Hayotga muhabbat ramzi

Maktabda o'qib yurgan kezlar “Gulxan” jurnalini ishtiyoq bilan mutolaa qilardik. Unda Xudoyberdi To'xtaboyev, Oqiljon Husan, Anvar Obidjon, Tursunboy Adashboyev, Umida Abduazimova, Kavsar Turdiyeva, Temur Ubaydullo, Muhabbat Hamidova kabi bolalar yozuvchi va shoirlarining sermazmun asarlari katta qiziqish uyg'otardi. Ularga havas bilan jurnalga ijodiy mashqlarimni pochta orqali yuborardim. Ba'zi mashqlarimga javob xati kelardi. To'rt-beshta she'rlarim va maqolalarim e'lon qilinganida o'zimni qanchalik baxtli his etganimni so'z bilan ifoda etolmayman.
1980 yili Toshkent davlat universiteti (hozirgi Mirzo Ulug'bek nomidagi O'zbekiston Milliy universiteti) jurnalistika fakultetiga o'qishga kirgach, darsdan so'ng ijodiy mahorat sirlarini o'rganish maqsadida gazeta-jurnal tahririyatlariga oshiqardik.
Bir gal she'riy mashqlarimni ko'tarib “Gulxan” jurnali tahririyatiga borsam, Temur Ubaydullo va Muhabbat Hamidova iliqqina kutib olishdi. Ularning ish stollarida taxlanib yotgan dasta-dasta xatlarni ko'rib hayratga tushdim. Har kuni menga o'xshash havaskor qalamkashlarning yuzlab xatlarini o'qib chiqishayotgan, bir qismini nashrga tayyorlab, qolgan mualliflarga umidbaxsh javoblar yo'llayotgan tahririyat xodimlariga havas qildim.
O'shanda biz tengilarga ijodiy mahorat sirlarini o'rgatgan ustozimiz Muhabbat Hamidova o'tgan qirq besh yil mobaynida qancha qalamkashlarning munosib kamolga yetishi yo'lida zahmat chekkanini tasavvur etayapsizmi?
Muhabbat opamiz 1971 yilda Toshkent viloyati Qibray tumanidagi Tuzel qishlog'idagi 36-maktabni tamomlagach, o'qishni Toshkent Davlat universiteti (hozirgi O'zMU) jurnalistika fakultetining kechki bo'limida davom ettirgan. Mehnat faoliyatini 1972 yilda “Toshkent binokori” gazetasida musahhihlikdan boshlagan, 1973-1974 yillarda “Tong yulduzi” (“Lenin uchquni”) bolalar gazetasi tahririyatida xatlar bo'limida faoliyat ko'rsatgan. O'sha kezlardayoq bolalar jurnalistikasi, bolalar adabiyotiga mehr qo'ygan. Ilk hikoyalariga ustozlari Erkin Malikov va Safar Barnoyev ijobiy baho bergan. 1975 yilda respublika o'quvchilarining adabiy-badiiy bezakli jurnali “Gulxan” tahririyatida faoliyatini davom ettirgan yosh ijodkor atoqli yozuvchi-shoirlar Xudoyberdi To'xtaboyev, Abdulla Oripov, Oydin Hojiyeva, Omon Matjon, Safar Barnoyevlardan ijodiy mahorat sirlarini teran o'rgandi. O'z faoliyatini oddiy matn teruvchilikdan boshlagan tinib-tinchimas Muhabbat opa keyinchalik adabiy xodim, bo'lim muharriri, mas'ul kotib, bosh muharrir o'rinbosari lavozimlarda samarali faoliyat ko'rsatdi.
