Mas'uliyat, e'tirof va ishonch

(Andijon davlat tibbiyot instituti tashkil etilganiga 70 yil to'ldi)
Sog'liqni saqlash tizimida jiddiy islohotlar kechmoqda. Ushbu jarayonda Yangi O'zbekiston tibbiyotini yanada takomillashtirish va malakali kadrlarni tayyorlash muhim vazifa etib belgilangan. Bu borada Andijon davlat tibbiyot instituti ham nafaqat Respublika, balki xalqaro miqyosda shifokorlarni yetishtirib berishda yetakchilik qiladi.
Ta'kidlash joiz, institutimiz yildan-yilga har taraflama rivojlanib bormoqda. Ta'lim sifati, ilmiy daraja va unvonlarga ega bo'lgan ustozlarning safi kengayayotganligi, nafaqat mahalliy, balki xorijiy talabalarning soni ortib borayotgani buning yorqin misoli bo'la oladi.
Institutimizga 1955 yildan 2015 yilga qadar qabul qilingan talabalar soni 31044 nafarni tashkil etgan bo'lsa, bugungi kunda 11 000 nafardan ziyod talabalar tahsil olmoqda.
O'qituvchilar soni joriy yilda 967 nafarni tashkil etadi. ulardan 65 nafari fan doktori bo'lsa, 254 nafari fan nomzodlaridir.
1955-1964 yillarda 5 ta tibbiyot fanlari doktori, 2 ta tibbiyot fanlari nomzodligi uchun dissertatsiya himoya qilingan bo'lsa, 2024 yilda 62 tadan ziyod tibbiyot fanlari doktori va tibbiyot fanlari bo'yicha falsafa doktorligi uchun himoyalar o'tkazildi. Bu esa, albatta, talabalarga sifatli ta'lim berish imkoniyatini ham oshiradi.
Qolaversa, institutimiz professor-o'qituvchilari xorijiy muassasalarda malaka oshirib kelmoqda. Birgina 2024 yil misolida aytganda 29 nafar o'qituvchimiz Rossiya Federatsiyasi, Amerika Qo'shma Shtatlari, Germaniya, Janubiy Koreya davlatlarining nufuzli oliy ta'lim muassasalari va klinikalarida malaka oshirib qaytdi. Xorijlik mutaxassislar ham institutimizga kelib, o'qituvchilar bilan mahorat va tajriba almashib, talabalarga ma'ruzalar o'qimoqda.
Bugungi kunda Andijon davlat tibbiyot instituti xorijning yetuk tibbiyot oliy ta'lim muassasalari bilan mustahkam hamkorlikni yo'lga qo'ygan. Yildan yilga aloqalar doirasi kengayib bormoqda.
Andijon davlat tibbiyot instituti hozirga qadar 60 dan ortiq xorijiy tibbiyot universiteti, institut, klinikalari bilan hamkorlik o'rnatgan. Hozirda jami 105 ta xalqaro shartnoma mavjud.
Joriy yilning 30 aprel kuni institutning 70 yilligi munosabati bilan “Profilaktik tibbiyotda ilg'or innovatsion texnologiyalarni qo'llash” mavzusidagi xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda ham O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash hamda Oliy ta'lim, fan va innovatsiyalar vazirliklaridan vakillar, respublikamizdagi tibbiyot oliy ta'lim muassasalari rektorlari, prorektorlar hamda xorijdagi nufuzli oliy ta'lim muassasalari rektorlari, professorlar onlayn va oflayn tarzda ishtirok etdi.
Xalqaro ilmiy-amaliy anjumanda Rossiya Federatsiyasi, Shvetsiya, Turkiya, Germaniya, Avstraliya, Janubiy Koreya, Hindiston, Qozog'iston, Qirg'iziston davlatlaridan 40 nafardan ziyod mutaxassislar qatnashdi.
