Innovatsiya va tashabbuslar maskani

O'zbekiston davlat jahon tillari universitetida talabalarning tashabbuslari har tomonlama qo'llab-quvvatlanadi

So'nggi yillarda yurtimizda yoshlarga bo'lgan e'tibor va g'amxo'rlik davlat siyosatining ustuvor yo'nalishi sifatida shakllandi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev rahnamoligida yoshlarning ta'lim olishi, kasbga ega bo'lishi, mustaqil fikr yuritishi va jamiyatda munosib o'rin egallashi uchun keng imkoniyatlar yaratilmoqda.

30 iyun — Yoshlar kuni munosabati bilan o'tkazilgan tarixiy uchrashuvda davlat rahbari tomonidan ilgari surilgan fikrlar va tashabbuslar bugungi kun yoshlarining kelajagini belgilab beradigan muhim dasturga aylandi. Prezidentimiz ta'kidlaganidek, “Sizlar — yangi tarix yaratadigan oltin avlodsiz!” Bu fikr nafaqat iftixor, balki katta mas'uliyat, yangi maqsadlarga intilish hissini ham uyg'otadi.

Ayni paytda dunyodagi eng nufuzli universitetlar — “TOP-10”, “TOP-100” va “TOP-300” ro'yxatlarida 1500 nafardan ziyod yurtdoshimiz tahsil olmoqda. Ular orasida 30 nafari dunyodagi eng kuchli o'ntalikka kirgan oliy ta'lim muassasasi talabasi. Bu mamlakatimizdagi ta'lim islohotlarining samarasi va yoshlarga berilgan ishonchning amaliy ifodasidir.

O'zbekiston davlat jahon tillari universiteti ham ushbu ulkan jarayonlarda faol ishtirok etmoqda. Biz yoshlarimizga faqat til o'rgatish bilan cheklanmay, ularni zamonaviy jurnalistika, axborot texnologiyalari, sun'iy intellekt, xalqaro aloqalar va lingvistika kabi sohalarda yetuk mutaxassis etib tayyorlashga intilmoqdamiz. Universitetimizda “El-yurt umidi”, “DAAD”, “Erasmus+”, “KOICA”, “Vengriya” stipendiyalari va boshqa xalqaro dasturlar orqali yuzlab talabalarimiz xorijda o'qish imkoniyatiga ega bo'lmoqda.

2024-2025 o'quv yilida iqtidorli yoshlarni ilmiy-tadqiqot faoliyatiga keng jalb etish borasida 100 dan ortiq yutuqlar qayd etildi. Jumladan, universitetimizning 2 nafar (magistr va bakalavr) talabasi O'zbekiston Respublikasi Prezidenti stipendiyasiga, 5 nafar talabamiz Prezident grantiga, 1 nafar talaba Islom Karimov va 11 talabamiz Navoiy nomidagi davlat stipendiyasiga munosib deb topildi. Shuningdek, 41 nafar talabaga Rektor stipendiyasi, 10 nafarga esa Aleksandr Faynberg maxsus stipendiyasi berildi.

Bu kabi e'tiroflar universitetimizdagi yoshlar ta'lim, fan, ijtimoiy faollik va ma'naviy yetuklik jihatidan yetarli darajada qo'llab-quvvatlanayotganini yana bir bor tasdiqlaydi. Ayniqsa, 2025 yilda Zulfiya nomidagi Davlat mukofotiga sazovor bo'lgan 2 nafar talaba — biri madaniyat va jurnalistika, ikkinchisi adabiyot-badiiy publitsistika yo'nalishi bo'yicha yuksak e'tiborga sazovor bo'ldi.

Prezidentimiz tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan qator dasturlar — “Bir million dasturchi”, “Yoshlar biznesi”, “Kelajakka qadam”, “Raqamli avlod qizlari” kabi loyihalar yoshlarga nafaqat bilim, balki moliyaviy va amaliy ko'makni ham taqdim etmoqda. Jumladan:

– “TOP-300” universitetlarga kirayotgan yoshlarga 20 ming dollargacha imtiyozli kreditlar;

– “Yoshlar venchur” jamg'armasi orqali 1 milliard dollarlik startap loyihalarni qo'llab-quvvatlash;

– 83 milliard dollarlik yangi investitsiya loyihalari bilan 500 mingga yaqin ish o'rni yaratish;

– “Kelajak liderlari” dasturi asosida 100 nafar salohiyatli yoshni tayyorlash kabi imkoniyatlar ularning kelajakda o'z o'rnini topishiga xizmat qilmoqda.

