Onam allalari
Ona… Naqadar jozib, naqadar fusunkor nom. Ona — cheksiz mehr, mustahkam iroda va sabr sohibasi. Hech bir insonning onadan ortiq yaqin do'sti bo'lmasa kerak. Ilk qadam tashlaganda ham, hayot yo'lini tanlashda katta qadamlar tashlaganingda ham hammadan ko'proq u quvonadi. Bir mushkulot topsang, yoningda hamdard, to'g'ri yo'ldan qoqilsang, tirgak ham u.
Ona — hayot beshigi. U borki, avlodlar shajarasi davom etadi. Mening birinchi ustozim — onam. Chunki u orqali dunyoni anglaymiz, so'zlashni o'rganamiz, yaxshiyu yomonni taniymiz. “Odamning qalbida qanday olijanob tuyg'ular mavjud bo'lsa, ularning barchasi, avvalo, ona tufaylidir”, deydilar.
Men ana shunday ilmli, zukko bir ayolga farzand bo'lganimdan baxtliman. Bugun adiba Ma'mura Zohidova degan nomni ko'pchilik yaxshi biladi. U ko'plab shogirdlarga ustoz. Biz farzandlari uchun dunyodagi eng mehribon ona.
Juda yaxshi eslayman. 7-8 yoshimda onam maktabda dars bergan paytlar edi. Onamning jigarrang muqovali gazeta-albomlarini tomosha qilishni juda yaxshi ko'rardim. Albom sahifalariga onamning o'quvchilik, talabalik yillarida bosilgan turli she'rlari gazetalardan qirqib olib yopishtirilgan edi. “Bobodehqonga” she'rini yod qilib yuborgan edim:
Bobodehqon, aylanayin dildoshingga,
Ming bir ta'zim zahmatingga,
bardoshingga,
Shuncha mehnat ko'p emasmi bir boshingga?
Qo'lingdan rizq yeydi asli jami bashar,
Chayir yelkang Vatan tutib ketmon yashar.
Onamga taqlid bilan, havas bilan she'r daftar tutardim men ham. Esimni tanib bordim, kasb to'g'risida orzular qildim. Adabiyotga mehr berdim. Ona farzandiga ham ko'zgu, ham namuna bo'lar ekan!
Onamni ilmlar xazinasi desam bo'ladi. Odamlar onam va u yozgan asarlar haqida fikr aytishsa, ba'zan: “O'zim shu oilada tug'ilganim rostmikin?” deb qolaman. Uning tinimsiz harakatiga, jismoniy va ruhiy quvvatiga havasim keladi. Qay ishni tutsalar, o'ngidan kelishiga lol bo'laman. Go'zal satrlar yozadilar, betakror nasriy asarlari bor. Ko'pincha bu asarlarning birinchi o'quvchisi o'zim bo'laman. “Boychechak”, “Sadoqat”, “Manglaydagi yoziq” — hayot haqiqatidan bunyod bo'lgan asarlar. Yana boshqalar bilmagan bitta narsani bilaman: onam qissalarni yozayotganda ko'p yig'laydilar.
Yozganlarini o'qisam, xotiralarim uyg'onadi, yaqinlarimizni, katta bo'lgan ko'chalarimizni ko'rgandek bo'laman.
Bolalikda ona allasi bilan ulg'ayadi o'zbek bolasi. Onam bir necha xil alla bilardilar. Bir ukam va bir singlim bor. Akam ikkimiz: “Ukamga alla aytmaysizmi, uxlamayapti”, deb so'rar edik. Aslida, onamning allasini o'zimiz eshitgimiz kelardi. Kulmang, hatto voyaga yetgan kap-katta qiz bo'lsam-da, bugun ham ba'zan alla eshitgim keladi, aytib berishlarini so'rayman. Negadir endi tortinadilar, kulib qo'yadilar.
Yana har kecha ertak so'rardik. Har kuni yangi ertak aytardilar. Onam aytgan ertaklar yaxshilik bilan tugardi. Bilmas ekanman, onam ko'p ertaklarni o'zlari to'qir ekanlar. Chunki charchab qolib, “Qolganini ertaga aytib beraman”, deganlaridan keyin ertasiga qahramonlarning otini o'zlari unutib qo'yardilar. Bunga ancha katta bo'lganimda aqlim yetdi. O'sha ertaklar yozilganidami…
Ona farzandining shodligi, quvonchi uchun har ishga tayyor ekan. Sabr-toqatda bardam, irodasi mustahkam. Ayol — Yaratganning mo''jizasi!
Shaharga ko'chib kelgan yillarimizda biroz qiynalib kun o'tkazar edik. Ijara, yashash uchun xarajatlardan tashqari, biz to'rt bolaning istaklari bir jahon emasmi? Onam davlat ishidan tashqari oshxonada kechki vaqtlarda idish yuvib pul topib kelar edilar. O'sha payt unchalik e'tibor bermagandirman, muzlagan, uvushib qolgan qo'llar biz uchun mehnat qilganini. Keyinroq matbuotda chop etilgan, “Istanbul kafesi” hikoyalarida ham shu voqealarni yozgan edilar.
Yaxshiliklarimiz, mehrimizning eng avvali onamizga bo'lishi kerak. Har dam duolarini olishga mushtoqman. Axir uchta so'zsiz qabul bo'ladigan duolardan biri ota-ona duosi ekan-ku.
O'tgan yili Prezidentimizning Farmoniga binoan II darajali “Sog'lom avlod uchun” ordeni bilan taqdirlandi. Bundan men onamdan ham ko'proq sevindim.
Onam — men uchun bir jahon, dardimga malham, yopilmaydigan eshigim. Adib yozganidek: “Hamma o'zi uchun yashar ekan, faqat onagina bolalarim deb o'tar ekan”. Mehribon qo'llaringizni yuzimga surtayin, Onajonim!
Gulnora ShERMATOVA