Qardosh shoirning barhayot ijodi

2025 yil 21 fevralda Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev imzolagan Farmonda bu yil “Baxtiyor Vahobzoda yili” deb atalishi va ulug' shoirning 100 yillik yubileyi nishonlanishini eshitib, quvongan edim. Menga ham borish nasib qilarmikan, deb o'ylagandim ich-ichimda. Axir u — turkiy xalqlarning buyuk akademik shoirlaridan biri hisoblanadi.
Sentyabrning oxirgi haftasi kutilmagan xabar meni ham olovlar yurti Ozarbayjonga boshladi. Yangi xalqaro aeroport binosiga kirib borgach, kechikmaganimga shukrlar qilib, yo'lovchilar qatoriga o'tirdim. Mendan keyin Tohir Qahhor keldilar. “Qozoqboy aka hozir kelib qoladilar”, deb tashqariga qaradilar. Saldan keyin Qozoqboy aka ham yetib keldi. Birgalashib samolyotga chiqdik. Uch soatcha uchib, dastlab Sharja shahriga qo'ndik.
Xuddi yozga o'xshaydi. Cho'l issig'i tafti yoqimsiz tuyuladi. Ikki olim samolyotda ham, yerda ham tinmay suhbat qurishdi. Ko'ngli yaqin odamlarning gapi tugamaydi. Men u yoqqa qarayman, quyoshdan kuygan chehralar, bu yoqqa qarayman, paranjili qora ko'zlar. Tashqari judayam issiq. Xayriyat, Boku yo'nalishiga chorlandik. Samolyot salqingina ekan. Yana ikki yarim soatda Haydar Aliyev aeroportiga eson-omon qo'ndik.
Bizni nozikkina, uzun bo'yli Shohida ismli qiz va ko'rkam Ulfatbey — rahmatli shoira Fergana Xonimning o'g'li kutib oldi. Ayollar boshqa avtoulovga joylashdik. Haydovchimiz shoiraning o'g'li ekan. Go'zallikda Dubayga tenglashadigan Boku shahri mehmonlarga quchoq ochgancha yashnab turibdi. Shohidaning buvisi Toshkent ozarbayjonlaridan, Tuzel tarafda yasharkan. Qolgan urug'-aymog'ining bari Ozarbayjon fuqarolari. Qizimiz Bokuda Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasida ishlarkan, to'rt-besh tilda gaplasha olarkan. Bizni mahobatli mehmonxonaga joylashtirishdi. Derazadan qarasam, Kaspiy dengizi chayqalib yotibdi. Shohida meni dengiz sohiliga olib chiqdi. Suratlarga tushdik. Eski shaharni aylandik. Boku to'rt faslda turfa orolanadi, tomosha qilib charchamaysiz. Dengiz shamoliga chidasangiz, bas. Dengiz guvillaydi. Olisdan kemalar karvoni o'tadi. Sohilga oshiqlar kelaveradi.
Bokuda va Shakida Turkiy tilli davlatlar parlament assambleyasi va Yunus Emro instituti Boku markazi va Shakidagi Ozarbayjon davlat pedagogika universiteti filiali hamkorligida xalq shoiri, akademik Baxtiyor Vahobzodaning 100 yilligiga bag'ishlangan uchrashuvlar bo'lib o'tdi. 29 sentyabr kuni birinchi navbatda biz, tadbir ishtirokchilari Ozarbayjon umummilliy yetakchisi Haydar Aliyev va akademik Zarifa Aliyeva hamda Baxtiyor Vahobzodaning faxriy xiyobondagi qabrlariga, keyin shahidlar xiyoboniga gullar qo'yib, ziyorat qildik.
Bokuda bo'lib o'tgan tadbir TurkPA kotibiyati bosh kotibi Mehmet Surayyo Erning tabrik va kirish so'zi bilan boshlandi. U anjumanni olib borishni moderator va Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi deputati Hikmat Mamedovga berdi. Tadbirda Ozarbayjondagi Otaturk markazi direktori Nizomiy Jafarov, xalq shoiri, siyosiy arbob Sobir Rustamxonli hamda Turkiyadagi iqtisodiyot va ilmiy tekshirish instituti prezidenti, sobiq parlament deputati Ibragim Ertan Yuleklar so'zga chiqishdi. Tadbirlarda, asosan, Baxtiyor Vahobzodani taniganlar, do'st-yorlari, tarjimonlari, qadrdonlari, qarindoshlari qatnashdilar.
