Yoshlar – yurt taraqqiyotining tayanchi

“Sayyoramizning ertangi kuni, farovonligi farzandlarimiz qanday inson bo'lib kamolga yetishi bilan bog'liq. Bizning asosiy vazifamiz — yoshlarning o'z salohiyatini namoyon qilishi uchun zarur sharoitlar yaratishdan iborat”.

Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning ushbu chaqirig'i bugungi kunda mamlakatimizda amalga oshirilayotgan yoshlarga oid siyosatning asosiy yo'nalishlarini belgilab bermoqda. Prezidentimiz tashabbusi bilan yoshlarga munosib sharoitlar yaratish, ularni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, kasbga yo'naltirish, bandligini ta'minlash va tashabbuslarini rag'batlantirish masalalariga alohida e'tibor qaratilmoqda.

Darhaqiqat, bugungi globallashuv va innovatsiyalar davrida har bir davlatning kelajagi, avvalo, uning bilimli, iqtidorli va fidoyi yoshlariga bog'liq. Yurtimizda yoshlarning iste'dod va salohiyatini ro'yobga chiqarish, jamiyatda munosib o'rin egallashi uchun zarur sharoitlar yaratish davlat siyosatining ustuvor yo'nalishlaridan biridir.

Biz o'z oldimizga qo'ygan, har tomonlama rivojlangan Yangi O'zbekiston davlati va jamiyatini barpo etish, Uchinchi Renessans poydevorini yaratishdek ulkan vazifani bajarishni maqsad qilganmiz. Bu zamonaviy bilim va ko'nikmalarni chuqur o'zlashtirgan, yuqori malakali, mustaqil fikrlaydigan, vatanparvar kadrlar tayyorlashning umume'tirof etilgan xalqaro standartlar asosidagi innovatsion tizimini shakllantirish borasidagi ishlarimizni sifat jihatidan yanada kuchaytirishni talab etmoqda.

Andijon davlat universiteti – bizning ta'lim maskanimiz respublikamizdagi nufuzli universitetlardan biri hisoblanadi. Hozirga kelib universitetda 8 ta fakultet, 30 ta kafedra, 2 ta markaz faoliyat olib bormoqda.

Ilmiy kengashlar soni bosqichma-bosqich oshirib borilyapti. 2025 yil holatiga ko'ra, universitetda ilmiy darajalar beruvchi 7 ta Ilmiy kengash faoliyat yuritmoqda.

Universitetda 2024-2025 o'quv yilida “Scopus” xalqaro ilmiy-texnik ma'lumotlar bazasidagi ilmiy jurnallarda chop etilgan maqolalar soni 123 ta bo'lib, har bir professor-o'qituvchilarga nisbatan tahlil qilinganda, bu ko'rsatkich o'rtacha 19,3 foizni tashkil etadi.

Davlat ilmiy-texnik dasturlari doirasida 2024-2025 o'quv yilida universitetda 3 ta ilmiy innovatsion ishlanmalar va loyihalar bajarilmoqda.

Universitetimizda 2 ta ilmiy-tadqiqot markazi mavjud bo'lib, o'rtacha 23 dan ortiq xodim faoliyat ko'rsatadi.

Eng muhimi, universitetimizda talaba-yoshlarni har tomonlama qo'llab-quvvatlash, ularning iqtidorlarini namoyon qilishlari uchun barcha shart-sharoitlar yaratilgan. Talabalarning qiziqishlarini inobatga olgan holda, ta'lim o'chog'ida intellektual, jismoniy va ijodiy qobiliyatlarini rivojlantirishga mo'ljallangan to'garaklar, talabalarning qiziqishlari bo'yicha 10 dan ortiq klublar tashkil etilgan. Jumladan, “Zakovat”, “Debat”, “Media” va “Sport” klublari, “Talabalar teatr studiyasi”, “QVZ”, “ART-terapiya”, “Kitobxonlar”, “Volontyorlar”, “Talaba-qizlar” klublari faoliyat yuritib kelmoqda.

Talabalarning ilmiy-tadqiqot ishlarini rivojlantirishga yordam berish, nazariy va amaliy bilim darajasini oshirish maqsadida 30 dan ortiq to'garaklar faoliyat yuritmoqda. Ushbu to'garaklarda talabalarimiz o'z qobiliyatlarini namoyon qilib, turli loyihalarda ijodiy rivojlanishlariga imkoniyat yaratilgan.

