Jumanazar BEKNAZAR: “Shifokor kun o'tkazish uchungina ishlashi mumkin emas!”

Tibbiyot va adabiyot. Aslida, bu ikki soha — ikki olam. Ammo ularda biz ko'pincha e'tibor qilmaydigan yaqinlik bordek. Tibbiyot insonlarning sog'ligi-salomatligi bilan kurashsa, adabiyot odamlar qalbi-shuuriga, dardlariga sherik bo'lib, kerak bo'lsa, butun jamiyatning dardi va muammolari bilan kurashadi.
Gap shundaki, bugungi suhbatdoshimiz har ikkala sohaga daxldor inson, tibbiyot fanlari doktori, professor, Respublika bosh uronefrologi, “Shuhrat” medali sohibi, tibbiyotga oid 250 dan ortiq maqolalar, 50 ga yaqin ixtiro va ratsionalizatorlik takliflari, qator tibbiy risolalar muallifi, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, bir qancha she'riy va nasriy asarlar avtori — Jumanazar BEKNAZAR ustoz bilan ko'pchilikni o'ylantirayotgan mavzular — tibbiyotning yutuq va muammolari, dunyo tajribalari, sog'lom ona va bola tarbiyasi, bugungi va ertangi shifokorlarning bilim darajasiyu mahorati va boshqa masalalarda suhbatlashdik.
— Ustoz, suhbatimizni bugungi dunyo tibbiyotining yutuq va muammolari mavzusidagi fikrlaringiz bilan boshlasak.
— Hozir tibbiyot o'rta asrlarga nisbatan ancha ilgarilib ketdi. Bugun buyrakni, yurakni ko'chirib o'tkazish oddiy holatga aylandi. Bu murakkab jarayondan o'tganidan so'ng odamlar 20 yildan ortiq ham yashashmoqda. Buyrak ko'chirib o'tkazilgandan so'ng bemorlardagi yashash yoshi o'rtacha 16 yilni tashkil etmoqda. Ilgarilari bu ko'rsatkichlar aqlga sig'mas, fantastik holat bo'lib tuyular edi. Transplantatsiya amaliyoti yo'lida olimlar kechayu kunduz mehnat qilishdi, to'qimalarning bir-biriga moslashuvi ustida tadqiqotlar olib borishdi, yangi dori vositalari ixtiro qilishmoqda. Ayni hozirgi paytda olimlar yanada kattaroq tajribalar ustida bosh qotirishmoqda. Bu — odamdan odamga bosh miyani ko'chirib o'tkazish. Bilganingizdek, hazilakam ish emas bu. Sababi miyaning kulrang hujayralari ko'pi bilan 3-4 daqiqa yashaydi, xolos. Bu vaqt ichida hujayralarni oziq bilan ta'minlab turish va zudlik bilan amaliyotni yakunlash talab qilinadi. Albatta, olimlar shunchaki tadqiqot qilishayotgani yo'q. Kelajakda bu harakatlar muvaffaqiyatli yakunlanadi, degan ishonch mavjud. Chunki odam tanasidagi DNK va RNKlarning qaerda, qanday joylashganligi, qanday tuzilganligi sinoatlari tibbiyot tomonidan kashf qilingan.
Hatto xromosomalarda qanday genomlar borligi, ya'ni qaysi joyida naslga tegishli qanday kalitlar borligini aniqlash ishlari ham oxiriga yetay deb qoldi. Mana shu tajribalarning hammasi kelajakda odamlarning umrini uzaytirish uchun xizmat qiladi. Ayni paytda 2,5 mingdan ortiq nasl kasalliklari mavjud. Agar mana shu genomlar kashf qilinsa, xromosomadagi genlarning qaysi joyda joylashganligini bilib, ularga ta'sir o'tkazuvchi mexanizmlari yaratilsa, kelajakda nasliy kasalliklarni butunlay bartaraf qilish imkoniyatlari paydo bo'ladi. Amerika, Angliya va boshqa rivojlangan mamlakatlarda irsiy kasalliklarni aniqlash uchun katta laboratoriyalar ishlamoqda. Shuning uchun hozir dunyo tibbiyotining erishgan yutuqlarini so'z bilan ta'riflash qiyin. Shifokorlar doim sohadagi yangiliklardan xabardor bo'lishlari kerak. Mening nazarimda, ayni tibbiyotdagi muammolarning eng kattasi — yangi tug'ilayotgan bolalarda norasoliklarni kamaytirish, ichki a'zolaridagi yetishmovchiliklarni yo'q qilish va ularni yer yuziga sog'lom keltirish bo'lmoqda. Buning uchun onalarga ijobiy ta'sir yo'li bilan farzandining mutlaqo sog'lom tug'ilishiga e'tibor berish kerakligi yuzasidan ko'nikmalar hosil qilish zarur. Bu ham tibbiyotning asosiy vazifalaridan hisoblanadi. Chunki oxirgi paytlarda norasolik bilan tug'ilishlar o'n yil ilgariga qaraganda ham bir oz ko'paygan.
