Odri AZULE: Samarqandda biz ta'lim, madaniyat va fan tillarida gaplashamiz
YuNESKO Bosh direktori “Dunyo” axborot agentligi muxbiri savollariga javob berdi.
Ma'lumki, shu yilning 31 oktyabr – 13 noyabr kunlari Samarqand shahrida YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasi bo'lib o'tadi.
YuNESKOning asosiy yig'ilishi so'nggi 40 yil ichida birinchi marta Parijdan tashqarida bo'lib o'tadi. Ushbu qaror tashkilotning ta'lim, ilm-fan va madaniyat sohasidagi maqsadlarini ilgari surishda O'zbekistonning roli ortib borayotganini e'tirof etish va xalqaro hamjamiyat ishonchining tasdig'idir.
Bunday nufuzli forumning Samarqandda o'tkazilishi nafaqat O'zbekistonning YuNESKO bilan hamkorligi yuksak darajasi, balki mamlakatning global gumanitar kun tartibini shakllantirishda faol ishtirok etishga intilishayotgani ramzi hamdir.
Ushbu tarixiy voqea oldidan YuNESKO Bosh direktori Odri Azule “Dunyo” AA uchun bergan eksklyuziv intervyusida tashkilot bilan O'zbekiston o'rtasidagi jadal rivojlanib borayotgan hamkorlikni yuqori baholadi. U YuNESKO vakolatining asosiy yo'nalishi bo'lgan madaniy merosni asrab-avaylash, ta'lim tizimini rivojlantirish, ilm-fanni qo'llab-quvvatlash, xotin-qizlar va yoshlarning jamiyatdagi rolini kuchaytirish borasida erishilgan ulkan muvaffaqiyatlarni alohida ta'kidladi.
— Bosh direktor xonim, bu yil YuNESKO o'zining 80 yilligini nishonlamoqda. Tashkilot tarixidan qanday muhim saboqlarni olish mumkin, deb o'ylaysiz va nega uning mandati bugungi kunda ham dolzarbligicha qolmoqda?
— Ko'p qirralilik tobora ko'proq so'ralayotgan bugungi dunyoda bu paradoksal ravishda har qachongidan ham zarur bo'lib bormoqda. Global muammolar – iqlim o'zgarishlari va mojarolardan tortib, yangi texnologiyalardagi o'zgarishlargacha – hech bir davlat yolg'iz harakat qila olmasligini eslatib turadi. Bunday paytda odamlar ayniqsa zaif bo'lib qoladilar. Va biz hamkorlik va hamjihatlik orqali ularni noaniqlikdan ishonchli tarzda o'tish, yanada barqaror va tinch kelajakni qurish uchun zarur bo'lgan bilim hamda ko'nikmalar bilan ruhlantirishimiz mumkin.
YuNESKO 80 yil davomida sifatli ta'limni ilgari surish, madaniy merosni muhofaza qilish, ilmiy hamkorlikni rivojlantirish va axborotdan foydalanishni ta'minlash kabi vazifalar ajralmas bo'lib qolayotganini isbotlab kelmoqda. 1945 yildan beri dunyo tubdan o'zgardi, ammo YuNESKOni tashkil etishga ilhom bergan qadriyatlar – muloqot, o'zaro hurmat va xalqaro hamjihatlik murakkab global voqelikni yo'lga qo'yishimizga yordam beradigan kompas bo'lib qolmoqda.
— O'zgaruvchan xalqaro muhitda YuNESKOning muloqot, o'zaro tushunish va madaniy xilma-xillikni rivojlantirishdagi rolini qanday baholaysiz?
— YuNESKO o'z vakolatining barcha sohalarida – ta'lim, madaniyat, ilm-fan va axborotda xilma-xillikni odamlar, jamoalar va mamlakatlar o'rtasida o'zaro tushunishni kuchaytiruvchi manba sifatida ko'radi. Biz odamlarga farqlarga qaramay hurmat bilan munosabatda bo'lishga imkon beradigan qadriyatlar, bilim va ko'nikmalarni mustahkamlashga intilamiz.
YuNESKO o'z dasturlari va madaniy konvensiyalari orqali umumiy merosni tushunishga yordam beradi va chegaralar bo'ylab muloqotni rivojlantiradi. YuNESKOning nomoddiy madaniy merosi ro'yxatiga kiritilgan ko'p millatli ob'yektlar soni ortib borayotgani bu jarayonni yaqqol aks ettiradi. Masalan, 2018 yildan buyon 67 ta ko'p millatli element nomoddiy madaniy meros ro'yxatiga kiritildi.
