Alpomishning olim nevarasi

Olim va ijodkor do'stim Jabbor Eshonqulni qariyb o'ttiz besh yildan buyon bilaman. U ijod olamiga boshqalarni takrorlamagan intellektual she'rlari bilan kirib keldi. Adabiy nashrlarda chop etilgan lirik asarlari uning ijodiy istiqboli baland bo'lishidan darak berib turardi. She'rlari bilan ijod ahlining e'tiboriga tushdi, e'tirofini qozondi. Lekin xalq og'zaki ijodi degan bepoyon ummon bilan yaqindan tanishgach, u butun salohiyatini ana shu sarhadsiz ummon qa'ridagi duru javohirlar — folklor namunalarini tadqiq qilishga bag'ishladi.

Uning xalq ijodiyoti bilan tanishuvi ilmiy faoliyati bilangina bog'liq bo'lmay, aslida, bolalikdan boshlangan. Jabbor Eshonqul asli Qashqadaryoning Qamashi tumaniga qarashli tog'li Olma qishlog'idan, baxshilar yurtidan. U — o'zbekning qo'ng'irot urug'idan, Alpomish avlodidan. Shu bois dostonlaru termalar tinglab, qalbu shuuri Alpomish, Go'ro'g'li, Rustamxon kabi xalq qahramonlari ruhiyatiga oshno tutinib o'sdi. Kulsa dahanidan gul, yig'lasa ko'zidan dur to'kiladigan malaklar olami haqida so'ngsiz xayollar surdi. Tushlarida Boychiborni minib, qalmoqlar bilan poygada o'zdi, Alpomish bilan yelkama-elka turib, ultontozlarning dodini berdi. Gurjistondan Avazxonni, Vayangandan Hasanxonni olib kelishda Go'ro'g'liga hamrohlik qildi. Har bir so'zi maqolu matallar bilan ziynatlangan, suhbati hikmatga yo'g'rilgan donishmand bobolaru oqila momolar suhbatidan aqli o'tkirlashib, tili charxlanib, ruhi quvvatlanib voyaga yetdi. Shuning uchun men uning butun ilmiy-intellektual salohiyatini folklorga bag'ishlashida tabiiy qonuniyat ko'raman. Unda ijodiy va ilmiy tafakkur jam bo'lishining, zabardast folklorshunos sifatida nainki mamlakatimizda, turkiy dunyoda ham munosib e'tirof qozonishining asl ildizlari ham shundadir.

Jabbor Eshonqul — yetuk folklorshunos. “Folklor: obraz va talqin”, “Epik tafakkur tadriji” monografiyalari orqali u o'zbek folklorining janr xususiyatlari va takomil bosqichlarini teran tahlil etdi. Olimning ilmiy qarashlari folklor nazariyasi asoslariga doir mavjud qarashlarni boyitgani jihatidan qimmatlidir. “O'zbek folklorida tush va uning badiiy talqini”, “Mif va badiiy tafakkur” kabi monografiyalari o'zbek xalq og'zaki ijodiyoti jahon folklorshunosligi kontekstida tahlil etilgani bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Uning asarlarida folklor namunalari dunyo adabiyoti va adabiyotshunosligi, falsafa, tarix va etnografiya ilmlarining yutuqlari bilan sintez qilinadi. Muhim nazariy umumlashmalar chiqariladi. “Navro'z nashidasi” va “Navro'z qo'shiqlari” singari kitoblari milliy o'zligimiz timsoli Navro'zning xalqimiz kechmishida tutgan o'rni, o'ziga xos urf-udumlari, ona elning qo'shiqlarda ifodalangan dardu iztiroblari, orzu-armonlari tadqiq qilingani bilan ahamiyatli.

