozi, tajribali baletmeyster Shonazar Botirov, Qoraqalpog'istonda xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi unvoni sohibasi Zibash Pirlepesovalar o'rgatib kelmoqda.

Ushbu qisqa davr mobaynida filial talabalari nazariy va amaliy bilim olish bilan bir qatorda, ko'plab xalqaro va respub­lika miqyosida o'tkazilayotgan ko'rik-tanlovlar va festivallarda qatnashib, sovrinli o'rinlarni qo'lga kiritdi. Jumladan, 2023 yil 18 noyabrda Qozog'iston xalqi Assamb­leyasi, Qozog'iston o'zbeklari etnomadaniy birlashmalarining “Do'stlik” hamjamiyati hamkorligida Chimkent shahrida “Ilm-fan, ta'lim va san'at integratsiyasi: istiqbolli rejalar” mavzusida xalqaro ilmiy-amaliy konferensiya va anjuman doirasida o'tkazilgan O'zbekis­ton xalq artisti, professor Gavhar Matyoqubova nomidagi xalqaro raqs ko'rik-tanlovida filialning 2-bosqich talabalari R.Sapayeva birinchi, B.Masharipova ikkinchi o'rinni qo'lga kiritdi. O'zbekis­ton Res­publikasi Prezidentining 2024 yil 4 martdagi “Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlash to'g'risida”gi qaroriga muvofiq filialning 2-bosqich talabasi Sapayeva Risolat Rustam qizi Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti bilan taqdirlandi. Joriy yilning 13-17 may kunlari Xorazm viloyatidagi barcha oliy ta'lim muassasalari talabalari ishtirokida o'tkazilgan “Talabalar festivali — 2024” ko'rik-tanlovida “Talabalar ovozi” nominatsiyasi bo'yicha filialning 2-bosqich talabasi Bibimaryam Masharipova 3-o'rinni qo'lga kiritdi.

Filialga bir qator xorij mamlakatlaridan soha mutaxassislari tashrif buyurib, o'zbek milliy raqs san'ati, xususan, Xorazm raqs san'atining tarixi, shakllanish jarayoni va ijro uslubi, turlarini ilmiy jihatdan o'rganish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdilar. Germaniyaning Konstanz universiteti professori, doktor Tatyna Tximmxonim, Qozog'istonning X.Do'smuxamedov nomidagi Atirau universitetining xalqaro hamkorlik va xalqarolashtirish bo'limi boshlig'i, professor Q.Ashirxanova, Lal Bahodur Shastri nomidagi Hind madaniyati markazi (LBSCIC) direktori Sitesh Kumar janoblari boshchiligidagi delegatsiya a'zolari va hindistonlik xoreograf, mohir raqqosa Nikitaxonimlar filialga tashrif buyurib, Xorazm raqs san'atining o'tmishi va bugungi kundagi ijro uslubi, talabalarning erishayotgan yutuqlari bilan yaqindan tanishib, kelgusida xalqaro hamkorlik aloqalarini yo'lga qo'yish bo'yicha kelishuvga erishildi. Ular tomonidan filial talabalariga “Mahorat darslari” o'tildi.

O'zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021 yil 22 yanvardagi 31-son qaroriga asosan Milliy raqs san'ati sohasida malakali mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, Xorazmning qadimiy raqsi — “Lazgi”ni asrab-avaylash, uni ilmiy o'rganish, jahon miqyosida keng targ'ib qilish maqsadida filial tarkibida “Lazgi” ijrochiligini yanada rivojlantirish bo'limi tashkil etilgan va ushbu qaror bilan bo'limning asosiy vazifalari belgilab berilgan. Jumladan, “Lazgi” ijrochiligini yanada rivojlantirish, bu borada shakllangan ijro va ijodiy maktablar faoliyatini qo'llab-quvvatlash; fan-ta'lim va ijrochilikning integratsiyalashuvini ta'minlash; “Lazgi” ijro yo'li namunalari “Oltin fondi”ni yaratish; an'anaviy “Lazgi” ijro yo'lini asrab-avaylash, uni zamonaviy ijro uslublari namunalari bilan yanada takomillashtirish, raqsning ijtimoiy-tarixiy ildizlari, ilmiy-nazariy negizlari, milliy va umumbashariy qadriyatlar bilan bog'liq jihatlarini olimlar va ijrochi mutaxassislar ishtirokida chuqur o'rganish; “Lazgi” ijro yo'lini keng targ'ib qilish bo'­yicha xalqaro hamkorlikni yo'lga qo'yish; “Lazgi” ijro namunalarini ommaviy axborot vositalari hamda Internet axborot tarmog'i orqali chet ellarda keng targ'ib qilishdan iborat. Bugungi kunda bo'lim tomonidan qarorda belgilangan vazifalar ijrosini ta'minlash maqsadida 100 ga yaqin ilmiy maqola va tezislar chop etildi, “Lazgi” ijro yo'li namunalari “Oltin fondi” yaratildi, “Lazgi” raqsining tarixi, rivojlanish jarayoni hamda ijrochi raqqos va raqqosalarning ijodiy faoliyatini yoritishga qaratilgan 200 dan ortiq eksponatlardan iborat Xorazm “Lazgi” raqs san'ati muzeyi tashkil etildi.

