Zulmat qa'ridagi yulduzlar

1938 yil. Qama-qama avjiga chiqqan paytlar. Hamma joyda vahima, qo'rquv, shivir-shivir. Respublikamiz viloyatlaridagi ahvol bilan tanishish jarayonida birovning otasi, birovning eri yoki o'g'li, yana birovning aka yoki ukasi NKVDchilar tomonidan hech bir asossiz hibsga olinayotganligini, ular orasida viloyat, shahar, tuman partiya komitetlari kotiblarining oltmish foizi borligini eshitib, jig'ibiyron bo'lib qaytgan O'zbekiston Kompartiyasi Markaziy Komitetining birinchi kotibi Usmon Yusupov o'ta noxush kayfiyatda Ichki ishlar xalq komissari Apresyan va uning davlat xavfsizligi bo'yicha o'rinbosari Leonovni hisobot bilan kelishini tayinladi.

Mamlakatda Stalin tashabbusi bilan “Xalq dushmani, aksilinqilobchi, troskiychi, millatchi va sovet hukumatiga qarshi”larni tugatish maqsadida tuzilgan “Uchlik” komissiyasi ko'plab begunoh odamlar boshiga kulfat solib, xalqning jiddiy noroziligiga sabab bo'layotgan davr edi. O'zbekistonda bu komissiyaga Usmon Yusupov rais etib tayinlangan, Apresyan bilan Leonov a'zo hisoblanardi. Ular Yusupovni chetlab, o'zlarining g'ayriqonuniy va fojiaviy ishlarini SSSR Ichki ishlar xalq komissari Yejov topshirig'iga binoan shiddat bilan amalga oshirib kelayotgan edilar. Respublikadagi vaziyat tobora og'irlashib borayotganligi sabr kosasini to'ldirgan Usmon Yusupov NKVDchilar O'zbekistonda o'zboshimchalik bilan qirg'in o'tkazayotganligini shoshilinch Stalinga yetkazmasam bo'lmaydi, degan qarorga keldi. Ammo xuddi shunday yo'l tutgan Fayzulla Xo'jayev bilan Akmal Ikromovning taqdiri ko'z oldiga kelib, kabinetining u boshidan bu boshiga bezovta yurgancha chuqur o'yga toldi…

Fayzulla Xo'jayev tobora alanga olayotgan qatag'onga befarq bo'lmadi. 1929 yilda Abdulla Qodiriy, Fitrat va Cho'lpon hayoti xavf ostida qolganda, ularni 1937 yilga qadar asrab keldi. O'sha yilning 10 iyunida O'zbekiston Kompartiyasi VII c'yezdi chaqirilib, uning oxirgi kuni kutilmagan voqea yuz berdi. Fayzulla Xo'jayev millatchi va buzg'unchilikda ayblandi. Hatto vafot etgan ukasi Ibod Xo'jayevni Toshkent viloyati partiya qo'mitasi kotibi Boltaboyev “u aksilinqilobchi bo'lgan”, dedi. Bundan “Sen o'zing ham shunaqasan” degan ma'no anglashilishini payqash qiyin emas edi. Xullas, Fayzulla Xo'jayev O'zbekiston Xalq komissarlar Sovetining raisi va boshqa mas'ul lavozimlardan ham bo'shatildi. “O'zimdan chiqqan baloga qayga boray davoga?” deganlari shu-da! El-yurt manfaati yo'lida bir tanu bir jon bo'lib, adolat tantanasi uchun harakat qilinganida, respublikani har tomonlama yuksaltirishga astoydil bel bog'lagan millatparvar, tashabbuskoru tadbirkor, fidoyi inson Fayzulla Xo'jayev qatag'on qopqoniga tusharmidi? Yo'q, albatta! U Stalin bilan qadrdon edi. Unga bor gapni aytish uchun huzuriga borganida, yordamchisidan: “O'rtoq Stalin hozir juda band, bo'shashi bilan o'zi sizga qo'ng'iroq qilar ekan”, degan gapni eshitishi bilan hafsalasi pir bo'lib, “Demak, ishdan olinishimda uning ham qo'li bor” degan fikr ko'nglidan o'tdi. O'sha kuni 1937 yilning 9 iyul kuni edi. Kechqurun u mehmonxonada hibsga olinib, to'g'ri Lefortovo qamoqxonasiga jo'natildi.

