Hayot maktabida toblanganlar

Hasanboy Qosimov bilan jurnalistik kasbim sharofati bilan tanishganman. Bir necha yil avval gazetaga maqola tayyorlash jarayonida Hasanboy Qosimovning ijodkorga hurmat bilan e'tibor qilgani unga nisbatan mehrimni oshirdi. Yillar davomida shu narsani anglab yetdimki, u faqatgina ijod ahliga emas, barchaga birdek samimiyat ko'rsatadigan, tabiati beg'ubor kishi ekan. Imonim komil bo'ldiki, mabodo odamlar dardini tinglash bo'yicha tanlov o'tkazilsa, albatta, u g'oliblarga sardor bo'lgulik iqtidorga ega. Yaratganga shukr, baxt-kamol topganim — jurnalistlik kasbim tufayli Qoraqalpog'iston Respublikasi va boshqa viloyatlarda inson qadr-qimmatini biladigan, ijodkor ahliga xayrixoh do'stlarim ko'p. Ular gazetachiga qarasa ko'zi yonadi, gazeta o'qib rohatlanadi. Ma'rifat ko'chasini ixtiyor etgan fazilatli kishilarning bori yaxshi…
Yana Hasanboy Qosimov huzuridaman. U huquq ilmini ham, inson ruhiyatini ham yaxshi biladigan, oq-qorani ilg'ab oladigan tajribali rahbarlardan. Keng mushohada qilsa-da, qisqa so'zlashga odatlangan. Ko'p marta odamlar bilan suhbatlarini kuzatib, shu fikrga kelganman. Namangan — Ibratu Mashrablar, ma'rifatli olimlar, islom ulamolari, usta hunarmandlar, saxovatli tadbirkorlar, barokatli chorvadorlar, qo'li yengil shifokorlar, dunyokezar savdogarlar va gulzorlari bisyor bog'bonlar yurti. Va yana eng muhimi, bu go'shada bobo-momolarining, ota-onalarining izzat-ikrom bilan xizmatlarini qilish zurriyotlarning qon-qoniga singib ketgan. Kattalarning dillarini og'ritib qo'ymaslik uchun jon-jahdi bilan qo'llari ko'ksida harakat qilishayotgan, bolaligidan ustaga shogird tushib, hunar o'rganayotgan yoshlar ko'p. Ularga havas qilaman.
Hasanboy Qosimov shunday ibratli hayot maktabida ota-onasi, ustozlari sabog'ini olib, kamol topgan bo'lsa, ajab emas.
U bilan boshdan kechirganlarimizni eslashib o'tirdik. Fidoiy inson jiydakapalik Habibullo ota Haydarovning aytganlari esimga tushib qoldi. Habibullo hoji iltimos qilib: “Hamkasb mahalladoshim, taniqli o'qituvchi bo'lgan rahmatli Qo'chqorali Qosimov haqida ham yozsangiz, ko'pchilikning duosini olgan bo'lardingiz”, degandi.
— Siz ham muallim otangizning hayot maktabida toblangan ekansiz-da, — deb so'radim Hasanboydan.
— Dadam rahmatlining maktab ta'limi, ma'rifat yo'lidagi xizmatlari, insoniylik fazilatlari haqida yozsangiz, boshimiz osmonga yetardi, — dedi Hasanboy. — Agar hayot bo'lganlarida, bu yil to'qsonga kirardi. Singlim Aqida dadamning izidan borib, o'qituvchilik kasbini tanlagan.
Uychidagi 14-sonli maktabdamiz. Binosi u qadar zamonaviy bo'lmasa-da, tashqarisida ham, ichkarisida ham gullar ko'p ekan.
— O'qituvchilar gulni qanchalik yaxshi ko'rsa, bolalarga ham mehri baland bo'ladi-da, — deyman maktab rahbari Aqida Qosimovaga yuzlanib. — O'quvchilarning bolaligidan gullarga, tabiatga muhabbatini oshirish muhitini yaratish, ayniqsa, maktabda muhim ahamiyatga ega. Gul ko'p joyda fayz bor, gul ko'p joyda go'zallik bor.
Aqida Qosimovani fe'li halimligi, kamtarinligi va mulohazakorligi akasiga o'xshar ekan.
— Xudoyim dadam rahmatliga haqiqiy o'qituvchi bo'lishdek baxtni nasib etgan ekan, — dedi Aqida. — Yoshligimda hamma domla degani uchun dadamning ham oti bormikan degan o'yga borardim. Mening ismimni ham ko'pchilik bilmaydi, “Qosimov domlaning qizi” deyishadi. Bilimli, qat'iyatli, kasbiga fidoyi, lafzi halol otaning qizi bo'lib dunyoga kelganim uchun Yaratganga shukur deb yuraman. Dadam maktablarda o'qituvchi, keyinchalik uzoq yillar direktor bo'lib ishlagan. U kishi uyimizdagi hayot maktabimizning ham direktori edi. Oilamizning haqiqiy sultoni bo'lgan. Onam “dadang kelyapti”, desa bo'ldi edi. Birimiz ko'chaga suv sepib, eshik supurayotgan, yana birimiz choy qo'yib, joy tayyorlayotgan bo'lardik. Bir kosada sovuq choy tayyor turardi. Qani edi, o'sha baxtiyor kunlarning hech bo'lmasa bir kuni qaytib qolsaydi…
Aqidaning hayajonli so'zlarini, sog'inch to'la hikoyasini yon daftarga qoralayapman-u, ko'z o'ngimda Qo'chqorali domla siymosi gavdalandi.