— Demak, dunyo tajribalari bizning diqqatimizni o'ziga qaratmoqda. Nima deb o'ylaysiz, o'zbek tibbiyoti qachon jahon tibbiyoti bilan tenglasha oladi?
— Buning uchun birinchi navbatda shifokorlar tayyorlash va ularni yetuk, savodli, takomillashgan bilimli, har tomonlama ma'naviyatli va ma'rifatli qilib yetishtirish kerak. Eng avval shifokor bo'lishga qobiliyatli, bu kasbni egallashni jon-dilidan istagan o'quvchi-abiturientlarni tibbiyot oliy dargohlariga qabul qilish kerak. Bundan tashqari, tibbiyot muassasalariga faqat test orqali qabul qilish yaramaydi. Chunki shifokor degan mas'uliyatli kasbga o'qitiladigan talabgorning tabiati qanday, kasalliklarni davolashga yechim axtarish, izlanish uning aqliy rejalarida bormi — bu narsalarni test orqali bilib bo'lmaydi. Testda mutlaqo hech nimani tushunmaydigan bola ham taxminiy javoblari bilan tibbiyot oliygohiga kirib ketishi mumkin. Va shunday bo'layapti ham. Bundaylar tushunib-tushunmay darslarda o'tirib, o'qishni tamomlar ham. Bundan tashqari, qo'shimcha kontrakt asosida, super-kontrakt degan gaplar bor. Bu ham yosh kadrlarning yetuk tibbiyot mutaxassisi bo'lib yetishishiga zarar beradigan omil. Sababi, shifokor bo'laman degan abiturient faqat berilgan adabiyotlarni to'liq o'zlashtirish bilan shug'ullanishi kerak. Xotirasiga mustahkam o'rnatishi kerakki, kelajakdagi amaliy ishlariga yordam bo'lsin. Faqat imtihon topshirish yoki kursdan-kursga o'tish bilan kelajakda yetuk, o'z ishining usta jarrohi yoki yetuk shifokori bo'ladi, deyish noto'g'ri. Oliy ta'lim diplomini olgan bilan mohir shifokorga aylanib qolmaydi, tinimsiz izlanish, o'z ustida ishlash, yangiliklarni topib, yangi bilimlarni amaliyotda qo'llash kerak. Buning uchun esa ulkan uquv kerak. Agar uquv bo'lmasa, bu shifokordan aslo foyda yo'q. U kundan-kunga oliy ta'limdan olgan bilimini ham yo'qotib boruvchi oq xalat kiygan oddiy odamga aylanadi. Bir joyni band qiladi.
