Chin inson fazilati

yoki bukilmagan temir iroda
…30 yil avval yanvarning ilk kunlarida qahratonning sovug'idan ham sovuq xabar tarqalgandi. Bu butun umri, aqli-zakovatini xalqimiz farovonligiga sarflagan ulug' inson Mirzamahmud Musaxonovning hayoti 83 yoshida nihoya topganligi to'g'risida xabar edi. O'sha kunda atoqli davlat arbobi Sharof Rashidovning eng yaqin safdoshlaridan biri, uzoq yillar davomidagi yaxshi-yomon kunlarda sinalgan sadoqatli do'sti, iymonli, pokiza, bukilmas iroda egasini bilgan odamlar chuqur qayg'uga botgan edilar.
Mustaqillikka erishgunimizcha xalqimiz, millatimiz boshiga og'ir azoblar, quruq tuhmatlar tushdi. Avval “paxta ishi”, so'ngra haqoratomuz “o'zbeklar ishi” nomini olgan ommaviy qatag'onda minglab vatandoshlarimiz, ularning oilalari, farzandlari salkam besh yil davom etgan zo'ravonliklarga, qamoq azoblariga uchragan edilar. Aybsiz jazolanganlardan biri Mirzamahmud Musaxonov bo'lgan. U o'sha qattollik iskanjasida ham jismonan, ham ruhan ezilgan holatda bo'lsa-da, nohaqlik, adolatsizlik oldida ruhan sinmagan jasur inson edi.
Ulug' insonlarning matonatli hayoti va samarali serqirra faoliyatini o'rganish, ularga xos ajoyib fazilatlarni qayd qilish an'analarimizga ko'ra ham qarz, ham farz. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning o'tgan avlodlarimizni, tariximizda chuqur iz qoldirgan buyuk shaxslarni doimo e'tirof etish, ulardan ibrat olish lozimligi haqidagi fikrlari alohida ahamiyat kasb etadi. Davlatimiz rahbari shijoati bilan millatimiz manfaatlari yo'lida jonini fido qilgan ko'plab xalqimizning asl farzandlari nomi tiklandi, ularga qo'yilgan asossiz ayblar bekor qilindi. Tarixiy adolat tiklanishi davom etmoqda.
M.Musaxonovning og'ir, murakkab, musibatli, lekin ibratli hayot yo'li haqida ko'plab ma'lumot va xotiralar saqlanib qolgan.
Uning umri oxirida o'z qo'li bilan yozgan xotiralarini o'qish nihoyatda hayajonli. Yaqin o'tmishimiz shunchalik ochiq, asl ko'rinishida tasvirlanganki, bu satrlarni o'qib, kishi hayratda qoladi. Ayrim lavhalar chuqur xayollarga olib ketadi. Hayot naqadar ziddiyatlarga to'la ekanligini ko'rsatib, bu dunyo qarama-qarshiliklardan iborat ekanligi haqidagi tasavvurimizni kengaytiradi. Ayniqsa, og'ir bolalik yillari, qiyinchiliklarga to'la yarim yetimlikda o'tgan yoshligi haqidagi hikoyalar esda qoladi.
Aksariyat hamkasblar, do'stlar bu kamtar, samimiy munosabatlarni yoqtiruvchi, har qanday rasmiyatchiliklardan uzoq bo'lgan bu rahbarni, asosan, “Mirza aka” deb chaqirishardi. U ham boshqalarga murojaat qilganida, yoshidan qat'i nazar, “aka” so'zini qo'shib aytardi, bu so'z shunday samimiyat bilan talaffuz qilinardiki, uni eshitgan suhbatdosh o'ziga bo'lgan insoniy qadrni his qilardi.
Mirza aka Farg'ona viloyatining Toshloq tumanida 1912 yil 22 oktyabrda oddiy mehnatkash va kamsuqum oilada tug'ilgan. O'smirlik paytlarida Toshkentdagi jadidlar ochgan maktabda bo'lajak xalq shoiri G'afur G'ulom unga dars bergan. “Sen yetim emassan” she'ridagi “Men yetim o'tganman, Oh, u yetimlik… Voy, bechora jonim, Desam arziydi. Boshimni silashga Bir mehribon qo'l, Bir og'iz shirin so'z Nondek arzanda. Men odam edim-ku, Inson farzandi…” kabi misralarni o'ziga yo'ygan holda, xayollarga, og'ir xotiralarga berilib, eslardi.
U 15 yoshida jadidchilik harakatining yorqin namoyandasi Munavvarqori tomonidan ochilgan “Hayot” maktab-internatining 4-sinfini tugatgan. Eslashicha: “Endi bu yog'i nima, qanaqa bo'lishi haqida menga maslahat beradigan kishi bo'lmagan. O'zimcha bolaligimda kam ko'rishadigan otamning (u doimo davlat ishlari bilan band bo'lib, viloyatma-viloyat turli mas'uliyatli vazifalarni bajarib yurgan) ko'p marotaba aytgan: “Yaxshi o'qib, injener bo'lgin, ruschani bilib, Moskvada o'qishing kerak”, degan gaplari esimda bo'lib, Toshkentning markaziy parki ro'parasida joylashgan yetti sinfli rus maktabining uchinchi sinfiga o'qishga kirdim. Besh yil o'qib, uni yaxshi tamomladim va yozda SAGU (O'rta Osiyo universiteti)ning uch oylik tayyorlov kursini ham yuqori baholar bilan tugatdim. U paytlarda institutlarga talabalar yetishmasdi, meni bir vaqtda ham fizika-matematika, ham meditsina fakultetiga nomzod student sifatida yozib qo'yishdi, hali alohida tibbiyot instituti yo'q edi. Lekin mening rejam, orzuim, otam aytganidek, injener bo'lish, Moskvada o'qish edi”.
