11705-shaxsiy ish
yoki jadid Saidrizo Alizoda hayotiga oid yangi ma'lumotlar
Samarqanddagi “Zarafshon” gazetasi tahririyati o'tgan asrning boshlarida mamlakatda milliy matbuot tamal toshini qo'ygan nashrlardan biri sanaladi. Gazeta xodimlari ham, faol mualliflari ham jadidchilik harakatining tashkilotchilari va tarafdorlari bo'lishgan. Bu yerda ushbu harakatning Mahmudxo'ja Behbudiy, Saidrizo Alizoda, Hoji Muin, Hamza Hakimzoda Niyoziy kabi a'zolarining hamkorlik qilishi hukumatni doimo tashvishga solib kelgan. Ayniqsa, Turkiston muxtoriyati harakati barbod bo'lgach, uning tashkilotchilari va qo'llab-quvvatlovchilariga chinakam “ov” boshlangan. Kelasi yilda tavalludining 140 yilligi nishonlanadigan Saidrizo Alizoda ana shu qurbonlardan biridir.
To'g'ri, allomaning nomi oqlandi, uning millatparvarlik faoliyatiga munosib baho berildi. Adibning ikki tomlik asarlar to'plami Samarqand davlat universiteti olimlari tomonidan nashr etildi. “Zarafshon” gazetasi tahririyati jadid bobomiz maqolalar to'plamini tayyorladi. Uning uy-muzeyi ta'mirlandi.
Yaqinda Saidrizo Alizodaning nevarasi Farhod aka menga bobosining qamoqqa olinishi, tergov qilinishi va sud jarayoni bilan bog'liq hujjatlarni taqdim etdi. Farhod akaning aytishicha, Rossiyaning Vladimir shahridagi tegishli mahkamasida saqlanayotgan bu hujjatlar bilan tanishish va ulardan nusxa olish oson kechmagan. “Mazmun jihatdan bir-birini inkor etuvchi yoki yolg'ondan to'ldirilgan ayrim protokol va tushuntirish xatlarini baribir ololmadik”, dedi u.
Keling, qo'limizda mavjud bo'lgan hujjatlar asosida Saidrizo Alizoda faoliyatiga yana bir nazar tashlaylik.
MAShAQQATLAR TO'FONIDA
Avvaliga chor Rossiyasi, keyinchalik bolsheviklar partiyasi siyosati, aniqrog'i, zug'umi ostida ozodlik, mustaqillik haqida gapirish har kimning ham qo'lidan kelmasdi. Shu sababli jadidlar bunday kurashga, avvalo, xonligu amirliklar davrida o'zaro nizolar tufayli parokanda bo'lgan millatni ma'rifatga chorlashni to'g'ri yo'l deb hisobladilar. Ular Samarqand va uning atrofidagi mavzelarda zamonaviy ilm beradigan maktablar ochishga, bu maktablar uchun alifbo va darsliklar yozishga kirishdilar.
Asosiy ziyolilar o'zbek tili (o'rta turk shevasi)da chiquvchi “Samarqand” (bu Morozov rus tilida chiqargan “Samarkand” emas) gazetasi tahririyati atrofida birlashdilar. Har gal gazeta yopilgach, yangi nomlar bilan chiqavergan: “Hurriyat”, “Mehnatkashlar tovushi”, “Kambag'allar o'qi” va hokazo.
Samarqand gubernatoridan Mahmudxo'ja Behbudiy “Samarqand” gazetasini o'zbek va tojik tilida chiqarishga ruxsat so'ragan. Ruxsat berilgan, ammo tojik tilidagi gazetaga obuna uyushtirish muammo bo'lgan, shu sababli gazeta chiqmay qolgan. O'zbek tilidagi gazeta maqolalari jiddiy nazoratda bo'lgan. Ana shunday paytda Saidrizo Alizoda tojik tilida “Sho''lai inqilob” jurnalini ta'sis etgan. U kommunist-bolsheviklar partiyasi viloyat kengashi organi bo'lgan. Muallifning 1919 yil 18 noyabrdagi ma'lumotiga ko'ra, tahririyatda o'sha paytda muharrir 1200 rubl, adabiy xodim 1100 rubl, musahhih 1100 va tarjimon, ekspeditor, tashuvchi 100 rubldan maosh olib ishlashgan. Chetdan axborot beruvchilarga 1500 rubl ajratilgan.
