Yusuf al-Utaybiy: “Bilimdonlarga imkon eshiklari ochiq”

Somiy tillar guruhining janubiy tarmog'iga mansub arab tili Yaqin va O'rta Sharq hamda Afrika shimolidagi yigirmadan ziyod mamlakatning rasmiy lisoni hisoblanadi. Ushbu boy va qadimiy tildan sayyoramiz bo'yicha 400 millionga yaqin kishi foydalanadi. Qolaversa, ikki milliardga yaqin musulmon uni ayricha qadrlaydi.

Arab tili bashariyat tamaddunida, ilm-fan taraqqiyotida taqdirulamal ahamiyat kasb etgan. O'z davrida insoniyat aql-zakovatining yuksak namunalari – ilmiy, badiiy, falsafiy va diniy asarlar ayni shu lisonda yaratilgan.

Ilohiy mo''jiza bo'lmish Qur'oni karimning arabiyda nozil bo'lgani ham ushbu lisonning o'ta boy ekani, fasohat va balog'atda benazirligini tasdiqlaydi.

Arab tili va yozuvining yurtimiz tarixida tutgan o'rni ham ulkan ekani sir emas. Asrlar mobaynida ushbu tilda boy ilmiy-ma'naviy meros yaratilgan. Jumladan, Uyg'onish davrida buyuk allomalarimiz bebaho ilmiy asarlar, nodir risolalar bitganlar. Binobarin, dunyo ilm-fani ravnaqiga beqiyos hissa qo'shgan bobolarimiz merosini o'rganish uchun ham bu tilni puxta bilmoq lozim.

18 dekabr — Xalqaro arab tili kuni. Ushbu sana BMT tomonidan ta'sis etilgan bo'lib, 2012 yildan buyon jahon bo'ylab nishonlanadi. Shu munosabat bilan podshohlikning O'zbekistondagi favqulodda va muxtor elchi Yusuf al-UTAYBIYga bir necha savol bilan murojaat qildik.

 — Mutaxassislar e'tirof etishicha, arab tilining sarfu nahvini (grammatikasini) takomillashti­­rishda ulug' vatandoshimiz Mahmud Zamaxshariy (1075-1144) Makkai mukarramada yozgan “Al-Mufassal” asari alohida o'rin tutadi. Iqtidor suyak suradi deganlaridek, bugun ham O'zbekistondagi ko'plab yoshlar arab tilini mukammal o'zlashtirishga intilmoqda. Elchi janoblari, mamlakatimizda arab tilini o'rganish darajasini qanday baholaysiz?

— Arab tili dunyoda eng ko'p o'rganilayotgan tillar cirasiga kiradi. Qolaversa, u BMT tomonidan jahon tillaridan biri deb e'tirof etilgan. O'zbekistonliklar ham arab tilini o'rganish bo'yicha tarixiy an'analarga ega. Xalqingizning arab tiliga alohida e'tibori, ehtiromi, avvalo, muqaddas islom dinimiz bilan bog'liq. Qolaversa, mamlakatlarimiz tarixan yaqin robitalarga ega. Bugun O'zbekiston butun dunyo, jumladan, Arab olami bilan siyosiy-iqtisodiy, madaniy-gumanitar hamkorlikni mustahkamlashga jiddiy e'tibor qaratmoqda. Bu esa arab tilini puxta biladigan kadrlarga bo'lgan talabni oshiradi.

O'zbekistonda minglab yoshlar arab tilini o'rganayotgani bizni mamnun etadi. Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti, O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti, O'zbekiston xalqaro islom akademiyasi, Imom Buxoriy nomidagi Toshkent islom instituti, O'zbekiston milliy universiteti kabi bir qator oliy ta'lim muassasalarida arab tilidan saboq berilayotir.

O'zbekistonda arab tilini o'qitish darajasini yuqori baholayman. Zero, bu tasodif emas. Bu yurt farzandlari islomiy bilimlar hamda arab tilini rivojlantirishga ulkan hissa qo'shganlar. Bu o'rinda Imom Buxoriy, Imom Termiziy, Al-Xorazmiy, Abu Rayxon Beruniy va yana o'nlab allomalar nomini ehtirom bilan yodga olish mumkin. Siz eslab o'tgan alloma Mahmud Zamaxshariyning ham ilm-fan ravnaqida o'rni katta. Bugun ham bobolaridan ulgi olgan o'zbek yoshlari ilm-fan cho'qqilarini zabt etish yo'lida jiddu jahd qilmoqda.

— Saudiya Arabistoni dunyo bo'ylab arab tilini keng yoyishda jonbozlik ko'rsatmoqda. Podshohlik bu borada O'zbekistonda qanday loyihalarni rejalashtirmoqda?

— O'zbekiston bilan siyosat, iqtisodiyot, madaniyat kabi sohalar qatori ta'lim, jumladan, arab tili tahsili bo'yicha ham ko'plab loyihalarni amalga oshirmoqdamiz. Joriy yil iyun oyida Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti hamda Podshoh Salmon nomidagi xalqaro arab tili akademiyasi o'rtasida o'zaro anglashuv memorandumi imzolandi. Ushbu hujjat o'qituvchilar va talabalar almashuvi, arab tili tahsiliga doir qo'shma loyihalarni ko'zda tutadi. Xalqaro akademiya O'zbekiston ta'lim dargohlarida arab tili bo'yicha o'quv kurslarini allaqachon boshladi. Oliy ta'lim maskanlariga darsliklar taqdim etish bo'yicha ham kelishuvga erishildi.

Umuman, ikki mamlakat oliy o'quv yurtlari amaliy sherikligi tobora kengaymoqda. Jumladan, Umm Ul-Qur'a universiteti ham O'zbekiston oliy ta'lim muassasalari bilan hamkorlik o'rnatgan.

Saudiya universitetlari xorijlik bilimdon yoshlarga o'z eshiklarini ochayotir. Talabgorlar “Saudiya Arabistonida tahsil ol” (Study in Saudi Arabia) platformasiga kirib, tahsil uchun maqbul yo'nalishni tanlashi mumkin.

Ilm-ma'rifat – taraqqiyot kaliti. Biz O'zbekiston bilan ta'lim yo'nalishida ham hamkorlikni yanada mustahkamlash niyatidamiz. Zero, Saudiya Arabistonining “Nigoh–2030” dasturida ham, “O'zbekiston–2030” strategiyasida ham ilm-ma'rifatni yuksaltirish borasida katta marralar belgilangan.

Abdul SOBIR yozib oldi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

seventeen − 4 =