Yo'qchilik va qiyinchiliklarni yengib, bir amallab Moskvaga yetib olgan Mirzamahmud To'qimachilik institutiga kirgan. Studentlik davri haqida yozilgan satrlarni o'qiymiz: “Omadim kelib, bu oliy dargohga o'qishga qabul qilindim. Xursandchiligimning cheki yo'q edi — oxiri, intilishlarim natijali bo'ldi, dadam va o'zimning orzuim amalga oshdi — men Moskvada o'qiy boshladim. Oldiniga o'zim tengi kursdoshlarim qatorida bilimlarimiz yetarli bo'lmaganligi uchun anchagina qiynaldim, lekin keyinchalik qattiq harakat qilib, institut hayotiga moslashib, o'z yo'limni topib oldim. Esimda bor, 1932 yilda meni “a'lochi” sifatida boshqa ilg'or studentlar qatori Leningradga ekskursiyaga yuborishdi. To'rt kurs davomida men guruh “starosta”si (rahbari) bo'lib saylandim”.
To'qimachilik institutini a'lo baholar bilan tugatib aspiranturaga ilmiy izlanishlar sohasiga tavsiya qilingan. Ammo ko'proq amaliy jarayonga qiziqqan yosh injener o'z mehnat faoliyatini Moskva yaqinidagi Serpuxov shaharchasidagi “Krasniy tekstilщik” korxonasida boshlashga qaror qilgan. U 1937 yildan to 1940 yilgacha 2,5 ming ishchisi bor ip yigiruv fabrikasini, so'ngra 5 ming kishilik yigiruv-to'quv fabrikasini idora qilishda faol qatnashadi.
M.Musaxonov 1940 yil fevralida O'rta Osiyoda dastlabki eng yirik sanoat korxonalaridan sanalgan Toshkent to'qimachilik kombinatiga xizmatga yuborilib, bu yerda olti yil davomida navbatchi injenerlikdan sex boshlig'i, bosh injener, fabrika boshqaruvchisi lavozimlarigacha ko'tarilgan. Uning qayd qilishicha, “Serpuxovga borib, to'rt yil davomida “katta sanoat qozonida” yaxshigina “qaynagani”, tajribali ishchi, master, injenerlardan ish o'rganib, malakasini oshirgani juda qo'l keldi. To'qimachilik sanoati men uchun eng qiziqarli sohaga aylangandi”. U og'ir urush yillari katta korxonada turli mas'ul lavozimlarda ishlab, injenerlik va rahbarlik sirlarini chuqurroq o'rgandi.
“Qaerda ishlasam — master yoki sex boshlig'i, bosh injener yoki kombinat direktori bo'lishimdan qat'i nazar, ishlab chiqarish jarayoni meni o'ziga rom etib, go'yoki allaqanday g'aroyib, afsonaviy olamda yashardim. Meni to'qimachilik sanoatining qudratli maromi, undagi hayratlanarli darajada aqlli mashinalar qiziqtirib qo'ygandi. Ular ishini sozlashni, yangi mahsulotlar uchun kerakli texnologik jarayonni yo'lga solishni yaxshi ko'rardim. Sex hayoti menga judayam yoqardi, g'ayratim ichimga sig'masdi, yuqori lavozimlarga qayta-qayta taklif qilishsa-da, rad etardim”.
Chuqur bilimi, tashkilotchilik tajribasi, rahbarlik qobiliyati, mehnatsevarligi, tirishqoqligi sababli M.Musaxonov keyingi yillarda davlat miqyosida rahbarlik qilish tajribasini egalladi.
M.Musaxonov faoliyatidagi eng muhim bosqichlardan biri 1970 yildan boshlanib, 1985 yilgacha o'zi aytgandek: “Toshkent viloyatiga rahbarlik lavozimida katta qiziqish bilan yuritgan faoliyatim, turli muammolarni ijodiy yondashgan holda, barcha safdoshlarimni ularning yechimiga jalb qila olgan davrim eng maroqli bo'ldi”.
70-80-yillar davomida Toshkent viloyatida yangi sanoat markazlariga aylangan Chirchiq, Bekobod, Angren, Olmaliq, Ohangaron va Yangiyo'l shaharlari qad ko'tardi. Ularda mashinasozlik, qora va rangli metallurgiya, qurilish materiallari ishlab chiqarish, energetika, ko'mir qazib chiqarish, maishiy va biologik kimyo, yengil va oziq-ovqat sanoati tez rivojlana boshladi. Transport korxonalarini rivojlantirish, iqtisodiyot va aholining temir yo'l, avtomobil va havo transportiga ortib borayotgan ehtiyojlarini o'z vaqtida ta'minlash bo'yicha keng ko'lamli chora-tadbirlar amalga oshirildi, temir yo'llarni elektrlashtirish davom ettirildi. Chorvoq va Ohangaron suv omborlari, Xo'jakent GESi bunyod etildi, qariyb 80 km uzunlikdagi “Hamdam” kanali qazildi.