Shifokorlar boshqa kasb egalaridan, masalan, haydovchi, sotuvchidan farq qiladi. Chunki u inson tanasi, ruhiy va jismoniy salomatligi bilan ishlaydi. Qabuliga kelgan bemorlarning bugungi va kelajak hayoti unga bog'liq bo'ladi. Tibbiyotni rivojlantirishga institut, universitetlarning, shifokorlarning sonini ko'paytirish bilan erishib bo'lmaydi. Chunki bitta bilimli shifokor yuzta bilimsiz shifokor o'rnini bosadi, yuzta shifokor bilimsiz bo'lsa, bitta bilimli shifokor o'rnini bosa olmaydi. Qachonki o'ta bilimli mutaxassislarni yetishtirsak, o'zbek tibbiyoti “mana men” deb boshqalarga o'zini ko'rsatib qo'yishi mumkin. Biz faqat o'tmish tibbiyotimizdagi buyuk shaxslar bilan maqtanishimiz emas, kelajakda yetishib chiqadigan shifokorlar bilan ham maqtanishimiz kerak. Ana o'shanda turli murakkab operatsiyalar uchun chet eldan jarrohlarni olib kelmaymiz, balki dunyo tibbiyot dargohlari bizning shifokorlarni taklif qiladigan darajaga yetamiz. Oddiy bir misol, Amerika, Angliya, Ispaniya, Fransiyaning juda mashhur jurnallarida shu paytgacha yuqori mazmun va mohiyatga ega maqolalar 1 mln 100 mingtadan oshgan. Agar yanglishmasam, shu maqolalarning birortasida o'zbek shifokori yoki olimining ismi-sharifi yo'q. Ular mutlaqo yangi, yuqori talablarga javob beradigan maqolalar qabul qiladi, xolos. Bu nashrlarda o'zbek tibbiyoti vakillarining bo'lmasligi yoki bo'lsa ham bitta-ikkitaligi achinarli hol. Demak, bizda hali tibbiyotga oid ixtirolar, yangiliklar yetishmaydi. Shifokor oylik olish, kun o'tkazish uchungina ishlashi kerak emas, balki bir kun “Nobel” mukofotini olarman, mana bu kasallikka davo toparman, deb izlanishi kerak.
— Juda og'riqli masalalar haqida so'z yuritdingiz. Nima bo'lganda ham shifokorlar — salomatlik posbonlari. Ammo tanadagi kasallikka odamning o'zi ko'proq sababchi bo'lishi ta'kidlanadi. Insondagi turli kasalliklar inson ruhiyatining buzilganligidan, salbiy fikrlar bilan to'lganidan degan qarashlar ham mavjud. Bu haqda nima deya olasiz?
— Insonni, aslida, ruhiyat boshqaradi. Ruhiyatda bo'layotgan o'zgarishlar, albatta, uning ichki a'zolariga ta'sir qiladi. Tasavvur qiling, bir odam ikki kun cho'lda qolib ketdi. Bir qultum suvga zor, holdan toygan bir ahvolda. Uzoqdan bir daraxtni ko'rdi. Balki, gallyutsinatsiyadir. O'sha odam “endi tirik qoladigan bo'ldim” degan o'y bilan, o'rmalab bo'lsa ham yetib boradi. Shuning uchun og'ir yotgan bemorga “sen ikki soatdan so'ng o'lasan”, desa, u ikki soatdan so'ng o'lishi mumkin. Yoki bir voqeani qarang, folbin bir odamga: “Sen shu yili shu kunda o'lasan”, debdi. Folbinning gapini o'ylab yurib, aynan o'sha kunda oddiy ko'richak operatsiyasidan so'ng, hatto shifokorlar: “Sizdagi bu oddiy yallig'lanish”, desa ham, hayotdan ko'z yumgan ekan. Aslida, bu kasallikdan mingtadan bir-ikkita odam o'lishi mumkin, xolos. Bu — ruhiyat kuchi. U kuchini sarflab bo'ldi. Inson organizmida buyrak usti bezlari mavjud, ularning ust qismida juda aktiv moddalar ishlab chiqariladi. Masalan, adrenalin, noradrenalin kabi. Agar inson haddan tashqari ruhiy tushkunlikka tushib qolsa, shu buyrak usti bezlarining po'stloq qismidagi moddalar ishlab chiqarilishi to'xtaydi. Natijada qon bosimi tushib ketadi. Ba'zida qon bosimini qayta o'rtacha holatga ko'tarish imkonsiz bo'ladi. Ruhiy tushkunlik ko'pgina kasalliklarning asosidir. Doim mamnun, ishdan, atrofdagilardan rozi, xursand qiyofada yurish kerak. Shunda inson umri uzoq bo'ladi.
— To'g'ri aytasiz, ustoz. Yuqorida tibbiyotning rivojlanayotgani, ko'plab kasalliklarga shifo topilayotgani haqida so'z yuritdingiz. Lekin shunga qaramay ko'pchilik hamon qandaydir “tabib”lardan davo izlamoqda. Bunga sabab nima deb o'ylaysiz?
