Yangi O'zbekiston — ma'rifat, totuvlik va bag'rikenglik makoni
Bugungi kunda dunyo xaritasida “Yangi O'zbekiston” nomi faqatgina yangi davlat boshqaruvi yoki iqtisodiy taraqqiyot ramzi sifatida emas, balki ma'rifat, totuvlik va bag'rikenglik timsoli sifatida ham taralmoqda. Bu yurt asrlar davomida ilmu ma'rifatning beshigi, ulug' mutafakkirlar va donishmandlar Vatani bo'lib kelgan. Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Xorazmiy, Beruniy, Ahmad Yassaviy, Burhoniddin Marg'inoniy, Alisher Navoiy kabi siymolar tarbiya topgan zaminda hozir ham ma'naviyat nurlari so'nmagan. O'tmishdan meros bo'lgan bag'rikenglik, insof va hamjihatlik an'analari yangi davrda yangi mazmun kasb etmoqda. O'zbekiston zaminida turli millat va din vakillari bir oila farzandlaridek ahil-inoq hayot kechirib kelmoqda.
O'zbekistonda bugun 130 dan ortiq millat va elat, shuningdek, 16 ta diniy konfessiya vakillari bir oila a'zolaridek ahil va totuv hayot kechirmoqda. Bu ko'p millatli va ko'p konfessiyali jamiyatdagi barqarorlik, o'zaro hurmat va bag'rikenglik an'analari yurtimizning ko'p asrlik ma'naviy tajribasidan oziqlanmoqda. Mamlakatda faoliyat yuritayotgan 2369 ta diniy tashkilotning 2171 tasi islomiy, 198 tasi esa noislomiy konfessiyalarga tegishli ekani bu muqaddas zaminda har bir insonning e'tiqod erkinligi hurmat qilinishi va qonun bilan himoya qilinayotganidan dalolatdir.
So'nggi sakkiz yilda 130 ta yangi diniy tashkilotning davlat ro'yxatidan o'tkazilishi, jumladan, 3 ta oliy va 1 ta o'rta maxsus islom ta'lim muassasasi, 102 ta yangi masjid hamda 24 ta noislomiy diniy tashkilotning faoliyat boshlashi bu sohaga nisbatan yangicha, odilona va ochiqlikka asoslangan munosabatning yorqin ifodasidir. Bu raqamlar ortida eng muhimi mamlakatdagi millatlar va dinlar o'rtasidagi o'zaro ishonch, hamjihatlik va bag'rikenglik muhitini mustahkamlayotgan Yangi O'zbekistonning insonparvar siyosat falsafasi mujassam.
Shuningdek, 2025 yil 25 fevralda qabul qilingan “Fuqarolarning vijdon erkinligini ta'minlash va diniy sohadagi davlat siyosati konsepsiyasi” mamlakatda diniy erkinlik sohasidagi islohotlarning mantiqiy davomi bo'ldi. Mazkur konsepsiya mamlakatda vijdon erkinligining konstitutsiyaviy kafolatlarini hayotga tatbiq etish, fuqarolarning dinga ishonchi yoki ishonmaslik huquqini ta'minlash, shuningdek, diniy tashkilotlar faoliyatini soddalashtirish va mustahkamlashga qaratilgan muhim qadam bo'ldi. Bu bilan davlat va din munosabatlari zamonaviy demokratik talablar asosida yangi mazmun kasb etdi.
Bundan tashqari, jamiyat ijtimoiy hayotida barcha diniy konfessiyalarning ishtirokini ta'minlash, ularning mamlakat rivojidagi mas'uliyatini oshirish borasida ham keng islohotlar amalga oshirilmoqda. Jumladan, Din ishlari bo'yicha qo'mita huzuridagi Konfessiyalar ishlari kengashi faoliyati takomillashtirilib, uning vakolati va ta'sir doirasi kengaytirildi. Avval 9 nafardan iborat bo'lgan kengash tarkibi 17 nafarga yetkazildi va unga faqat diniy soha vakillari emas, balki siyosiy arboblar, dinshunos olimlar hamda jamoatchilik faollari ham jalb etildi. Bu o'zgarish kengash faoliyatini faqat rasmiy muloqot maydoni emas, balki turli konfessiya vakillarini birlashtiradigan, ular o'rtasida do'stlik va hamjihatlik ruhini mustahkamlaydigan haqiqiy minbarga aylantirdi.
Kengash yiliga kamida ikki marta yig'ilishlar o'tkazib, nafaqat diniy masalalarni muhokama qiladi, balki sport musobaqalari, intellektual o'yinlar, madaniy-ma'rifiy tadbirlar orqali konfessiyalararo muloqotni amaliy mazmunda rivojlantiradi. Ayniqsa, Toshkent, Samarqand, Buxoro va Farg'ona viloyatlarida tashkil etilgan hududiy kengashlar mahalliy darajada bag'rikenglik va hamjihatlik muhitini yanada kuchaytirmoqda. Bu tashabbuslar yurtimizning har bir go'shasida “Yangi O'zbekiston — ma'rifat va bag'rikenglik makoni” degan g'oyaning hayotdagi amaliy ifodasiga aylanmoqda.
Yangi O'zbekistonda ma'rifat va ilm-fan rivoji jamiyat taraqqiyotining asosiy ustuniga aylandi. Mamlakatimizda ilm, ma'rifat va diniy bilimlarni ilmiy asosda o'rganishga qaratilgan keng ko'lamli tashabbuslar amalga oshirilmoqda. Xususan, so'nggi yillarda Imom Buxoriy, Imom Moturidiy, Imom Termiziy va Bahouddin Naqshband nomlarini o'zida mujassam etgan xalqaro ilmiy-tadqiqot markazlarining tashkil etilishi mamlakatda ilmu ma'rifatga bo'lgan cheksiz ehtiromning yorqin ifodasidir.