O'zDJTUda talabalarning tashabbuslari har tomonlama qo'llab-quvvatlanadi. Mediastudiya, IT laboratoriyalar, ilmiy konferensiyalar, mahoratini namoyon etuvchi tanlovlar, debat va fan to'garaklari orqali yoshlar o'z iqtidorini namoyon etish imkoniga ega. Talabalarning shaxsiy loyihalari va startap g'oyalari uchun universitet ichki grantlar va rezidentura dasturlarini amalga oshirmoqda.

Talabalarimiz “TalabaFest-2025” festivalida 8000 nafarlik jamoa bilan faol ishtirok etdi. Yoshlar mazkur festivalda sun'iy intellekt, frilans, startaplar haqidagi mahorat darslari va seminarlarda qatnashib, amaliy ko'nikma va yangi bilimlarga ega bo'ldi.

Shuningdek, universitetda “QVZ” va “Zakovat” jamoalari shahar kubogi finalida ikkinchi o'rinni, “Talabalar teatr studiyasi” esa respublika bosqichida uchinchi o'rinni egalladi.

“To'maris izdoshlari” sport musobaqasida 100 nafarga yaqin talaba-qizlar ishtirok etdi va Toshkent shahar bosqichida ikkinchi o'ringa loyiq topildi.

“Harakatda daromad” elektron tizimi orqali ta'tildagi 3 million yoshning ish bilan bandligi ta'minlanmoqda. Bu shunchaki ish emas — amaliy ko'nikma, mahoratni oshirish, turli sohalarda sinovdan o'tish imkoniyatidir.

Universitetimiz sport jamoasi 2025 yilda “Universiada” respublika finalida 3-o'rinni, Toshkent shahri bo'yicha esa 1-o'rinni qo'lga kiritdi. Bu natijalar uchun universitet 176 million 477 ming so'mlik sport inventarlari bilan taqdirlandi.

Bundan tashqari, 2025 yilda universitetimizning talabasi Xaldurdiyeva Oguljeren “Yosh kitobxon” tanlovi respublika bosqichida 340,3 ball bilan g'olib bo'lib, Prezident sovg'asi — “BYD Chazor” elektromobiliga ega bo'ldi.

Bugungi O'zbekistonda yoshlarga qaratilgan davlat siyosati faqat so'zda emas, aniq mexanizm va samarali amaliy qadamlar orqali o'z ifodasini topmoqda. Yoshlarning iqtidori, tashabbusi, innovatsion g'oyalari va bilimga chanqoqligi — mamlakat taraqqiyotining muhim strategik omili sifatida qaralmoqda.

Mana shunday keng qamrovli dasturlardan biri — “Kelajakka qadam”. Mazkur tashabbus doirasida O'zbekiston davlat jahon tillari universitetidagi talabalarning tashabbuslari jiddiy qo'llab-quvvatlanmoqda. Masalan, bitiruvchi kurs talabalaridan 48 nafari o'z biznes g'oyalari bilan loyihalar taqdim etish tashabbusini bildirgan bo'lsa, 33 nafar talabaning aniq biznes-rejalari shakllantirildi. Ushbu loyihalardan 18 tasi bank mutaxassislari tomonidan ijobiy baholanib, ulardan 13 nafariga 233 million so'm miqdorida imtiyozli mablag'lar ajratildi.

Bu esa nafaqat yoshlarning tadbirkorlik salohiyatini namoyon etish, balki ularni moliyaviy jihatdan qo'llab-quvvatlash, shaxsiy biznesini yo'lga qo'yishga undashda muhim omil bo'lib xizmat qilmoqda.

