Bolajonlarga qanday multfilmlar qo'yilmoqda?

…Nazarimda, bu multfilm bolalarni qaysarlikka o'rgatib, xarxasha orqali shu zahoti fikrini o'tkazishga undaydigandek. Ruhiyatiga ham salbiy ta'sir ko'rsatib, jizzakilik, jahldorlik illatlarini singdirayotgandek.
Shu sabab multfilm tanlashda e'tiborliroq bo'lgan ma'qul…
Bolalik — hayotning eng shirin davri. Uni hamma turlicha boshdan kechiradi. Yoshlikdan hammaning o'zi yoqtirgan kitobi, ertagi, taomi va shu qatorda o'zi sevgan multfilmi bo'ladi. Men “Simba”ni juda miriqib tomosha qilardim.
Hozir ham mabodo televizor ekranlarida o'sha multfilm ko'rinib qolsa, qizim va o'g'lim bilan qo'shilishib ko'ramiz. Undagi voqealar juda qiziqarli ishlangan. Keyin “Tom va Jerri”, “Dengiz itlari”, “Qunduz amakining ertaklari”ni ko'rardik. Menimcha, ayni vaqtda ham bular o'z muxlislariga ega. Ammo hozir bular negadir teledasturlarga kiritilmayapti. Endilikda ularning o'rnini tez-tez ekranlarga uzatiladigan “Masha va Maymoq” egalladi. Kichik yoshdagi bolani tinchlantirish uchun ota-onalar telefon yoki televizorda aynan shu multfilmni qo'yib berishmoqda. E'tibor berganmisiz, bosh qahramon qizchaning xatti-harakatlari, qiliqlari bir qarashda bolalikning bir sho'xligidek tuyilsa-da, u bolajonlarga qanday ta'sir ko'rsatmoqda? Nazarimda, bu multfilm bolalarni qaysarlikka o'rgatib, xarxasha orqali shu zahoti fikrini o'tkazishga undaydigandek. Ruhiyatiga ham salbiy ta'sir ko'rsatib, jizzakilik, jahldorlik illatlarini singdirayotgandek.
Shu sabab multfilm tanlashda e'tiborliroq bo'lgan ma'qul. Uning o'rniga “Bek va Lola”ni tavsiya qilish menimcha ma'qulroq. Hozirda ko'p sonli muxlislarini topib ulgurgan, “Youtube” orqali ko'rsatiladigan “Bek va Lola” 113 milliondan ortiq obunachilariga ega.
Bu ezgu loyiha Prezidentimiz tashabbusi bilan Yoshlar ishlari agentligi homiyligida o'tgan yili yozda ishlab chiqilgan. “Bek va Lola” milliy qadriyatlarni targ'ib qilishga, bolalarga ta'lim-tarbiya berishga va odob-axloq qoidalarini o'rgatishga qaratilgan. Hozirda multfilmning “Ertalabki badantarbiya”, “Shakllarni o'rganamiz”, “Bekinmachoq” kabi qismlarini tomosha qilgan jajji bolajonlarimda yana ko'rsam degan ishtiyoq uyg'onmoqda.
Shu kunlarda ushbu multfilm maktabgacha ta'lim muassasalarida ham targ'ib qilinmoqda. Murg'ak qalblarga tez ta'sir qiladigan harakatlarni ular Bek va Lola bilan birgalikda bajarishmoqda.
“Dastyorlar” qismini bir ko'ring-a, siz ham yoqtirib qolasiz. Bunda Bek va Lolaning ota-onasiga uy yumushlarida dastyorlik qilayotgan sahnalari tasvirlangan. Shu qismi to'rt yoshli qizim Mubinaga ham ijobiy ta'sir ko'rsatdi. Uy ishlarida oyisining yordamchisiga aylangan.
Taklifim: “Bek va Lola” kabi loyihalar yanada ko'paytirilsa, televidenie orqali mamlakatimizning barcha bolajonlariga namoyish etilsa, shunda kelajak avlod egalari zukko, dono, mehribon bo'lib ulg'ayishlari shubhasiz.
Beg'ubor bolalarga eng yaxshi narsalarni ilinaylik. Bolalarning bolaligini asraylik!
Muhammadsodiq TO'RAYEV