O'sha kuni Shamaxi, Gabala, Ismailli, O'g'iz, Shaki yo'llarini avtoulovda bosib o'tdik. To'rt yuz kilometrdan ortiq yo'l qirg'oqlari qalin daraxtzor o'rmonlar va har joyda sayyohlar uchun go'zal dam olish maskanlari bilan qurshalgan ekan. Shakiga yetdig-u, “bunday go'zal joylarda qanday yozmay bo'ladi?” deb o'yladim. Baxtiyor Vahobzodani shoir qilgan Kavkaz tabiati, ko'kliklari, ko'hliklari bo'lsa kerak, degan o'y xayolimdan o'tdi. Yo'llarda to'xtadik: hamma joyda bizni faqat ozar xalqiga xos mehr va mehmonnavozlik namoyishiday hayajon va to'kin dasturxonlar bilan kutib olishdi. Har restoranda milliy kuy-qo'shiqlar yangraydi.
Tadbirlarning ikkinchi asosiy qismi 30 sentyabr kuni Baxtiyor Vahobzodaning ona shahri Shakida, Ozarbayjon davlat pedagogika universitetining Shaki filialida davom etdi. Unda Ozarbayjon Respublikasi Milliy Majlisi deputati Javonshir Fayziyev moderatorlik qildi. Mehmet Surayyo Er, Turkiyaning Ozarbayjondagi elchisi Birol Okyun, davlat arbobi Gasan Gasanov, turkiyalik siyosatchi Ibragim Ertan Yulek, Osman Maston, Ozarbayjon Milliy Majlisi deputati Ali Masimli, Mahmud O'zer, deputat Vigar Iskandarov, Filiz Qilich, Qadim Durmaz, professor Qozoqboy Yo'ldoshev, O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan tarjimon-olim Tohir Qahhor, qirg'izistonlik shoir Oltinbek Ismoilov, Mitat Durmush, Namangan viloyatidan shoira va tarjimon sifatida kamina Baxtiyor Vahobzodaning yuksak she'riyati haqida so'z aytdik.
So'zga chiqqanlarning barini aytishim sababi, buyuk shoir to'g'risida xotira va bilganlarini aytish saodati bor ishtirokchilar edi ular. 100 yillik yubileylar ko'pdir, ammo vatanparvar, ozodlik kuychisi Baxtiyor Vahobzodaning yubileyi hammasidan boshqacha tabiiy, samimiy o'tdi. Men ham bilganlarimdan aytdim: 1980 yil yozida Toshkentda “Ozarbayjon adabiyoti va san'ati” dekadasiga qattiq tayyorgarlik jarayoni boshlangan edi. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga meni ham chaqirishib, qardosh shoirlarning she'rlarini berishdi. Akademik shoir Baxtiyor Vahobzoda, lenkoranlik Shakar Arslonlarning she'rlari tarjimasi mening chekimga tushdi.
Men u paytlar Moskvadagi Maksim Gorkiy nomidagi adabiyot institutida o'qir edim. Juda tezlik bilan Baxtiyor Vahobzodaning o'zbek shoiri Ramz Bobojonga yozib bergan kitobidagi asarlarni o'girishni boshladim. Va ular respublika gazetalarida paydar-pay bosildi.
O'shanda “Toshkent oqshomi”, “Yosh leninchi”, “O'zbekiston adabiyoti va san'ati” gazetalarining yangi sonlarini olib, anjumanga bordim. Ozarbayjon adabiyotiga bag'ishlangan muhtasham tadbirda O'zbekiston xalq artisti Ortiq Otajonov “Toshkent oqshomi” gazetasida chiqqan “Biri sansan, biri man” she'rini ilk marta qo'shiq qilib aytdi. Gulduros qarsaklar sadosi ostida muallif millatlararo do'stlik haqida gapirdi va she'rlarning tarjimasi uchun yosh shoira — kaminaga rahmat aytdi. “Mening tarjimon qizim”, deb meni alqadi. O'sha ko'rkam saroyda bizni tanishtirishdi. U minnatdorlik bildirib: “Endi sen Ozarbayjonning ham qizi bo'lding”, degan edi. Tadbirga Moskvadan kelgan shoir, “Ogonyok” jurnalining bosh muharriri Vladimir Safronov: “Ruscha she'rlaringdan ber, million adadlik jurnalda senga sahifa bor, qizim”, deb iltifot qildi. Ozarbayjon shoirining Toshkentdagi duosi doim yomonliklardan asradi va ozar adabiyotiga meni bir umrga oshno qildi.
