Jurnalist bisotidagi javohir

Ikkinchi jahon urushida qozonilgan G'alabaning 80 yilligi oldidan Samarqand jurnalistikasi otaxonlaridan biri Obloqul Usmonqulov bundan 61 yil avval olingan suratlarni bizga taqdim etdi.

Shoahmad ota “Lenin yo'li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasi muxbiri Obloqul Usmonqulov bilan birga.

Suratlar orasida 1964 yilda olingan, tarixiy shaxs va milliy qahramonlarimizdan biri — Shoahmad Shomahmudov siymosi o'rin olgan tarixiy fotosurat diqqatimizni tortdi.

— Bu surat G'alabaning 20 yilligi arafasida Samarqand shahridagi “Zarafshon” mehmonxonasida tushirilgan, — dedi O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist Obloqul Usmonqulov. — Bayram munosabati bilan Samarqand shahri va viloyat bo'ylab urush davrida 16 nafar yetim bolaning boshini silab, har birini oq yuvib, oq taragan, bolajon va mehribon xalqimizning timsoliga aylangan Shoahmad Shomahmudov bilan o'tkazilgan uchrashuv unutilmas va hayajonli lahzalarga boy bo'lgan edi.

Shoahmad ota bilan soy ustida suhbat.

“Lenin yo'li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasi tahririyatidagi uchrashuv, ayniqsa, esda qolarli bo'lgan.

Siz suratda ko'rib turgan tahririyat xodimlari (yuqorida chapdan) Ahmadjon Muxtorov, Malikjon Navro'zov, Sur'at Oripov, Zayni Bahriyev, Obloqul Usmonqulov, Hojiqurbon Hamidov, Isroil Mirzayev, Normurod Narzullayev, Qayum Qodirov, Mannop Najmiddinov, (pastda chapdan) Vasiliy Pushkarev, Shoahmad Shomuhammedov ishtirokidagi bu uchrashuvda Shoahmad aka o'tmishi, farzandlarining kamolga yetib, o'z o'rnini topayotganini maroq bilan so'zlab bergan edi.

Shoahmad ota bilan “Lenin yo'li” (hozirgi “Zarafshon”) gazetasi tahririyatida uchrashuv.

Shoahmad Shomahmudov va u kishining yostiqdoshi Bahri opa Akramovaning Ikkinchi jahon urushi davridagi qahramonligi tillarda doston bo'ldi. O'sha uchrashuvda bu ikki jannati insonning xayrli ishini davom ettirgan kattaqo'rg'onlik Hamid Samadov ham qatnashgan edi.

Shundan buyon oradan qancha vaqt o'tmasin, Shoahmad Shomahmudov, Hamid Samadovlarning qahramonliklari bugun ham odamlar yodida. Ularning vatanparvarlik fazilatlari haqida hikoya qiluvchi badiiy asar, kinofilmlar yaratildi. Rahmat Fayziyning “Hazrati inson” romani hamda “Sen yetim emassan” filmi bu haqdagi tasavvur va tushunchalarimizni kengaytiradi.

Quvondiq XALILOV,

“Samarqand” gazetasi muxbiri.

O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist G'ulom Aliyev

olgan suratlar.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

five × 4 =