O'zbekiston bu umumiy ishimizga faol hissa qo'shmoqda. Masalan, Ipak yo'lining Zarafshon-Qoraqum yo'lagi YuNESKOning Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritilishi, shuningdek, sakkizta madaniy elementning boshqa davlatlar bilan birgalikda e'tirof etilishi merosning madaniyatlar o'rtasidagi ko'prikka aylanishi mumkinligini ko'rsatadi.
— So'nggi yillarda O'zbekiston xalqaro maydonda o'z ishtirokini sezilarli darajada mustahkamladi. Mamlakatda ro'y berayotgan yangilanishlar hamda ularning mintaqa va jahon hamjamiyati uchun ahamiyati xususidagi fikrlaringiz ham biz uchun muhim.
— O'zbekistonning xalqaro miqyosdagi faolligi ortib borayotgani mamlakatning muloqot va hamkorlikka intilishidan dalolat beradi. Bu ko'p tomonlama munosabatlarni mustahkamlash zarur bo'lgan bir paytda, ayniqsa, muhimdir. Bu sa'y-harakatlar nafaqat mintaqaviy birdamlikka sadoqatni, balki xalqaro hamkorlik muhimligini anglashni ham namoyish etadi.
Turizm barqaror taraqqiyotni ta'minlashning muhim omiliga aylandi. 2024 yilda mamlakatingizga 8 milliondan ortiq xorijiy sayyoh keldi va bu O'zbekistonning boy madaniy merosi va go'zal tabiatiga bo'lgan yuqori qiziqishdan dalolatdir. YuNESKOning “Kreativ shaharlar tarmog'iga” qo'shilgan Buxoroda xalqaro zamonaviy san'at biennalesi o'tkazilyapti. Ushbu loyiha mamlakatning madaniy o'ziga xosligini jahon miqyosida keng targ'ib qilish borasidagi sa'y-harakatlarini yaqqol aks ettiradi.
— YuNESKO va O'zbekiston o'rtasidagi hamkorlik yangi sur'at kasb etdi. Ushbu hamkorlikning asosiy yo'nalishlari va istiqbollarini qanday tavsiflagan bo'lardingiz?
— Bosh direktor sifatidagi faoliyatim boshida (2019 yilda) O'zbekistonga tashrif buyurish va Prezident Shavkat Mirziyoyev bilan uchrashish sharafiga muyassar bo'ldim. Biz YuNESKOning Butunjahon merosi ob'yektlari – Samarqand, Buxoro va Shahrisabzning restavratsiya qilishdagi ko'magini muhokama qildik. Samarqand shahrida YuNESKO Bosh konferensiyasining 43-sessiyasiga mezbonlik qilish to'g'risida qabul qilingan tarixiy qaror bilan yakunlangan hamkorligimiz qanchalik rivojlanib borayotganini alohida mamnuniyat bilan qayd etishdan mamnunman.
Madaniyat hamkorligimizning asosi bo'lib qolmoqda. O'zbekiston YuNESKOning Insoniyatning nomoddiy madaniy merosini muhofaza qilish to'g'risidagi konvensiyasida faol ishtirok etmoqda. 2024 yilda mamlakatingiz tashabbusi bilan ikki madaniy element – Rubob yasash va ijro etish san'ati va mintaqadagi 13 davlatni birlashtirgan Navro'z bayramini nishonlash an'analari Insoniyatning nomoddiy madaniy merosi reprezentativ ro'yxatiga kiritildi. O'sha yili O'zbekiston Kreativ iqtisodiyot bo'yicha IV Butunjahon konferensiyasiga mezbonlik qildi va bu bilan mamlakat madaniyatga barqaror rivojlanish omili sifatida alohida e'tibor qaratilayotganini yana bir karra tasdiqladi.
Ta'lim sohasidagi hamkorligimiz kasbiy ta'limni qo'llab-quvvatlash, suv resurslarini boshqarish va inklyuziv boshqaruvni, xususan, axborotdan foydalanish va mediasavodxonlikni rivojlantirishni o'z ichiga oladi. 2022 yil noyabr oyida Toshkentda YuNESKOning erta yoshdagi bolalarni tarbiyalash va ta'lim berish bo'yicha II Butunjahon konferensiyasi bo'lib o'tdi. Mazkur forum erta ta'lim bo'yicha global kun tartibidagi muhim bosqich bo'lib, kelgusidagi hamkorlik uchun poydevor yaratdi.