— Bilasizmi, bizda shifokorlardan ko'ra “tabib”larni ko'p maqtashadi, reklama qilishadi. Chunki u dori yozib bermaydi, ukol qilmaydi. Qandaydir o'zi tayyorlagan dorilarini beradi. Chiqim ham kam bo'ladi. Xalqimiz juda sodda. Ularni ishontirish oson. Lekin xalq tabobatini inkor qila olmayman, sababi tabobat davo topolmasa, biror kasallikka shifokor davo topadi. Buni oddiy xalq tushunmaydi va maqtalgan tabib yoniga yuguradi. Afsuski, bugungi kunda o'zini “tabib” deb atagan qalloblar ham ko'paygandan-ko'paygan. Ammo ogoh bo'lgan odam unday soxta tabiblarga borib o'tirmaydi.
— Sog'lom onadan sog'lom bola dunyoga keladi, degan gap bor. Bugun onalar ko'proq nimalarga e'tibor qaratishlari kerak?
— Sir emaski, hozirgi yoshlar yurtning ertangi egalari, mehnat mahsuli yaratuvchilari va ijodkorlaridir. Bu xislatlarning qay darajada namoyon bo'lishi ularning sog'lomligiga bevosita bog'liq. Ha, sog'lom farzand esa sog'lom onadan dunyoga keladi. Ona yoki bo'lajak onaning tashqi ko'rinishi, qad-qomati hech qachon salomatlik darajasini belgilab bermaydi. O'zini va kelajagini hurmat qilgan har bir ayol, bo'lajak ona, eng avvalo, sog'lig'iga jiddiy e'tibor bermog'i, hech bo'lmaganda, har yili bir yoki ikki marta shifokor ko'rigidan o'tmog'i, o'zini har tomonlama mukammal tekshirtirmog'i lozim. Zero, agar xastaliklar hali o'zini namoyon qilmasdan, xos belgilar paydo bo'lmasdan oldin dard aniqlansa, uni tezda, butunlay bartaraf qilish oson bo'ladi. Bo'lajak onalar asabiylashmasligi, ruhiy tushkunlikka tushmasligi kerak. Chunki ona stressga tushsa, g'am-alam qurshovida qolsa, iztirob cheksa, undagi ayollarga xos o'ta aktiv moddalar tizimida yoxud qandaydir molekula zanjirida uzilishlar ro'y beradi. Natijada unda ortiqcha moddalar paydo bo'ladi va bolaga ham ta'sir qiladi. Bu esa bo'lajak farzandning qaysidir organini izdan chiqaradi yoki shakllanmay qolishiga sabab bo'ladi. Natijada bola nuqson bilan tug'ilishi mumkin. Demak, ona doimo xotirjam muhitda yashashi muhim va shart.
— Bugun telefonga qaramlik avj olib ketdi, hamma birdek telefonni qo'lidan qo'ymaydi. Bu qanday oqibatlar keltirib chiqaradi?
— Agar telefon faqat muloqot manbai bo'lib xizmat qilsa, uning foydasi ko'p. Ammo so'nggi kunlarda yoshlarning madaniyatini buzuvchi vositaga, g'iybatlar, fosh qilish, izza qilishlar makoniga aylangan. Odamlar “yangilikni tezda bilib olasiz”, deb telefon xizmatini oqlashadi. Aslo unday emas. Ma'lumot olaman deb izlagan odam umumiy nimadir topadi, xolos. Yangilik ololmaysiz. Agar ixtiyorimda bo'lsa, butun chet eldan keltirilayotgan telefonlarning barchasini cheklab, faqat aloqa-so'zlashuv vositasiga aylantirgan bo'lar edim. Chunki u bilim olish yo'lini to'syapti, ha, aynan shunday. Ta'lim maskanlarida topshiriqlarni internetdan tayyor ko'chirib olib kelishadi. Bu bilim oshirishga emas, savodsizlikni oshirishga sabab bo'lyapti. Aslida, kitobning oldiga tushadigan narsa yo'q. Telefondan foydalanishda irodali bo'lish kerak. Faqat foydali ishlar uchun. Telefon sabab bugun axloqsizlik ham avj olmoqda. Kunora ijtimoiy tarmoqda qizlarimizning sha'nini qoralovchi holatlar, meros masalalari chiqib turibdi. Ularning hammasi ham tarbiyaviy ahamiyatga ega emas. Bu narsalar bolaning bor ma'naviy poydevorini ham parchalab tashlamoqda.
