Daraxtni asrang, do'stlar!

yoxud mo''jazgina bog'imizni ko'rganmisiz?
Toshkent shahrining XX asr 90-yillaridagi qiyofasi aks etgan videolavhaga ijtimoiy tarmoqlarda ko'zim tushdi. Toshkent yashillikka burkangan. Qator-qator daraxtlar shahar husniga ko'rk bag'ishlab turganidan hayratlandim.
Bugungi kunga kelib, shaharning ayrim ko'chalarida nafaqat ko'chatlar ekish, balki ularni ko'kartirish ham amrimahol bo'lib qolgan. Ariqlarda suv oqmaydi. Chunki suv oqadigan ariqlarning ko'pi ko'milib ketgan. O'rniga ko'p qavatli uylar qurilgan.
Jurnalist kadrlarni yetishtirib chiqarishga ixtisoslashgan oliy ta'lim o'chog'ida tahsil olaman. Universitetimiz dov-daraxtlari, soya-salqin joylari ko'pligi bilan ajralib turadi. Yoshlar ochilib turgan gullar, soya berayotgan manzarali daraxtlar yonida suratga tushishga oshiqishadi. O'rik, olma ham bor. Universitet bog'ida noyob daraxtlarni ko'rib, ko'zimiz quvonadi.
Dorilfununimiz hududiga uch tomondan kirsa bo'ladi. O'ng tarafda joylashgan birinchi eshikdan qadam qo'ysangiz, taniqli olim Omonulla MADAYEV nomi bilan atalgan bog'. Chap tarafingizda qiyg'os ochilgan atirgullarga nigohingiz tushadi. Bog'da o'riklar pishay deb qolgan.
Sal nariroqda tikka o'suvchi, ehromsimon shaklga ega “Magnolia grandiflora” daraxtiga ko'zingiz tushadi. Uni “abadiy yashil magnoliya” deb ham atashadi. Yirik, silliq va yaltiroq barglari bilan ko'zni qamashtiradi. Yaprog'ining yuqori qismi to'q yashil, pastki qismi esa qo'ng'ir tusda bo'ladi. Uzunligi 12–25 santimetrgacha yetadi. Asosan, yoz oylarida gullaydi. Quyoshni sevadi, lekin yarim soyali joylarda ham hayot kechirishi mumkin. Meva tugishiga qaramasdan, ko'pchilik manzarali daraxt deb biladi.
Diqqatingizni “floribunda” turkumiga kiruvchi “iceberg” (oq), “julia child” (sariq), “hot cocoa” (to'q qizil) singari atirgullar tortishi shubhasiz. Ko'p gul ochadi, lekin mayda ko'rinishga ega bo'ladi. Hovliga zeb berib turibdi. Kim o'tsa ham, hididan sarmast bo'ladi.
Igna bargli o'simliklardan archaning “juniperus” nomli turi uchraydi. Archalar, odatda, tik holda o'sardi. Ammo, “juniperus” yoyilib o'sadi, yer bag'rini mahkam tutib olgan. Shu boisdan ham uni butasimon igna bargli o'simlik sifatida ta'riflashadi. Yozin-qishin bir xil kiyimda. Yashil to'nini yechgisi kelmaydi. Bo'yi ham nihoyatda past bo'ladi. Ignalari, shoxlari, ba'zan dumaloq shakldagi mevalaridan xushbo'y, yallig'lanishning oldini oladigan, hujayralar faoliyatini rag'batlantiradigan efir moyi chiqadi.
Havoni tozalovchi xususiyatga ega bo'lgan “Picea pungens”, ya'ni “ko'kimtir archa” universitet hududidagi bog'ning ichkariroq qismida joylashgan. Sovuqqa chidamli, qo'l bilan ushlasangiz, ignalari tiladigan darajada o'tkirligi bilan ajralib turadi. Barglari mum qatlami ta'sirida paydo bo'ladigan kumushsimon rangda. Kasallik va zararkunandalar “ko'kimtir archa”ning yo'liga g'ov bo'lolmaydi. Unda “himoya immuniteti” shakllangan.
Xorijdan keltirilgan, iqlimimizga moslashtirilgan daraxt va o'simliklar qatoriga 150 yilgacha umr ko'radigan, talabalar yotoqxonasi yaqiniga ekilgan “Katalpa” daraxti ham qo'shildi. Soyabop bu daraxt asalarilar uchun nektar manbai hisoblanadi.
Mo''jaz bog'da o'sib-unayotgan har bir giyoh, o'simlik, daraxt ob-havoni tozalaydi, yashillik beradi. Shahar ko'chalarida qurib borayotgan ko'chatlarni ko'rib, xafa bo'lib ketasan, kishi. Hamma gap parvarishda, vaqtida ishlov berishda bo'lsa kerak.
O'zbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universitetidagi jami dov-daraxtlar, gullar rektorimiz, professor Sherzodxon Qudratxo'janing nazorati ostida parvarishlanmoqda.
Yaqinda ikki tup gujum ko'chati niholi ekildi.
Daraxtlar — insonlar do'sti. Chang yutib, toza havo — kislorodni biz tomon tortiq etadi. Biz esa bu do'stlarimizni asrab-avaylay olyapmizmi?
Ulug'bek ShAROBIDDINOV,
O'zJOKU talabasi.