Yashil tabiat — sog'lom hayot timsoli
Yurtimizda olib borilayotgan keng ko'lamli islohotlarning eng muhim vazifalaridan biri inson hayot sifati va farovonligini oshirishdan iborat bo'lib, fuqarolarning ijtimoiy himoyasini kuchaytirish va kambag'allikni qisqartirish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishi sifatida belgilandi. Bunga erishish uchun aholini yangi ish o'rinlari va kafolatli daromad manbai, malakali tibbiy va ta'lim xizmatlari, munosib yashash sharoitlari bilan ta'minlashni sifat jihatidan yangi bosqichga ko'tarishga alohida e'tibor qaratilmoqda.
Aholi hayot sifati — umumlashtiruvchi ijtimoiy-iqtisodiy kategoriya bo'lib, nafaqat moddiy ne'matlar va xizmatlarni iste'mol qilish darajasini oshirish, ma'naviy ehtiyojlarni qondirish, salomatlik, umr ko'rish davomiyligini ta'minlash, atrof-muhit ekologik sharoitlarini o'z ichiga oladi. O'zbekistonda aholi hayoti sifatini oshirish borasida amalga oshirilayotgan ishlar qatorida mamlakatimizda ekologik vaziyatni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlarni ta'kidlab o'tish kerak.
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining 2019 yil 30 oktyabrdagi farmoni bilan tasdiqlangan “2030 yilgacha bo'lgan davrda O'zbekiston Respublikasining atrof-muhitni muhofaza qilish konsepsiyasi”, Prezidentning 2021 yil 30 dekabrdagi “Respublikada ko'kalamzorlashtirish ishlarini jadallashtirish, daraxtlar muhofazasini yanada samarali tashkil etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi Farmonida tatbiq etilishi belgilangan “Yashil makon” umummilliy loyihasi dasturlarida atrof-muhit ob'yektlarini (havo, suv, yer, tuproq, yer qa'ri, bioxilmaxillik, qo'riqlanadigan tabiiy hududlar) inson ta'siri hamda boshqa salbiy ta'sir qiluvchi omillardan saqlash va sifatini ta'minlash hamda sanoat ishlab chiqarishi, urbanizatsiya ko'lami keskin kengayishi va aholi punktlariga tushayotgan ekologik yukni kamaytirish mexanizmlarini takomillashtirish rejalari ishlab chiqilgan va amalga oshirilmoqda.
Inson nega bu qadar yashillikka intiladi? Tiriklik uchun yashil olamning ahamiyati nimada? Keling, bu savolga javob berish uchun quyidagi ma'lumotlarga e'tibor qarataylik: katta yoshdagi daraxt bir mavsumda yil bo'yi o'n kishi iste'mol qiladigan miqdorda kislorod ishlab chiqaradi. Bir gektar daraxtzor bir kunda 220-280 kilogramm karbonat angidrid yutadi va 180-220 kilogramm kislorod beradi. Daraxtzorlar havodagi chang miqdorini kamaytiradi va shovqinni pasaytirishda muhim ahamiyat kasb etadi. Manzarali daraxt ekilgan bog'da yarim soatlik sayr qilish bir necha turdagi dori vositalari o'rnini bosadi.
Kuchli sanitar sifatida daraxt va butalarning yashil yuzasi is gazini yutib, inson hayoti uchun zarur bo'lgan kislorod chiqaradi. Daraxtlar ham barcha tirik mavjudotlar kabi o'ziga xos quvvat manbaiga ega. Chunki inson daraxtlardan taralayotgan ifordan bahramand bo'lib, kayfiyati ko'tariladi. Xullas, daraxt insonning to'laqonli yashashi uchun muhim hayotiy ahamiyatga ega va tabiatga, insonga bemisl naf keltiradi, hayot davomiyligini ta'minlaydi. Shu bois, ota-bobolarimiz daraxtning soyasi jonga, mevasi tanga darmon, deya e'zozlaydi. Birni kessang, o'nni ek, deya tabiatni asrashga, yaratuvchilikka da'vat etadi.