Viloyat qishloq xo'jaligida ham katta o'zgarishlar ro'y berdi, ko'plab yangi yer maydonlari o'zlashtirildi, ilgari botqoqlik va quyuq to'qaylar bosib yotgan joylar o'rnini paxtazorlar, sholizorlar va boshqa ziroatchilik ekinlari egalladi. Poytaxt va viloyat aholisini go'sht-sut mahsulotlari, tuxum, meva-sabzavotlar bilan to'la-to'kis ta'minlash maqsadida ko'plab chorvachilik va sutchilik majmualari, parrandachilik fabrikalari, sabzavot omborlari ishga tushirildi.
M.Musaxonov kundalik amaliy faoliyatida joylardagi iqtisodiy va ijtimoiy vaziyatni bevosita o'rganishga, jamoa xo'jaliklari, korxonalar, zavod va fabrikalar ishlari bilan shaxsan tanishishga ulgurardi. O'zining deyarli kundalik rayonlar, xo'jaliklar bo'ylab safarlarida har bir korxona va xo'jalikning bor imkoniyatlaridan yanada unumli foydalanish, ishlab chiqarish jarayonini kengaytirish rejalarini muhokama qilar, ekinzorlarda paxta yoki g'alla parvarishi, chorvachilik holatiga e'tibor berar, bor muammolarni, ularning yechimini mutaxassislar va xodimlar ishtirokida hal qilishga intilardi.
Umuman olganda, Toshkent viloyatida o'ziga xos “M.Musaxonov rahbarlik maktabi” yaratilgandi. Bu o'ta tajribali, zukko rahbarning doimiy e'tibori barcha boshqarish tizimlari uchun yuqori malakali, ilmli, salohiyatli, tashabbuskor kadrlarni tanlay olish, yillar davomida amaliyat jarayonida tarbiyalash, joy-joyiga qo'yish, ular faoliyatlarini kuzatib borish, o'z vaqtida kerakli maslahatlar va yo'l-yo'riqlar berish masalalariga qaratilgandi. Uning tavsiyalaridan biri quyidagicha edi: “Rahbar qo'l ostidagi xodimlarning bilimi va imkoniyatlarini chuqur o'rgangan holda ularni o'z salohiyatlarini yanada ko'proq namoyon qila oladigan lavozimlarga qo'yishi kerak. Bunda xizmatchilarga yaxshi, to'g'ri muomala qilish, yaxshi ishlar uchun rahmat aytish, yomon, yoqimsiz xatti-harakatlarning o'z vaqtida oldini olish rahbar uchun juda muhim. Shunday muhitda xodimlar astoydil tirishib, ko'proq natijaga erishadilar. Rahbarning kibrga berilishi, faqat jazolash, tanbeh berish, o'shqirishni bilishi barcha yaxshi harakatlarni yo'qqa chiqaradi”.
Mirza aka Yo'ldosh Oxunboboyev bilan bo'lgan uchrashuvni eslab shunday yozadi: “Yo'ldosh ota bilan bir buloq boshida bo'lib o'tgan suhbat davomida u biz yoshlarga qarata: “Rahbar xuddi mana shu buloq suvidek tiniq, beg'ubor bo'lishi kerak, toki unga ishi tushgan odamlar bu beg'uborlikni his qilsin, tetiklashsin, zavq-shavq, kuch-g'ayratga to'lsin”, degandi. Oddiy dehqon farzandi, “xalq oqsoqoli”ning bu so'zlari qalbimga o'rnashib qolgan. Ko'p yillik ish faoliyatim davomida bu so'zlarning donoligi va haqligini chuqur anglaganman”.
U viloyatdagi barcha kattayu kichik kadrlarga jamoa xo'jaliklarini, shahar, tuman tizimlarini boshqarish usullarini o'rgatishga alohida vaqt ajratardi. Mirza akaning asosiy ish uslublaridan biri — majlis va yig'inlarda ishchanlik muhitini yarata olish, ochiq, samimiy muloqot olib borish, yutuqlar haqida ortiqcha gapirmay, asosiy e'tiborni hal qilinishi lozim bo'lgan masalalarga qaratish, bor muammolarni yashirmay, bosiqlik bilan har tomonlama muhokama qilish, to'g'ri yechimini topishdan iborat edi. Shuning uchun ham bunday yig'ilishlar biz, mas'ul xodimlar uchun ham qiziqarli, ham juda foydali o'tardi. Mirza aka shahar, tuman va korxonalarga bo'ladigan doimiy tashriflariga, har bir majlisga, uchrashuvga, ko'pchilik bilan bo'ladigan muloqotlarga astoydil tayyorgarlik ko'rar, xodimlar, yordamchilar, mutaxassislar tayyorlagan materiallarni birma-bir, raqamlarni solishtirib, qalam bilan belgilab, ko'rib chiqar, har bir masalani “ipidan ignasigacha” puxta o'rganardi, muhim tadbirlarni muhokama qilishda xodimlarning o'z fikrlarini ochiq bildirishlariga, bahs, munozaralar qilinishiga yo'l qo'yib berardi.
