Ulug' hazratni anglamoq uchun…

9 fevral — mutafakkir Alisher Navoiy tavallud topgan kun
Ayni kunlarda ulug' shoir va mutafakkir Hazrat Mir Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligiga bag'ishlab butun yurtimiz bo'ylab navoiyxonlik tadbirlari, adabiy kechalar bo'lib o'tmoqda. Ushbu qutlug' sana arafasida navoiyshunos olima, filologiya fanlari doktori, professor, O'zbekiston Respublikasida xizmat ko'rsatgan yoshlar murabbiysi Dilorom SALOHIY bilan navoiyshunoslik borasida olib borilayotgan ishlar, allomaning beqiyos merosi xususida suhbatlashdik.
— Dilorom opa, navoiyshunoslikning bugungi darajasi qoniqarlimi? Shu haqda nima deya olasiz?
— Qoniqish hissi, fikrimcha, nisbiy tushunchaga o'xshaydi. Bir necha daqiqa yoki bir kun oldin qoniqish hissini tuyganingiz hodisotdan, vaqt o'tib, qoniqmay qolishingiz mumkin. Yoki aksincha. Ammo bu savol juda to'g'ri qo'yildi, o'sib kelayotgan yosh avlod kelajagini, yurtimiz ma'naviy kamoloti taqdirini o'zida ifoda etgan bu savol har kun har bir ziyoli oldiga qo'yilmog'i lozim. Navoiyshunoslik fanining eng rivojlangan davri — XX asr edi. Bu davrda Nizomiddin Mir Alisher Navoiy hazratlarining hamma asarlari matnlari o'rganilib, nashr etildi, manbashunoslik tadqiqotlari yaratildi va bu asosda navoiyshunoslikning nazariy masalalari yuzaga chiqib, taniqli olimlarning ilmiy tadqiqotlari dunyo yuzini ko'rdi. Bu davr olimlari navoiyshunoslik sohasida misli ko'rilmagan muvaffaqiyatlarni qo'lga kiritdilar, ulug' shoir asarlarida ifoda etilgan qariyb barcha masalalarga ilmiy munosabat bildirdilar. Ammo, ma'lum bo'lganidek, davrning hukmron siyosiy mafkurasi tadqiqot maydonini kengroq olishga, ulug' shoir ijodiyoti mohiyatini to'la yoritishga imkon bermas edi. Ta'bir joiz bo'lsa, bu betakror ijodiyot surat, majoz nuqtai nazaridan batafsilroq, ammo siyrat, haqiqat jihatidan imo-ishoralar bilan pardalab o'rganildi.
Ulug' hazrat asarlarining asl mohiyati va ahamiyatini chuqur, barcha tafsilotlari bilan yoritib berish imkoniyati keyingi chorak asrdan ko'proq vaqt davomida yuzaga keldi. Aynan ana shu davr ilmining samarasi o'tgan yuz yil davomida qilingan mehnat samarasidan kuchliroq bo'ldi. Buning sababi hammaga ayon — har satrida ulug' hazratning pok e'tiqodlari aks etib turgan ijodiyotlari mafkuraviy tushovlarsiz, xolis o'rganildi. Ikki davr navoiyshunosligi rivoji navoiysevarlar qalbida chuqur iftixor tuyg'ularini uyg'otadi. Qoniqish hissini hammi, deya savol qo'ydingiz…
Savolingizga savol bilan javob bersam: quyosh nuridan, taftidan kim to'yibdi?! Suv tarovatidan-chi?! Gul iforidan-chi?! Ulug' hazratning umumbashariy ijodiyotlari mazmuni, ilmiy-badiiy tafakkurlari mag'zini chaqib o'rganish yo'li juda keng, juda uzun. Navoiyshunoslik fani oldida hali tadqiq etilishi lozim bo'lgan qator masalalar turibdi: ulug' shoir qo'lyozma va toshbosma asarlari manbalari imkon darajasida to'la yig'ilmog'i lozim, xususan, Samarqandda yaratilgan “Sab'atu abhur” nomli lug'atlarining yangi manbalari topilib, nashr ettirilmog'i lozim. Ulug' shoir masnaviylari, soqiynomalari, forsiy tildagi qasidalari bir-ikki ilmiy ish doirasida qolib ketmay, kengroq tadqiq etilaversa, nur ustiga nur bo'ladi. Ulug' hazratning ijtimoiy faoliyatlari yangi nuqtai nazardan, zamondoshlari bilan munosabatlari, ijodiy maktablari, asarlarining tarjimalari yangi yosh kuchlar tomonidan o'rganilsa, navoiyshunoslik fani yana yangi mazmun-mohiyat, ahamiyat kasb etishi mumkin, deb o'ylayman.
— “Navoiyga yetmoq uchun yana besh yuz yil yurmoq kerak”, degan ekan shoirlarimizdan biri. Shu fikrga qanday qaraysiz?