El egamenligining timsoli bo'lgan baxshilarga, baxshichilikka har doim ham keng yo'l berilavergan emas. Folklorshunoslik rivojiga salbiy ta'sir etgan ob'yektiv omillar, ba'zan esa loqaydligimiz natijasida elning ne-ne dostonlari ne-ne ulug' baxshilar bilan birga qaro yerga singib ketgani afsuslanarlidir. Baxshilarning so'nggi Alpi — Qodir baxshi aytgan biror dostonning to'liq audio yoki videoyozuviga ega emasligimiz odamni tashvishga soladi. Jabbor Eshonqul folklorshunos tadqiqotni faqat kabinet yoki kutubxonada o'tirib bajarishi mumkin emasligini, u el ichida bo'lishi, doston va termalarni baxshi tilidan yozib olishi zarurligini qalbdan his etgan, faoliyati davomida shunga izchil amal qilib kelayotgan sanoqli olimlardan. Birgina “Alpomish”ning Abdunazar baxshi Poyonov, Umir shoir Safarov va Mardonaqul baxshi Avliyoqul o'g'li variantlarini yozib olib nashr ettirgani ushbu doston haqidagi mavjud qarashlarni boyitgani jihatidan qimmatlidir. Chin baxshi bir dostonni o'n marta aytsa — o'n xil, yuz marta aytsa — yuz xil kuylaydi. Bir terma yoki dostonni baxshi har bir ijro etganda mazmunda qanday o'zgarishlar bo'ldi? Doston g'oyasida, badiiyatida ne evrilishlar kuzatildi? Keyingi variantlarida baxshi nimalarni qo'shdi? Nimalarni olib tashladi? Sababi ne? Endi shogirdlari bilan birga yana ko'p dostonlar va termalarning variantlarni yozib olish, har biridagi farqlarni tadqiq qilish borasida ham Jabbor Eshonqul yana ko'p salmoqli ishlar qilishiga shubha yo'q. Zero, bunday tadqiqotlar baxshining ijod laboratoriyasini to'laqonli o'rganish imkonini beradi.

— Baxshi kim? Ko'plab termalaru dostonlarni yod oluvchi, ularni kuylab, el ko'nglini ovlovchimi?

— Aslo unday emas. Chin baxshi birovlar degan so'zlarni takror etuvchi yodkash emasdir. U hamma qatori oddiy bir kishi bo'lmay, Tangrining nazari tushgan nazarkarda ODAM. Chin baxshining misoli biyik bir daryodir: qaynab ko'piradi, to'lqinlanib toshadi, tuyg'ulari qirg'oqlardan oshadi. Termani ham, dostonni ham o'sha lahzada, badihatan to'qib ketadi. Bamisoli tinglovchining ko'nglini o'qib ketadi. Chin baxshining misoli muazzam bir tog'dir: qo'shiq kuylar ekan, jisman va ruhan yuksalib boradi, haybatidan ot hurkadi. Doston tinglayotgan xaloyiq beixtiyor ser soladi: mabodo Alpomish shuning o'zi emasmikan, degan o'yga ham borib qoladi. Chin baxshi o'truk so'zlamaydi. So'zdan joh ko'zlamaydi. Haq so'zni rostlab aytadi. Do'mbiraning kuyiga moslab aytadi. “Baxshiyona”ni yozgan El shoiri Usmon Azim Elbek baxshi tilidan aytganiday:

 

Haq gap uchun har bir ishga ko'nadi el,

To'g'ri so'zdan ko'payadi, to'ladi el.

Dordan qo'rqib, yolg'on aytib turganim yo'q,

Shoirlari yolg'on aytsa, o'ladi el.

 

Fozil Yo'ldosh-u Ergash Jumanbulbul, Umir baxshi-yu Qodir baxshi, Shoberdi baxshi-yu Abdunazar baxshi. Abdurashid baxshi-yu, Qahhor baxshi, Bahrom baxshi… Tangriga shukrki, ular ko'p. Izma-iz yetishib kelayotgan yosh baxshilar ham talaygina. Jabbor akaday olimlar shogirdlarini baxshi ijod laboratoriyasini o'rganishga yo'naltirishi, follorshunosligimizning yangidan-yangi yo'nalishlarini rivojlantirishi shuning uchun ham muhimdir. Olimning faqat “Alpomish” variantlarinigina emas, “Murodxon”, “Rustamxon”, “Yakka Ahmad”, “Ernazarxon”, “Ravshan”, “Xon Dalli”, “Qunduz bilan Yulduz” kabi o'ttizdan ortiq dostonlarimizni jonli ijro holatida baxshilardan yozib olib, kitob holida nashr ettirgani unga bo'lgan ishonchimizni oshiradi.

