Yoshlarga chin do'st kerak

Mahallalarda yoshlar yetakchisi lavozimi joriy etilganligi ularning murojaatlarini hududning o'zida hal etish imkonini bermoqda. Hozirda mahallalarda faoliyat olib borayotgan yetakchilar o'zlarining tashabbus­lari va liderlik qobiliyatlari bilan yoshlarni bir maqsad yo'lida jips­lashtirish uchun bor imkoniyatlarini ishga solyaptilar.

Jumladan, Namangan shahridagi Amir Temur nomli mahalla fuqarolar yig'ini yoshlar yetakchisi Dovudxon Sulaymonov ham o'z faoliyatiga yangicha usulda fidoyilik bilan yondashayotgan vakillardan biri.

Hozirda mazkur mahallada 2597 nafar aholi istiqomat qiladi. Shulardan 30 yoshgacha bo'lganlar 1359 nafar bo'lib, unda 14 yoshdan 30 yoshgacha bo'lgan yoshlar soni 577 nafarni tashkil etadi. 2023 yilda mahallada yoshlar yetakchisi tomonidan o'z vakolati doirasida samarali ishlar amalga oshirildi. Xususan, ijtimoiy yordamga muhtoj, kam ta'minlangan va boquvchisini yo'qotgan “Yoshlar daftari”dagi 6 nafar oilaga moddiy yordam ko'rsatildi. Oliy ta'lim muassasalarida o'qiyotgan ikki nafar talabaning kontrakt puli to'lab berilgan bo'lsa, uch nafar o'spiringa fuqarolik pasporti olishiga ko'maklashildi.

Bundan tashqari, yoshlarning murojaatlari bo'yicha davolanish davomidagi jarrohlik amaliyoti uchun xarajatlarining bir qismi qanoatlantirildi. Shuningdek, ularning bo'sh vaqtini mazmunli tashkil etish va sport turlarini ommalashtirish doirasida o'tkazilayotgan “Besh tashabbus” olimpiada musobaqasida o'tgan yili sportning kurash turi bo'yicha 90 kg vazn toifasida qatnashgan Bilolxon Sodiqov shahar bosqichida birinchi o'rinni egallab, viloyat musobaqasida ham munosib ishtirok etdi.

Bu kabi ishlar joriy yilda ham davom ettirilmoqda. Jumladan, mahallada joylashgan 22-maktabda yoshlarning bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazish maqsadida kechki vaqtda sportning voleybol va stol tennisi turlari bo'yicha o'yinlar tashkil etilib, reja asosida davom ettirilmoqda. Og'ir toifadagi yoshlar tarbiyasi bo'­yicha ham amaliy ishlarga kirishilgan. Jumladan, shu toifaga kiritilgan yoshlardan Ibrohim Qodirovning daromadini oshirish maqsadida ikki bosh qo'y, Fathiddin Mahmudovning qiziqishidan kelib chiqib, unga 20 dona tovuq olib berildi.

Hududda 141 nafar otaliqqa olingan yoshlar bor. Ular bilan ham alohida nazorat ishlari yo'lga qo'­yilgan bo'lib, tarbiyaviy-axloqiy suhbatlar olib boriladi. Mahallaga biriktirilgan IIO FMB TQXTQKB boshlig'i Muzaffar Mahmudov bilan xonadonlarga kirib, ularning muammo va takliflari o'rganilib, yechimlarini birgalikda hal etish choralari ko'rilmoqda. Shuningdek, hozirda chet elga ishlash uchun ketgan yoshlar bilan onlayn muloqotlar tashkil etilib, ularning oilaviy va bandlik masalalari bilan yaqindan tanishilmoqda. Ular uchun shahrimizdagi mavjud ish o'rinlari taklif etilmoqda.

Mahalla yoshlar yetakchisi Dovudxon Sulaymonov vazifasiga jonkuyarligi va tirishqoqligi tufayli 2023 yili “Eng namunali yoshlar yetakchisi” deb topilib, shahar hokimining faxriy yorlig'i bilan taqdirlandi.

Umuman olganda, mahallalarda yoshlar yetakchilari o'z vakolatlari doirasida bor kuch va imkoniyatlarini ishga solib, jamiyatning faol qatlami sifatida e'tirof etilmoqda. Davlatimiz tomonidan ular yurt kelajagini ta'minlovchi katta kuch, mamlakatning strategik resursi sifatida qaralmoqda. Bugun yuksak bilimli, teran fikrlaydigan, o'zining qat'iy pozitsiyasiga ega bo'lgan yoshlar mamlakatning ertangi taraqqiyotida tobora hal qiluvchi kuchga aylanib borishiga shak-shubha yo'q.

Ahror ZOKIROV,

“Namangan sadosi” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 5 =