Salqin ichimliklarning hammasi ham zararsiz emas

Hamkasbimiz bilan tushlikka chiqdik. Suhbatimiz bevosita hozir siz bilan fikr yuritmoqchi bo'lgan energetik ichimliklar to'g'risida bo'ldi.

— Bir kuni rosa chanqagandim, birdaniga beshta “Flash” ichdim. Boshida hech narsa sezilmadi. Keyin holsizlantirib, boshni aylantirib yubordi, — dedi suhbatdoshim.

Buni eshitib diqqatim oshdi.

Har faslning o'z o'rni, fazilati bo'lgani kabi yozning ham o'ziga xos tomonlari bor, albatta. Masalan, basseyndan foydalanish, mumkin bo'lgan joylardagi ariq suvida cho'milish, turli xil gazli ichimliklarni iste'mol qilish… Lekin hozir siz bilan chanqoqbosdi rangli ichimliklar haqida so'zlashmoqchimiz.

Issiq kunlar kelishi bilan ko'pchilik orasida “Coca-cola”, “Fanta”, “Flash”, “Red Bull” kabi turli-tuman ichimliklarga talab kuchayadi. Shularni inobatga olib, bu kabi ichimliklarni ishlab chiqarish hajmi ham ortadi. Ular esa deyarli barcha maskanlarda joylashgan do'konlarning peshtaxtasidan joy egallagan. Lekin savdo shoxobchalarida, ayniqsa, yo'l yuzida, quyosh nuri ostida saqlanayotgan uyum-uyum bo'lib turgan mahsulotlar inson salomatligi uchun jiddiy xavf keltirmasligiga kim kafolat beradi? Yozning issiq havosida ushbu ichimliklarning ishlab chiqarilgan sanasi va yaroqlilik muddatiga ko'pchilik e'tibor qilmaydi. Ayniqsa, yoshlar, bolalar uchun eng asosiysi, ichimlik chanqoqni bossa bo'lgani, boshqasi bilan ishi yo'q.

Bilamizki, salqin ichimliklar, asosan, plastikdan tayyorlangan idishlarda qadoqlanadi. Bunday mahsulotlarni 2–18 daraja haroratda, quyosh nuridan saqlagan holda, salqin havo va me'yoridan oshmagan namlikda saqlash belgilangan.

Ammo amalda bu kabi talablarga umuman rioya qilinmaydi hisob. Ichimliklarning kun bo'yi quyosh nurlari to'g'ridan-to'g'ri tushib turgan joylarda turganini ko'ramiz. Mutaxassislarning aytishicha, bunday hollarda plastik idishlardagi kimyoviy moddalar ovqat hazm qilish, tanada qon aylanishi, asab tizimi ish faoliyatini izdan chiqaradi. Yana inson uchun muhim a'zo bo'lgan tishlarni sekin-sekin yemirib boradi. Yana turli boshqa kasalliklarni ham keltirib chiqaradi.

Ogoh bo'lish kerakki, sun'iy rang berilgan gazli ichimliklarning onkologik kasalliklarni keltirib chiqarish ehtimoli yuqori bo'lib, bu ayniqsa, yosh bolalar, homilador ayollar va keksalar ana shu singari ichimliklarni iste'mol qilishi mutlaqo mumkin emas!

Gazli ichimliklar  tarkibidagi sun'iy moddalar, rang beruvchi vositalar inson organizmida  turli reaksiyalarga kirishib, allergiyani keltirib chiqarishi mumkin. Bolalarning eslab qolish qobiliyatini, ya'ni xotirasini ham ishdan chiqararkan.

Bundan tashqari, zo'rma-zo'raki quvvat beruvchi ichimliklar tarkibidagi zararli modda hisoblangan kofein inson organizmidagi suyuqlikni saqlash o'rniga, uni chiqarib yuborarkan.

“Red Bull”, “Flash” kabi ichimliklarni esa ayrim “tadbirkor”larimiz o'zimizda ham ishlab chiqarmoqda. Bu toifa “tadbirkor”larga qancha ko'p mahsulot sotilsa, shuncha yaxshi. Lekin ular boshqalarning salomatligi bilan qiziqarmidi? Albatta, yo'q.

Mutaxassislarning fikricha, sovitilgan ko'k choy, turli xil tabiiy usulda tayyorlangan meva sharbatlari, eng osoni, oddiy sovitilgan toza ichimlik suvi salomatligimiz uchun koni foydadir.

Shunday ekan, har birimiz Yaratgan tomonidan in'om etilgan sog'lig'imiz uchun befarq bo'lmasligimiz kerak. Turli zararli ichimliklarni emas, foydali bo'lgan tabiiy ichimliklarni iste'mol qilsak, salomatligimizni avaylagan bo'lamiz.

Muhammadsodiq TO'RAYEV.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

4 + five =