O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2023 yil 3 iyuldagi “Ma'muriy islohotlar doirasida oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar sohasida davlat boshqaruvini samarali tashkil qilish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarorida belgilangan vazifalar ijrosini o'z vaqtida va samarali bajarilishini ta'minlash maqsadida O'zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi Urganch filialida 2024 yil 5 mart kuni “Lazgi raqsining shakllanish tarixi va tendensiyasi” mavzusida respub­lika miqyosidagi ilmiy-amaliy anjuman bo'lib o'tdi.

Anjumanda raqs san'ati sohasidagi muammo va kamchiliklar muhokama qilindi. Xususan, raqs san'atining inson salomatligidagi o'rni va ahamiyati, raqs san'atining tarix, falsafa, adabiyot va pedagogika fanlari bilan uzviy bog'liqligi, yoshlarimizni jismonan sog'lom qilib tarbiyalashda naqadar ahamiyati katta ekanligi haqida ko'plab ma'lumotlar berildi. Ilmiy anjuman doirasida kitoblar ko'rgazmasi va konferensiya ilmiy to'plamining taqdimoti ham o'tkazildi.

Joriy yilning 27-30 aprel kunlari Xiva shahrida bo'lib o'tgan II Xalqaro “Lazgi” fes­tivali doirasida tashkil qilingan “Xorazm “Lazgi” raqsi: madaniy diplomatiyani rivojlantirishning ilmiy-nazariy, ma'naviy-ma'rifiy tamoyillari” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda filial professor-o'qituvchilari va talabalari o'zlarining ilmiy maqola va badiiy chiqishlari bilan faol ishtirok etib, Madaniyat vazirligining esdalik sovg'alari bilan taqdirlandi.

Akademiya professor-o'qituvchilari tomonidan 2023-2024 o'quv yili davomida 1 ta o'quv qo'llanma, 40 ta ilmiy maqola e'lon qilindi. Shulardan xalqaro jurnallarda 14 ta, yuqori “Impact factor” (“Web of Science”, “Scopus”) jurnallarida 3 ta maqolaning chop etilishi ilmiy salohiyatning kuchayishi uchun muhim ahamiyat kasb etdi.

Filial xorijiy oliy ta'lim muassasalari bilan xalqaro hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'yicha bugungi kunda Qozog'iston milliy xoreografiya akademiyasi, Xitoy Xalq Respub­likasining Shenyan pedagogika universiteti bilan xalqaro hamkorlik shartnomalari imzolandi. Hozirda Qozog'iston milliy xoreo­grafiya akademiyasiga akademik mobillik bo'yicha talabalar va professor o'qituvchilar almashinuvi yo'lga qo'yildi va 3-bosqich talabasi Rasul Shamurotov akademik mobillik dasturi bo'yicha Qozog'iston milliy xoreografiya akademiyasida tahsil olmoqda.

Yurtimizda yoshlarga yaratilayotgan imkoniyatlardan samarali foydalanib kelayotgan filialimiz talabalari kelajakda milliy raqs san'ati rivojiga o'z hissalarini qo'shishiga, o'zbek san'atini yangi ijodiy yutuqlar, ilmiy tadqiqotlar bilan boyitishiga ishonamiz.

Atabek SAPARBOYEV,

O'zbekiston davlat xoreografiya akademiyasi Urganch filiali direktorining yoshlar masalalari va ma'naviy-ma'rifiy ishlar bo'yicha birinchi o'rinbosari.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

two × 4 =