Buxoroda matbuot o'gaymi?

G'urur bilan ayta olamizki, Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning matbuot va so'z erkinligiga e'tibori juda baland. Shu boisdan, mamlakatimizda ochiqlik siyosati ustuvor. Butun dunyo afkor-ommasi Yangi O'zbekistonda amalga oshirilayotgan islohotlar, erkinliklarni e'tirof etayotgani bejiz emas. Davlatimiz rahbari hamisha jurnalistlarni qo'llab-quvvatlab, “Biz endi hech qachon ochiqlik siyosatidan voz kechmaymiz”, demoqda.
Ammo ming afsuski, mahalliy amaldorlarning ayrimlari matbuot sohasiga e'tiborsiz bo'layotgani ham sir emas. Xususan, bugun Buxoroda bosma nashrlarga bo'lgan munosabat havas qiladigan ahvolda emas.
Buxoro — boy tarix, ilmu ma'rifat beshigi. Bunga faqatgina tarix kitoblari emas, dunyo jamoatchiligi ham guvoh. Bu zaminda mutafakkirlar, olimu munaqqidlar qadrlangan, kelajakda ma'naviyatli, ma'rifatli avlod yetishishi uchun jon kuydirilgan. Bugun-chi? Viloyatdagi matbuotning ahvoli ana shu tarixiy mavqega mos keladimi? Jurnalistik faoliyat uchun munosib sharoit yaratilganmi? Matbuot ahli o'z so'zini erkin ayta olayaptimi? Shu kabi savollar hozirgi viloyat axborot makoniga qayta-qayta nazar tashlashga, aniq tasavvur izlashga majbur etadi.
Yuzaki fikrlovchi rahbarlar
Har bir nashr — o'sha hududning qiyofasi, yuragi, dunyoqarashi va ruhiy olamini ifoda etadi. Uni asrab-avaylash, hayotda o'z o'rnini topishiga ko'maklashish, avvalo, muassisning, keyin esa jamiyatning burchi. Ammo bugun ayrim rahbarlar aynan mana shu burchni zimmasidan soqit qilish payida yurgani alamli. “Gazetani yaxshilasangiz, tiraj o'z-o'zidan ko'tariladi”, deydigan mutasaddilar ham yetarlicha topiladi. Shu gap bilan masala yechilib qoladimi endi? Albatta, yo'q. Bu borada aybni faqatgina tahririyatlar zimmasiga yuklab qo'ymoq xato. Axir izlanish va ijod ham mablag' talab etadi. Ko'plab tahririyatlarda shtatlar qisqargan, yozishga vaqt, tahlilga sharoit yo'q. Ba'zan material yo'qligidan sahifalar sun'iy yo'llar bilan to'ldirilayotgan hollar ham bor gap. Maktab o'quvchisi tomonidan tayyorlangan, chuqur tahliliy yondashuvdan xoli, xom-hatala materiallar bir sahifa qilib A-2 formatdagi gazetalarga joylashtirilayotganini ham ko'rdik. Bu qaysidir ma'noda tahririyatning nochorlik holatini aks ettiradi.
Yaqinda bir gapni eshitib, xafa bo'ldim. Bir amaldor o'z nashri haqida: “Falon gazetani yopish uchun nima qilsa bo'ladi? Bitta xat bilan bitadimi shu ish?” degan emish. Bu kabi yuzaki, tor fikr va sayoz qarashlar davlat xizmatchisiga xos deb o'ylaysizmi? Ma'naviyatni rag'batlantirishdan qo'lini tortgan rahbar hech bir boshqa sohani ham gullatib-yashnatib yuborishiga ishonish qiyin.
Esnayotgan muassislar
Buxoroda ayrim nashrlar chiqmay qolgan yoki faoliyatini butunlay to'xtatgan bir sharoitda mamlakatimizning boshqa hududlaridagi bosma nashrlarning joriy yildagi adadlariga ko'z yugurtiramiz: “Zarafshon” — 14575 (Samarqand), “Konchilar hayoti” gazetasi — 11700 (Navoiy), “Jizzax haqiqati” — 9649 (Jizzax), “Surxon tongi” — 7410 (Surxondaryo), “Yangi Farg'ona” — 6750 (Farg'ona), “Namangan haqiqati” — 4794 (Namangan), “Beshariq tongi” — 4169, “Yangi Sirdaryo” — 4000 (Sirdaryo). Raqamlardan ko'rinib turibdiki, joylarda gazetalarga e'tibor bor. Hech kim ularni Buxorodagidek o'z holiga shunchaki tashlab qo'ygani yo'q…
Buxoro tuman hokimligi muassisligidagi nashr — “Galaosiyo ovozi” gazetasi chiqmay qo'yganiga ancha bo'lgan. Orada tuman hokimligi axborot xizmatini ishga solib, bir-ikki son chiqarib ko'rdi. Kanalda chiqqan to'rt-besh axborotni olib, sahifaga joylashtirgan bilan gazeta mundarijasi boyib qolarmidi? Mutaxassis yo'qligi va gazeta obunasi ham so'roq ostida qolganligi bois bu masala yechilmay qolaverdi. Boz ustiga, “G'ijduvon” hamda “Peshku ovozi” gazetalari ham ko'pdan buyon elektron tarzda “chiqayapti”. Ular ham yaqin orada “Galaosiyo ovozi” singari batamom faoliyatini to'xtatishi mumkinligi hech kimni xavotirga solmayapti.