Viloyat rahbariyat tizimida ishchanlik, yuqori mas'uliyat hissi, ishga ilmiy, ijodiy yondashish muhiti yaratilgan bo'lib, fan-texnika taraqqiyoti yutuqlarini joriy qilishga, fanning amaliyot bilan bog'liqligini mustahkamlashga katta e'tibor berilardi. Sharof Rashidov respublikadagi rahbar xodimlar qatnashgan katta majlisda shunday deydi: “Toshkent viloyatida kadrlar bilan ishlash borasida ibratli tajriba to'plangan. Viloyat qo'mitasi, sekretarlar, shaxsan Mirzamahmud Musaxonov iqtisodiyotning barcha bo'g'inlarini tashabbuskor xodim va mutaxassislar bilan mustahkamlamoqda… Shu boisdan ham Toshkent viloyatini ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish rejalarini amalga oshirishda erishilgan muvaffaqiyatlar tasodif emas”.
M.Musaxonov rahbarlik davrida “Toshkent texnologiyasi” deb nom olgan yangi tushuncha ham paydo bo'lgandi. Bu ilg'or ilmiy yondashuvning bosh mazmunini takomillashtirilgan zamonaviy texnologiyalarni keng qo'llagan holda har qanday sharoitda ham paxtadan mo'l-ko'l va ertangi hosil yetishtirish, uni sanoat usullari yordamida tez sur'atlar bilan qisqa muddatda terib olish, barcha tarmoqlarda mehnat unumdorligini oshirish, mahsulot tannarxini arzonlashtirish kabi ko'rsatkichlar tashkil qilardi. “Toshkent texnologiyasi” fan va texnika yutuqlarini ishlab chiqarishga, avvalo, paxta yetishtirishning industrial usullarini takomillashtirishga qaratilgandi.
Bu yerda, umuman, Sharof Rashidovning M.Musaxonovga bo'lgan samimiy munosabatini, doimiy hurmatini, uning faoliyatini yuqori qadrlaganligini alohida ta'kidlash lozim. Bu haqda ko'plab misollar saqlangan. Jumladan, O'zbekiston rahbarining 1976 yil 22 sentyabrdagi katta tantanali marosimda so'zlagan nutqida ta'kidlanishicha: “Biz Toshkent viloyati bilan g'ururlanganimizdek, sizlar ham o'z viloyatingiz, uning bosh rahbari bilan faxrlanishingiz mumkin. Bunga arzigulik natijalar asos beradi. Mirza Musaxonov nihoyatda halol va vijdonli, qalbi toza inson. Uni juda ham hurmat qilaman. Katta rahmat Sizga, qadrli Mirza Mahmudovich!”
Toshkent viloyati taraqqiyotida to'plangan tajriba qanchalik ijobiy o'rnak bo'lganligini keyinchalik O'zbekistonning Birinchi Prezidenti ham 1993 yil 28 dekabrda viloyat deputatlari kengashining XIV sessiyasida so'zlagan ehtirosli nutqida alohida ta'kidlagan edi: “Toshkent, toshkentliklarning tabiatida ajoyib xususiyatlar mujassam. Ota-bobolarimizdan asrab-avaylab saqlagan meroslarimizni, o'z kasbi, o'z sohasi, o'z qadrini biladigan odamlar, haqiqiy mirishkor va bog'bonlar, texnika afzalliklarini tushunadigan yuqori malakali mehnatkashlar Toshkent viloyatining obro'sini tashkil etadi. Buni hammamiz yaxshi bilamiz.
Men Qashqadaryo viloyatida ishlagan kezlarimda mana shu viloyat natijalariga, yutuqlariga qarab havasim kelar, qanday qilib qiyin paytlarda bu viloyat o'z yutuqlari bilan e'tiborni jalb etayapti, deb savol berardim. Toshkent texnologiyasi zamirida ancha-muncha ishlar amalga oshirilgan. Musaxonov davrini, boshqa davrlarni eslaymiz, uzoqdan, balki, ko'rinishi boshqachadir, lekin shu poytaxt va viloyatda yashayotgan kishilar Musaxonov davri yutuqlarini yaxshi eslashadi. Bu paytda boshqalar havasini keltiradigan katta-katta ishlar qilingan, buni tan olmagan odamlarni shaxsan o'zim qabul qilolmayman. Shu davrda bo'lgan ishlarga to'g'ri baho berishimiz kerak. Shunday qiyinchiliklar paytida ham o'z g'ururini saqlab, viloyat uchun, kerak bo'lsa, o'z jonini ham fido qilgan odamlarga ofarin demoqchiman”.
1985 yil boshida Mirza aka o'z ixtiyoriga ko'ra, unga xos bo'lgan yoqimli hazil qila olish mahorati bilan “endi yoshlar ishlasin, bizlarga ham keksalik gashtini surishga imkon beringlar”, deya o'z lavozimidan iste'foga chiqadi.