Talabalarning bo'sh vaqtlarini mazmunli tashkil etish hamda jismoniy chiniqishlari, ularning sport sohasidagi qobiliyatini namoyon qilishga va sog'lom turmush tarzini targ'ib etishga yo'naltirilgan “ADU” sport klubi tashkil etilgan bo'lib, ushbu sport klubida 5 ta sport turi (futbol, voleybol, basketbol, stol tennisi, shaxmat) bo'yicha sport seksiyalari faoliyat yuritib kelmoqda.

Shuningdek, yoshlarimizning bo'sh vaqtini mazmunli o'tkazish maqsadida “Yoshlar haftaligi”, “Rektor kubogi”, “Yoshlar oqshomi” madaniy tadbirlari, “Zakovat” intellektual o'yinlari hamda “Student’s party” (Talabalar oqshomi) madaniy ko'ngilochar tadbirlari, “Besh tashabbus olimpiadasi”, “Quvnoqlar va zukkolar”, “Talabalar teatr studiyalari” tanlovi, “Osh chempionati”, “Shashlik day”, “Munozara” kabi tanlovlar tashkil etilib, g'oliblikni qo'lga kiritgan talabalar pul mukofotlari va esdalik sovg'alari bilan taqdirlab borilmoqda.

Universitetda talabalarning sifatli ta'lim olishi va darsdan tashqari vaqtini mazmunli o'tkazishi va hordiq chiqarishi uchun zamonaviy talablarga mos sharoitlar muhayyo qilingan. Yaratilgan sharoitlardan mamnun talabalarimiz esa bor kuch-g'ayrat va iste'dodlarini ishga solib, chuqur ilm olish bilan birga, ilmiy anjumanlar, ma'naviy-ma'rifiy tadbirlarda faol ishtirok etib, quvonarli natijalarga erishmoqdalar.

Xususan, 2024-2025 o'quv yili davomida universitet talabalari bir qator muhim yutuqlarga erishdi. 9 nafar talabamiz xalqaro fan olimpiadasida munosib ishtirok etib, 2 ta oltin va 1 ta bronza medalini qo'lga kiritdi. Shuningdek, 11 nafar talaba Prezident va boshqa davlat stipendiyalari sovrindori bo'ldi.

Sport sohasidagi yutuqlar ham e'tiborga molik. Joriy yilning 10-23 may kunlari o'tkazilgan “Talabalar ligasi” sport musobaqalarining respublika bosqichida universitetimiz jamoasi futzal bo'yicha faxrli 1-o'rinni, basketbol bo'yicha 2-o'rinni va kurash bo'yicha yana 1-o'rinni egalladi. Bundan tashqari, “Universiada” sport musobaqalarida voleybol (ayollar o'rtasida) bo'yicha 2-o'rin, stol tennisi va stritbol (ayollar o'rtasida) bo'yicha mos ravishda 2- va 3-o'rinlar qo'lga kiritildi.

Yoshlarning intellektual salohiyatini yuksaltirish borasida ham salmoqli natijalarga erishilmoqda. “Intellektual haftalik” doirasida o'tkazilgan respublika miqyosidagi “Zakovat” musobaqasining Breyn-ring yo'nalishida universitet jamoasi 3-o'ringa sazovor bo'ldi.

Bundan tashqari, 2025 yilning 21-24 may kunlari Toshkent shahrida o'tkazilgan “Mirzo Ulug'bek vorislari” tanlovi va “Talaba Expo – 2025” ko'rgazmasida universitetimizning axborot texnologiyalari injiniringi fakulteti talabalari — Dilafro'z Rasuljonova hamda Muzaffar Rahimov o'z loyihalari va tashabbuslari bilan faol ishtirok etib, “Eng faol qatnashgan ishtirokchi” nominatsiyasi g'oliblari deb topildilar.

Faxrlansak arziydi, jahon chempionatida 21 nafar talabamiz yuqori natijalarni qo'lga kiritdi, Osiyo chempionatida 2 nafar talabamiz faxrli 3-o'ringa sazovor bo'ldi. Respublika miqyosida esa 86 nafar talabamiz sport va ko'rik-tanlovlarda faol qatnashib, sovrinli o'rinlarga erishdi hamda mukofot (diplom)larga sazovor bo'ldi.

