“Tabiat va yosh jurnalist” media-turi

u to'rtinchi bor o'tkazildi va samarali bo'ldi

O'zbekiston Jurnalistlar uyushmasi a'zosi, “Xalq so'zi” gazetasining Sirdaryo viloyati bo'yicha muxbiri, “Mehnat shuhrati” ordeni sohibi Ahmadali Shernazarov mahorat maktabining an'anaga aylangan “Tabiat va yosh jurnalist” media-turi to'rtinchi bor bo'lib o'tdi.

Unda ustoz jurnalistning markaziy va mahalliy ommaviy axborot vositalarida faoliyat yuritayotgan, jurnalistika oliy ta'limida tahsil olayotgan va kelajakda shu soha bo'yicha o'qib-o'rganib, yetuk jurnalist bo'lishni maqsad qilgan shogirdlari ishtirok etdi.

E'tiborlisi, bu yil to'rtinchi bor tashkil etilgan sayohat doirasida ham bir necha ijodiy loyihalar amalga oshirildi. Xususan, kimdir Xo'jamushkent qishlog'ining o'ziga xos tabiiy go'zalligi, kimdir “Xo'jamushkent ota” ziyoratgohi tarixi, yana bir yosh jurnalist esa tabiat bag'rida dam olish jarayonida ekologik madaniyatga rioya qilish xususida mediamateriallar tayyorladi. Shuningdek, yosh ijodkorlar mavzuli fotoetyud va videolavhalar ham tasvirga oldilar.

— Mazkur media-turni har yili bir manzil — Jizzax viloyati Yangiobod tumanining Xo'jamushkent qishlog'ida o'tkazamiz, — dedi Ahmadali Shernazarov. — Boisi, ushbu qishloqda tabiiylik to'liq saqlangan. Shu bilan birga o'zbek qishlog'i qiyofasi ham. Buloqlari ko'p va betakror. Balanddan oqib tushadigan chashmalari bor. Ularga “Suvpopukli buloqlar” deb nom qo'yganmiz. Har galgi media-turimiz asnosida tabiat tomoshasi bilan birga o'zaro ijodiy muloqotlar ham juda samarali o'tmoqda. Xususan, unda OAVda faoliyat yuritayotgan yosh jurnalistlar o'zlarining ilk kasb ko'nikmalari va tahririyatlardagi ish jarayonlari haqida talaba hamda o'quvchi shogirdlarimga gapirib beradilar. Shuningdek, mazkur suhbatlarda so'z san'atidan, tahrirdan saboq olgan va, umuman, yozish mahoratiga ega jurnalist borki, OAVning qaysi yo'nalishida bo'lmasin, har birida professional darajaga yetishi ta'kidlanadi.

Yakunda kelgusi yilgi, ya'ni beshinchi marotaba o'tkaziladigan “Tabiat va yosh jurnalist” media-turi bo'yicha ijodiy-tashkiliy rejalar kelishib olindi. Jumladan, ustoz jurnalist Ahmadali Shernazarov mahorat maktabi a'zolarining maqolalaridan iborat kitob nashr etish va uning taqdimotini ayni media-tur jarayonida o'tkazish belgilandi.

Zanjiloy ABDUSALOMOVA,

O'zDJTU talabasi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

eighteen − fifteen =