Ammo, ming afsuski, o'nlab yillar davomidagi tinimsiz mehnat faoliyatidan so'ng, orzu qilib, kundalik tinch hayotga endi o'rganayotgan ustozimizni oldinda qanchalik og'ir, tasavvur qilib bo'lmaydigan dahshatli sinovlar kutayotganligini hech kim xayoliga ham keltirmagan.
…Respublika rahbari Sharof Rashidovning 1983 yili kuzida to'satdan vafotidan so'ng O'zbekistonda tom ma'noda qora kunlar boshlandi. Vatanimiz sha'niga tabiiy boyliklarimizdan to'la foydalanilgan holda ko'p yillar davom etgan maqtovlar o'rnini endi uni qoralash siyosati amalga oshirildi. Sharof Rashidov ortidan tuhmat toshlari yog'dirilib, nomi bulg'anib, asossiz ayblaru fitnalar uyushtirish avjiga chiqdi. Mamlakatda yana o'ttizinchi yillardagi kabi qatag'on charxpalagi aylanib, millatni haqoratlovchi “paxta ishi”, “o'zbek ishi” iboralari keng yoyildi. Bu Stalin davrining “takomillashtirilgan” qaytishi bo'ldi, Fayzulla Xo'jayev, Akmal Ikromov, Abdurauf Fitrat, Abdulla Qodiriy, Cho'lpon, Usmon Nosir kabi yuzlab begunoh jabrlangan millatparvar shaxslar xotirasini yana bir esga soldi. Endi ular safi yana kengayib, yangi-yangi qurbonlar, ulardan beva qolgan ayollar, yetim bolalar taqdiri qalblarni iztirobga to'ldirdi.
Aslida, sobiq ittifoqning asosiy paxta bazasiga majburiy aylantirilgan O'zbekistonda bu nihoyatda muhim va kerakli strategik xomashyoni yil sayin tinimsiz ko'paytirish jarayonida yuzaga kelgan qator qiyinchiliklar, ko'plab muammolarning bosh sababchisi “Markaz”ning o'zi edi. Stalin davrida “Paxta mustaqilligi uchun!”, Xrushchyov davrida “Amerikadan o'zib ketamiz!”, Brejnev davrida “Rejalarni ortig'i bilan bajaramiz!” qabilidagi shiorlar natijasida diyorimizdagi jamiki bog'-rog'lar, sug'oriladigan serhosil yerlar faqat paxta uchun ajratildi, suv manbalaridan puxta o'ylamasdan, hisobsiz foydalanish, suvni tejash texnologiyalari va inshootlarining yetishmasligi natijasida Orol dengizi quriy boshladi.
Paxta qancha ko'p yetishtirilgan sari, undan respublikaga keladigan daromad shuncha kamayib bordi. Paxtani qayta ishlab, uni tovar mahsulotlariga aylantirish jarayonidagi katta qo'shimcha qiymatlar, umuman, paxtadan keladigan sof foyda ittifoq byudjetida qolaverdi. “Oq oltin” deb sharaflangan bu mahsulot sababli o'zbek xalqining, ayniqsa, aksariyat qishloq aholisining kambag'allikdan, qashshoqlikdan qutulishiga bo'lgan ishonchi tobora yo'qolishiga sabab bo'ldi. Endi esa bu achinarli holat uchun butun ayb surbetlarcha xalqimizning o'ziga, respublika rahbariyatiga, turli darajadagi boshqaruv tizimi boshliqlariga ag'darildi.
Aslini olganda, ittifoqda uzoq vaqt davom etgan turg'unlik, rahbarlik jarayonida yillar davomida yo'l qo'yilgan katta xato va kamchiliklar sababli boshqa respublikalardagi ijtimoiy-iqtisodiy holat O'zbekistondan ham og'irroq edi. Lekin negadir “jazolash zarbasi” ayni respublikamizga yo'naltirildi.
Markazning yurtimizga qarshi boshlagan ayovsiz jazolash siyosati amalga oshirilishida barcha bor bosim o'tkazish tizimlari va shakllari keng qo'llanildi. Son-sanoqsiz majlislar, yig'ilishlarda, ommaviy axborot vositalarida kechayu kunduz faqat kamchiliklar, xato va muammolar haqida bo'hton materiallar tarqatildi. O'tkazilgan har bir tadbir markazdan yuborilib, yuzlab eng yuqori mansablarga tayinlangan “soqchilar” tomonidan nazorat ostiga olinib, faqat bir tomonlama “xalqni, uning rahbariyatini haqoratlash” ruhida o'tkazilishiga erishildi. M.Musaxonovning bu haqda aytgan achchiq, lekin to'la adolatli iborasiga ko'ra, “Markazdan yuborilgan jazolovchi desantchilarga “o'zimizdan chiqqan amalparastlar, laganbardorlar, vaziyatdan foydalanib, vijdonini ham sotish evaziga “yog'li” mansab va lavozimlarga intilgan “uddaburonlar”ning “ko'maklari” vaziyatning yanada og'irlashishiga sabab bo'ldi”.