Yuqorida aytganimizdek, yurt taraqqiyoti, jamiyat barqarorligi va ijtimoiy yuksalish — bu, eng avvalo, yosh avlodning bilim, salohiyat va tarbiyasiga bog'liq. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyevning BMT minbaridan turib bildirgan fikrlari nafaqat ezgu da'vat, balki umummilliy ustuvor vazifa sifatida hayotga joriy etilmoqda.

Universitetda olib borilayotgan ishlar — bu islohotlarning muhim halqasi. Yoshlarga ko'rsatilayotgan e'tibor, yaratilayotgan imkoniyatlar esa Yangi O'zbekiston poydevorini mustahkamlovchi asosiy omillardandir.

Andijon davlat universitetida talaba-yoshlarning ilmiy, sport, madaniy va ijodiy salohiyatini yanada oshirish, ularning imkoniyatlarini ro'yobga chiqarish uchun quyidagi yo'nalishlarda istiqbolli rejalar ishlab chiqilib, bosqichma-bosqich amalga oshirilmoqda.

Jumladan:

– xalqaro va respublika miqyosidagi fan olimpiadalari, konferensiyalar, seminarlarda ishtirok etish imkoniyatlari kengaytiriladi;

– har bir fakultetda talabalar ilmiy to'garaklarini zamonaviy laboratoriya va texnik jihozlar bilan ta'minlash orqali ularning ilmiy tadqiqot faoliyati qo'llab-quvvatlanadi;

– yetakchi xorijiy universitetlar bilan hamkorlikda onlayn va oflayn ilmiy seminarlar, mahorat darslari yo'lga qo'yiladi;

– sportning ommaviyligini oshirish maqsadida muntazam ichki musobaqalar, “Rektor kubogi” va sport festivallari tashkil etiladi;

– iqtidorli sportchi-talabalarni xalqaro sport musobaqalariga tayyorlash bo'yicha alohida mashg'ulotlar tizimi joriy qilinadi;

– universitet sport bazasi yangilanadi va barcha sport turlariga mos zamonaviy inshootlar barpo etiladi;

– malakali murabbiylar va sport ustalari jalb qilinib, talabalar o'rtasida professional sportga yo'naltirish kuchaytiriladi;

– talabalar teatr studiyasi, raqs va musiqa ansambllarini qo'llab-quvvatlash orqali universitet miqyosida madaniy tadbirlar soni ko'paytiriladi;

– “Ijodiy haftaliklar”, “Talabalar teatr studiyalari”, “Ma'rifat maydoni”, “Yurtimiz qadriyatlari” va “Ijodkorlar festivali” kabi tanlovlar muntazam o'tkaziladi;

– xalq ijodiyoti, milliy meros va zamonaviy san'at yo'nalishida ijod qilayotgan talabalar uchun ustoz-shogird maktablari tashkil etiladi;

– “Zakovat”, “Breyn-ring”, “Kitobxonlar bellashuvi” kabi intellektual tanlovlar muntazam ravishda o'tkazilib, g'oliblar rag'batlantiriladi;

– respublika va xalqaro ko'rik-tanlovlarda universitet nomidan ishtirok etuvchi jamoalar uchun maxsus tayyorlov markazi tashkil etiladi;

– tanlovlar natijalari asosida yetakchi talabalar ro'yxati shakllantirilib, ularga individual rivojlanish rejalari tuziladi;

– har yili “Yil talabasi” ko'rik-tanlovining “Eng faol talaba”, “Yil ixtirochisi”, “Yil sportchisi”, “Yil madaniyat faoli” kabi nominatsiyalar bo'yicha mukofotlar joriy qilinadi;

– iqtidorli yoshlar uchun xorijiy tajriba almashuv dasturlarida ishtirok etish imkoniyati yaratiladi;

– talabalar tashabbusi bilan amalga oshirilgan loyihalarga universitet rahbariyati tomonidan grantlar ajratilishi yo'lga qo'yiladi.

Ha, yuqoridagi kabi ko'plab istiqbolli rejalar Yangi O'zbekistonda ma'rifatli, bilimli, vatanparvar va jahon maydonida munosib o'rin egallay oladigan yoshlarni tarbiyalashga yo'naltirilgan sa'y-harakatlarning uzviy davomidir.

Baxtiyor AKBARALIYEV,

Zahiriddin Muhammad Bobur nomidagi

Andijon davlat universiteti rektori,

texnika fanlari doktori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

3 + 14 =