2017 yildan buyon Farida Lemanning “Ayol va bulbul”, Tabriza Pinhonning “Kelib ko'ring Astarani”, Gulli Tomirlining “Muhabbat bahori”, Ozarbayjon xalq shoiri Sobir Rustamxonlining she'riy kitoblarini tarjima qilib, chop ettirganman. 2020 yil Bokuda “Man sarqliyam” nomli she'riy kitobim bosildi. 2022 yil 120 nafar ozarbayjon shoiri she'rlarini tarjima qilib, 408 sahifalik “Ozarbayjon she'riyati antologiyasi” kitobini nashrdan chiqardim. Ozarbayjon Yozarlar birligi qoshidagi “Notavon” klubida hayot mualliflar bilan taqdimot o'tkazdik. O'sha yili meni Ozarbayjon Yozarlar birligi a'zoligiga qabul qilishdi. Har safar Bokuga kelganimda ustoz Baxtiyor Vahobzoda qabrini ziyorat qilaman va uning she'rlarini o'zbekchalashtirganimdan xursand bo'laman!
O'zbekistonda esa xalq artisti Ortiq Otajonov ijrosida jaranglayotgan mening tarjimamdagi “Bir buloqning ikki ko'zi — biri sansan, biri man, Bir olmaning ikki yuzi — biri sansan, biri man” qo'shig'i ko'ngillarni xushnud qiladi. Bugun taqdir shoirning yolg'iz qizi Gulzorxonimga ro'baro' qildi. Men uning O'zbekistondagi singlisiman. Olqishlar sadosi ostida Baxtiyor Vahobzodaning “Men Baxtiyorman” she'rini o'qib berdim.
Keyingi tadbir yubilyar shoirning uy-muzeyida bo'ldi. Har tarafda shoirning suratlari, katta pannolari bilan boshlanadigan muzey xonalari portretlar, mukofotu unvonlari, turli kitoblari, qo'lyozmalari bilan mushtarak. Suv sathidan 1200 metr balandlikdagi Kavkaz tog'larining orasida Shaki degan go'zal shahar bor. Mahalla, ko'chalaridan muxlislari mo'ralab turgan tog'li qishloqda, buvisi bilan bobosining erkasi bo'lib o'sgan Baxtiyor to'qqiz yoshni to'ldirib, tog'dan shaharga tushib o'qigan. Universitetdagi tadbirda shoirning chevarasi, Gulzorning 21 yoshli nabirasi Chingiz Abdullayev shoirni yodga solib: “Mening bobom!” deb faxr bilan esladi.
“Bobom men olti yoshimda u dunyoga ko'chish qilgan, kichkina edim, lekin judayam sevaman uni!” degani hammaga xush keldi.
Tadbir so'ngida Gulzor Vahobzoda bilan ko'rishdik. Men quvonch bilan O'zbekistondan keltirgan kitoblarimni yashil adras sumkaga solib, hadya qildim. U meni bag'riga bosib, singlim (bojim) deb, otasi haqidagi hujjatlarni yana yig'ayotganini aytdi. Bokudagi uylariga mehmonga chorladi, men uni O'zbekistonga taklif qildim.
Turkiyalik shoirlar O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Qorabog' ozod etilgandan keyin Fuzuliy shahrida qurib bergan muhtasham maktabi haqida esladilar.
O'zbekiston — Ozarbayjon davlatlarining hamkorligi mustahkamlanayotgani tillardan-tillarga o'tayotganining isboti bu.
Do'stlik ko'prigi qurilishida ozodlik, birodarlik kuychisi, xalq shoiri, akademik Baxtiyor Vahobzodaning ham, uni o'zbek tiliga tarjima qilgan Jamol Kamol, Jumaniyoz Jabborov, Tohir Qahhor, Qozoqboy Yo'ldoshev singari adiblarimizning hissasi katta.
Dilbar HAYDAROVA,
“Murabbiy” gazetasi bosh muharriri,
shoira, tarjimon,
O'zbekiston va Ozarbayjon
Yozuvchilar uyushmalari a'zosi,
“Do'stlik” ordeni sohibasi.