Uychidagi uyatli manzaralar

O'tgan yili Uychini ishsizlikdan xoli tumanga aylantirish tajribasi haqida mamlakatdagi qator ommaviy axborot vositalarida chiqishlar bo'lgandi. Kamina ham 2024 yilning dekabr oyida viloyat hokimiyati tavsiyasi bilan shu mavzuda maqola tayyorlash maqsadida Uychi tumanida bo'lganman. Yangi ish o'rinlarini yaratish, kambag'allikni qisqartirish bo'yicha olingan ma'lumotlarni o'rganib, ijobiy maqola yozish fikrimdan qaytgandim.

Chunki tumandagi mas'ul rahbarlardan olingan ma'lumotlardagi raqamlar ishonchsiz va turli xil edi. Ochiq aytganda, taqdim etilgan raqamlardagi tafovutlardan qo'shib yozish hidi kelib turganday edi. Ustiga-ustak, o'sha kunlari tuman hududidagi asosiy ko'chalarda, hatto hokimiyatning yaqinida ham maishiy chiqindilar to'planib yotganining guvohi bo'lib, axlatlarniki vaqtida tashib ketishni tashkil eta olmagan tuman rahbarining faoliyati haqida ijobiy fikr aytishga ikkilangandim.

Bu muammoni ko'tarib chiqmaganimning yana bir sababi, o'sha kunlari qor yog'ib, sovuq ob-havo tufayli avtotransport vositalarini metan gaz bilan ta'minlashda ham cheklov bor edi. Chiqindi tashiydigan maxsus avtomashinalar uchun ham metan gaz tanqis bo'lgan bir paytda bu muammoni ko'tarib chiqishga istihola qilgandik. Chunki maxsus transport vositalari ham gaz tanqisligi sabab to'liq quvvat bilan ishlay olmayotgani ham bor gap edi-da.

Maqtov yozishga qo'lim bormaganining yana bir sababi, ma'naviyatga, gazetalarga, tahririyat vakillariga jiddiy munosabatda bo'lmaydigan, yolg'on gapirib, yolg'on va'dalar berib uyalmaydiganlar haqida yozishga g'ururim yo'l qo'ymagandi…

Buni qarangki, shu yilning 23 aprel kuni Namangan viloyat suv xo'jaligi boshqarmasi rahbarlari bilan uchrashib, sohada amalga oshirilayotgan ishlar xususida maqola tayyorlash maqsadida yana Uychi tumani hududidan o'tdim. Amir Temur nomli ko'chadan borayotganimizda hamrohimning “Uychi tumani ko'chalaridagi axlatlar vaqtida olib ketilmasligi sababli antisanitariya holati vujudga kelganligi haqida maqola yozsangiz yaxshi bo'lar edi”, degan iltimosidan kelib chiqib, yo'lning ikki yuzidagi xonadonlardan chiqqan yelim xaltalarga qoplab qo'yilgan axlatlar uyumlarini suratga oldim. Mahallalar vakillari bilan suhbatlashganimizda, axlatlarning olib ketilmasligiga ular ko'nikib qolishganini aytishdi. Chiqindilar haftalab yig'ilib qolgach, qo'lansa hid chiqa boshlagach, noilojlikdan shaxsiy avtomashina egalariga pul berib axlatdan qutulishayotganini bildirishdi.

Ayniqsa, tuman markazidagi Beruniy mahalla fuqarolar yig'inidagi axlatxona aholiga katta boshog'riq bo'lmoqda ekan. Oylar davomida yig'ilgan axlat uyumlarini tozalash haqida ularning tuman rahbarlariga qilgan murojaatlari e'tiborsiz qoldirilayotganligi ham tashvishli.

Ajab savdoni qarang. Namangan shahri va boshqa tumanlarda ko'cha yoqalari gulzorlarga aylantirilib, ko'zni quvontirayotgan, Namangan an'anaviy xalqaro gullar festivaliga qizg'in hozirlik ko'rayotgan bir pallada Uychidagi ayanchli manzaralar har qanday kishini ranjitishi tabiiy.

Pokizalik yo'q joyda baraka bo'ladimi? Kundan-kunga ko'chalaridan fayz yo'qolib borayotgan Uychining hokimi uchun bu hol uyat emasmi? Tuman hududini maishiy chiqindilardan tegishli korxonalar orqali tozalata bilmayotgan, bunga kuchi yetmayotgan, ehtimol, antisanitariya muhitiga “moslashib qolgan” tuman hokimi Shuhrat Musayev zimmasidagi ulkan vazifalarni qanday uddalay olayotgani xususida, to'g'risi, nima deyishga hayronmiz.

Uychida tuman obodonlashtirish tashkiloti yo'qmi? Boshqa tashkilotlar-chi? Ular bor bo'lsa, tuman markazida shu ahvolda bo'lgach, uning mahallalarida, qishloqlaridagi manzara qanaqa ekan?

Sanitariya-epidemiologiya, osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati (bir paytlar “SES”)ning tuman bo'limi Uychida nimani nazorat qilayapti? Axir bunday nopokizalik, Xudo ko'rsatmasin, ming xil kasalliklarni keltirib chiqarishi hech gap emas-ku.

Xullasi kalom, tumanda ozodalikka, sarishtalikka e'tibor yo'q. Bu yerda madaniyat, san'at, ta'lim, tibbiyot, iqtisod qay ahvolda? Bular haqida ham kelgusi kuzatuvlarimizda albatta to'xtalamiz.

Dilmurod QIRG'IZBOYEV,

“Hurriyat” muxbiri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one + two =