Darvoqe, hujjatlar orasida kommunist-bolsheviklar partiyasi ishchi-batrak musulmonlar viloyat bo'limi kotibining xati ham chiqdi. Unda kotib “Sho''lai inqilob” jurnalini chiqarishga respublika rahbariyatidan ruxsat so'raydi. 500 nusxa obuna uyushtirishni o'z gardaniga oladi. Jurnalning birinchi sonini musulmonlar bayrami — 21 martga chiqarish taklifini aytgan.
Yuqori tashkilot vakili Borodskaya 1919 yil 4 martda kompartiya viloyat qo'mitasiga ushbuni moliyaviy qo'llashni, jurnal siyosiy yo'nalishi uchun obkom bo'lim mudiri mas'ul ekanini ta'kidlab, rozilik bildiradi.
Binobarin, Alizoda imzosi bilan tasdiqlangan yana bir xatda Samarqand uezdi rahbariga fors tilida chop etilayotgan “Sho''lai inqilob” jurnali chop etilishi to'xtatilgani va uning sababi aytilgan, ya'ni:
1) obunachilar muddati tugagani, yangi obunachilarni jalb etuvchilar yo'qligi;
2) litografiya idorasi tomonidan muqova uchun qizil rangli qog'oz berilmayotgani, berilgan sariq rangli qog'oz maqsadga muvofiq emasligi;
3) xodimlar yo'qligi tufayli jurnalni tayyorlash va chop etish bilan bog'liq barcha ishlar faqat muharrir zimmasida qolganligi.
Bu hujjat 1919 yilning 30 oktyabrida imzolangan.
Yana ikkita hujjat diqqatimni tortdi. 1919 yil 1 iyulda Saidrizo Alizodaga berilgan guvohnomada uning kommunistlar (bolsheviklar) partiyasi Samarqand uezdi, Bog'ishamol va eski shahar umumiy yig'ilishlari 2-qarori bilan 15 iyundan e'tiboran Samarqand viloyat milliy masalalar bo'yicha bo'limi fors bo'linmasi mudiri etib tasdiqlangani aytilgan.
Ikkinchi mandat 1919 yil 23 avgustda berilgan. Unda Saidrizo Aliyev (Alizoda) kommunistlar (bolsheviklar) Bog'ishamol rayon qo'mitasi raisi sifatida viloyat partiya qo'mitasi konferensiyasiga delegat etib saylangani qayd etilgan.
Endi o'z-o'zidan savol tug'iladi: Saidrizo Alizoda kommunistlar partiyasi bo'limlari bilan bamaslahat ish tutgan bo'lsa, ular ishonchiga erishgan bo'lsa, unda u nega “davlat dushmani” sifatida qatag'onga uchradi?
Hujjatlarni o'rganish davomida bu savolga javob topgandek bo'ldik.
SO'ROQSIZ, GUVOHSIZ, ASOSSIZ QAMOQ
Bu holatni boshqacha izohlab bo'lmaydi.
Boshqa jadidlar qatori Alizoda ham o'z faolligi bilan el orasida tanilib qolgandi. Tojik maktablari uchun alifbo yozdi, lug'at tuzdi. Jahon klassiklarining ko'p asarlarini tojik tiliga o'girdi. Shuning uchun uni Tojikiston davlat nashriyotiga ishga taklif etishdi. Ayniqsa “Sho''lai inqilob” jurnali qisqa davrda ommalashdi. Jurnal ilojsizlikdan, mablag' yo'qligidan yopilgach, Saidrizo Alizoda tarjima bilan shug'ullandi, SamDUda dars berdi.
Nadomatlar bo'lsinkim, ijodi gullagan ana shunday bir paytda uni 1938 yil 3 fevral kuni “antisovet targ'iboti yuritgani uchun” qamoqqa olishadi.
“O'rmonga o't tushsa, ho'lu quruq barobar yonadi” deganlari rost ekan. “Sho''lai inqilob” fors tilida chiqqanligi uchun Saidrizo Alizoda jurnalni Eron konsuli orqali forsiyzabon mamlakatlarga tarqatgan. Musabiy, Mavbariy kabi millatparvarlar maqolalarini chop etgan. Garchi bu maqolalarda o'sha paytdagi hukumat xavfsizligiga tahdid bo'lmasa-da, NKVDning gumoniga binoan uni qamoqqa olishgan.