Bunday sharoitda mamlakatimizda ijtimoiy hayot keskin o'zgardi, milliy urf-odatlar, an'analarni bajarish millatchilik deb ayblandi, ularni cheklash boshlandi. Masjidlar yana yopilib, qabristonlar qarovsiz qoldi, marhumlarning ba'zilari hatto janozasiz ko'mildi. Ba'zi amaldorlar ota-onasini qabristonga qo'yish uchun borganlarida, bu uchun partiya safidan o'chirilishi xavfidan qo'rqib, mozorning ichiga kirmasdan, uning tashqarisida bekinib turishdi. Aksariyat mas'ul xodimlar “millatchi”, “dinga berilgan” aybini olishdan qo'rqib, yaqinlari dunyodan ko'z yumgan kunlari dafn marosimida qatnashmaslik uchun shifoxonalarga yotib oldilar, ba'zilari ataylab xizmat safarlariga jo'nadilar. Butun O'zbekiston dahshat va sarosima holatda qolgandi. Oqibatda biron-bir mas'uliyatli lavozimda bo'lgan xodimlar o'z yaqinlari u yoqda tursin, hatto ota-onalari, aka-ukalari xonadonlariga borishdan ham cho'chib qolgandilar.
Respublikaga yuborilgan 200 kishidan ziyod tergov guruhi kechayu kunduz to'xtamay, amaldagi qonunchilikni namoyishkorona qo'pol ravishda buzgan holda minglab begunoh odamlarni hibsga olishga kirishdi. Bir yilning o'zida “qo'lga olingan” “jinoyatchilar” soni besh mingdan oshib ketgandi. Ular orasida respublika, viloyat, shahar va tumanlardagi turli rahbar xodimlar, korxona, kolxoz va sovxozlarning xizmatchilari bor edi.
Toshkent viloyati ham o't-alanga ichida qolgandi. 1987 yil avgust kunlarining birida 75 yoshli xastalikka uchragan Mirza aka dala hovlida qator surunkali kasalliklardan aziyat chekib, betob bo'lib yotgan paytda kutilmaganda bir necha kishi yovuzlarcha bostirib kirib, kuch ishlatgan holda, prokuror orderisiz uni ham hibsga olishadi.
Ayni paytda bu ochiq zo'ravonlikni qandaydir asoslash maqsadida M.Musaxonovning qo'l ostida ishlagan safdoshlaridan jismoniy azoblash usuli bilan unga qarshi bo'hton arizalar yig'ish boshlangandi. Jumladan, O'zbekiston Ichki ishlar vazirining o'rinbosari lavozimida hibsga olingan, o'zi ham qatag'on qurboni, barcha uqubatlarni boshidan kechirgan Toshtemir Qahramonovning guvohlik berishicha, hibsga olinganlar ichida Piskent tumani partiya qo'mitasining sobiq birinchi kotibi Uchqun Bahodirov “desantchilar” qo'liga tushib, inson qiyofasini yo'qotgan tergovchilar tomonidan uzoq azoblangan. Undan tinimsiz ruhiy va jismoniy ezish yo'li bilan avvalgi viloyat rahbarini qoralovchi faktlar talab qilingan. Shu paytda unga oilasi boshiga tushgan kulfatlar tufayli rafiqasining kasali keskin og'irlashgani, u behush, o'lim to'shagida yotgani haqida xabar kelgan. Bahodirov, tabiiy, xotini, go'dak bolalari haqida qayg'urib, uyidan xabar olish uchun ruxsat so'ragan. O'zimizdan chiqqan bag'ritosh “haqiqat” “kurashchilari” bu xabardan quvonib, uni yana uch kun hibsda saqlashgan va aytilgan shartlarga ko'nsagina mukofot tarzida uyiga borishiga ruxsat va'da qilishgan. Asabi qurigan mahbus bu xo'rlanish, ta'na-nadomatlarga dosh berolmay, M.Musaxonovga qarshi tergovchilar avvaldan tayyorlab qo'ygan tuhmat arizaga qo'l qo'yishga majbur bo'lgan. U uyiga kelganda, umr yo'ldoshi endigina dunyodan ko'z yumgan edi. Bu vaziyatda u vijdon azobida qiynalib, o'zini boshqarolmay, tergov azoblari, adolatsizlikdan ruhi to'la sinib, tinimsiz yig'layotgan beshta yosh bolasining ko'z o'ngida o'zini osgan…
Qatag'on faqat erkaklarni emas, hatto oddiy, begunoh dehqon ayollarni ham o'z girdobiga tortgan. Toshtemir Qahramonov yana bir o'ta ayanchli, Yangiyo'l tuman “Eski qovunchi” kolxozining sobiq raisi Roza Otaboyeva bilan bog'liq epizodni eslaydi. Bu ayol ham zindondagi og'ir ruhiy va jismoniy azoblardan so'ng, quruq tuhmat asosida 6 yil ozodlikdan mahrum qilingandi. M.Musaxonovga qarshi bo'hton ko'rsatma olish uchun unga ham barcha og'ir jazolar qo'llanilgan. Bu to'g'ri, sodda, qishloq oilasining sofdil farzandi boshidan o'tgan musibatli kunlar, beshafqat qismati haqida yozilgan tushuntirish xati saqlangan: “Men ham 80-yillarda ming-ming nohaq azob chekkan odamlar qatori xo'rlangan ayolman. Yangiyo'l tumanida oddiy mexanizatorlikdan kolxoz raisi lavozimiga halol mehnatim bilan erishganman. Bu mehnatim evaziga Oliy Sovet deputati bo'lib saylanganman. Qo'sha-qo'sha orden va medallar bilan taqdirlanganman.