Hokimiyat tepasiga kelgan Akmal Ikromovni Fayzulla Xo'jayev taqdiri qattiq tashvishga soldi. Buning ustiga 1937 yilning 10-17 iyun oralig'ida A.Sexer Markazqo'mning 2-kotibi, S.Boltaboyev 3-kotibi, M.Shermuhamedov MKning byuro a'zosi etib saylangan, ko'p o'tmay uchalasi ham hibsga olingan edi. Bu qismat o'zining ham boshiga tushishi mumkinligining oldini olish uchun O'zbekiston Kompartiyasi Markaziy Qo'mitasiga rahbar bo'lib saylanganidan buyon erishgan yutuqlari-yu yo'l qo'ygan kamchiliklariga xolisona baho berilishini so'rab, VKP(b) MQ Siyosiy byurosiga murojaat qildi. Yig'ilishda o'zi ham ishtirok etib, qilgan ishlari, oldida turgan vazifalar to'g'risida aniq-tiniq gapirib berdi. Muhokama usiz o'tdi. Stalin shunday dedi: “Ikromov xato qilgan bo'lsa-da, halol odam”. Afsuski, Siyosiy byuro a'zolari va MK kotiblari Ikromovga ishonchsizlik bildirdilar. O'rta Osiyo bo'yicha mas'ul bo'lgan Kaganovich Ikromovni qattiq qoraladi. Molotovning “Ikromov Buxarin bilan og'iz-burun o'pishib yurganlardan biri” degan gapi Stalinni o'ylantirib qo'ydi. Oxir-oqibat, Ikromov ham qamoqqa olindi.

Akmal Ikromov va Fayzulla Xo'jayevlarning ishi Buxarin, Rikov kabi sudlanuvchilar bilan birga Moskvada ko'rildi. Sudda davlat ayblovchisi bo'lib qatnashgan SSSR Bosh prokurori Vishinskiy sudlanuvchilarning barchasiga (17 kishi) o'lim jazosi berishni talab qildi. Sud 1938 yil 13 mart kuni uch kishidan boshqa hammaga, shu jumladan, Fayzulla Xo'jayev bilan Akmal Ikromovga ham o'lim jazosi tayinlash to'g'risida hukm chiqardi. Hukm Moskva atrofidagi Butovo qishlog'ida 1938 yil 15 martda ijro etildi. Xo'jayev 42, Ikromov 40 yoshida qatag'on qurboni bo'ldi. Oilalari Sibirga surgun qilindi.

Ha, o'zbegim-a, o'zbegim! Qanchalik aqlli, bilimdon, tajribali, ko'pni ko'rgan bo'lsang-da, baribir soddaliging bor-da. Sodda bo'lmasang, kelib-kelib qatag'on qilichini yalang'ochlab turganlarga ishonarmiding? Xo'sh, bu yog'i nima bo'ldi? “Ishonmagin do'stingga, somon tiqar po'stingga”mi?

Usmon Yusupov ana shular haqida o'ylar ekan: “Stalinga yozgan xatimdan NKVDchilar xabar topgan bo'lsa-chi?” degan fikr xayolidan o'tib, “Men ham boshimni kundaga qo'yganga o'xshayman”, dedi o'ziga o'zi.

Ichkariga taklif qilingan “Uchlik” a'zolari Yusupov bilan sovuqqina salomlashgach: “Mana siz so'ragan hujjatlar”, dedi Apresyan. Yusupov qog'ozga diqqat bilan ko'z yugurtirib, Tojixon Shodiyeva va Sobira Xoldorova nomlarini barmog'i bilan ko'rsatib, ularni partiya xodimi sifatida yaxshi bilgani uchun nima sababdan hibsga olinganini so'radi.

Tojixon Shodiyeva rayon partiya qo'mitasining birinchi kotibi, Sobira Xoldorova esa Markazqo'mda bo'lim mudiri bo'lib ishlardi.

— Ular xalq dushmani, ansilinqilobchi va troskiychi bo'lgani uchun hibsga olingan, — javob berdi Apresyan. — Sudda bunga iqror bo'lganlari uchun o'n yil muddatga hukm qilingan.

Bu bo'hton gapga nafaqat Usmon Yusupov, balki oddiy odamlar ham mutlaqo ishonmas edi. Asosiy maqsad millat oydinlarini shunday ayblov bilan qirg'in qilish Apresyan bilan Leonovga ham kunday ravshan bo'lsa-da, qamalganlarning hammasi haqida “xalq dushmani, aksilinqilobchi, troskiychi” bo'lgani uchun degan bir xil javobni to'tiday takrorlar edilar. Ich-ichidan alam o'tida yonayotgan Usmon Yusupov chidab turolmadi.

— O'zbekistonda xalq dushmanlari shu qadar ko'payib ketgan ekan-da, — dedi u g'azab aralash kesatib.

— Chindan ham ko'payib ketgan, — xursand bo'ldi Apresyan. — Shuning uchun ham o'rtoq Stalin ularni tugatish to'g'risida topshiriq berganlar!

— Hibsga olinganlar soni nega kamayish o'rniga ko'payib bormoqda?

— Bilasiz, partiyamiz Siyosiy byurosining 1937 yil 11 iyuldagi yig'ilishida O'zbekiston SSRda 1489 kishini otish, 3952 kishini surgun qilish belgilab berilgan. Qarorni bajarishimiz shart.