2018 yildan beri YuNESKO sun'iy intellekt sohasida axloqiy me'yorlarni ishlab chiqish bo'yicha xalqaro sa'y-harakatlarni boshqarib kelmoqda, natijada 2021 yilda ushbu sohadagi birinchi xalqaro me'yoriy hujjat qabul qilindi. O'zbekiston va YuNESKO tomonidan sun'iy intellekt sohasida etikani targ'ib qilish orqali ilmiy muloqotni rag'batlantirish maqsadida Abu Rayhon Beruniy nomidagi xalqaro mukofotning ta'sis etilishi axloqiy ilm-fan tamoyili uchun muhim ahamiyatga ega.
— Yana bir necha kundan so'ng Samarqand birinchi marta YuNESKO Bosh konferensiyasiga mezbonlik qiladi. Ushbu tarixiy voqelik tashkilot uchun qanday ahamiyatga ega?
— Bu haqda 2019 yildagi tashrifim chog'ida aytgandim: Samarqand – turli madaniyatlar tutashgan chorraha. O'zbekiston ushbu jahon merosining saqlovchisi hisoblanadi. Shu bois YuNESKO Bosh konferensiyasini Samarqandda o'tkazishda ham chuqur ramziy ma'no bor – ayniqsa, u oxirgi marta deyarli 40 yil avval Parijdan tashqarida o'tkazilganini hisobga olsak.
Bu YuNESKOga a'zo barcha davlatlarni muloqot va hamkorlik ramzi bo'lgan makonda birlashtirish uchun noyob imkoniyatdir. Konferensiya mamlakatlar tashkilotning yaqin yillardagi ustuvor yo'nalishlarini belgilab beradigan va neyrotexnologiyalar bo'yicha birinchi xalqaro hujjatni qabul qiladigan muhim pallada bo'lib o'tadi. Ya'ni YuNESKOning Samarqand forumi – kelajakka muhim qadam bo'ladi.
Biz O'zbekiston Prezidentiga va barcha o'zbekistonlik hamkorlarimizga ushbu tarixiy voqeani amalga oshirishga ko'rsatgan ko'magi, sadoqati, mehmondo'stligi va qo'llab-quvvatlashi uchun chuqur minnatdorlik bildiramiz.
— Samarqand yirik xalqaro anjumanlar markaziga aylanib bormoqda. Sizningcha, nima uni global muloqot uchun jozibador va salohiyatli manzil sifatida tanitmoqda?
— Qadimiy Ipak yo'lining G'arbiy Yevropa va Sharqiy Osiyoni tutashtiruvchi chorrahasida joylashgan Samarqand ming yillar davomida tovarlar, g'oyalar va madaniyatlar almashinuvi uchun uchrashuv joyi bo'lib xizmat qilgan. Bu uni xalqaro forumlar uchun tabiiy maydonga aylantiradi.
Samarqandning madaniy boyligi haqiqatan ham ulkan: Registon maydonining Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritilgan yodgorliklaridan tortib, fan, san'at va adabiyot markazi sifatidagi tarixiy roligacha Samarqand turli madaniy ta'sirlarning uyg'unligini o'zida mujassam etgan.
Samarqand o'z tarixi davomida ko'plab ijodkorlarga ilhom manbai bo'lib kelgani va badiiy ruhi bilan mashhur. Bu xilma-xillik va almashinuv uchun ochiq bo'lgan madaniyatlarning tabiiy chorrahasidir. Bularning barchasi uni muloqotni davom ettirish va hamkorlikning yangi yo'nalishlarini belgilashi mumkin bo'lgan yirik xalqaro forumlar uchun muhim maydonga aylantirmoqda.
— Samarqandda bo'lib o'tadigan Bosh konferensiyadan jahon hamjamiyati xabardor bo'lishi kerak bo'lgan asosiy yangiliklar nima deb o'ylaysiz?
— Bo'linishlar muloqotga soya solishi mumkin bo'lgan davrda mazkur anjuman kelajagimiz o'zaro bog'liq ekanini eslatishib turishi kerak. YuNESKO Bosh konferensiyasining xabari aniq bo'lishi shart: umumiy meros va jamoaviy bilim – bu biz tinchlik va barqaror rivojlanishni barpo etishimiz mumkin bo'lgan poydevordir. Samarqandda biz ta'lim, madaniyat va fan tillarida gaplashamiz.
— Bosh kotib xonim, mazmunli suhbat uchun rahmat va Samarqandda bo'lib o'tadigan forum ishiga muvaffaqiyat tilaymiz.
— Rahmat.
“Dunyo” AA.