Ana shu mehnatlarim evaziga 1987 yili meni kolxozimning olti nafar brigada boshlig'i bilan birgalikda poraxo'rlikda va qo'shib yozishda ayblab, qamashdi. Tergov men uchun nihoyatda azoblar, qiynoqlar ostida o'tdi. Moskvadan kelgan bosqinchilarga qo'shilishib, o'zimizning viloyat prokurori, tergovchilar kurakda turmaydigan so'zlar bilan haqoratlab, yuzlarimga tufladilar, manglayimga va ko'zlarimga qo'llarini palaxsa qilib tiradilar. Peshonamga chertib, siyoh surtib, tezda seni otib tashlaymiz, deb dag'dag'alar qildilar. Bunday kamsitishga hatto erkaklar ham bardosh berolmasa kerak.
Bularning asl maqsadlari meni ayblab, so'ng viloyat rahbari bo'lgan Musaxonovdek pokiza insonga qarshi ko'rsatma olish bo'lgan. Ular menga rais lavozimiga o'tirish uchun unga katta pora bergansan, deb dillarimni vayron qildilar.
1989 yilning boshlarida meni turmada Mirza aka bilan yuzlashtirishdi. Uning ahvolini ko'rib, ich-ichimdan achinib ketdim. Bechora otaning rangida rang qolmagandi, qiynalib stulga o'tirdi. Menga qarab, zaif tovush bilan zo'rg'a pichirlab: “Ey qizim, senga nima bo'ldi? Bu ko'rgilik qursin, peshonamiz sho'r ekan”, dedilar. Bu samimiy so'zlar yuragimni qon qilib yubordi”.
Mutlaqo nazoratsiz qolgan o'zboshimcha, beshafqat tergovchilar xohlagan ishlarini qila olardilar, kimnidir mutlaqo asossiz hibsga olish ular uchun o'yinchoq edi. Ular Roza Otaboyeva qatorida yana yuzlab oddiy, begunoh o'zbek ayollarini zindonlarga tiqdilar, keksa onaxonlarni, qizlarni tergov tegirmonida yanchdilar.
…Zo'ravonliklarga qaramay, biron-bir istalgan natijaga erisholmagach, barcha azoblardan ezilib qolgan dardmand Mirza aka Moskvadagi “Matrosskaya tishina” turmasiga jo'natilgan. U yerda ruhiy va jismoniy siquv va tahqirlash yanada avjiga chiqqan. Otishga hukm qilish, farzand va nabiralar, qarindoshlarni hibsga olish, ularga zo'ravonlik qilish kabi jazolar bilan qo'rqitib, “tegishli” ko'rsatmalar olishga bo'lgan intilish to'xtamagan. Oxiri bu “o'ta havfli mahbus”ga nisbatan eng iflos qiynov usullari qo'llanilib, psixotrop moddalar choyga solib berilgan, noma'lum ukollar qilingan. U o'tirgan izolyatorga yonma-yon joylashtirilgan ashaddiy jinoyatchilar uni qo'rqitib, unga jismoniy zo'ravonlik ko'rsatib, urib, do'pposlab, tergov ishiga ko'maklashishgan. Bu ahvol uzluksiz 24 oy davom etgan.
“Mahbus”ga oxirgi, eng og'ir bosim o'tkazish maqsadida Mirza akaning o'g'li Yusuf va qizi Sojida hibsga olinib, 5 oy davomida ular ham turli azoblaru xo'rliklarga duchor qilingan. Kichik qizi Nafisa ham qayta-qayta tergovga chaqirilgan. Ulardan ham go'yo “yashirib qo'yilgan” “millionlarni, oltinlarni, tilla bezaklarni” qaytarish talab qilingan. Bunday sharoitda “adolat” so'zini ishlatish, haq-xuquqni talab qilish, qonunbuzarlikka qarshi oddiy norozilik bildirish haqida o'ylashning o'zi mutlaqo o'rinsiz edi.
Mirza akaning, unga o'xshash necha minglab jabrdiydalarning bunday vaziyatdagi ichki holatini, kechinmalarini biron-bir yozuvchi ham to'la tasvirlab bera olmasa kerak. U uzoq davom etgan jismoniy va ma'naviy tazyiqlar, azoblanishlardan so'ng, oddiy rasmiyatchilik yuzasidan jamiyat oldida “xo'ja ko'rsin” maqsadida olti yilga ozodlikdan mahrum qilingan. Taajjub, hatto bunday g'ayriqonuniy qaror ham O'zbekistonda emas, balki Tojikiston Oliy sudida chiqqan. Sababi, bu hukmning Toshkentda chiqarilishi aholi orasida katta e'tirozlarga sabab bo'lishidan, unga bu insonni yaqindan bilgan minglab odamlarning mutlaqo ishonmasligidan cho'chigan markaz, o'z tazyiqini qo'shni respublikada amalga oshirishga majbur bo'lgan. Deyarli besh yil davom etgan cheksiz uqubatlardan keyin 1992 yil 24 aprelda yana Tojikiston Oliy Sudi hukmi bilan avvalgi qo'yilgan hamma ayblar mutlaqo asossiz ekanligi, barcha zahmatlar, aslida, davlat zo'ravonligi bo'lganligi isbotlangani sababli bu temir irodali inson turmadan ozod qilingan.