— Bu degani topshiriqni ko'r-ko'rona bajarish kerak degani emas-ku! — qizishdi Usmon Yusupov. — Xo'sh, oliy jazoga hukm qilinganlarning ham ro'yxati bormi?

Apresyan shu zahoti yana bir qog'oz uzatadi. Yusupov unga ko'z yugurtirib, Muhammadjon Mo'minov nomini ko'rib, titroq ovoz bilan so'raydi:

— Mo'minov qaysi aybi uchun oliy jazoga hukm qilingan?

— Siz uni tanirmidingiz? — so'radi Leonov Apresyan bilan ko'z urishtirib.

— Ha, — dedi Yusupov istar-istamas. — U Sovet qurilishi va huquq institutiga direktor lavozimiga tayinlanayotganda mening suhbatimdan o'tgan. Uning nima uchun qamalgani va qaysi aybi uchun otuvga hukm qilinganini bilmayman. Sizlar esa aytmagansizlar.

— Mo'minov aksilinqilobchilarning rahbarlaridan biri, ko'p odamlarni troskiychi va millatchi tashkilotlarga yollaganligi aniqlangach, SSSR Oliy sudining harbiy hay'ati tomonidan oliy jazoga hukm qilindi.

— Nima uchun bu haqda menga sudgacha churq etmadingizlar? Nima uchun bu ishni mendan bir yilga yaqin yashirib keldingizlar? Bu yerda faqat Mo'minov emas, yozuvchi Abdulla Qodiriy, shoir Cho'lpon singari yana ko'plab odamlar nomi bor. Ertaga o'rtoq Stalin oliy jazoga hukm qilinganlar haqida so'rab qolsa, nima deb javob beraman?

Apresyan ham, Leonov ham og'iz ocholmadi. Ular Yejovdan olingan topshiriq bo'yicha Usmon Yusupovga qarshi yeng shimarib material yig'ayotgan edilar. Shu bois Yusupov huzuridan chiqqach, o'zini ko'rsatish uchun Leonov Moskvaga — Yejovga sim qoqadi. Javob bo'lmaydi. Keyin yana va yana. Javob bo'lmagach, yordamchisiga qo'ng'iroq qiladi. Go'shakdan: “Endi Yejov yo'q, u hibsga olindi!” degan qo'pol ovoz eshitiladi. Tarvuzi qo'ltig'idan tushgan Leonov qisqa gudok kelayotgan go'shakni tutgancha qotib qoladi.

Usmon Yusupovning Stalinga yetkazgan xati bo'yicha O'zbekistonda keng ko'lamli tekshiruv o'tkazilib, Apresyan ham, Leonov ham, ularning labbaychilari ham qamoqqa olinadi va birin-ketin oliy jazoga hukm qilinadi. E'tirof etish joizki, Yusupovning jasurligiyu jasorati bilan O'zbekistonda minglab odamlar qatag'on qurboni bo'lishdan qutulib qoladi.

Biz huquqshunos yozuvchi Shohruh Akbarovning “Zulmat qa'ridagi yulduzlar” nomli navbatdagi yangi tarixiy-hujjatli romani (“FAN ZIYOSI” nashriyoti, 2025) mutolaasidan olgan taassurotlarimiz haqida fikr yuritilmoqda. Asar millatimizning birinchi huquqshunoslaridan bo'lgan Muhammadjon Mo'minovning ilmiy-pedagogik faoliyati, ayanchli va fojiali hayoti haqida.

Maqola boshida keltirilgan Fayzulla Xo'jayev, Akmal Ikromov va Usmon Yusupovlarning eng og'ir davr — qatag'on yillaridagi el-yurt manfaati yo'lida olib borgan jasoratli kurashlari ichida kechgan Muhammadjon Mo'minov faoliyati kitobxon nigohida Stalin diktaturasining zulm va zo'ravonlikka yo'g'rilgan dahshatli voqealarini namoyon etib, ularga cheksiz nafrat uyg'otmay qolmaydi.

