Qo'lingiz dard ko'rmasin!

Oyim vaqtli turib, ko'cha eshigini ochishga chog'lanadi. Daraxtlar tagini supurishga tushadi. Yerning yuzini “ochgan”ning baxti ochiladi deb bot-bot ta'kidlaydi. Opam bog'chada tarbiyalanayotgan kezlari qo'liga supurgi tutqazib, farishtalar ham pokizalikni xush ko'radi, deya hovli qanday supurilishini o'rgatgandi.
Onamning supurgisi qanday tayyorlanishi to'g'risida yozishni niyat qilgandim.
Uchbo'lak mahallasi Xo'qandi latifga yondosh — O'zbekiston tumani tarkibiga kiruvchi mahallalardan biri. Chor-atrofdan Sho'rqishloq, Oqmachit qishloqlari bilan o'ralgan. Aholisi 1630 nafarni tashkil etib, asosan, supurgi tayyorlash, dehqonchilik, chorvachilik bilan shug'ullanadi, ro'zg'orini tebratadi. Mavjud 343 ta xonadonning tomorqa maydoni 22 gektardan ziyodni tashkil etadi.
Supurgi tayyorlaydigan insonlarda sira tinim bo'lmaydi. Dastlab o'simlikni yetishtirish uchun ko'klamda yer hozirlanadi, ishlov beriladi. Urug'likka olib qo'yilgan supurgi donlari tuproqning harorati 12-15 daraja atrofida bo'lganda ekiladi. Vaqti-vaqti bilan sug'orib turiladi. Unib chiqib, bo'yi 5-10 santimetrga yetganida, saralanadi. G'uj-g'uj bo'lib o'sib chiqqaniga andarmon bo'lib, yaxlitlamasangiz, kuzak mahali “pichoqqa ilingulik jon” topolmaysiz. Nimjon, qilday enli hosilni xaridor suymaydi. Bozorda sifatli, yaxshi yetilgan barvasta supurgiga talab katta!
Jazirama kunlarda ekinni tez-tez sug'orib turish foydadan xoli bo'lmaydi. Quruqshab qolgan, yerga tashlasang buruqsib ketadigan, chang-to'zon ko'tariladigan supurgidan yomoni yo'q. Allergik kasalliklarning ashaddiy qo'zg'ovchisi ham shu-da!
Yozdami, qahratondami, mahalladagilar supurgi tayyorlash bilan ovora. Uni po'stlog'idan ajratish, donini sidirib olish, bog'lash bir kishi bilan bitadigan ish emas. Ko'pchilikning ishtiroki bilan chetga eksport qilinajak mahsulotning tayyor bo'lishi jadallashadi.
Albatta, o'rtada vositachilar ham bor. Ular sizdan tayyor supurgini sotib oladi va chet elga jo'natadi. Topiladigan daromad yetishtiruvchi uchun ham, sotib oluvchilar uchun ham chakkimas. Shu boisdan ham mahallamizni “o'ziga to'q” deya ta'riflashadi.
O'roqda yo'q, mashoqda yo'q, xirmonda hozir, deganlaridek, Toshkentda supurgifurushlarning bozori chaqqon ekan.
Har to'kisda bir ayb, deganlaridek, uni ekin sifatida yetishtiruvchi, mahsulot darajasiga olib chiqqunga qadar ter to'kuvchilarning sihat-salomatligi borasida ijobiy fikr bildirish qiyin. Kundek ravshanki, tayyorlash jarayoni murakkabroq kechadi. Daromad oldida sog'liq ikkinchi darajali bo'lib qoladi. Undan chiqayotgan chang nafas yo'llari, o'pka xastaliklariga sababchi bo'lishi mumkin. Allergik kasalliklarni-ku aytmasa ham bo'laveradi. Qichishish, qizarish, teriga toshmalar toshishi shular jumlasidan.
Mahallada yashayotgan yosh-u qari shunisiga ham shukur, deyishadi. Ishi, yumushi bor, daromadi bor. Shu kunlarda urug' ekish mavsumi boshlanib qetdi. Onamning mehnat qilib tolmagan qo'llari dard ko'rmasin!
Ulug'bek ShAROBIDDINOV,
O'zJOKU 1-kurs talabasi.