Hamzaning “sirli” o'limi

Peshonamdagi kichik chandiq yoshlikdagi “Hamza o'yini”ning asorati. Biz mahalla bolalari bir-birimizga tosh otib o'ynashni shunday atardik. Bir gal qo'shnimizning mendan ikki yosh katta o'g'lini to'g'ri mo'ljalga olganim evaziga qaytgan toshdan hushimni yo'qotayozgandim…

O'qituvchilarimizdan saboq olganimiz, kitoblardan o'qiganimizga ko'ra, shoir, yozuvchi, dramaturg Hamza Hakimzoda Niyoziy xurofot dushmani bo'lib, uning sirli o'limi haqida miyamizga muhrlangani, qulog'imizga qo'rg'oshindek quyilgani shu edi: Hamza Hakimzoda Niyoziy bir guruh shayx va mullalar tomonidan toshbo'ron qilib o'ldirilgan. Sud materiallarida, kitoblarda, ommaviy axborot vositalarida yozilgan, olimlaru noshirlar, hatto oddiy odamlar tilida ham shu so'zlar bo'lgandan keyin nima ham deyish mumkin? Shu “rost”larga ishondik. Kim o'ylab topganini bilmadim-u, bolalarga xos tosh otib urishishni ham “hamza o'yini” deb bilardik.

Toshkent davlat universiteti (hozirgi O'zMU)ning jurnalistika fakultetida o'qib yurgan yillarim kurs ishidan birini “Hamza Hakimzoda Niyoziy publitsistikasi” bo'yicha yoqlagandim. Mavzuga chuqurroq yondashish maqsadida uning hayoti va ijodi bilan bog'liq kitoblarni yetarlicha titkilaganman. Kurs ishimda uning toshbo'ron qilib o'ldirilgani haqida hech narsa yozmagan bo'lsam-da, bu fojianing butun bo'yu basti o'sha yoshlik chog'imdagi tasavvurlarim bilan qolgandi.

1991 yilda hamkasbimiz, iqtidorli shoira Mavluda Avazovaning enasi (buvisi) Fotima momoning “ertagi”dan xabardor bo'lganimdan so'ng Hamzaning sirli o'limi bilan bog'liq tafsilotlar bo'yicha tasavvurimda ikkilanish paydo bo'ldi. O'shanda “Shonli mehnat” (hozirgi “Vodil yog'dusi”) gazetasi tahririyatida mas'ul kotib bo'lib ishlardim. Bir kuni bo'lim mudiri Mavluda Avazova qo'limga “Ko'ngil xijili” sarlavhali maqolani tutqazib, “Redaktorga ko'rsating-chi, nima derkinlar?” (chop etishga ruxsat berarmikin demoqchi) dedi iymanibgina. Maqola “ichki senzura”dan o'tmadi. Buning sababi haqida fikr yuritmoqchi emasman. O'sha “o'tmagan” maqola Mavluda opaning roziligi bilan menda qolgandi.

Ko'pchilik hamkasblarim qatori eski gazetalar, qiyqimlar, chop etilgan-etilmagan maqolalar qo'lyozmasini saqlash odatim bor. Uyda qolgan kunlarimiz ularni saraladim. “Ko'ngil xijili” o'shalar ichidan chiqib qoldi. Sarg'ayib ketgan qog'ozlarga ko'z yugurtiraman:

“O'zimni shoira deb atay boshlagan kundan har bir qalam ahli haqidagi gap-so'zlar e'tiborimda. Hamza Hakimzoda haqidagi har xil gaplar meni o'ylashga, o'ylab fikr yuritishga undaydi. Uni dinsizlikda ayblashar, xotin-qizlarga munosabatidagi tuhmatlar… To'g'ri, Hamza xurofot dushmani edi. U Haq, haqiqat kuychisi edi. Ammo…

Buvim Fotimaxon Ismoil hoji qizi Hamzaning o'limi haqida go'yo ertak aytadi: “Otam mulla Ismoil hoji vafotidan so'ng Qo'shoq akam, Zulayho opam, biz Fotima-Zuhralar onam Oliya muallim qaramog'ida qoldik. 15-16 yoshli opamni vodillik qarindoshimiz Inoyat maxsumga unashtirishdi. To'y ustida qo'rboshilar onamni kaltaklab, opamni olib ketishdi. Asqar qo'rboshi shohimardonlik edi. U opamni xotini ustiga nikohlab oldi. Insofi joyida ekanmi, har qalay, to'y berdi. Onam bizni ergashtirib, tez-tez Shohimardonga borar, opamnikida uch-to'rt kunlab qolib ketardik. Chunki qo'rboshi uyda kam bo'lardi. O'sha paytda biz 11-12 yoshlarda edik. Asqar qo'rboshining oldingi xotinidan bo'lgan qizi Adolat 6 yoshda edi. Olamdan o'tganiga ancha bo'ldi. Uning onasi juda kasalmand edi.