O'zbekiston xalq ta'limi a'lochisi Muhabbat Hamidovaning bevosita tashabbusi bilan jurnal qoshida tashkil etilgan “Jajji jilg'alar” yosh qalamkashlar to'garagi rahbari sifatida ko'plab yosh iste'dodlarning kamolga yetishida ma'naviy qanot bo'ldi. Alalxusus, Ruxsora To'laboyeva, Yulduzxon O'rmonova, Naima Anvarova Zulfiya nomidagi Davlat mukofotini qo'lga kiritishgan bo'lsa, Dilnavoz Najimova, Dilsora Abdusattorova kabi ko'plab shogirdlari “Kelajak ovozi” singari qator respublika tanlovlarida g'olib bo'lishgan.
Faol ijodkor Muhabbat Hamidovaning dolzarb mavzudagi publitsistik maqolalari, hajviy hikoyalari hamda 1983 yilda nashr etilgan ilk kitobi — “Izingizdan boramiz” qissasi muxlislarida katta qiziqish uyg'otgan bo'lsa, keyinchalik Chilonzor tumani mahallalaridan birida o'tkazilgan ijodiy uchrashuvda ustoz adib Xudoyberdi To'xtaboyev adibaning “Sehrgar bola”, “Maqtanchoq jo'ja”, “Hakka xolaning hangomasi”, “Topishmoqmi yo tez aytish”, “Kokilli ilon” kabi o'ndan ortiq to'plamlari bolalar adabiyotida salmoqli o'rin egallagani haqida so'zlaganida havas bilan qaraganmiz. Aytish o'rinliki, bu asarlar voqealari hajviy, kulgili bir tarzda tasvirlangan. Hikoyalar qahramonlari — abjir va hozirjavob bolalar. Bu asarlarni o'qigan o'quvchi unda o'zini, eng yaqin o'rtoqlarini ko'radi. O'zidagi yutuqdan xursand bo'lsa, kamchiligini hikoya qahramonining xatti-harakatlariga qarab to'g'rilashga harakat qiladi. Badiiy asarning asosiy qimmati ham shunda.
Adibaning “Yangi uch og'a-ini botirlarning sarguzashtlari” qissasi O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan tashkil etilgan “Bolalar uchun yozilgan eng yaxshi kitob” respublika tanlovida birinchilikni qo'lga kiritdi.
Yosh kitobxonlarning sevimli adibasi Muhabbat Hamidovaning hikoyalari “O'zbek bolalar antologiyasi”dan joy olgan. Bu hikoyalar rus, qozoq va boshqa tillarga ham tarjima qilingan.
Ijtimoiy hayotda faol ijodkor Muhabbat Hamidova 1998 yilda “Shuhrat” medali, 2022 yilda II darajali “Sog'lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlangan.
Ochig'i, bolalar yozuvchisi va shoirlari bog'bonga o'xshaydi. Nihol unib-o'sishi, zaminga mustahkam ildiz otib, ulkan daraxtga aylanishida bog'bon mahorati qanchalik muhim bo'lsa, kelajagimiz egalari bo'lmish yosh avlodning komil inson bo'lib voyaga yetishida bolalar uchun bitilgan asarlar ham shundoq muhim o'rin tutadi. Chunki jajji she'r yoki kichik hikoya orqali bola tabiat bilan, Vatan bilan tanishadi. Oqni qoradan ajratishni, nima yaxshi-yu nima yomonligini o'rganadi. Bir so'z bilan aytganda, bola hayotni, dunyoni xalq ertaklari va bolalar ijodkorlarining asarlari orqali taniydi.
Bugun yetmishinchi bahorini qarshilayotgan taniqli adiba Muhabbat opamizning ismi jismiga yarasha: hayotga va ijodga muhabbat ramzi timsoli, degimiz keladi. Tinib-tinchimas ustoz tez-tez turli maktablarga borib, o'quvchilar bilan yuzma-yuz suhbatlar o'tkazadi, yosh qalamkashlarga ijodiy mahorat sirlarini o'rgatishda davom etmoqda. Bu ezgu yo'lda ustozga omadlar tilab qolamiz.
To'lqin EShBEK,
O'zbekiston Yozuvchilar
uyushmasi a'zosi.