Doston — el ko'nglining oynasi. Elning ori, nomusi bilan bog'liq toza va tiniq tuyg'ulari, qanotli orzulari, cho'ng armonlari aks etadigan oyna. Dostonni kitobdan o'qiganda bir zavq olsangiz, baxshidan tinglaganda, o'n zavq olasiz, mutolaa etganda qalbingiz o'n karra halovat topsa, baxshi tilidan eshitganda, yuz karra rohatlanadi. Baxshi shuning uchun ham el oriyatining ramzidir. Ko'ngillarning tog' qadar yuksalishi ham, zamin qadar cho'kishi ham uning termayu dostonlarida mukammal aks etishi bunga dalil. Aytib qo'yay, dunyoda millatu elatlar soni ko'p. Lekin Alpomishday, Go'ro'g'liday dostonlari bo'lgan millatu elatlar sanoqli. Shuning o'ziyoq millat uchun dostonning qadri qanchalik baland, uni o'rganayotgan folklorshunosning hurmati nechog'liq yuksak ekanini ko'rsatadi.

Jabbor Eshonqulning ilmiy ishlari xirmoni havas qilsa arzigulik. Olimning folklorshunoslik, adabiyotshunoslik masalalariga doir 200 dan ortiq ilmiy, uslubiy, ilmiy-ommabop ishlari, 5 ta monografiya, 4 ta darslik va o'quv qo'llanmalari, 50 ta kitob va folklor to'plamlari e'lon qilingan bo'lib, ular ilmiy yangiliklarga boyligi, tahliliy quvvati, sohaning muhim nazariy muammolari hal etilgani jihatidan ahamiyatlidir. Ilmiy maqola va kitoblari dunyoning Turkiya, Janubiy Koreya, Germaniya, Qozog'iston, Qirg'iziston, Hindiston va Germaniya kabi davlatlarida nashr etilgani uning xalqaro miqyosdagi mutaxassis ekani dalilidir. Ayni kezda olim “O'zbek xalq ijodi yodgorliklari” 100 jildligini tayyorlash va nashr etish loyihasini amalga oshirishda faol ishtirok etib kelayotir.

Olimning olimligi faqat tadqiqotlarining soni va salmog'i bilangina belgilanmaydi. O'zi aniqlagan ilmiy-nazariy yangiliklarni bugungi avlodga nechog'liq yetkaza olyapti? Fandagi yutuqlarni ta'lim tizimiga muvaffaqiyatli tatbiq eta bilyaptimi? Ana shu jihatlar ham olimning salohiyatini belgilashda alohida ahamiyatga ega. “O'zbekiston nomoddiy madaniy merosi”, “O'zbekiston nomoddiy madaniy merosi va folklor ijro san'ati”, “Folklorshunoslikka kirish”, “O'zbek folklori”, “Turkiy yozma yodgorliklar va folklor” singari darslik va o'quv qo'llanmalarning hammuallifi ekani Jabbor Eshonqulning bu borada ham muvaffaqiyatli ish olib borayotganini ko'rsatadi.

Jabbor Eshonqul xalqaro miqyosda e'tirofga sazovor bo'lgan olimlardan. Uni butun turkiy dunyoda yaxshi bilishadi, yetuk olim sifatida tan olishadi. Xususan, Turkiyada chop etilgan “Özbek Halk Edebiyati Bibliyografiyasi”, “Türk Dünyasinde Terim Ҫalişmalari”, Qirg'izistonning Bishkek shahrida nashr qilingan “Skazitelskoe iskusstvo Yevrazii” kabi kitoblarning hammuallifi ekani turkiy folklorshunoslik rivojiga munosib hissa qo'shayotgani isbotidir. Turkiyada amalga oshirilgan “Turkiy xalqlar dostonlarini Turkiya turkchasiga tarjima qilish va chop etish loyihasining O'zbekiston bo'yicha vakili sifatida “Xushkeldi”, “Balogardon”, “Malikai ayyor”, “Mashriqo”, “Oychinor”, “Rustamxon” kabi 10 ta dostonni turk va o'zbek tillarida chop ettirgani olimning bu boradagi ishlari ko'lami qanchalik katta ekanidan dalolat. Turkiyaning xalqaro ilmiy tashkiloti — Turk Til qurumining a'zosi etib saylangani olim mehnatlarining munosib e'tirofidir.

Olim mehnatining samarasi munosib izdoshlar — shogirdlar yetishtirishi bilan ham belgilanadi. Jabbor Eshonqul rahbarligida folklorshunoslik va adabiyotshunoslik ixtisosliklari bo'yicha 9 nafar fan nomzodi va PhD, 3 nafar fan doktori yetishib chiqqani uning ilmiy kadrlar tayyorlash borasida ham munosib yutuqlarga erishayotganini tasdiqlaydi.

