Na tartib bor, na insof…

yoki Toshkent shahridagi o'z uyida begona bekatlar haqida

“Ko'kcha darvoza” ko'chasidagi dov-daraxtlar keskin kamayib borayotgani oqibatida ekologik vaziyat nochorligi xususida avval ham gazetamizda tanqidiy maqolalar berilgan. Ayniqsa, Uchtepa tumani hududidagi shaharsozlik me'yorlariga amal qilinmay, ekologiyaga tuzatib bo'lmas darajada ziyon yetkazilib, pala-partish qurilgan savdo va maishiy xizmat ko'rsatish, avtomobillarni tuzatish va yuvish, restoran va umumiy ovqatlanish shoxobchalari haqida aytib o'tilgan edi. “Ekologlar qachon uyg'onadi?” deb bong urilgandi. Ammo, poytaxt hokimiyatidagilar gazetada chiqqan tanqidiy chiqishlarga hanuz beparvolar. Qonunda belgilangan muddatlarda tahririyatimizga javob ham berilmadi.

Xabaringiz bor, Uchtepa tumanidagi mahalla hokim yordamchilaridan biri 30 ming AQSh dollari miqdorida pora olayotganda qo'lga tushgandi. U avtobus bekatlarida savdo do'konlari qurishga yuqorida ishlaydigan tanishlari orqali ruxsat olib berish evaziga shuncha miqdordagi mablag'ni olmoqchi bo'lgan.

Toshkentdagi bekatlardan korrupsiyaning hidi kelib turganga o'xshaydi.

“Ko'kcha darvoza” ko'chasida “Xondamir” bekati. Savdo do'konlari yo'lagiga ikkita o'tirgich qo'yilgan, xolos. Qormi,  yomg'irmi,  avtobus kutayotgan yo'lovchilar tashqarida turishga majbur.

Bekatdagi odamlar noqulay bo'lsa-da, sabr qilishadi. Hozir odamlar do'kondorga bir nima deb tanbeh bergandan ko'ra, vijdoniga havola qilishni afzal bilishadi. Do'kondorning esa vijdoni qiynalmaydi. Masalan, 7 martda kun bo'yi yomg'ir yog'di,  yomg'ir aralash qor ham. Odamlar shu ob-havoda avtobus kutishayotir. Do'kondorga nima g'am, odamlar sovuqda, yomg'irda qoladimi, savdo bo'lsa bo'ldi-da. Bekat uchun ajratilgan hududni egallab olib, elu xalqqa noqulaylik tug'dirayotganini o'ylarmidi?!

Shu ko'chadan shahar amaldorlari ham, Uchtepa hokimi ham, prokurori ham o'tar, ammo ular avtobus kutayotgan bechorahol yo'lovchilarga nazar tashlaydimi? Balki, oynasi qoraytirilgan avtomashinalardan tashqari boshqacha ko'rinar?

O'tirgich ho'l bo'lib yotibdi. Xondamir bekatida  shahar ichidagi 35-, 53-, 87-, 73- va boshqa yo'nalishlarda qatnovchi avtobuslar to'xtab o'tishi belgilangan. Ertalabki tig'iz paytida o'nlab yo'lovchilar bekat atrofida tik turishadi.

Bekatlarning egasi kim, bekatlar yo'lovchi uchunmi yoki savdo shaxobchalari uchunmi?

“Ko'kcha darvoza”ning Shofayzi fuqarolar yig'ini ro'parasidagi “Behzod ko'chasi” bekatida ham ahvol shunday. Suyanchig'i ham yo'q, uch kishi arang sig'adigan bitta o'rindiq bor, xolos. Bir tomoni go'sht do'koni, yana bir tomoni do'konlar… Bekat ortida ikkita o'rindiq chang bosib yotibdi.

Esiz, “Ko'kcha darvoza” ko'chasining avvalgi fayzi qolmadi. Qilgan ishlaridan bekat “egalari” uyalmaydi. Do'kondorlar va tadbirkorlarning  bekatlar bilan bog'liq hujjatlari tegishli idoralarda obdan o'rganilishi zarur.

Shaharning markaziy ko'chalaridan andoza olib, ushbu ko'chadagi avtobus bekatlarini tartibga keltirsa bo'lardi. Toshkentning “Ko'kcha darvoza”si shaharga o'gay emas-ku! Xullas, har qadamda qarovsizlik,  har qadamda qonunbuzarlik.

Katta-katta daraxtlar qurib o'tin bo'layotir. Chinorlarga-ku qirg'in kelganiga ancha bo'ldi. Ko'chaning ikki yoni yo betonlab tashlangan, yoki bruschatka yotqizilgan. Ko'kalamzorlashtirish uchun bir qarich joy yo'q. Bir qadam bo'sh joy bo'lsa, nimadir qurilayotir.

Qonunlar ishlamasa, qoidalar nazar-pisand qilinmasa, yo'lovchilar huquqlari poymol bo'laversa-yu, bekorga gazetalar jar solib turaversa?! Na tartib qoldi, na insof…

Toshkent shahar prokuraturasi o'z uyiga “begona bekat”lar bo'yicha o'rganish o'tkazib, jamoat transporti vositalari yo'lovchilariga munosib shart-sharoit yaratib berishda amaliy ta'sir o'tkazishiga, aybdorlarga qonuniy chora ko'rilishini ta'minlashiga ishonasizmi? Yo'q dedingizmi? Biz esa baribir ishongimiz keladi. Chunki Davlatimiz rahbari – Prezidentimiz shahar aholisiga jamiki qulayliklar yaratish borasida qat'iy topshiriqlar bermoqda. Zora, poytaxtimiz amaldorlariga insof kirib, yuqorida keltirilgan xunuk manzaralarga ham e'tibor qaratib qolsalar!

Muhammad KENJABOYEV,

jurnalist.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eleven − nine =