“Kelajakka qadam” dasturi doirasida yoshlarning o'z g'oyalarini amalga oshirishga qulay muhit yaratish maqsadida universitetda maxsus markaz tashkil etildi. Bu yerda talabalar uchun 2 ta kompyuter, 4 ta stol va 12 ta o'rindiq, 1 ta televizor, yorqin rangdagi “Kelajakka qadam” yozuvi bilan jihozlangan info-maydon va zarur ish yuritish vositalari joylashtirilgan.

Bunday infratuzilma tashabbuslarning ro'yobga chiqishiga poydevor bo'lib xizmat qilmoqda.

Yoshlarning faqat tadbirkorlik sohasida emas, balki ilmiy va ta'limiy yo'nalishdagi yutuqlari ham yetarlicha. Masalan, 3-bosqich talabasi M.Ne'matullayeva tomonidan yaratilgan “Topic Based Vocabulary Handbook” lug'ati universitetning o'quv-uslubiy kengashi tomonidan nashrga tavsiya qilindi. Bu kabi amaliy ishlar talabalarning lingvistik va uslubiy bilimlarini faol tatbiq etayotganini ko'rsatadi.

Shuningdek, talabalarga o'quv-metodik qo'llanmalar va lug'atlar tayyorlash uchun quyidagi shart-sharoitlar yaratilgan: ushbu jarayonni qadam-baqadam tartibga soluvchi yo'riqnoma ishlab chiqilgan, “Discussion room”lar, “British Council” bilan hamkorlikda 4150 ta kitobdan iborat kutubxona, “Korea Corner” doirasida 532 ta koreys adabiyoti kitoblari joylashgan, Axborot-resurs markazi ish vaqti talabalar ehtiyojidan kelib chiqib, haftasiga 6 kun, kechki soat 22:00 gacha faoliyat ko'rsatadi.

Bugun talabalarning raqobatbardoshligida til bilishi shubhasiz muhim o'rin tutadi. Universitetimizda bu borada ham jiddiy ishlar olib borilmoqda: bitiruvchi talabalarning 61 foizi “C1” yoki “B2” darajadagi milliy va xalqaro til sertifikatiga ega. Bu ko'rsatkich talabalarning xalqaro mehnat bozorida o'z o'rniga ega bo'lishi uchun muhim poydevordir.

Sertifikat olish ko'nikmasini kuchaytirish maqsadida tanlov fanlari orqali tayyorgarlik tizimi shakllantirilgan, tayyorlov kurslari tashkil etilgan.

Talabalarni muvaffaqiyatli ishga joylashtirish maqsadida 2025 yil 17 aprelda “Bo'sh ish o'rinlari yarmarkasi” tashkil etildi. Unda yetakchi kompaniya va korxonalar ishtirok etgani — talabalarni bozor talabiga muvofiq yo'naltirishga qaratilgan jiddiy qadam bo'ldi.

Bugungi kunda universitetlar faqat ta'lim beruvchi emas, balki yoshlarning iqtidorini namoyon etish, ularni tadbirkor, mutaxassis, olim va yetakchi sifatida tarbiyalashga qaratilgan mukammal tizimni shakllantirmoqda. Yoshlar uchun yaratilayotgan imkoniyatlar ekotizimi bu — kelajak taraqqiyotining asosiy kafolatidir.

Intellektual avlod — Yangi O'zbekistonning yuragi. Shu bois, har bir yoshga ishonch, e'tibor va imkoniyat berish — qabul qilingan eng to'g'ri strategik qarorlardan biri.

Yangi O'zbekiston yoshlari — bu nafaqat mustaqillik farzandlari, balki global dunyoda milliy yuksalishni ta'minlaydigan intellektual avloddir. Biz ularga ishonamiz, ular bilan faxrlanamiz va har tomonlama qo'llab-quvvatlashga tayyormiz.

Shu sababli, ta'lim muassasalari, oila, jamiyat, ommaviy axborot vositalari va davlat organlari yakdillikda ish yuritib, yoshlarga g'amxo'rlik muhitini yaratishi zarur. Chunki bugun e'tibor berilgan har bir yosh ertaga O'zbekiston nomini yuksaltiruvchi yetakchi, olim, ixtirochi, sportchi yoki diplomat bo'lib voyaga yetadi.

Ilhomjon TO'XTASINOV,

O'zbekiston davlat jahon tillari

universiteti rektori.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

19 + 19 =