Jabbor Eshonqul O'zbekiston FA O'zbek tili, adabiyoti va folklori instituti huzuridagi ilmiy darajalar beruvchi Ilmiy kengash raisi sifatida ham faoliyat ko'rsatib kel­yapti. U ilmiy tadqiqotlarga nisbatan xolis, halol va talabchan munosabati, saviyasizlikka murosasiz ekani bilan alohida ajralib turadi. Ana shu fazilatlar bois mazkur kengashda himoya qilinayotgan dissertatsiyalar saviyasi baland.

Mamlakatimizning turli hududlari va chet el safarlarida do'stimiz bilan birga bo'lganmiz. “Do'st safarda sinaladi” degan naqlga ko'ra, uning yaxshi yo'ldosh ekanini ta'kidlagim keldi. Gurunglari dilkash, so'zlaridan samimiyati va oqko'ngilligi yaqqol sezilib turadi. O'z qarashlarida sobit va shu bois har bir gapni ham ma'qullayvermaydi. Suhbatdoshining fikriga qo'shilmasa, o'z qarashlarini odob doirasida dalillar keltirib isbotlaydi. Biroq bu degani u risoladagidek bir xil qolipda yashaydi, degani emas. O'rinsiz fikrlarga qarshi ekanini qat'iyat bilan, dangal bildiradi. Zero, sabot va qat'iyat odamiylikning ziynati bo'lgani kabi olimlikning ham muhim fazilatidir. Bu fazilat Jabbor Eshonqulning rahbarlik faoliyatida ham salmoqli yutuqlarga erishuvi omili bo'ldi. Ayni kezda u O'zbekiston FA Alisher Navoiy nomidagi davlat adabiyot muzeyi direktori sifatida ushbu ilmiy dargoh nufuzini yuksaltirishda katta ishlarni amalga oshiryapti. Muzeyning boshqa tashkilotlar egalik qilib olgan xonalarini qaytarish, nashr etilmay qo'ygan “Adabiy meros” jurnali faoliyatini qayta tiklash, muassasaning ilmiy salohiyatini oshirish bo'yicha amalga oshirgan va amalga oshirayotgan ishlari uning rahbarlik iqtidori baland ekanidan.

Olimlar, odatda, ikki xil bo'ladi. Birinchisi, ilmda katta yutuqlarga erishish barobarida jamiyat hayotida ham faol ishtirok etadi. Ikkinchisi, atrof-olam bilan mutlaqo qiziqmaydi, faqat o'z ilmiy tadqiqotlari bilan band bo'ladi. Har ikki toifadagi olimlarning ham bo'lishi tabiiy. Lekin birinchi toifa Vatan va Millat uchun ko'proq manfaat keltirishi aniq. Mustaqillik va Navro'z bayrami konsepsiyasini tayyorlash bo'yicha ishchi guruh faoliyatida Jabbor Eshonqul bilan ko'p bor birga ishtirok etganmiz. Ana shu jarayonda uning xalq ijodiyoti bilan bir qatorda elning ruhiyatini, urf-udumlari-yu qadriyatlarini, dostonlari-yu qo'shiqlarini, maqollari-yu matallarini nechog'liq chuqur bilishi, bugungi islohotlar yutug'ini ta'minlashda ulardan qay biri muhimdan ham muhim ekanini ajrata olish salohiyati namoyon bo'lganiga guvohman. Ilmda ilg'or, jamiyat hayotida faol ana shunday olimlarga ehtiyoj bugungi kunda har qachongidan ham kattaroqdir.

Buyuk mutafakkir bobolarimiz inson izzati va sharafining manbai ilm-ma'rifat ekanini alohida ta'kidlagan. No'shi bir bo'lsa — nishi ming, rohati bir bo'lsa — tashvishi ming ilm yo'lining sobit yo'lchisi bo'lish oson emasligi ayon. Shu kunlarda olim hayotining navqiron pallasi — oltmish yoshni qarshilayotgan do'stimiz Jabbor Eshonqulga ana shu yo'l oydin va munavvar bo'lishini, yuz bilan yuzlashib, ilmda yana ko'p salmoqli yutuqlarga erishmoq saodatini tilaymiz.

Nurboy JABBOROV,

filologiya fanlari doktori,

professor

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 − 4 =