2025 yilning dastlabki oylarida viloyatning otaxon nashri hisoblangan “Buxoronoma” gazetasi iqtisodiy turg'unlikka duch keldi: gazeta oq-qora rangga o'tdi. Real adad abgorligidan tahririyat uni ko'rsatishga istihola qildi. Shu orada viloyat hokimi bilan matbuot anjumani o'tkazildi. Muammolar aytildi. Oradan bir muddat o'tib, “Buxoronoma” — 1094, “Buxarskiy vestnik” — 264 adadda chiqa boshladi. Shu bilan muassis — viloyat hokimligi go'yo muammoni hal etgandek bo'ldi.
Tuman gazetalarining ahvoli bundan-da xunuk hozir. Amallab “kun ko'rayotgan” tuman gazetalari ro'yxatining yuqori pog'onasida 601 nusxa bilan “Vobkent hayoti” turgan bo'lsa, so'nggi pog'onasini 200 nusxa bilan “Kogon hayoti” gazetasi “zabt etgan”. Izohga hojat yo'q. Bu raqamlar Buxoro viloyatida matbuotga munosabat belgisi.
Ha, bugungi ahvol shu darajada. Hech qachon viloyat bosma nashrlari bunday nochor holga tushmagan edi!
Xosiyatsiz sukut: nashrlar kuzatilmaydi
Buxoroda bosma nashrlarga e'tiborning salbiyligini aytsak, bundan mutasaddilar ranjimasinlar. Zero, tap tortmay “gazetaning davri o'tdi, mana, hamma axborotni telefonimdan olaman”, deyayotgan idora rahbarlari haqida ham eshityapmiz. Aslida, shu “lutf”ning o'zi ular egallab turgan kursiga noloyiqligini anglatmaydimi? Rahbarki ma'naviyat haqida kurakda turmaydigan gaplarni aytib tursa, dodingni kimga aytasan?!
Mutasaddilarning aksariyati matbuotdan uzoq. Bu — haqiqat. Unda chiqayotgan materiallarni ko'rmaydi yoxud ko'rib, ko'rmaslikka oladi. Ko'tarilayotgan muammolar, dolzarb masalalar bilan ishi yo'q. Munosabat ham bildirmaydi. Aksariyati besh-olti blogerni to'plab, press-tur o'tkazish, piar qilish bilan ovunib yuribdi. Shumi so'z erkinligi? Shumi OAVdagi erkin raqobat?
Fevral oyida Buxoro shahrida aholi va tadbirkorlar tomonidan surbetlarcha o'zlashtirilayotgan piyodalar yo'laklari haqida markaziy nashrda tanqidiy maqolam chiqqan edi. Ammo mutasaddilar suvga tushib ketgan tangadek jim qolishdi. Maqolaga na javob bo'ldi, na yechim izlandi.
Afsuski, viloyatdagi ko'plab rahbarlarning miyasida faqat daromad keltiradigan loyihalar. Mana shundaylarga tajribasizlarcha tayyorlangan kontentlar va savodsizlarcha yozilgan matnlar yoqadi. Gazeta o'qimagach, imlo qoidalariga e'tiborli, nafaqat jumla tuzishda, balki nuqta-yu vergul, chiziqcha va tire kabi tinish belgilarini-da joy-joyiga qo'yadigan gazetalarning savodsizlik “bolalab yotgan” ijtimoiy tarmoqdan ustunligini ular qaerdan ham anglab yetsin?
“Falon maqolani o'qidingizmi?”
Bir necha viloyatga hokim bo'lgan Erkinjon Turdimovning ma'rifatparvarligi qanchadan-qancha odamlarning qalbidan joy oldi. U borgan hududlar obod bo'ldi, rahbarlar va odamlar gazeta o'qiydigan bo'ldi. Qaniydi hamma rahbarlar matbuotga hozirgi Sirdaryo viloyati hokimidek e'tibor qaratsa, tanqid qilinganda, “jurnalist — haq”, deb bundan to'g'ri xulosa chiqarsalar…
Uzoqqa borish kerak emas, yaqin o'tmishda Buxoroda ham mana shunday muhit bor edi. Hokimlar yig'ilishlarni qo'lida gazeta ushlagan holda boshlaganini, duch kelgan rahbarni turg'izib, “falon gazetadagi falon maqolani o'qidingizmi?” deya ularning nashrlarga, ma'naviyatga munosabatini o'rganganini ko'pchilik unutgani yo'q. Nega bugun shunday qilinmayapti?