Ba'zi mamlakatlarda telefondan ortiqcha foydalanish qonun yo'li bilan taqiqlangan va ular to'g'ri yo'l tutyapti. Chunki uning foydasidan zarari ko'p. Ish jarayonida o'zim ko'rganman yoshlikdan telefon o'ynab ko'zlari ojiz bo'lib qolgan bolalarni. Ular bor ko'z nurini telefonga beradi. Ko'z tubidagi tiklanmas nerv hujayralari asta-sekinlik bilan atrofiyaga uchrab boraveradi.
— Xalqimiz juda qiziq-da. Ko'plar bolalarni go'dakligidan shifokordan qo'rqitib tarbiyalaydi. Ya'ni bolam aytganimni qilsin, jim o'tirsin deb “hozir doktorga olib boraman, doktor ukol qiladi” degandek so'zlar bilan qo'rqitadi. Natijada murg'ak go'dak shifokor va shifoxonalardan qo'rqib ulg'ayadi. Shu haqida ham hech o'ylab ko'rganmisiz?
— Bolani tarbiyalash yo'lini bilish kerak. Uni tabiatga, musiqaga, rasm chizishga qiziquvchan qilib tarbiyalash kerak. Bu bolaning kelajakda kim bo'lib yetishishiga katta ta'sir qiladi. Umuman, bolani qo'rqitish usullaridan voz kechish lozim. Qo'rqitish usullarining yomon tomoni — bolada ruhiy aziyat paydo bo'ladi. Bu ba'zida bir umr saqlanib qolishi mumkin. Insonda ikkita xotira markazi bor. Siz Muhammad Yusuf, Sirojiddin Sayyidning biror she'rini yod olsangiz, ertasiga tutilmasdan aytib berasiz, bir haftadan so'ng esa ba'zi so'zlar yodingizdan chiqadi, bir oydan so'ng “qanday boshlanardi” deb qolasiz. Sababi, birinchi yod olgan paytingizda u birinchi xotira markaziga elektr zaryadlari sifatida joylashadi. Lekin elektr zaryadlari asta-sekin tugaydi. Agar she'rni qayta-qayta yod olsangiz, u birinchi xotira markazidan ikkinchi xotira markaziga oqsil molekulalar sifatida joylashadi va hech qachon yo'qolmaydi. Masalan, ota-ona, aka-uka, yaqinlaringiz ismini kechasi qattiq uyqudan uyg'otib so'rasa ham aytib berasiz. Chunki u juda qattiq molekula hisoblanadi. Shu kabi qo'rqitish usullaridan bir-ikkitasi ikkinchi xotira markaziga kelib o'rnashishi mumkin. Shuning uchun ularni qo'rqitish emas, tarbiyaviy ishlarga band qilish kerak. Ota-onalar farzandlarini tongdanoq yaxshi niyatlar bilan uyg'otib, yaxshi ishlarga yo'naltirishlari kerak.
— Avvallari har bir uyda beshik bo'lar edi. Bugun ularning o'rnini turli zamonaviy jihozlar egallamoqda. O'zlarini zamonaviy kishilar deb bilgan ayrimlar beshikka nisbatan “eskilik” sifatida qarashayotgani sir emas. “Beshikda bolani uxlatish zarar, uning boshini qiyshiq qilib qo'yadi” kabi fikrlar ham bor. Bu haqdagi fikrlaringizni bilmoqchi edik.
— Beshikni “eskilik” deb qarash sho'rolar davrida, ayniqsa, avj oldi. Beshik bola uchun har tomonlama qulay, gigienik tomondan ham toza hisoblanadi. Uning ustidagi yopqichlari, tagidagi to'shamalari unga shifokorlik ham qilishi mumkin. “Beshikda yotgan bolaning boshi qiyshiq bo'lib qoladi”, deydigan onalarning o'zida kamchilik bor. Agar ona bir soat bir tomonda, bir soat narigi tomonda turib uni ovqatlantirsa, hech qanday salbiy holatlar bo'lmaydi. Bundan tashqari, beshikni tebratish jarayoni ham bolaga foydali, u tebranganda tanadagi mayda qon tomirlari faolligi oshib, ichki organlarni qon bilan ta'minlaydi. Avvallari beshikda turli ranglarga bo'yalgan oshiqlar osib qo'yilar edi. Bola o'zi sevgan rangni o'ynaydi. Natijada kelajakda shu ranglardan birini sevish hissiyoti paydo bo'ladi. Beshikni beshiksiz xonadonlarga qaytarishimiz kerak.
