VATANNI KIM ASRAYDI?

Abdumalik bilan Hulkaroy ayvonchada yog'och g'ishtdan uycha yasab o'tirishar edi. Mashinasini ipidan tortib yurgan Farhod yog'och uychani ataylab turtib o'tdi. G'ishtlar zarbdan birin-ketin yerga sochildi.
— Bu nima qilganing, Farhod? Bu bizning uyimiz. Sen uni buzib o'tding, – dedi Abdumalik.
— Unday bo'lsa, yo'lda o'ynama! – dedi Farhod.
Bolalar yasagan uychasining atrofini baland devor bilan o'radi.
— Mana endi uyimizni himoyaladik. Uni hech kim buzib o'tolmaydi, – dedi Hulkaroy.
Kichkina Abdumalik opasining ko'ziga qarab turdi-da, “himoya degani nima o'zi?” degancha savolga tutdi.
— Bu qo'riqlash, asrash, avaylash degani.
— Qo'riqlash nima uchun kerak?
— Uni begonalardan asrash uchun. Masalan, sovuqda egnimizga qalin kiyim kiyib, tanimizni sovuqdan asraymiz. Yashab turgan uyimizni qo'rg'ondevor solib, xavf-xatardan himoyalaymiz. Vatanimizni esa askarlar qo'riqlab asraydi, – dedi Hulkaroy. — Akamga o'xshagan askarlar.
— Eh-he, shuncha katta yerlarni himoya qilishadimi?
— Ha! Askarlar kun-u tun charchamasdan chegaralarni qo'riqlaydi. Uning har bir qarich tuprog'ini begonalardan, yomonlardan asraydi. Akam shunday deganlar.
— Katta bo'lsangiz, siz ham askar bo'lasizmi?
— Men askarning opasi bo'laman. Chunki Vatanni o'g'il bolalar himoya qiladi, – dedi Hulkaroy.
Abdumalik biroz o'ylanib turdi-da: “Sizni, uyimizni, Vatanimizni o'zim himoya qilaman!” – dedi.
Dilnoza ShUHRATOVA,
Toshkent shahar Yunusobod tumanidagi
274-maktab o'quvchisi.