Quloqchinlardan ehtiyot bo'ling!

Bugun hayotimizni zamonaviy texnologiya vositalarisiz tasavvur qila olmaymiz. Ular turmush tarzimizning har bir qismiga shu qadar kirib bordiki, bugun vaqtimizning ko'pini ular bilan o'tkazmoqdamiz. Ayniqsa, aloqa vositalari bo'lgan smartfonlar, kompyuterlar va quloqchinlar ajralmas do'stimizga aylangan. Shuningdek, bu buyumlarning kundan-kun yangi qiyofa va afzalliklarga ega bo'lib borayotgani ishimizni ancha yengillashtirmoqda. Lekin insonning yashash tarzini osonlashtirish, uzog'ini yaqin qilish, qulay sharoit yaratishga qaratilgan bu vositalar so'nggi davrlarda hayot va sog'liqqa jiddiy xavf solayotgani ham sir emas.
Oddiygina quloqchinlarni oling. Quloqchinlar — bu boshga kiyiladigan yoki to'g'ridan-to'g'ri quloq kanallariga o'rnatiladigan kichik minigarnituralar hisoblanadi. Bugungi kunda ko'pchiligimiz musiqa tinglash, telefonda suhbatlashish kabi ishlarimizni bajarishda quloqchinlarga murojaat qilamiz.
Quloqchinlar bugungi zamonaviy ko'rinishga kelgunicha deyarli uch asrni bosib o'tgan. Ma'lumotlarga ko'ra, birinchi quloqchin “Electrophone” bo'lib, 1890 yilda Britaniyaning yirik kompaniyalaridan biri tomonidan ishlab chiqarilgan. Ulardan aloqa vositasi sifatida emas, aksincha, o'z mijozlariga London teatrlaridagi opera va spektakllarni jonli efirga uzatishda foydalanishgan. Bu voqeadan bir yil o'tib, fransuz muhandisi Ernest Merkadier hozirgi quloqqa taqiladigan quloqchinlarning dastlabki ko'rinishlarini taqdim etgan.
Bugun ularning rusumi va tashqi ko'rinishidagi o'zgarishlar smartfonlar bilan teng ravishda rivojlanmoqda. Dastlab simli bo'lgan quloqchinlar endi masofadan boshqariladigan simsiz ko'rinishda. Simli quloqchinlar ma'lum qurilmaga sim orqali ulanishi bilan bir qatorda “FM” radiolari bilan ishlashda muhim hisoblanadi. Shunga qaramay, texnologik rivojlanish, zamonaviylik talabidan kelib chiqib, simli quloqchinlar o'rnini simsiz ulanuvchi quloqchinlar egallab borayotir. Endi qo'shiq tinglash yoki musiqani almashtirish uchun telefonni ochish shart emas, birgina quloqchin sensoriga tegish kifoya. Bu bir qarashda kam harakat qilishni qo'llab-quvvatlovchilar mahsulotiga o'xshaydi. Hammasi oson. Quloqda turaveradi, istalgan vaqtda o'chirib-yoqish mumkin. Lekin bu qurilmalarni har doim quloqda, miya tizimiga yaqin joyda olib yurish qanchalik to'g'ri?
Ko'cha-ko'yda har ikki odamning birida bugun quloqchin bor. Quloqchindan foydalanuvchilarni, asosan, yoshlar, qisman 35-40 yoshgacha bo'lgan qatlam tashkil etadi. Lekin ko'pchilikning muhim vositasiga aylangan simli, simsiz quloqchinlar inson salomatligiga jiddiy xavf tug'dirishi mumkin ekan. Ma'lumki, qurilmalar “Bluetooth” tizimi orqali boshqariladi. Bu tizim xuddi mikroto'lqinli pech kabi xavfli elektromagnit nurlanish manbaiga ega. Ma'lumotlarga ko'ra, elektromagnit nurlanish miyaga yaqin joyda yuz beradi. Ko'plab mamlakat olimlari esa simsiz quloqchinlar miya saratoniga, uning jiddiy buzilishlariga olib kelishi mumkinligini aytishmoqda.
Jahon sog'liqni saqlash tashkiloti dunyo aholisining 2,5 milliardi 2050 yilga borib eshitish bilan bog'liq muammolarga duch kela boshlaydi yoki butkul eshitishdan mahrum bo'lishlari mumkin, deb taxmin qilmoqda. Ushbu raqamlarning 1 milliarddan ortig'i yoshlarga to'g'ri kelishi esa g'oyat tashvishlanarlidir. Bunga sabab muntazam quloqchinlarga murojaat qilish, baland ovozda musiqa yoki nutq tinglash bilan bog'lanmoqda. Shuningdek, ba'zilar quloqchinlardan shovqindan xalos bo'lish maqsadida foydalanishadi. Bu kuchli bosh og'riqlariga sabab bo'ladi.
Quloqchinlar nafaqat salomatlikka, balki hayotiy faoliyatimizga ham xavf solishi mumkin. Masalan, avtomobil boshqaruvidagi kishining suhbatga chalg'ib ketishi, quloqchindan foydalanib ketayotgan piyoda yo'ldan o'tayotganda mashina signalini eshitmasligi bois, yo'l-trasport hodisalarini keltirib chiqarib, avtohalokatlarga sabab bo'lmoqda.
To'g'ri, hamma qulaylik istaydi. Lekin u sizning ehtiyojlaringizdan ko'ra sog'lig'ingizga jiddiy zarar yetkazsa, bunday qulaylikdan kechgan ma'qul emasmi? Qolaversa, quloqchin keltirgan qulaylikdan oladigan foydamiz ham u qadar salmoqli, aytishga arzirli emas.
Gulnora ShERMATOVA