Bir oydan so'ng uni Samarqand NKVDsi ichki turmasiga o'tkazishgan. So'rog'u tekshirishlardan natija chiqmagach, yasama ayblar qo'yishgan. 1940 yil 8 dekabrda sog'lig'i yomonlashgani sababli Samarqand 2-umumiy turmasiga o'tkazishgan (darvoqe, bu turma o'sha paytda hozirgi viloyat ko'p tarmoqli shifoxonasi joyida bo'lgan. F.T).
Shu o'rinda isbot uchun bir hujjat mazmunini keltiramiz. Bu — Samarqand 2-umumiy turma boshlig'i tomonidan Samarqand viloyati davlat xavfsizligi boshlig'i, davlat xavfsizligi kapitani Aslonikashvili (nusxasi viloyat prokurori o'rinbosari Ahmedov)ga yo'llangan bildirgi. Unda ta'kidlanishicha, bu ikki tashkilot tashabbusi bilan qamalgan 8 nafar mahbus, shulardan biri Saidrizo Alizoda muddati uzaytirilmagan bo'lsa-da, turmada saqlanayotgani aytilgan.
Mana sizga inson taqdirining qiymati! Mana sizga kommunistlar tizimining “qudrati”!
Shu o'rinda bir gapni aytmoq lozim. Buyuk Britaniya davlati o'sha davrda O'rta Osiyo, xususan, Turkiston o'lkasini ham koloniya qilishga urungan. Ingliz razvedkachisi Minelson aynan shu ish bilan shug'ullangan. Boshqa ziyolilar qatori Alizodani ham qo'lga olishga intilgan. Biroq Hindiston va Afg'oniston ziyolilari, elchilari biznikilarga bu ishning oqibatini tushuntirganlar. Chunki ular Angliya mustamlakasida edilar. Natijada Minelson Alizoda boshiga pul tikkan va razvedka yo'li orqali SSSR NKVDsiga Alizoda sovetlarga qarshi Hindiston elchisi bilan yashirin aloqa qilayapti degan ma'lumot yuborgan. Shu sababli NKVD maxsus koloniyasi bu jadid ustidan hukm chiqargan.
Nihoyat, 1942 yil dekabrida sud hukmisiz uch yil turmada azob chekkan mahbus ustidan sud emas, balki SSSR ichki ishlar vazirligi huzuridagi alohida kengash tomonidan hukm o'qiladi va uni Rossiyadagi Sol-Ilesk turmasiga yuborishadi. Ko'p o'tmay, avgust oyida Tobol turmasiga o'tkazishdi.
“URUSh TUGAGUNChA TURMADA SAQLANSIN”
Tobol turmasida 1943 yil 4 fevralda Saidrizo Alizodaning jazo muddati tugaydi. Sibir sovuqlarida o'pkasini oldirib qo'ygan jadid muharrir kun sanab keladi. Biroq NKVD turma rahbariyatiga mahbus antisovet targ'iboti uchun qamalganligi sababli uni urush tugagunga qadar turmada ushlab turishni topshiradi. Hatto SSSR NKVDsi turmalar boshlig'i katta inspektori Skoroxodov nomidan kelgan xatda bu holatni mahbusning o'ziga tushuntirish kerakligi aytiladi.
Shunday bo'ladi ham. 1944 yilning noyabrida Saidrizo Alizodani Vladimir turmasiga olib kelishadi. Ruhi so'ngan, taqdirga tan bergan jadid oxirgi umid bilan uydagilarga xat yozadi. Ammo bu xat manziliga yetib bormaydi. Urush tugagandan so'ng ham uni qo'yib yuborishmaydi. Va… 1945 yilning 24 dekabrida Alizoda o'pka shamollashidan vafot etadi. 26 dekabr ertalab soat beshda uni turma yaqinidagi qabristonga tongda dafn etdilar. Bu haqda zobit va ikki serjant imzo chekkan akt nusxasi ham bor.
Caidrizo Alizodaning 1945 yil 24 dekabrda turmada vafot etganligi haqidagi xabarni suyukli turmush o'rtog'i Mo'mina aya, o'g'illari Tag'i Rizayevich, qizlari Xadicha va Saida opalar qanday kutib olganini tasavvur qiling. Shuning uchun ham ularning iltimosiga ko'ra nabirasi Farhod aka bobosining xokini Vladimir turmasi yonidagi qabristondan Samarqanddagi Panjob qabristoniga keltirdi. Nadomatlar bo'lsinkim, yuqorida nomlari keltirilgan qarindoshlari bu kunlarni ko'ra olmadilar.