Tadbir mehmonlari institutimizning tarixi va buguni haqida so'z yuritib, ulug' ustozlar xotirasini yodga oldi. Men ham ushbu institutning sobiq talabasi sifatida aytib o'tishim joizki, bugungi erishilayotgan yutuqlar bu, albatta, barchamizga bilim bergan ustozlarning fidokorona mehnati yorqin natijasidir. Hozirda hayot bo'lib, biz bilan yelkama-elka mehnat qilayotgan ustozlarning qo'llab-quvvatlashi bizga katta kuch beradi.
Anjuman davomida shunday bir ajoyib voqea bo'ldiki, bu e'tirof shaxsan menga katta mas'uliyat yuklaydi. O'zbekiston Respublikasi Sog'liqni saqlash vazirining buyrug'iga binoan “Xalq salomatligi posboni” ko'krak nishoni bilan taqdirlandim.
Shuningdek, anjuman doirasida Rossiya Federatsiyasining A.V.Vishnevskiy nomidagi milliy tibbiy tadqiqot jarrohlik markazi direktori o'rinbosari Madina Kadirova Aleksandr Vasilyevich Vishnevskiy nomidagi medalni taqdim etdi.
Mazkur medal Federal davlat byudjet muassasasi A.V.Vishnevskiy nomidagi milliy tibbiy tadqiqot jarrohlik markazining oliy mukofoti bo'lib, u taniqli jarrohlar, olimlar va sog'liqni saqlash tashkilotchilariga beriladi.
Ushbu e'tiroflar va ishonch uchun cheksiz minnatdorligimni bildiraman. Institutimiz jamoasi bilan birgalikda yanada ulkan marralarni zabt etishga, sohaning yetuk mutaxassislarini tarbiyalashga sidqidildan harakat qilaman.
Institutning 70 yillik tantanasida institutimizda uzoq yillardan buyon fidokorona mehnat qilayotgan ustozlar, o'zlarining faolligi, intiluvchanligi bilan jamoamizga o'rnak bo'layotgan yoshlardan jami 40 nafardan ziyod xodimlarimiz munosib taqdirlandi.
Andijon davlat tibbiyot institutining 70 yilligida talabalar jamoasi ham faol bo'ldi, desam, mubolag'a bo'lmaydi.
Institutning 70 yilligiga bag'ishlangan Anatomiya va Gistologiya bo'yicha II xalqaro olimpiada, “Morfologiya bayrami” ham bo'lib o'tdi. Unda Rossiya Federatsiyasi, Qozog'iston, Qirg'iziston Respublikasidan va mamlakatimizdagi tibbiy oliy ta'lim muassasalari talabalaridan iborat, jami hisobda 10 ta jamoa ishtirok etdi.
Olimpiada rus va ingliz tilida bo'lib o'tdi. Xorijiy mamlakatlardan olimpiada uchun 14 nafar yetakchi morfologlar hay'at a'zolari sifatida qatnashdi. Unda talabalar tanishtiruv, savol-javob, amaliy mashg'ulot kabi shartlar bo'yicha bellashdi.
Mazkur olimpiadada talaba-yoshlarning bir jamoa bo'lib ishtirok etishlari katta yutuq deb bilaman. Bu ularning o'z imkoniyatlarini sinovdan o'tkazishlariga keng tajriba maydoni bo'ldi. Olimpiada chinakam do'stlik, birdamlik bayrami bo'ldi. Yakunda esa eng bilimdonlar aniqlanib, qator nominatsiyalar bo'yicha ularga kubok va esdalik sovg'alari topshirildi.
O'ylaymanki, bu kabi do'stlik rishtalari kelajakda mustahkam xalqaro hamkorliklarning debochasi bo'lib xizmat qiladi.
Institutimizning 70 yilligi munosabati bilan ko'p sonli jamoamiz, qadrli professor-o'qituvchilar va aziz talabalarimizni samimiy qutlayman.
Bu kabi tantanalar institutimizda ko'p bo'lsin va ularda safimiz hamisha kengaygan holda qatnashib yurish barchamizga nasib etsin!
Madamin MADAZIMOV,
Andijon davlat tibbiyot
instituti rektori,
professor.