Moziydan so'zlovchi maskan

Odamzod o'z kelajagiga qanchalik qiziqsa, o'tmishga ham shunchalik hayrat va ishtiyoq ila murojaat qiladi. Zero, moziy qatlarida qolib ketgan har bir voqea-hodisani o'z tasavvurimizda jonlantirishga urinamiz. Tarixda yo'l qo'yilgan xatolar, erishilgan muvaffaqiyatlardan xulosalar chiqarib, kelajak sari dadil qadam tashlaymiz. O'tmish ko'zgusi sifatida insonni tarbiyalashga xizmat qiluvchi maskanlar — muzeylar ana shuning uchun ham qadrlidir.

Bugungi kunda Farg'ona viloyatida o'ndan ortiq muzey va uy-muzeylar faoliyat ko'rsatib kelmoqda. Ular orasida otaxon muassasa — Farg'ona viloyati tarixi va madaniyati davlat muzeyi mukammal loyiha asosida qurilgani, eksponatlar soni va sifati, tashrif buyuruvchilar ko'pligi, noyob topilmalari asnosida ajralib turadi.

Mazkur muzey 1895-1896 yillarda tashkil etilgan. Dastlab mahalliy aholi va fidoyi insonlar tashabbusi bilan qadimiy ashyolar kolleksiyasi yaratilgan. O'sha davrda eksponatlar soni 2 mingtani tashkil qilgan bo'lsa, yillar davomida muzey fondi har jihatdan bo­yitib borilgan. Hozir muzeyda 100 mingdan ortiq eksponatlar mavjud.

— Muzeyimiz vodiyda yagona hisoblanadi. Har yili 1,5-2 ming nafar xorijiy sayyohlar, shuningdek, respublikamiz viloyat-tumanlaridan qiziquvchilar tashrif buyurishadi. Ke­yingi davrda muzeylarga e'tibor oshishiga monand ravishda keluvchilar soni ham ortib bormoqda, — deydi muzey direktori Xayrullo Zokirov. — Eksponatlar sifatiga, ularni boyitib borishga, zamonaviy texnologiyalarni joriy qilishga e'tibor qaratganmiz. Misol uchun, bugungi kunda yettita tilda “so'zlovchi” 30 ta audiogid yaratdik, eksponatlar haqida batafsil ma'lumot beruvchi elektron ilovalar, masofadan tanishib borish uchun maxsus veb-sayt, 3D formatidagi elektron ko'rgazmalar xalqimiz xizmatida. Shuning­dek, “Farg'ona: kecha va bugun” deb nomlangan yangi galereyani tashkil qildik.

O'tgan yili Farg'ona tumanidan topilgan qadimiy tosh keli jamoatchilik o'rtasida shov-shuvga sabab bo'ldi. Muzey mutasaddilari darhol tarixchi-arxeologlar, olimlar bilan topilmani o'rganishga kirishishdi va uning besh ming yillik tarixga egaligini isbotlashdi.

Muzey bo'limlarining har biri, ulardagi noyob buyum va ashyolar hayratga sabab bo'la oladi. Eramizdan avvalgi 1-ming yillikka oid bronza qozon, 150-200 ming yillik tarix qa'ridan so'zlovchi tosh qurollar, o'sha davr­­da ajdodlarimiz tomonidan toshga o'yib ishlangan hayvon suratlari, yurtimizning olis va yaqin o'tmishidan so'zlovchi eksponatlar, milliy hunarmandchilik namunalari shular jumlasidan. Ayniqsa, o'zbek matbuotiga tamal toshi qo'yilishida alohida o'rin tutgan Farg'ona jurnalistikasi, jadidlarning chiqishlari aks etgan dastlabki gazeta va jurnallarning nusxalari, gazetachilik ashyolari, maqolalarda bayon qilingan o'sha davrga xos dolzarb muammolar bilan tanishish kishiga zavq bag'ishlaydi.

— Bizda mavjud qadimgi qo'lyozmalar, fotonegativlarni o'rganish borasida hali qiladigan ishlarimiz ko'p. Bu xuddi igna bilan quduq qazishga o'xshaydi. Ba'zi topilmalarni izchil o'rganib, ekspert-olimlar bilan kengashib, xulosa qilish uchun yillab vaqt talab etiladi, — deydi muzey direktorining o'rinbosari Elyorjon Rahimov. — Viloyat hokimligi tomonidan muzeyni kapital ta'mirlash uchun 4 milliard so'm ajratilgani barchamizni quvontirdi. Ko'plab loyihalar, innovatsion yondashuvlarni amalga oshirish, ishni yangicha tashkil qilishda bu bizga kuch beradi. E'tiborlisi, ayni kunlarda Shohimardon tarixi va tabiati muzeyi (sobiq Hamza Hakimzoda Niyoziy memorial muzeyi)da ham kapital ta'mirlash ishlari boshlab yuborilgan.

Bugun qo'shni va xorijiy respublikalardagi hamkasblari bilan mustahkam aloqa o'rnatib, hamkorlikda ko'plab loyihalarni amalga oshirib kelayotgan mazkur muzey xodimlari ishiga tasanno aytging keladi.

Sherzod QORABOYEV,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

18 + six =