Ushbu markazlarda hadis, kalom, aqida, tasavvuf va fiqh kabi islom ilmlari zamonaviy ilmiy yondashuvlar asosida chuqur o'rganilmoqda. Bu jarayon faqat diniy bilimni emas, balki insonparvarlik, bag'rikenglik va ma'naviy komillik g'oyalarini ham targ'ib etmoqda. Shu bilan birga, Toshkent shahrida O'zbekistondagi Islom sivilizatsiyasi markazi, Samarqandda Hadis ilmi maktabi va Buxoroda Mir Arab oliy madrasasi kabi ma'rifat maskanlari O'zbekistonning ilmu ma'rifat markazi sifatidagi nufuzini nafaqat mintaqa, balki butun islom olami miqyosida yanada oshirmoqda.
O'zbekistonning diniy bag'rikenglik va ma'rifat sohasidagi tashabbuslari nafaqat ichki ijtimoiy barqarorlikni mustahkamlamoqda, balki jahon hamjamiyatida ham e'tirof etilmoqda. Jumladan, 2018 yilda BMT Bosh Assambleyasida O'zbekistonning tashabbusi bilan qabul qilingan “Ma'rifat va diniy bag'rikenglik” rezolyutsiyasi bu sohadagi muhim yutuqlardan biri hisoblanadi.
Rezolyutsiyada barcha uchun ta'lim olish imkoniyatini kengaytirish, savodsizlik va jaholatga barham berish, bag'rikenglik va o'zaro hurmatni qaror toptirish, shuningdek, dindorlarning huquqlarini himoya qilish kabi maqsadlar asosiy vazifalar sifatida belgilangan. Bu hujjat jahonda ekstremizm va terrorizmga qarshi kurashda ma'rifat, ilm va tarbiyaning muhim ahamiyatini yana bir bor namoyon etdi va O'zbekistonning tinchlikparvar va demokratik davlat sifatidagi obro'sini mustahkamladi.
2017-2025 yillar davomida Saudiya Arabistoni, Turkiya, Misr, Malayziya va Indoneziya kabi davlatlar bilan 125 dan ortiq hamkorlik memorandumlari imzolanib, yurtimizning dinshunos va islomshunos olimlari 400 dan ziyod xalqaro tadbirlarda ishtirok etdi. Shu davrda AYSESKO, IRSIKA hamda Oksford islom tadqiqotlari markazi kabi nufuzli tashkilotlar rahbarlari O'zbekistonga tashrif buyurdi. Ular mamlakatdagi diniy erkinlik hamda bag'rikenglik muhitiga yuqori baho berdi, bu esa ma'rifat, totuvlik va insoniy qadriyatlarni rivojlantirishdagi sa'y-harakatlarning xalqaro miqyosdagi samaradorligini namoyon etadi.
O'zbekistonda noislomiy konfessiyalar faoliyatiga ham katta e'tibor qaratilmoqda. Rus pravoslav cherkovi, Arman apostollik cherkovi, Bahoiylar jamoasi va O'zbekiston Bibliya jamiyati kabi tashkilotlarning yubiley tadbirlari yuqori saviyada tashkil etildi. Jumladan, 2021 yil noyabr oyida Rus pravoslav cherkovi Toshkent va O'zbekiston yeparxiyasining 150 yilligi, Bahoiylar jamoasining muhim sana tadbirlari keng miqyosda nishonlandi. O'zbekiston Bibliya jamiyati 20 turdan ortiq diniy adabiyotlarni 90 000 nusxada nashr etdi, jumladan, “Muqaddas kitob” va “Yangi ahd” kitoblarining yangi nashrlari chop etildi.
Turli din vakillarining muqaddas maskanlarni ziyorat qilishi uchun qulay shart-sharoit yaratilmoqda. 500 mingga yaqin fuqaro Haj va umra safariga, 10 mingdan ortiq fuqaro esa Isroil, Rossiya, Turkiya va boshqa davlatlardagi ziyoratgohlarga tashrif buyurdi. “Haj va umra yagona portali” va uning mobil ilovasi orqali ziyoratchilarga xizmat ko'rsatish jarayonlari soddalashtirildi.
Yillar davomida jamiyatdan uzoqlashtirilgan minglab mahkumlar afv etilib, turli ro'yxatlardan chiqarildi hamda mamlakat hayotiga qayta integratsiyasi ta'minlandi. Shuningdek, “Mehr” operatsiyalari doirasida mojaroli hududlardan olib kelingan ayollar va bolalarga insonparvarlik yordami ko'rsatildi, bu esa respublikadagi inson huquqlari va ijtimoiy hamjihatlikni mustahkamlashda muhim qadam bo'ldi. O'z navbatida diniy-ma'rifiy sohada olib borilayotgan islohotlar xalqaro ekspertlar tomonidan ham yuqori baholanmoqda. Jumladan, O'zbekistonning diniy sohadagi “Alohida tashvish tug'diradigan davlatlar” ro'yxatidan chiqarilishi esa bu sa'y-harakatlar va ijobiy o'zgarishlarning amaldagi natijasini namoyon etadi.
Bu islohotlar “Inson manfaatlari hamma narsadan ustun” degan xalqchil tamoyilga asoslanib, O'zbekistonning tinchlik, barqarorlik va ma'naviy taraqqiyot bo'yicha global namunaga aylanishini ta'minlamoqda.
Shukrullo JO'RAYEV,
Imom Moturidiy xalqaro
ilmiy-tadqiqot markazi
bo'lim boshlig'i.
