Mehr ko'zda

yoxud “Vatandoshlar” Qorabuloqda uchrashdi
…Qozog'istonning janubidagi Turkiston viloyatining ko'hna Sayram nomi bilan ataluvchi tumanidagi ko'm-ko'k daraxtlar og'ushida bo'y tiklab turgan Qorabuloq qishlog'i markazidagi madaniyat uyida o'zgacha jonlanish diqqatni tortadi. Guruh-guruh bo'lib ichkariga kirib borayotganlar ham, qizg'in suhbat qurib turganlar ham kimnidir kutishayotgani seziladi. Ichkariga qadam qo'yarkansiz, milliy liboslardagi qizaloqlar qo'llarini ko'ksilariga qo'yib, muloyimlik bilan “Assalomu alaykum! Xush kelibsiz!” deya qarshilashadi. Keng kutish zalida kitoblarga ko'zingiz tushadi. Sizga milliy liboslar-u pishiriq, non va taomlar o'z qo'llarida milliy liboslarda xushtavozelik bilan salom berishadi.
Qorabuloqda ancha yillardan beri faoliyat yuritayotgan Pobeda opa Abdazimova boshchiligidagi “Onalar maktabi” nodavlat jamoat tashkiloti taklifi bilan O'zbekistondagi “Vatandoshlar” xalqaro jamoat fondi yaqinda ushbu madaniyat uyida tadbir o'tkazdi.
O'zbekistonlik xonandalar ishtirokida konsert taqdim etildi. Qishloqdagi sakkizta maktab va qishloq kutubxonalariga kitoblar sovg'a qilish hamda “Vatandoshlar” xalqaro jamoat fondi tomonidan ulug' bobokalonimiz Alisher Navoiy tavalludiga bag'ishlangan onlayn tanlovda ishtirok etgan maktab o'quvchilarini taqdirlash rejalashtirilgan edi.
Tashrif buyurganlar orasida Qozog'iston o'zbeklari “Do'stlik” hamjamiyati rahbari I.Hoshimjonov, oqsoqollar kengashi raisi B.Turdiqulov, professor Yo.Madaliyev, qorabuloqlik ustoz pedagog, H.Davronbekov, “Ijodkor” adabiy birlashmasi raisi, Z.Mo'minjonov, Sayram tumani o'zbek madaniyat markazi raisi, tadbirkor G'.Rayimqulov, xalq faollari M.Siddiqov hamda boshqalar bor.
Tadbir mahalliy san'atkorlarimiz Saydakbar aka Abdug'aniyev va To'raxon Xudoybergenov ijrosidagi qo'shiqlar bilan boshlandi.
“Mehr buloq” maktabining raqs dastasi tomonidan namoyish etilgan “Jayrona”, “Popuri” raqslari tomoshabinlar olqishlariga sazovor bo'ldi.
Nafosat Akramova boshqarayotgan “Qizlar akademiyasi” hamda D.Qo'nayev kolleji talabalari va M.Niyozbekovaning shogirdlari hozirlagan milliy liboslar namoyishi ham e'tirofga molik. Mehmonlarni karnay-surnaychilar bor mahoratlarini ishga solib kutib olishdi. Kitoblar ko'rgazmasi tashkil etildi.
Tadbirning rasmiy qismi boshida “Vatandoshlar” jamoat fondining Qozog'iston bo'yicha koordinatori Yulduzxon Jahongirova tomonidan ijro etilgan “Navbahor” qo'shig'iga o'quvchi qizlari xirom aylashdi.
Sahnaga “Do'stlik” hamjamiyati va Amir Temur xayriya fondining Turkiston filiali rahbari I.Hoshimjonov, Qozog'iston Parlamentining ikki bor deputati, Qorabuloqning sobiq hokimi F.Qaratoyev, O'zbekistondagi Qozoq madaniyat markazi raisi Serikboy Usenov, O'zbekiston Respublikasining Qozog'istondagi konsulligi xodimi Erkinjon Abduqayumov, Qorabuloq hokimi Komiljon Abdulahatov, “Vatandoshlar” xalqaro jamoat fondi vakili Hojiakbar Isoqovlar taklif etildi.
I.Hoshimjonov yaqinda o'zi shaxsan ishtirok etib kelgan Toshkentdagi tadbirlar, shu jumladan, Sohibqiron Amir Temur tavalludi tantanalari taassurotlari bilan o'rtoqlashsa, Serikboy og'a so'nggi yillardagi ikki qardosh el o'rtasidagi munosabatlar — elboshilarimizning xalq turmushi farovonligini oshirish borasidagi yutuqlari natijasida ijobiy o'zgarishlardan mamnunligini bildirdi.
Faxriddin Qaratoyev o'z so'zida yosh avlod tarbiyasida adabiyotning o'rniga e'tiborni qaratdi. Keltirilgan sovg'a kitoblar uchun “Vatandoshlar” jamoat fondiga minnatdorlik bildirdi va shaxsiy kutubxonasidan esdalikka kitob hadya qildi.
Ikki qardosh elaro aloqalar mustahkamlanishi ortida ikki taraflama siyosiy-iqtisodiy yuksalish natijalari ko'zga tashlanib borayotganligini, bunda rahbarlarning yetakchi hissalari alohida o'rin tutayotganligini ta'kidlandi.
O'zbekistonlik delegatsiya a'zolari: Abror Shavazov, Aziz Bekmurodov, Azamat Ahmedov, Fazilat Ahmedova — O'zbekiston Davlat filarmoniyasi hamda Qoraqalpoq Davlat filarmoniyasi, Berdaq nomidagi davlat akademik musiqali teatri xonandalari — Qazibek Keugimjayev, Baxtiyor Jumatayev, Odilbek Temirbayevlar mahoratlarini kuy-qo'shiqlari bilan namoyon etishdi.
Mezbon “Onalar maktabi” a'zolari tomonidan eng avval paxta dalasidagi paxta chopiq ishlarini a'lo darajada ko'rsatib berib, ko'pchilikning olqishiga sazovor bo'ldi. Keyin esa chiroyli “Yor-yor” qo'shiqlari ijrosida, uch avlodning “qiz uzatish” marosimini qoyilmaqom qilib namoyish etdi. Bu ko'rinishni sahnalashtirishda jonbozlik ko'rsatgan 25-Qo'nayev nomli kollejning badiiy rahbari Rahima Yo'ldoshbekovaga tasanno.
“Vatandoshlar” jamoat fondi tomonidan qishloqdagi sakkizta maktab va Qorabuloq qishloq kutubxonasiga yetmishtadan kitoblar sovg'a qilindi.
Kitoblar orasida dunyoga mashhur “Boburnoma”, Abdulla Qodiriyning “O'tkan kunlar”, “Mehrobdan chayon”, Cho'lponning “Kecha va kunduz” romanlari, Halima Xudoyberdiyeva, Abdulla Oripovlarning “Saylanma” asarlari bor.
Hazrat Mir Alisher Navoiy tavalludining 584 yilligiga bag'ishlab o'tkazilgan tanlovda ishtirok etib g'olib bo'lganlar so'nggi rusumdagi planshetlar bilan taqdirlandi.
Qorabuloqning bahavo tepaligi bag'ridan o'rin olgan “Quvonch” to'yxonasidagi gurung yana ham qizg'in davom etdi. Xalqlarimizda “Mehr ko'zda” degan maqol bor. Mana shunday xayrli uchrashuvlar ko'payib, bir-birlarimizga mehrimiz ortaversin, ilohim!
Ravshanbek UBAYEV
Qozog'istonning
Turkiston viloyati