— Ijobiy qarayman. Ammo masofani yanada uzoqroq qo'yish kerak, deb o'ylayman. Ulug' hazratni anglamoq uchun ulug' hazrat e'tibor qaratgan barcha mavzu va masalalarni o'rganmoq lozim. Masalan, hazrat Navoiyning “Tarixi muluki Ajam” va “Tarixi anbiyo va hukamo” nomli tarixiy asarlari bor. Hazrat tafsilotni Odam alayhissalom yaratilishi tarixidan boshlaydilar. O'quvchida: “Navoiy bu tarixni qaysi asarlarni ko'rib yozdi ekan?” degan savol tug'iladi. Savolning javobini topish uchun esa 500 yillik masofani o'tish kamlik qiladi.
— Sizningcha, ulug' shoir ijodini ommalashtirish uchun nimalarga e'tibor bermoq lozim?
— Ulug' hazrat ijodiyotlariga hayotimizdagi har bir masala yechimida ehtiyojimiz borligini yosh avlod anglamog'i lozim. Talabni ehtiyoj tug'diradi. Masalan, hozirgi yosh avlod o'zini ancha erkin his qiladi, dunyo kezish, xorijga chiqish istagi juda kuchli. Ammo hazrat Navoiyning kitoblarini qo'llariga olsalar, hazrat ularni ogohlantiradi:
Qushqa yung maskan aro xushroqdurur ozodliq,
Bo'lg'onidin band aro sayyod ipak domi bila.
Ya'ni ovchining ipak to'rlaridan bo'lgan qafasida o'tirgandan ko'ra, o'zining tikanlardan bo'lgan uyasida o'tirgan qush ozoddir. Yoki:
Zahrni o'z komi birla ichsa andin yaxshikim,
Ichsa hayvon sharbatin nokomliq jomi bila.
Ixtiyorsiz, birovning qo'li bilan “hayvon sharbati”, ya'ni abadiy tiriklik suvini ichgandan ko'ra, o'z qo'li bilan og'u ichgani afzalroqdir.
Sir emas, hozirgi kunda qizlarimiz tarbiyasiga kattaroq e'tibor berishimizga to'g'ri kelmoqda. Ba'zan qizchalarimiz hayo chegaralarini anglamay, otalariga, akalariga hissiyotlari haqida ochiq gapirganlari quloqqa chalinadi. Shunday sharoitda hazrat Navoiyning “Farhod va Shirin” dostonida malika Shirin tilidan aytgan so'zlari shu dardning davosi bo'ladi:
Manga ne yoru ne oshiq havasdur,
Agar men odam o'lsam, ushbu basdur.
Ommalashtirish — hayotimiz uchun zarur paytda ulug' hazrat pand-o'gitlarini, hikmatlarini tilimizdan tushirmaslik, yoshlarimizni ham shunga odat qildirmog'imiz lozimligidir.
— Akademik Vohid Abdullayevdan so'ng hazrat Navoiyning Samarqandda bo'lishini yana biror olim o'rgandimi? Bu haqda yangi ma'lumotlar bormi?
— Ustoz Vohid Abdullayevdan so'ng hazrat Navoiyning Samarqandga safarlari haqida akademik Botirxon Valixo'jayev o'tgan asr 90-yillarining boshlarida “Muloqot” jurnalida bir maqola e'lon qilgan edilar. Bu maqolada ustoz Samarqandga safar qilgan ikki tolibi ilm — Abdurahmon Jomiy va Alisher Navoiy haqida so'zlab, ularning Hirotdan Samarqandga, Samarqanddan Hirotga qadar bo'lgan karvon yo'llarida uchrashgan bo'lishlari mumkinligi haqidagi mulohazalarini bayon etgan edilar. Shuningdek, ustoz Botirxon domla Alisher Navoiyning samarqandlik yirik faqih, tilshunos olim, tibbiyot bilimdoni Xoja Fazlulloh Abullays as-Samarqandiy bilan muloqotlari, tahsili, faqih xonadoni, ajdodlari tarixi va avlodining Navoiy hazratlariga nisbatan bo'lgan ehtiromi haqida batafsil ma'lumot beruvchi maqolalarini yozganlar. Ustozlari Vohid Abdullayev bergan ma'lumotlarni to'ldirar ekanlar, Botirxon domla Navoiyning samarqandlik buyuk ma'naviy murshid Xoja Ahrori Valiy bilan uchrashuvlari, ota-boladek qaynoq munosabatlari, uzoq davom etgan muloqotlari haqida ham qiziqarli ma'lumotlarni berganlar. Bu mavzuda boshqa yangi ma'lumotlarni bilmayman. Badiiy adabiyotda bir yangi asar yaratildi. Bu Iqbol Mirzoning “Samarqand sayqali” nomli dramasidir. Albatta, bu ilmiy emas, badiiy asar, unda badiiyat talablariga rioya qilingan.