— Rahmatli Faridaxon onam go'yo xonadonimiz farishtasidek edi, — deydi hamsuhbatimiz. — Doimo hayotdan rozi bo'lib yashash, shukur qilish bizga ona suti bilan kirgan, desam bo'laveradi. Ezgu niyat qiladigan, har ishdan hikmat qidiradigan, yomonlik qilganlarni Allohning hukmiga qoldiradigan munisa ayol edi. Tibbiyot sohasining haqiqiy fidoyisi bo'lgan. Uychilik minglab ayollar chaqaloqlarini sog'-salomat qo'llariga olishida onamning hissasi bor. Mahallalarda, to'y-tomoshalarda uni bilganlar “Faridaxon opaning qizimisiz? Iloho, joylari jannatda bo'lsin, ajoyib ayol edi”, deyishganida, qalbim yorishib ketadi.
— Bir paytlar katta oilamiz bor edi, — deya Aqida so'zini davom ettirdi. — Besh o'g'il, ikki qiz nihoyatda bir-birimizga mehribon, ahil edik. Ko'z tegdimi, taqdirmi, bilmadim, falokat bir keldi, qo'sha-qo'sha keldi. Bir jigarimizdan ayrilib qon yig'lab turganimizda, yana biridan ayrildik. Inson bardoshini yemirib tashlaydigan ayriliqlar bo'lar ekan. Birin-ketin besh jigarimdan judo bo'ldim. Latifaxondan uchta o'g'il, Akmaljondan ikki qiz, Adhamjondan uch qiz, bir o'g'il, Akramjondan bir o'g'il, bir qiz, A'zamjondan uch o'g'il, bir qiz bevaqt yetim qoldi. Bir parcha jigarim besh joyidan darz ketdi. Ayriliq dardlarini boshdan kechiraverib, o'zim ham dardmand bo'ldim. Baxtimizga, otamiz o'rnida otadek Hasanboy akam bor bo'lsin. U jigarlarimizdan qolgan norasida go'daklarni o'z farzandlari kabi boshini siladi. Hayotda o'z o'rinlarini topishlarida ularga g'amxo'r bo'ldi.
Aqida Qosimova xizmat xonasi to'ridagi atrofida gullar bilan bezatilgan stul ustidagi matoni ochdi.
— Men tug'ilgan 1972 yili dadam rahmatli maktabimizdagi o'qituvchilik davrida shu stulda o'tirgan ekan, — dedi u boshqacha mehr bilan. — Uni asrab-avaylab saqlab kelaman.
Muallim farzandining otasiga bo'lgan ixlosini kuzatib, Namanganning Yangiqo'rg'onida eshitgan yana bir voqea yodimga tushdi. Namanganning fidoyi farzandi Tojimirzo Abdullayev haqida xotira maqolasini tayyorlash jarayonida o'g'li Baxtiyor bilan ota-onasi abadiy qo'nim topgan qabristonga ziyoratga borgandik. Qabristondagi obodonchilikka, qo'yilgan yodgorliklarga havasim kelganini yashirmadim.
— Aka, besh qo'l baravar emas, — deb bo'lgan voqeani aytib bergandi.
Namangandan Toshkentga ketib, katta bir idorada rahbar bo'lib ishlaydigan nomdor tanishi telefon qilib, qishlog'idagi qabristonga kelishini iltimos qilibdi. Otasining qabri qaerdaligini topa olmayotganini aytib, yordam so'ragan ekan. Mana sizga ikki xil tabiatli insonlar. Bir farzand yetmish yil avval otasi o'tirgan stulni tabarruk bilib, xonasining to'rida saqlasa-yu, yana boshqasi otasining qabri qaerdaligini bilmasa…
Nima ham deysiz, buni hayot deydilar. Hayot shunday, hikmatlarga, sinovlarga to'la dunyo ekan-da.
Qo'chqorali Qosimov 1990 yildan 2000 yilgacha direktor bo'lib ishlagan tumandagi 24-sonli o'rta maktabdamiz. Maktab rahbari Solijon Nuriddinovning aytishicha, 440 o'rinli 2 qavatli ushbu maktab ustozining sa'y-harakatlari bilan qisqa bir yilda qurib bitkaziladi. Maktabga ajratilgan zamonaviy mebellar, o'quv jihozlarini asrab-avaylab saqlashda domlaning talabchanligi qo'l kelgan. Qosimov domla rahbarlikka kelguncha maktab viloyatda eng qoloq bo'lgan. Maktabga yosh va iqtidorli o'qituvchilar ishga taklif etilishi fanlarni o'zlashtirishda samarasini beradi. O'quvchilar tuman, viloyat olimpiadalarida faxrli o'rinlarni egallay boshlaydi. Tuman miqyosida eng obod maktabga aylanadi. Domla qat'iy intizomli, ma'rifatli, to'g'riso'z, talabchan rahbar bo'lgan.
Qo'chqorali Qosimov haqida ustozning yana bir shogirdi Baxtiyor Yoqubboyevning ushbu so'zlarini keltirsak: “Ustoz Xudo bergan tug'ma iqtidorli muallim edi. Maktab jamoasida ijro intizomini ta'minlash, ta'lim-tarbiya uchun fidoyi bo'lish, kamtarinlik borasida Qosimovdek fazilatli odamlar o'sha paytlarda ham kam edi. Ustozi komilning oxiratlari obod bo'lsin!”
Dilmurod QIRG'IZBOYEV,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi.