Termiz – mintaqaviy hamkorlik va taraqqiyotga xizmat qilayotgan muhim markaz

O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev xalqaro hamjamiyat e'tiborini doimo Afg'onistondagi vaziyatga qaratib kelmoqda. Jumladan, BMT Bosh Assambleyasining 76-sessiyasidagi nutqida davlatimiz rahbari: “…hozirgi qiyin davrda Afg'onistonni yakkalab, uni muammolar girdobiga tashlab qo'yish mumkin emas”, degan muhim chaqiriqni ilgari surgan edi.
2023 yildagi 78-sessiyada esa O'zbekistonning Markaziy Osiyoda barqarorlik va o'zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishdagi qat'iy siyosati qayd etildi. Shu bilan birga, Afg'oniston xalqini qo'llab-quvvatlash va unga insonparvarlik yordami ko'rsatish zarurligi alohida ta'kidlandi. Prezident ta'biri bilan aytganda, “bizga tinch va barqaror, mintaqaviy hamkorlik jarayonlarida faol ishtirok etuvchi, qo'shnilari va boshqa mamlakatlar bilan ochiq sheriklikka tayyor Afg'oniston kerak”.
Mazkur insonparvar va pragmatik yondashuv doirasida O'zbekistonda afg'on fuqarolari uchun iqtisodiy faollik, tadbirkorlik va ta'lim sohalarida imkoniyatlar yaratishga alohida e'tibor qaratilmoqda. Hozirgi kunda Surxondaryo viloyatida 480 dan ziyod qo'shma va xorijiy korxona faoliyat yuritayotgan bo'lib, ularning 335 tasida Afg'onistonning to'liq yoki qisman ulushi mavjud. Bu umumiy xorijiy korxonalarning 69,4 foizini tashkil etadi. 2024 yil yakuniga ko'ra, Afg'oniston bilan tashqi savdo aylanmasi 57,4 million AQSh dollariga yetgan.
Prezidentimiz tashabbusi bilan tashkil etilgan va Markaziy Osiyoda yagona sanaluvchi “Termiz xalqaro savdo majmuasi” bu jarayonning markazida turibdi. 2024 yilda foydalanishga topshirilgan mazkur markaz-majmuada Afg'oniston va Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan savdo-iqtisodiy aloqalarni mustahkamlashda ishonchli platforma vazifasini o'tamoqda. Geostrategik nuqtai nazardan qaralganda, u Karachi — Termiz — Toshkent — Qozog'iston — Rossiya xalqaro transport yo'lagining asosiy bo'g'ini bo'lib, O'zbekiston va butun mintaqa uchun Hind okeani portlari orqali jahon bozorlariga chiqish imkonini yaratadi.
“Termiz xalqaro savdo markazi” 36 gektar maydonni qamrab olgan bo'lib, bu hududda 500 ga yaqin savdo do'koni va omborxonalar barpo etilgan. Hozirda ularning 250 tasi faoliyat yurita boshlagan, shulardan 99 tasi afg'on, 151 tasi esa o'zbekistonlik tadbirkorlarga tegishli. Qiziqarlisi, afg'on va o'zbek tadbirkorlari yonma-yon, qo'shni do'konlarda savdo qilishmoqda. Afg'on do'konlaridagi sotuvchilar o'zbek tilini yaxshi bilgani sababli, yurtimiz xaridorlari uchun muloqotda hech qanday to'siq yo'q — mahsulot narxini tortishish, bozorchilikning an'anaviy kayfiyatini his qilish mumkin.
— Bu bozorda do'kon ochganimizga yetti oycha bo'ldi, — dedi Mozori Sharifdan kelgan tadbirkor Shermuhammad Nazariy. — Ikkita do'konni ijaraga olganmiz. Ularda, asosan, afg'on milliy kiyimlari va gilamlari sotiladi. Barcha mahsulotlar o'zimiz ishlab chiqaradigan sexda tayyorlanadi. Savdo kundan-kun o'sib bormoqda, xaridorlar ham ko'paygan.
Shuningdek, markazda zamonaviy “InBazar” savdo majmuasi, 198 o'rinli “Hilton Garden Inn” mehmonxonasi, xostel, 71 o'rinli “Akfa Medline” klinikasi va 200 o'ringa mo'ljallangan “Central Asia University” biznes maktabi faoliyat yuritmoqda. Klinika yiliga 46 ming bemorga xizmat ko'rsatish quvvatiga ega bo'lib, 190 nafar malakali mutaxassis tibbiy xizmat ko'rsatadi. Biznes maktabda afg'on yoshlariga dari, pushtu va ingliz tillarida bepul ta'lim beriladi. U zamonaviy auditoriyalar, kompyuter sinflari, kutubxona va yotoqxona bilan jihozlangan.
Bu yerda logistika infratuzilmasi ham rivojlangan. “Ayritom Logistic Center” tomonidan qurilgan logistika markazi yiliga 22 ming yuk mashinasiga xizmat ko'rsata oladi, 900 ming tonna yuk aylanmasi quvvatiga ega. Yuklarni qayta ishlash, qadoqlash, saqlash va tashish ishlari kompleks ravishda amalga oshiriladi. Maxsus bojxona postida deklaratsiyalash, ekspertiza, sertifikatlash va fitosanitar nazorat xizmatlari bir joyda taqdim etiladi.
Savdo markazida mehmonlar va mahalliy aholi uchun dam olish va ko'ngilochar infratuzilmalar ham tashkil etilgan: bolalar o'yin maydonchalari, restoranlar, dam olish hududlari va hayvonot bog'i mavjud. Bugunga qadar markazga 250 mingdan ziyod afg'onistonlik va 230 mingga yaqin o'zbekistonlik tashrif buyurdi. Bu esa markazning talab va ehtiyojlarga mos ravishda faoliyat yuritayotganini ko'rsatadi.
Markazda 1100 nafar kishi doimiy ish bilan ta'minlangan, ularning 1000 nafari mahalliy aholi, 100 nafari esa afg'on fuqarolaridir. Afg'oniston fuqarolari uchun vizasiz, soddalashtirilgan tartib joriy etilgan. Ular 15 kungacha markazda erkin harakat qilib, savdo va xizmat ko'rsatish faoliyati bilan shug'ullanishlari mumkin. Agarda bu muddatdan ortiq qolish, o'qish yoki ishlash niyati bo'lsa, belgilangan tartibda viza rasmiylashtiriladi. Markazda 3 ta kirish-chiqish punkti mavjud: ikkita punkt orqali O'zbekiston fuqarolari va yuk avtomashinalari harakatlansa, uchinchisi Afg'oniston fuqarolari uchun mo'ljallangan. Valyuta erkinligi ham kafolatlangan — so'm, dollar, yevro, rubl va yuanda to'lov amalga oshirish mumkin.
Alohida ta'kidlash joiz, “Termiz xalqaro savdo markazi” — bu faqat savdo maydoni emas, balki Afg'onistonni mintaqaviy taraqqiyot jarayonlariga bosqichma-bosqich integratsiya qilish, ish o'rinlari yaratish, ta'lim va tibbiyot orqali ijtimoiy barqarorlikka hissa qo'shishga qaratilgan strategik loyihadir. U O'zbekistonning tashqi siyosatda insonparvar va pragmatik yondashuvini amalda namoyon etadi. Markaz orqali savdo hajmi ortib, infratuzilma yangilanmoqda, madaniy aloqalar mustahkamlanmoqda va eng muhimi — tinchlik sari ishonchli qadam qo'yilmoqda. Termiz endilikda xaritadagi oddiy nuqtadan tashqari, mintaqaviy hamkorlik va taraqqiyotga xizmat qilayotgan muhim markaz sifatida namoyon bo'lmoqda.
Humoyun NIZOMIDDINOV,
“Hurriyat” muxbiri.