— Ulug' shoir ijodi haqida ko'proq mutafakkir tavallud topgan 9 fevral sanasi atrofida gapirilishi g'alatiroq emasmi?
— “G'alat” degani — xato degani. To'g'ri aytdingiz, bunday qilish xato, huzurimizda turgan hikmat xazinasidan bebahra bo'lib yashash — xato, maqollarga, hikmatli so'zlarga aylanib ketgan pand-o'gitlarni unutib yubormoq — katta xato. Ammo hazrat o'zlari aytganlaridek: “Chu bu oyin erur davrong'a maxsus…”. Ya'ni hozir davrimiz — texnika davri, yangi-yangi yaratilmalar, texnologiyalar davri. Yoshlarimizning qiziqishlari ko'proq kompyuter, internet kabi zamonaviy axborot vositalari bilan band. She'riyat esa romantizm davri mahsuli. Ulug' hazrat shu zamonda, bizning davrimizda yashaganlarida, shubha yo'q, asarlarini romantik dostonlar sifatida emas, nasrda, zamonaviy ilmiy uslubda yozgan bo'lar edilar. Ammo bu degani aslo Navoiy o'z davrida qolib ketdi, degani emas. Barcha davrlar uchun dolzarb bo'lgan inson muammolarini ko'tarib chiqdimi, demak, bu ijodiyot umrboqiy, muammolar yechimini ko'rsatib berdimi, demak, bu ijodiyot umumbashariy! Masala shundaki, biz katta avlod yoshlarga aqli, ongi, shuuri, qiziqishlari texnika bilan band bo'lsa-da, jismidagi eng mo''jaz qarorgoh — qalbi hech qachon temir kabi qotib, g'ariblashib qolmasligi lozimligini har daqiqa uqtirmog'imiz lozim. Ulug' hazrat asarlarini o'qib bermoq, uqtirmoq bilan qalb qo'rlarimiz — farzandlarimizning insoniy qiyofalari, pok fitratlariga nuqson yetmasligiga intilmog'imiz lozim. Har kun, har soat, har daqiqa.
— Qarshida Abdulla Oripov maktabi, Farg'onada Erkin Vohidov maktabi, Andijonda Muhammad Yusuf maktabi, Gulistonda Halima Xudoyberdiyeva maktabi bor. Nimaga Samarqandda Alisher Navoiy ijod maktabini tashkil qilish mumkin emas? Shu haqdagi fikringiz.
— Tog' haqida tog' ulug'vorligi, shukuhiga munosib tarzda so'zlansa yarashadi, tepa haqida — tepaga munosib! Hozir sizning savollaringizga javob beryapman-u, vujudimda katta mas'uliyat hissidan hayajon, qalbimda hadik mavjud. Chunki biz siz bilan oddiy bir ijodkor shaxs haqida emas, butun jahonni so'zi bilan zabt etgan Buyuk Shaxsiyat haqida gapirmoqdamiz! Samarqandda zarqalam ahli boshqa shaharlarga nisbatan ko'proq o'tgan. Har birlarining ijod maktablarini tashkil etsa yarashadi.
Alisher Navoiy hazratlariga kelsak, Turkiya jumhuriyatida Mavlono Jaloliddin Rumiy ijodini tadqiq etish markazlari, institutlari, Germaniyada Gyote ijodiyotini o'rganish ilmiy-tekshirish instituti kabi yana men bilmagan shunday nufuzli ilmiy dargohlar muqobilida Samarqandda Alisher Navoiy va Abdurahmon Jomiy ilmiy-ijodiy merosini o'rganish ilmiy-tadqiqot instituti tashkil etilsa, maqsadga muvofiq bo'ladi, deb o'ylayman. Chunki bunday ishni amalga oshirish uchun Samarqandda ilmiy muhit, yosh, g'ayratli tadqiqotchilar guruhi mavjud.
— Hazrat Navoiy bobomiz haqida yana nimalar deya olasiz?
— Men oddiy bir tadqiqotchi nima ham deya olardim?! Hozir ko'nglimda ulug' hazratning: “Bilgil o'z haddingni-yu, behad rioyat qil adab”, degan so'zlarini takrorlab turibman. Ulug' hazrat avliyo bo'lmasalar, Haq taolo umrlariga, ilmlariga baraka ato etib, shu kunlarga qadar nomlarini sharaflab, rahmat nurlarini yog'dirib qo'yarmidi?! Haq taolo bizlarni aql ne'matidan bahramand etib, buyuk bobokalonimiz ijodiyotlarini ul zoti oliyning sha'nu shavkatlariga munosib tarzda o'rganishimizni, elga yoyishimizni nasib aylasin!
— Mazmunli suhbatingiz uchun rahmat.
Yormamat RUSTAMOV suhbatlashdi.