Mana, butun umri, bor aql-idroki, kuch-g'ayrati, sog'lig'ini o'z Vatani, xalqi farovonligiga bag'ishlab, ayamay sarflagan taniqli shaxsning oxirgi taqdiri. Mana, u doimo to'la ishongan, g'oyalari uchun sidqidildan xizmat qilgan o'sha davr siyosiy tizimining ochiq xiyonati, adolatsizligi, bergan o'lim zarbasi. Mana, o'tgan tariximizda inson qadrining bahosi, uning poymol qilinishi…
Mirzamahmud Musaxonov 83 yoshida hayotdan ko'z yumdi. Bu betakror insondan faqat yaxshilik, bunyod etilgan minglab ish, o'qish, davolanish, yashash joylari, zamonaviy korxonalar, inshootlar, bog'-rog'lar, tekis yo'llar qoldi. Ko'p sonli shogirdlari, safdoshlarining unga bo'lgan so'nmas mehri, chuqur ixlosi, bir umr unutilmas xotirasi, cheksiz minnatdorligi muhrlanib qoldi. Ajoyib umr yo'ldoshi, tayanchi, yaqin maslahatgo'yi, oqila va mehribon Jamilaxon aya bilan yaratilgan, barcha havas qilgan ahil, inoq, totuv oilada o'sgan aqlli, ilmli, o'z yurtiga, millatiga sadoqatli farzandlari, nabiralari yashamoqda.
Ustoz oxirgi kunigacha qalbining pokizaligi, sofdilligi, haqgo'yligi, odilligi, adolatparvarligi, haqiqiy donoligini namoyish qilib, yana bir bor hammaga o'rnak ko'rsatdi. Hayotning har qanday iztiroblari, sinovlari uning mustahkam irodasini bukolmadi, ruhiyatini sindirolmadi. Shunday azoblardan, adolatsizlikdan keyin ham u o'zining asl, chin insonlarga xos yorqin qiyofasini, barchaga bo'lgan mehrini saqlay oldi, g'azablanmadi, nohaqliklar uchun boshqalardan nafratlanmadi, yig'ilgan alamlarni birovlarga yo'yishni, kimdandir o'ch olishni, kimgadir hasrat, tana, gina qilishni xayoliga ham keltirmadi. Faqat tunu kun xalqining, millatining ahvoliga, uning boshiga tushgan bunday qora kunlarga achindi.
Uning juda ko'p dono so'zlari, ayniqsa, “oxirgi yillar o'zim uchun bir kuyunsam, xalqim uchun ming kuyundim… Hayotim so'ngida menga berilgan barcha azobu uqubatlar ittifoq markazi tomonidan xalqimga, millatimga qarshi uyushtirilgan o'ta adolatsizlik, haqsizlik, zo'ravonlik, kallakesarlik, xo'rlash oldida bir uchqun bo'ldi, xolos”, degan so'zlari haqiqiy vatanparvarlikning oliy ramzi sifatida xayoldan o'taveradi.
Ustozning hayratga soluvchi, o'z qo'li bilan yozilgan oxirgi hayajonli, dono satrlar vasiyatdek saqlanib qoldi: “Siz farzandlarimga tavsiya qilamanki, odamlarga yaxshilik qilish, birinchi navbatda vatanparvarlik, o'z yurtini sevish, xalqiga sadoqat bilan xizmat qilish, millatimizning dardiga malham bo'lish, Vatanimizning har tomonlama mustaqil bo'lishiga hissa qo'shish umrning bosh muddaosi ekanligini unutmang.
Imkon darajasida boshqalarga nimaiki bor yaxshilikni chin ko'ngildan qilishga intiling. Insonning insoniyligi — uning mehrida, munosabatida. Men bunga, ayniqsa, hayotimda boshimga tushgan juda ko'p og'ir, musibatli paytlarda amin bo'lganman. Mehr faqat haqiqiy insonlarda bo'ladi. Men, Allohga shukur, juda ko'p yaxshi odamlarga duch kelib, tanib, ulardan yaxshilik, samimiy mehr-muhabbat ko'rdim. Shuning uchun ham zurriyotlarimdan iltimosim, ko'proq yaxshilik qilinglar, qo'li, ko'ngli ochiq bo'linglar. Biling, bu dunyoni yaxshi odamlarning mehri, yaxshi ishlari, to'g'ri amallari ushlab turadi…”
Ha, shaksiz shunday! Qadrli ustozimiz rahmatli Mirzamahmud Musaxonov kabi halol, pokiza insonlar, qat'iy ruhiyat, ezgu qadriyat egalarining hayotda borligi, ularning unutilmas ibratlari avlodlar qalbida adolat, haqgo'ylik, halollik, mehribonlik, samimiylik saqlanib qolishiga o'z hissasini qo'shadi va ezguliklarga umid bag'ishlaydi.
Saidmuxtor SAIDQOSIMOV,
professor.