Vladimir turmasi yaqinda nashr qilgan “Vladimirskiy sentral” katta kitobining besh sahifasi S. Alizodaga bag'ishlangan. Oxirgi bandida “O'zbek va tojik adabiyotining yirik namoyandasi, rus adiblari asarlarining fors tiliga birinchi tarjimoni, buyuk jadid, Muhammad Payg'ambar (s.a.v) avlodining vakili Saidrizo Alizoda 1945 yil 24 dekabrda vafot etdi” degan so'zlar bor. Bu kitob ayni paytda S.Alizoda uy muzeyida saqlanayapti.
KEChIKKAN OQLOV
Stalin davridagi qatag'on jarayoni tahlil qilinib, tanqidga uchragach, millionlab aybsiz aybdorlar qatori ma'rifatparvar Saidrizo Alizoda ishiga ham navbat keldi. 1958 yil 16 yanvarda O'zbekiston SSR Oliy sudi sudlov kollegiyasining yopiq majlisida ko'rib chiqildi. Unda respublika prokurorining talabiga ko'ra NKVD alohida kengashining 1941 yil 16 dekabrdagi qarori asossiz deb topildi.
Xususan, Saidrizo Alizodaning 1931-1932 yillarda Samarqand shahrida yashovchi eroniylar o'rtasida kolxozga kirmaslik, soliq to'lamaslik haqidagi targ'iboti isbotlanmagan. Unga tarjimon sifatida “Ovozi tojik” gazetasida birinchi may shiorlarini berishda “Yo'qolsin imperializm!” iborasi o'rniga “Yo'qolsin komintern!” deb qo'yilgan ayb yolg'on bo'lib chiqdi. Gazetada bunday iboralar yo'q ekan. Turmada bo'la turib, qarindoshlariga antisovet ruhidagi xatlar yozgani ham isbotlanmagan. Sudga taklif etilgan guvohlar aybni tergovchining o'zi yozgan va majburlab imzo chektirganini, Saidrizo og'a ilmli, vatanparvar ekanini aytishdi.
Sud tergov biryoqlama o'tkazilgani, ayblar isbotini topmagani uchun NKVD alohida kengashi qarorini bekor qildi va Saidrizo Alizodani aybsiz deb topdi.
Shuni yana alohida ta'kidlash joizki, Shavkat Mirziyoyev 2003 yilda Samarqandda viloyat hokimi va keyinchalik respublikamiz Bosh vaziri bo'lib ishlagan vaqtida jadid bobomizning 115 va 130 yillik yubileylarining nishonlanishida katta yordam ko'rsatdi. Buning uchun allomaning qarindoshlari, barcha yurtdoshlarimiz, ziyolilar Davlatimiz rahbaridan doimo minnatdordir.
Saidrizo Alizoda haqida hujjatli film olindi va ushbu film o'sha yili Kann kinofestivalida sovrinli o'rinni oldi.
…Tarixning har bir kuni, har bir voqeligi biz uchun saboqdir. Xususan, jadid bobolarimiz faoliyati xalqimizga ma'rifat va hurlik yo'lidagi kurashning chinakam timsoli hisoblanadi. Jadidchilik ham mamlakatdagi millat uyg'onishining bir ko'rinishi edi. Zero, u ma'rifatga, dunyoviy ilmlarni chuqur o'rganishga, erkin yashash istagining qat'iyatli bo'lishiga asoslangan. Shu bois bu harakat fidoyilari hukumatning har qanday tazyiqlariga ham bardosh berishgan, millat ma'naviyatini yuksaltirish yo'lida fido bo'lishga ham tayyor turishgan.
Bunday ibrat, tabiiyki, bizni xalqimizning jasoratli farzandlaridan ibrat olishga, bunday xislatlarni o'zimizda shakllantirishga undaydi. Ilm olishni, o'z donolarining zakovat va aqli bilan yashashni istagan millat esa farovon hamda erkin turmushga munosibdir. Saidrizo Alizoda va millatimizning boshqa fidoyilari ruhi bizni doimo qo'llab tursin, ularning joylari jannatdan bo'lsin.
Farmon TOShEV,
“Zarafshon” va “Samarkandskiy vestnik”
gazetalari tahririyati bosh muharriri,
O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan jurnalist.