Bahor keldi, azizim!

Tog'lar boshiga boqdim, oppoq-oppoq orzular,
Osmonga qaragandim, moviy-moviy tuyg'ular,
Soylarda baxt tovushi — qiqir-qiqir kulgular,
Bahor keldi, azizim,
Bahor keldi, azizim!
Baxtim kulib mening ham bir juft qora ko'z topdim,
Qaro ko'zlar qa'ridan oydin-oydin so'z topdim,
Gahi kimxob topdim man, gahi parcha bo'z topdim,
Bahor keldi, azizim,
Bahor keldi, azizim!
Tomirlarda gupurib alvon-alvon gul oqdi,
Oy oydin yuzdan boqdi, kun kunday ko'zdan boqdi,
Bug'doyzor adirlarim yam-yashil gulxan yoqdi,
Bahor keldi, azizim,
Bahor keldi, azizim!
Onajon, sumalakdek rizqu ro'z — tansiq so'zing,
Otajon, boboquyosh taftidek issiq so'zing,
Ko'nglim, olamni tutsin gullarga oshiq so'zing,
Bahor keldi, azizim,
Bahor keldi, azizim!
Uyg'onish ayyomidan tan ichra jon ham yangi,
Muhabbat va sadoqat, his-hayajon ham yangi,
Borliq-tabiat yangi, ko'hna jahon ham yangi,
Bahor keldi, azizim,
Bahor keldi, azizim!
G'ayrat MAJID