Muhammadjon Mo'minov 1903 yilda Namangan shahrida tug'ilgan. O'rta Osiyo davlat universiteti qoshidagi ishchilar fakultetini imtiyozli bitirgan. Fayzulla Xo'jayev tashabbusi bilan tashkil etilgan “Ko'mak” jamg'armasi yo'llanmasi bilan 1923 yilda Moskva davlat universitetining huquqshunoslik fakultetiga o'qishga qabul qilinadi. Talabalik yillarida komuniversitetda tahsil olayotgan Davlat Rizayev, qizil professorlar institutini bitirgan jadid Usmonxon Eshonxo'jayevlar bilan do'stlashadi. Universitetni imtiyozli tamomlab, O'zbekistonga qaytgach, Adliya xalq komissari va respublika prokurori Ahmadbek Mavlonbekov, Oliy sud raisi Sa'dulla Qosimov kabi keng dunyoqarashli, chuqur bilimli, boy tajribali rahbarlar qo'l ostida ishlab, huquqshunoslikning sir-asrorlarini qunt bilan egallaydi. Toshkent viloyat sudi sudyasi, O'zbekiston Oliy sudi sudyasi vazifalarida ishlash Muhammadjon Mo'minovni ham nazariy, ham amaliy jihatdan yanada toblaydi. Ayni paytda ilm bilan astoydil shug'ullanib, “Davlat va huquq nazariyasi jabhasida” nomli asarini yaratadi. Bu paytda u Sovet qurilishi va huquq instituti direktori etib tayinlangan, Xadicha Sulaymonova, Otaboy Eshonov singari ko'plab talabalar undan saboq olayotgan edilar.

1935 yilda institutda partiyaviy tozalash o'tkazilib, Mo'minovning peshonasiga “troskiychi” degan tavqila'nat yopishtirilib, partiyadan o'chiriladi, lavozimidan chetlashtiriladi. Hatto dars berishdan ham mahrum qilinadi. Mo'minovdan yaxshilik ko'rgan ayrim nokaslar yotib qolguncha otib qol qabilida ish tutib, NKVDchilar qo'ygan ayblarni qo'llab-quvvatlaydilar. Ha, o'zbegim-a, o'zbegim! Yaxshilikka yaxshilik qilging kelmas ekan, yomonlik qilib shoxing chiqdimi? Yoki NKVD Mo'minovni hibsga olib, o'rniga seni direktor qilib qo'ydimi? Ha, o'zbegim-a, o'zbegim! Unutma, xiyonatning ham javobi bor.

Keyin… Keyinroq nima bo'lgani sizga Leonovning Usmon Yusupovga bergan ma'lumotidan ma'lum. Turmada Mo'minov ko'rgan ruhiy va jismoniy azoblarni yozishga qalam ojiz. Uni qo'yilgan ayblarga iqror qilish maqsadida ukasi Inom Mo'minov bilan rafiqasi Dilorom Yusupovaning qamalishi voqealarini o'quvchi hayajon bilan emas, balki qatag'on ijodkorlarini la'natlab-la'natlab o'qishi shubhasiz. Arxiv hujjatlari asosida yaratilgan mazkur kitob muallifdan katta tajriba va mahorat talab qilganligi bir-biriga bog'liq bo'lgan yuzlab materiallarni tahlil qilish, ularning eng muhimlarini o'rnida ishlatish, bu bilan asarning o'qishli bo'lishini ta'minlash tasvirda yaqqol ko'rinib turibdi. Bu borada Shohruh Akbarovning ko'p yillar sud tizimida ishlaganligi, shu mavzuda izchil qalam tebratib kelayotganligi, yanayam aniqroq aytadigan bo'lsak, uning sud-huquq sohasiga ixtisoslashgani qo'l kelganligi asarning bobdan-bobga rivojlanib borishiga xizmat qilgan. Buni yozuvchining oldinroq e'lon qilingan “Agar dardim bayon etsam…” va “Men o'zbekman” nomli asarlari misolida ham ko'rish mumkin. Eng muhimi, “Zulmat qa'ridagi yulduzlar” tarixiy-hujjatli romani Stalinning qatag'on siyosati millatimizni qanday jabru jafolarga giriftor qilganligidan bugungi avlodni ogoh etishda muhim va ishonchli manba hisoblanadi. Shu bilan birga bu asar Vatanimiz mustaqilligi yo'lida kurashgan yurtdoshlarimiz xotirasiga hurmat-ehtirom ko'rsatishga, ularning ezgu ishlarini davom ettirishga, yelkama-elka turib, O'zbekistonni dunyodagi eng taraqqiy etgan, qudratli va go'zal davlatlar darajasiga ko'tarishga undashi bilan ham e'tirofga sazovordir. Muxtasar qilib aytganda, o'quvchi asar qahramoni Muhammadjon Mo'minovning ayanchli va achchiq qismati bilan tanishar ekan, 1937-1953 yillarda erkparvar xalqimizning yuz mingdan ziyod vakili qatag'on qurboni bo'lganligini, ulardan o'n uch mingi otib tashlanganligini, minglab odamlar nohaq quloq qilinganligini bilib, ich-ichidan “Esiz o'zbegim-a, esiz o'zbegim!” degan nido kelishi aniq.

O'zbekiston Respublikasi Bosh prokurori Nig'matilla Yo'ldoshevning ushbu asarga  “Ulkan salohiyat sohibi” nomli so'z boshi yozganligi ham asar nechog'li ahamiyatli ekanidan dalolatdir.

Nuriddin OChILOV

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

four × one =