Hozirgi zamon özbek adabiyoti namunalari — fransuz tilida
Maşhur ikki nafar özbek adibining fransuz tiliga tarjima qilingan va yaqinda naşrdan çiqqan kitoblarini mamnuniyat bilan öqir ekanman, xayolimdan dastavval şu öy ötdi: “Hozirgi zamon milliy adabiyotimizning yana ikkita sara asari dunyoga taqdim etilgani juda maʼqul iş bölibdi. Çunki Fransiyada özbek adabiyotiga qiziqiş bugun paydo bölmagan, balki bu uzoq asrlardan buyon davom etib kelayotgan izçil maʼrifiy jarayondir”.
Maʼlumki, XVII asrdayoq uluğ şoiru alloma ajdodlarimiz Alişer Navoiy va Zahiriddin Muhammad Bobur ijodi, Abu Rayhon Beruniy, al-Xorazmiy, Mirzo Uluğbek kabi buyuk olimlarimizning ilmiy faoliyati fransuz ensiklopediyalarida taʼrif etila boşlangan. Aynan Fransiyada dunyoda birinçilardan bölib “Temurşunoslik” faniga asos solingan va şavkatli Sohibqiron bobomizga bağişlangan köplab adabiy-badiiy hamda ilmiy-tarixiy asarlar bitilgan va tarjima qilingan.
Özbek adiblari asarlarining Fransiyada örganilişi va tarjima qilinişi tarixi böyiça izçil tadqiqotlar olib borgan taniqli olim — filologiya fanlari doktori, professor Muhammadjon Xolbekovning qayd etişiça, XVIII asrdan boşlab fransuz şarqşunoslari özbek adabiyotini ilmiy örganiş va tarjima qilişga astoydil kirişganlar.
Bu davrda yaşagan fransuz maʼrifatparvar adiblari Monteskye, Volter va Russo Şarq adabiyotining ulkan muxlisi sifatida Hofiz, Saʼdiy, Navoiy asarlari bilan yaqindan taniş bölgani bejiz emas .
Bu ilmiy-ijodiy jarayonlar Özbekistonda sovet tuzumi amal qilgan zamonlarda ham davom etdi. Xususan, Hamza Hakimzoda Niyoziy, Sadriddin Ayniy, Ğafur Ğulom, Hamid Olimjon, Oybek, Abdulla Qahhor, Zulfiya, Asqad Muxtor, Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Omon Matjon kabi önlab şoir va yozuvçilarimizning asarlari Fransiyada örganildi hamda fransuz tiliga tarjima qilindi. Ammo professor M.Xolbekov “sovet adabiyotining Fransiyada tarğib va tarjima qilinişi sust”ligi masalasiga ham eʼtibor qaratgan.
Olimning fikriça, öz davrida fransiyalik mutaxassislar uşbu holatni turliça izohlaganlar. Jumladan, taniqli fransuz yozuvçisi, Gonkur akademiyasi aʼzosi Erven Bazen bunga “til biluvçi mohir tarjimonlarning juda tanqisligi”ni sabab qilib körsatgan. Yana bir maşhur adib Andre Stil qayd etişiça esa, fransuz adabiyoti va tanqidçiligida sovet adabiyotini tarğib qiliş hamda sotsialistik turmuş tarzini tasvirlovçi kitoblarni tarjima etişni köp ham maʼqul körişavermagan.
Nima bölganda ham, 1991 yilda Özbekiston mustaqillikka erişgani dunyo xalqlari bilan adabiy aloqalarni rivojlantiriş yölidagi bunday ğoyaviy tösiqlarga barham berdi. Uşbu fikrimizni birgina dalil — keyingi yillarda fransiyalik tarixçi va tarjimon professor Stefan Dyuduanon tomonidan hassos özbek adibi Abdulhamid Çölponning “Keça va kunduz” romani fransuz tiliga ögirilgani, qolaversa, jadidçilik harakati namoyandalari asarlarini tarjima qilişga jiddiy eʼtibor qaratilayotgani ham yaqqol tasdiqlaydi.
Endi yaqindagina fransuz tiliga ögirilgan va alohida kitoblar holida çop etilgan ikki asar mavzusiga qaytamiz. Bulardan birinçisi — Özbekiston xalq yozuvçisi Erkin Aʼzamning “Şoirning töyi” qissasidir. Qissa muallifning öziga xos badiiy uslubi, betakror obrazlari va xayolga kelmagan syujetlari bilan özbek kitobxoniga allaqaçon maʼqul hamda manzur bölib ulgurgan.
Erkin akaning sevib öqiladigan boşqa maşhur asarlari, umuman, yozuvçining öziga xos noyob ijodiy uslubiga mutanosib ravişda bu qissa ham imo-işora, ramz, umumlaşma timsollarga boy. Qissa şoirning töyi — bir vaqtlar otaşqalb şoirga oçiqdan-oçiq tuhmat qilganlar, uning jismonan yöq bölişiga özlarining hissasini qöşganlar hamda bugungi şoir adabiy merosidan bir satr bilmaydigan amaldorlar uning yubileyini katta tomoşagohda, tantanali tarzda nişonlaşi voqealariga bağişlangan bölib, asliyat va sunʼiylikning inson xilqatidagi talʼati kitobxonni qizğin muşohadaga çorlaydi.