2021 yil kuz mavsumida boshlangan “Yashil makon” loyihasi va “dolzarb 40 kunlik” tadbiri natijalari bo'yicha mamlakat miqyosida millionlab dona daraxt va buta ko'chatlari ekildi. Ko'kalamzorlashtirish va obodonlashtirish ishlari jarayonida ko'plab yangi tashabbus va harakatlar bo'y ko'rsatdi. Bu xalqimizning azaliy qadriyatlarga sadoqati, tabiatga bo'lgan mehr-muhabbati ifodasidir. Xususan, respublikamiz bo'yicha barcha mahallalarda “kashtan ko'chasi”, “eman ko'chasi”, “chinor ko'chasi” va boshqa turdagi namunaviy ko'chalar tashkil etilib, mingdan ortiq manzarali va mevali ko'chat ekildi.
Xususan, Farg'ona viloyatida ham ushbu amaliy ishlarning davomi sezilarli darajada o'sib bormoqda. 2023 yilda “Yashil makon” umumilliy loyihasi doirasida viloyatda jami 16,7 mln dona manzarali, mevali daraxt va buta ko'chatlari ekilib, reja 104,9 foizga bajarildi. Shahar va tuman hokimliklari tomonidan 11,2 gektar yer maydoniga 13,54 ming tup manzarali va mevali ko'chatlar ekilib, “Hokimlik bog'lari”, 34,6 gektar yer maydoniga 13,46 ming tup ko'chatlar ekilib, 12 ta shahar va tumanlarda 21 ta “Yashil bog'”lar barpo etildi, 26 ta sanoat korxonasi atrofida 150 ming dona ko'chat ekildi.
Viloyatimizda 2024 yilda 15,2 mln dona (shundan, bahor mavsumida 9,5 mln dona va kuz mavsumida 5,7 mln dona) ko'chat ekilishi rejalashtirilgan. Shahar va tumanlarda “Yashil jamoat parklari”, “Hokimlik bog'lari” barpo etish ham ko'zda tutilgan bo'lib, bu borada sezilarli ishlar amalga oshirilmoqda. Bundan tashqari, mavsum davomida 27 km sug'orish tizimi, 19 ta suv chiqarish quduqlari o'rnatish va 7 dona maxsus texnika xarid qilish rejalashtirilgan.
Davlatimiz rahbari tomonidan joriy etilgan “Yashil makon” umummilliy loyihasida yurtimizdagi oliy ta'lim muassasalari ham faol ishtirok etib kelmoqda. Xususan, Farg'ona politexnika institutida amaliy ishlar izchil tashkil qilinmoqda. Institutga tutash maxsus ajratilgan hududlarda “Yashil maydonlar” bunyod etilyapti. Ta'lim muassasasi tomonidan 2024 yil fevral-mart oylarida loyiha asosida jami 3 ming 429 tup manzarali daraxt hamda buta ko'chatlari o'tqazildi.
Institutda ilk bor “Rektorlar bog'i” ham tashkil etilib, ushbu bog'ga Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo'ng'irotboy Sharipov boshchiligida 40 dan ziyod oliy ta'lim muassasasi rahbarlari manzarali ko'chatlar ekishdi. Ta'lim muassasasida yil davomida yana millionlab manzarali daraxtlar ekilishi va bu bilan ekologik toza hudud barpo etilishi ko'zda tutilgan.
Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, “Yashil makon” umummilliy loyihasi — bu bir yillik tadbir emas”. Darhaqiqat, yashab turgan joyimizni ozoda saqlab, bizdan keyingi avlod ham munosib tabiiy muhitda yashashi uchun bugun biz tabiatga mehr va e'tibor bersak, kelajak avlod ham bizdan minnatdor bo'ladi. Buning uchun biz yer va suv resurslarini, ekologik tizimni asrashimiz hamda daraxt ko'chatlarini ekib, bog' yaratishimiz zarurdir.
Abdumajid SALIMOV,
Farg'ona politexnika instituti
moliyaviy-iqtisodiy ishlar bo'yicha prorektori.