Buxoro viloyatida otaxon nashr tirajini kamida 10 ming, tuman gazetalarinikini esa 4-5 ming nusxaga yetkazish juda qiyin ish emas.
Ha, matbuot atrofidagi muammolarni hal qilsa bo'ladi. Avval xohish kerak, undan keyin harakat. Agar rahbar atrofidagilarning bu ishda tajribasi kamlik qilsa, sohada suyagi qotgan kishilarni chaqirib, ular bilan kengashish mumkin-ku.
Hokim ham siz-u bizdek inson. Viloyat, tuman va shaharni boshqarsa-da, o'nlab tizim va tarmoqlarning ishini bilmasligi, tushunmasligi mumkin. Bu tabiiy. Shunday paytda unga o'sha sohalardan xabardor xodimlar yordamlashadi.
“Gazetaning egasi menman!”
Bir paytlar shahar hokimligi muassis bo'lgan gazetada mas'ul kotib bo'lib ishlaganman. Yong'in xavfsizligi to'g'risidagi maqolani gazetaning 1-betiga joylashtirmaganim uchun hokim o'rinbosari chaqirib, tanbeh bergandi. Sababini tushuntirishga urinsam ham meni tinglamadi.
— Gazetaning xo'jayini menman! Shunday bo'lgach, men nimani buyursam, o'shani qilasiz! — deya zahrini sochdi. Ichidagini to'kib-solib bo'lgach, unga shunday dedim:
— Tasavvur qiling, uyingizda novvos boqayapsiz. Uni so'yib, go'shtini pullash uchun qassob yollaysiz. Qassob kelgach, siz unga bo'g'zidan emas, qornidan so'yasiz, deya shart qo'ya olasizmi? Yo'q. Chunki egasi bo'lsangiz ham o'sha molni qanday saranjomlash kerakligini qassobning o'zi yaxshi biladi va siz uning ishiga aralasha olmaysiz. Gazeta ishi ham shunday: siz muassis, ammo jurnalist emassiz…
“Matbuot uyi”: pul yo'qmi yoki xohish?
Bir necha yildan beri jurnalistlar orasida viloyatda “Matbuot uyi” qurilarkan, degan gap yuradi. Ammo har yili ushbu loyiha “pul yo'qligi” vaji bilan smetadan tushirib kelinmoqda.
Axir bir paytlardagidek gazeta tahririyatlari bitta joyda hamjihat mehnat qilishsa, bir-birlari bilan ko'rishib, fikr almashib turish imkoniyatiga ega bo'lishsa, qanchalar yaxshi! Buxorolik jurnalistlarning ham “Matbuot uy”lari bor viloyatlarga havaslari keladi-da.
Matbuot anjumanida viloyat hokimiga bu borada ham savol berildi. “Joy ajratilgan, pul muammo, yaqin fursatlarda hal bo'ladi”, dedi hokim.
Ko'kragimizga shamol tegarmikan?
Matbuot kotiblari ham befarq
Tuman gazetalari muharrirlari bilan suhbatlashganimda, o'z hududlaridagi matbuot kotiblari nashrga xayrixoh emasligini, muharrirlarni esa o'zlariga tobe sifatida ko'rishlarini aytishadi. Biroz kulgili, ammo bugungi manzara shunday. Bu joyda ishlayotganlarning (mayli, jurnalistik diplomga ega bo'lmasin) qanchasi matbuot, radio yoki televidenieda ishlagan? Bilishimcha, ular orasida mazkur maktabni ko'rganlari barmoq bilan sanarli. Aksariyati ijodiy malakaga emas, texnik tajribaga ega xodimlar. Endi o'ylang, jurnalistik malaka va bilimga ega bo'lmagan bu xodimlar qanday qilib tahririyatlar yukiga yelka tutsin? O'z hokimlariga gazetalarning ahamiyatini tushuntirish uchun ham muayyan tajriba, salohiyat kerak bo'lmaydimi? Yana ular matbuot kotiblari emish!
Bir so'z bilan aytganda, gazeta tirik bo'lishi uchun faqat qog'ozda emas, qalblarda ham yashashi kerak. Buning uchun esa, avvalo, muassis — mas'ul rahbarlar o'z nashrini moddiy va ma'naviy jihatdan qo'llab-quvvatlashi lozim.
Yaxshi rahbar o'z nashrining rivojlanishi, ko'proq o'qilishi va xalq orasida nufuzga ega bo'lishi uchun jon kuydiradi.
Gazeta va jurnallarda, radio va televidenieda yoritilgan tanqidiy-tahliliy chiqishlarga e'tibor qaratilsa, jamiyatda qancha muammolar hal etiladi. Axir matbuot — jamiyat oynasi. Uni sindirish emas, undan foydalanish kerak. Ko'zguga qarab turish kerak.
Hamzabek TURDIYEV,
O'zbekiston Jurnalistlar
uyushmasi a'zosi.