— Siz eng muhim soha — tibbiyot sohasi xodimi va shu bilan birga taniqli ijodkorsiz. Sizni yozishga nima undaydi?
— Shifokor degani yuqorida aytganimdek, ko'p tarmoqli bilimga ega bo'lishi kerak. U faqat tibbiyot sohasida ilg'or bo'lishi kerak emas. Adabiyot, falsafani tushunsa, yanada yaxshi. Falsafiy fikrlagan shifokorgina sohasida yangilik qila oladi. Qolaversa, tibbiyotning otasi hisoblangan buyuk ibn Sino bobomiz tarix, falsafa, matematika, astronomiya kabi fanlarning yuksak bilimdoni bo'lgani kabi, adabiyot bilan ham jiddiy mashg'ul bo'lganligi bejiz emas. E'tibor qiling, siz nasr yoki nazmdan ma'lum miqdorda xabardor bo'lsangiz, fikrlash qobiliyatingiz shu qadar keng bo'ladi. Zero, Navoiy bobomiz aytganidek:
Meni men istagan o'z suhbatig'a
arjumand etmas,
Meni istar kishining suhbatin
ko'nglim pisand etmas.
Agar biror falsafiy mushohadali, keng tafakkurli odam bilan suhbat qilsangiz, suhbatidan zavqlanasiz. Adabiyotni o'qimagan, she'riyat, nasrni bilmagan odam bilan suhbatlashsangiz, undan hech nima ololmaysiz. Mabodo shunaqa odamlardan to'rt-beshtasi yig'ilib qolsa, boshqa gapi yo'qligidan g'iybat boshlanadi. Shuning uchun har bir shifokor o'ziga yarasha ijodkor bo'lishi kerak. Ana o'shandagina u o'zidan ko'ngli to'lishi, ishidan mamnun bo'lishi uchun yangilik qidiradi. Yangilikka intilish faqatgina ijodkor odamlardagina takomilga yetadi. Shifokor: “Bo'ldi, men shifokor bo'ldim, yetadi”, deb o'ylasa, katta xato qilgan bo'ladi. Uning sohasi terapiya bo'lsa ham, bolalar kasalliklari, yuqumli kasalliklar, jarrohlik to'g'risidagi bilimlarga ega bo'lishi kerak. Shunda u to'g'ri tashxis qo'yadi va muammolarga oson yechim beradi.
— Matbuotdagi chiqishlaringizdan birida bugungi ko'pchilik shifokorlarning bemorlarga haddan ziyod ko'p dori yozib berishlari haqida aytgan ekansiz. “Ikkita dorining o'rniga o'nta dori yozishadi…” deb…
— “Zangori ekran”lardagi chiqishlarimning birida “shifokor ko'pi bilan uchta dori yozishi kerak” degan edim. Bu juda ko'p bahslarga sabab bo'lgandi. Agar bir insonda bitta dard bo'lsa, shunga kerakli ta'sir qiladigan uchta dori yozish yetarli. Lekin, afsuski, bizning qabulimizga kelayotgan bemorlarda eng kamida uch-to'rtta dard bor. Shu sabab ba'zida olti-ettita dori yozib berishga to'g'ri keladi. Bu ham bor gap. Lekin bitta dard uchun o'nta dori yozib berish, bu — noto'g'ri. Ba'zi shifokorlar “bunisi ta'sir qilmasa, bunisi”, deb qator dori yozishadi. Qaysi dorilar qaysi kasallikka yaxshi ta'sir qilishini bilish kerak. Bemor bilan suhbatlashish, uning ruhiyatini his qilish, holatini anglash lozim emasmi?! Menimcha shunday.