Bahor payti. Hammamiz oftob issig'ida toblanib choy ichib o'tirgan edik.

Choyxonaga choyxo'rlik uchun chiqib ketgan Zulayho opamning qaynag'asi Akbar aka hovliqib kirdi-da, “Hamzani olib kelishyapti”, dedi. Gur etib o'rnimizdan turdik. Men, Zuhra, Adolat ko'chaga chiqdik. Qolganlar tomga chiqishdi. Hamzani to'rt kishi oldiga solib olib kelardi. Uning ustida chervon beqasam to'n, yelkasida uzun nayli chilim. Uni olib ketishayotganda onam uzoq tikilib qoldilar. Bo'shashibgina tomdan tushdi. Akbar aka yer chopish maqsadida qo'liga ketmon ushladi. Ammo xayoli Hamzada ekanligi bilinib turardi. Yarim soatcha vaqt o'tdi. Kichik inilari Madolim aka shoshilib hovliga kirdi. Ular o'rtasida shunday suhbat bo'lib o'tdi:

— Aka, ketmoningizni berib turing!

— Nima qilasan?!

— Hamzani otishibdi-da, bizga ko'mib kelasan, deyishdi. Ko'tarib olib keldik.

— Sendan boshqa odam yo'qmidi ko'targani?!

— “Mozortagi”da bizdan boshqa hech kim yo'q edi-da…

— Sheriging kim?

— Yusuf akam…

— Qanaqa qilib o'ldirishdi?

— Tepalikka olib chiqib, to'rtalasi baravar o'q otishdi, o'shatdan yumalab tushdi…

Biz hammamiz ko'chaga otildik. Darvoza tagida novdadan yasalgan zambilda Hamzaning jasadini yerga qaratib yotqizishgandi. Ustiga choponini yopib qo'yishibdi. Ikkala oyog'i zambil sopiga bog'langan, chorsisini zambilning old soplariga bog'lashib, boshini osiltirib qo'yishibdi. Tanasidan qon oqib turardi. Madolim va Yusuf akalar zambilni opam tushgan uydan yuqoriroqda joylashgan qabristonga olib ketishdi. Zambil turgan joyda anchagina qon oqib qolgan edi. Zuhra ikkalamiz kul olib chiqdik. Akbar aka qonga kul sepib qirdi, biz supurdik.

Akbar aka Hamzani choyxonada qanday tutishgani haqida gapirar, onam o'zini tutolmay yig'lardi. Sho'rlik onam shoirlarni juda hurmat qilardi. U kishi yig'lab turib Akbar akaga: “Aka, qabristonga chiqing, bolalar ko'rishmasin”, dedilar.

Akbar aka ikki qumg'on suv olib qabristonga ketdi.

Ular qabristondan qaytishgach, qon-qushini yuvib, o'zining eski choponiga o'rab, bir ochiq go'rga ko'mishganini aytishganida, onam yana yig'lab yubordilar. Onam shoirning yoshini so'ragan edilar, ular: “Qirqdan oshgan ekan”, deb javob berishdi. Hamma o'z ish-ishiga tarqadi. Oliya muallimning o'zi  ham she'rlar yozardi. Marsiya aytib yig'lay boshladi:

 

Choyxonaning eshigini

Ocholmagan Hamzaxon.

Qon icharlar kelganda,

Qocholmagan Hamzaxon.

Ko'chalarda bo'z tuproqni

Kechib o'tgan Hamzaxon.

Onasiga sho'r tuproqni

Sochib ketgan Hamzaxon.

Uzun-uzun arg'amchi,

Yerga yotsin debmanmi?

Esizgina Hamzaxon

Go'rda yotsin debmanmi?

 

Biz egizaklar onamning nolasini o'rganib olgandik. Tomga chiqib olib, Hamzaxonning onasi, xotini, singlisi bo'lib “bolam”lab, “begim”lab, “inim”lab yig'i solsak, onam tomga chiqardilar-da: “Qizi tushmagurlar, u kishi haqida qo'shiqlar aytish kerak, u kishining ruhi qo'shiq, she'r bilan shod bo'ladi”, deb o'zlari qo'shiq aytardilar:

 

Choyxonaning eshigini

Ocholmagan Hamzaxon.

Yog'iylari kelganda

Qocholmagan Hamzaxon…”

 

Yuqorida yozganlarim bilan bahs-munozaraga chorlashdan yiroqman. Ammo “Ko'ngil xijili”ni o'qib ko'nglim xijil bo'lib qoldi. Hamza Hakimzoda Niyoziy bobomiz o'limi haqidagi “qaro go'rga ko'milgan” haqiqatga, voqeani hikoya qiluvchilarga ishondim. Yana Alloh bilguvchidir.

Rustam ORIPOV,

“Farg'ona haqiqati” gazetasi

 bosh muharriri.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

15 + twenty =