Sayyor qabul — muammolar yechimi
Mamlakatimizda inson manfaatlari oliy qadriyat darajasiga ko'tarildi. Bugun barcha davlat idoralari faoliyatida aholining murojaatlari bilan ishlash bo'yicha sifat jihatidan mutlaqo yangi tizim yaratildi. Joylarda o'tayotgan sayyor qabullar xalqning dardini eshitish, ularning muammolarini hal etishda, shak-shubhasiz, kutilgan natijalarni bermoqda.
Bugungi kunda xalq bilan uchrashib, joylarga chiqib ularning dardiga quloq tutish, shu orqali aholining roziligiga erishish har bir rahbarning bosh vazifasiga aylandi.
Zero, Davlatimiz rahbari ta'kidlaganidek, xalq davlat organlariga emas, balki davlat organlari xalqimizga xizmat qilishi kerak.
Aholi murojaatlari bilan ishlash, fuqarolarni qiynab kelayotgan muammolarga huquqiy yechim topish maqsadida Chust tumanidagi Xalq qabulxonasi tomonidan aniq chora-tadbirlar asosida hududlarda sayyor qabullar tashkil etib kelinmoqda.
Xususan, “Yangier” mahallasida bo'lib o'tgan sayyor qabul jarayonida mazkur mahallaning Ittifoq ko'chasida yashovchi bir guruh aholi vakillari Prezidentning tumandagi Xalq qabulxonasiga murojaat qilib, elektr ta'minotidagi muammolarni bartaraf etishda amaliy yordam berishni so'rashgan edi.
Aholi murojaati yuzasidan tuman elektr tarmoqlari korxonasi rahbariyati va tegishli soha vakillaridan iborat ishchi guruhi tuzilgan holda murojaat o'rganib chiqilib, hamkorlikda mazkur aholini bir necha yillardan buyon qiynab kelayotgan muammo hal qilib berildi.
Ma'lum bo'lishicha, tayanch ustunlar bo'lmaganligi sababli aholi hayoti uchun xavfli bo'lgan turli xil daraxtlarni kesib, qo'lbola usulda simyog'ochlar tayyorlanib, undan foydalanib kelingan.
Hozirda 20 dan ortiq tayanch ustunlar o'rnatilib, 1.3 km masofaga elektr tarmog'i tortib berilib, aholiga qulaylik yaratildi.
Muxtasar aytganda, bugun hech bir murojaat shunchaki qog'ozlarda qolib ketmayapti. O'tkazilayotgan sayyor qabullar muammolarni aniqlash, joyida hal qilish, ularni bartaraf etish maqsadlariga qaratilganligi bilan ham ahamiyatlidir.
Shuhratjon DAVLATOV,
O'zbekiston Respublikasi Prezidentining
Chust tumanidagi Xalq qabulxonasi mudiri.