— So'zlaringizni tinglab, “dorilargina davo vositasimi, boshqa imkonimiz yo'qmi?” degan savol xayolga kelyapti. Balki, tabiiy davolash usullarini kengaytirish kerakdir?
— O'zi, aslida, Alloh insonni yaratayotgan paytda unga qanday kasalliklar kelishini va uni nimalar davolashini ham belgilab qo'ygan. Qadimda odamlar tabiatni kuzatgan. Undan najot topgan. Keyingi vaqtda odamzod o'zi yaratgan texnikalar orasida tabiatdan anchagina uzoqlashib ketganini chuqur his qila boshladi. Shuning uchun ham hozirgi paytda xalq tabobatiga e'tibor kuchayib, bu usulda davolash ancha rivojlanib bormoqda. Tabiiy vositalardan foydalanish bu juda katta yutuqlarga olib keladi. Ilgari mikroblar haddan tashqari kuchli bo'lgan va ko'p turlari o'limga olib kelgan. Masalan, insonni yorib ko'rish mahalida bemorning ichki a'zosiga ozroq tig'li narsa tegsa, o'lgan. Hozir esa qutqarib qolish muammo emas. Penitsillin yaratilganidan keyin 23 million insonning hayoti saqlab qolindi va uni yaratgan Aleksandr Flemingga Nobel mukofoti berildi. 40-50 yillarda dunyoda meningit degan kasallik biroz ko'paydi. Shu paytda penitsillinning qirqdan bir nisbatdagi hissasi tanaga kiritilsa ham kasallik chekinar edi. Hozir esa bemor vaznining har kilogramiga bir million dozadan bersangiz ham, ta'sir qilmayapti. Chunki mikroblarda penitsillinga nisbatan chidamlilik yuzaga keldi. Hozirgi paytda antibiotiklarning to'rt-besh avlodi ishlatilyapti. Biroq ular ham kuchsizlik qilmoqda. Yaqin kelajakda mikroblarga qarshi antibiotik ishlab chiqish eng katta muammoga aylanishi mumkin. Tabiiiy mahsulotlardan foydalanishning yaxshi tomoni shundaki, ularga qarshi mikroblar o'zlarining chidamlilik xossasini ishlab chiqa olmaydi. Chunki tabiiy mahsulotlar ichida flavonoidlar mavjud bo'lib, ularda qaysi organ kasal bo'lsa, o'sha joyga borib ta'sir qilish mexanizmi bor. Xalq tabobati va tabiiy mahsulotlardan foydalanish asta ko'paymoqda. Hozir o'zim ham antibiotiklarsiz, giyohlar bilan davolash ustida ishlayapman. Jarrohlikdan oldin ham, keyin ham tabobat orqali yaxshi natijaga erishish uchun izlanmoqdamiz.
— Sizning mamlakatimiz tibbiyoti to'g'risidagi fikrlaringiz odamni mushohadaga undaydi. O'zbekistonda salomatlik to'g'risida ham gazeta va jurnallar faoliyat olib borayotgani quvonarli. Ulardagi chiqishlaringizni ham muntazam kuzatib boramiz. Shu o'rinda matbuotimiz taqdiriga ham to'xtalsak. Bugungi matbuotning kuzatuvchisi sifatida, gazetalarga o'quvchilarni qaytarish uchun qanday yo'l tutish to'g'ri, deb o'ylaysiz?
— Avvalo, “majburiy obuna” degan gapni yo'qotishimiz kerak. Bizning xalqimiz bu tushunchani intellekt darajasiga yetkaza olmadi. Gazetalarda erkin fikr hukmron bo'lishi kerak. Bundan tashqari, mamlakatimizdagi turli muammolar va ularning yechimiga qaratilgan maqolalar ko'payishi zarur. Bu masalada boshqa ko'plab gazetalarga nisbatan “Hurriyat” ildam ketmoqda. Uni hurmat qilaman va biror sonini o'tkazmay o'qiyman. So'zim so'ngida “Hurriyat” gazetasiga ravnaq tilayman, sahifalarida yanada o'tkir maqolalarni chop etishini istab qolaman.
— Jumanazar aka, mazmunli suhbatingiz uchun katta rahmat!
Gulnora ShERMATOVA
suhbatlashdi.