Adabiyotşunos olim, professor Qozoqboy Yöldoş taʼbiri bilan aytganda, Erkin Aʼzam “Şoirning töyi” asarida qalamkaş, ziyoli, mansabdorlar doirasidagi çirkin muhitni tasvirlaşga intiladi. Piçing, kinoya usulida yetakçi leytmotiv börtib körinadi. Şoir köngli umumbaşariy qadriyatni özida jo aylaydi, hayrat olami ila keng sarhadni zabt etadi. Haq yölda sobit qalamkaş fojiasi sobiq tuzum fonida mujassamlanadi. Muallif metaforik obrazlar orqali badiiy niyatini amalga oşiradi.
Öz navbatida, Özbekiston Yozuvçilar uyuşmasi aʼzosi, taniqli adib Abduqayum Yöldoşevning “Puankare” qissasi biz fikr yuritayotgan, yaʼni fransuz tiliga yangi ögirilgan ikkinçi asar hisoblanadi. Bu qissa odamni inson bölib yaşaşga undovçi, umumbaşariy mavzudagi asar bölgani uçun ham tarjimonning eʼtiboriga tuşgani tayin, nazarimizda.
Qissa asosida “Özbektelefilm” davlat muassasasi tomonidan “Puankare” nomli badiiy film tasvirga olingani ham bejiz emas. Binobarin, bundan ikki yil avval, 2023 yilda uşbu kinoasar “Aydinlar” badiiy filmi bilan birga Ispaniya qirolligining Barselona şahrida bölib ötgan XI Osiyo filmlari kinofestivalida muvaffaqiyatli iştirok etdi. Bunda Markaziy Osiyo davlatlaridan faqat “Puankare” Osiyo davlatlari tomonidan yuborilgan 100 dan ortiq badiiy film orasidan saralab olingani alohida tahsinga sazovor.
Yozuvçining uşbu asarida urğu berilgan, deyarli bir asr mobaynida dunyo riyoziyotçilarini doimiy izlanişga, muşohadaga çorlab kelgan uluğ fransuz matematigi Puankare gipotezasi — bani başar uçun öziga xos yölçi yulduz, olisda öziga çorlayotgan mayoq timsolidir. Ijodkor hamişa oldinga, kaşfiyotlar, möʼjizalar sari intilişida bunday uluğlarning xizmati beqiyos.
Abduqayum Yöldoşevning “Puankare” qissasini tarjimon Murodxon Ergaşev fransuzçaga ögirgan. Erkin Aʼzam qalamiga mansub “Şoirning töyi” qissasi ham Murodxon Ergaşev tomonidan Fransua Brunner bilan ijodiy hamkorlikda fransuz tiliga tarjima qilingan.
Murodxon Ergaşev nafaqat tarjimonlik faoliyati bilan maşğul, balki şeʼriyat va jurnalistika sohalarida ham ijod qilişi diqqatga loyiq. Ayniqsa, uning bunga qadar Alişer Navoiy ğazallarini fransuz tiliga tarjima qilgani va alohida kitob holida Fransiyaning “Georama” naşriyotida bir emas, ikki marta — 2007 va 2010 yillarda naşr ettirişga muvaffaq bölgani quvonarlidir.
Har ikki asar — “Şoirning töyi” va “Puankare” qissalari adabiy jarayonlardan yaxşi xabardor, ham fransuz tilini puxta özlaştirgan va tarjima sohasida muayyan tajriba orttirib borayotgan sinçkov mutaxassis tomonidan tarjima qilingani yaqqol sezilib turibdi. Tarjima asarlarning fransuzça tili ravon va ohorli. Qolaversa, bir tomondan, har ikki adibning ijodiy uslubini saqlaşga intiliş bor, ikkinçi tomondan, tarjima asarlar ularni fransuz tilida mutolaa qiladigan kitobxonlarga tuşunarli bölişini taʼminlaş uçun astoydil harakat qilingan.
Şu örinda hurmatli adiblarimiz Erkin Aʼzam va Abduqayum Yöldoşevni, şuningdek, tarjimon Murodxon Ergaşevni ijodiy-maʼrifiy yönalişda erişgan uşbu salmoqli muvaffaqiyatlari bilan çin qalbdan samimiy tabriklayman. Öz navbatida, tarjimon döstimizga ikkita amaliy taklif bildirmoqçiman.
Birinçi taklif: Navoiy ğazallari, Afandi latifalari, şuningdek, öziga xos ijodiy uslubga ega zamonaviy özbek adiblari asarlari bilan fransuz jamoatçiligini taniştirib borişga bel boğlaganingiz juda maʼqul va xayrli amal, deb hisoblayman. Şunday ijodiy yondaşuvni yanada rivojlantirişingizga tilakdoşman.
Ikkinçi taklif: bir qança xorijiy tillarda, şu jumladan, fransuz tilida kitob, darslik va maqolalar yozgan muallif sifatida bir haqiqatni eʼtirof etaman: har qanday tilning asl xususiyatlarini — aynan öşa til taşuvçilari teran tuşunadi va his qiladi. Yanada sodda qilib aytganda, özbek tilini — özbeklardan, fransuz tilini fransuzlardan köra yaxşi biladiganlar yöq. Şu maʼnoda, sizning Fransua Brunner bilan ijodiy hamkorligingizni qöllab-quvvatlayman.
Xulosa örnida uşbu kitoblarning naşri haqida ikki oğiz söz. Har ikki kitob 2025 yilda Toşkentdagi “Sahhof” naşriyotida öxşaş bezaklarda, yaʼni bir xil turkumda çop etilgan. Kitoblar muqovasi va içki sahifalari rang-barang rasmlarga boy. Bularning barçasi ana şu möʼjaz kitoblarning yanada bejirimligi va öqişliligini taʼminlagan.
Akmal SAIDOV,
akademik,
Özbekiston Yozuvçilar
uyuşmasi aʼzosi.
