Muzeylarga e'tibor
So'nggi yillarda muzeylarga katta e'tibor qaratilmoqda, yangi muzeylar soni ortib bormoqda. Davlatimiz rahbari tomonidan muzeylar va muzey xodimlariga e'tibor, e'tirof kuchaygan.
Yaqinda Xiva shahrida muzey rahbarlari va xodimlari uchun “Zamonaviy muzeylar va raqamli fondlar: innovatsion boshqaruv strategiyalari” mavzusida seminar-trening bo'lib o'tdi. Tadbirda 100 dan ziyod muzey xodimlari ishtirok etdi. Seminar-treningda bugungi kunda muzeylar faoliyatini yanada takomillashtirish va aholini muzeylarga keng jalb qilish, sun'iy intellektdan muzey sohasida oqilona foydalanish masalalari haqida fikr almashildi. Sababi, bugungi kunda aholining ko'p qismini tashkil etuvchi yoshlarni muzeylarga jalb qilish og'riqli muammolarimizdan biri bo'lib qolmoqda, shu masalalar birgalikda ko'rib chiqildi.
Seminar-treningni Madaniy meros agentligi direktorining birinchi o'rinbosari Elmurod Najimov, Xiva shahar hokimi Temur Davlatov ochib berdi.
Tadbir davomida muzey sohasida necha yillardan buyon ishlab kelayotgan soha mutaxassislari muzey faoliyatini targ'ib qilishda PR-texnologiyalarning o'rni, muzey ashyolarini qayd etish va ilmiy ro'yxatga olishda sun'iy intellekt integratsiyasi va yana bir necha mavzuda ma'ruzalar qilishdi. Bu seminar-trening yosh muzey xodimlari uchun yangi bilim va malaka bo'lib xizmat qildi. Barcha qatnashchilar savol-javob orqali o'zlarini qiziqtirgan savollarga javob olishdi. Tadbir davomida yillar davomida jonkuyarlik bilan ishlab kelayotgan muzey xodimlarini taqdirlash marosimi bo'lib o'tdi. Bu rag'batlantirish ularning o'z ishlariga mehrini oshiradi, kelgusida muzey sohasida yangilik qilishlarida ko'makchi bo'lib xizmat qiladi.
24 may kuni muzey xodimlari uchun Ichanqal'a bo'ylab sayohat tashkil etildi. Ochiq osmon ostida joylashgan bu muzey yillar davomida chet ellik mehmonlarni ham o'ziga jalb qilib turibdi. Bunday ekskursiyalar xodimlarning malakasini oshirish, muzey sohasida yangiliklarni o'rganishda yordam beradi.
Ichanqal'a — O'zbekistonning eng qadimiy va sirli tarixiy maskanlaridan biridir. U Xiva shahrining ichki qal'asi hisoblanadi. Qalin devorlar bilan o'ralgan bu hudud qadim zamonlardan buyon butun boshli tarixiy shahar sifatida saqlanib kelmoqda. Shu sabab Ichanqal'a ko'pincha “ochiq osmon ostidagi muzey” deb ataladi.
Ichanqal'a hududida o'nlab madrasa, masjid, minora va saroylar mavjud. Ularning har biri o'ziga xos me'morchilik uslubi va tarixiga ega. Ayniqsa, Kaltaminor minorasi o'zining moviy koshinlari bilan sayyohlarni hayratga soladi. Bu minora juda baland qilib qurilishi rejalashtirilgan, ammo qurilishi tugallanmay qolganligi sabab “Kaltaminor” deb nom olgan.
Qal'aning eng mashhur joylaridan yana biri Ko'hna Ark saroyidir. Bu yer qadimda hukmdorlar yashaydigan va davlat ishlari olib boriladigan markaz bo'lgan. Shuningdek, Pahlavon Mahmud maqbarasi ham muqaddas ziyoratgohlardan biri hisoblanadi. 1990 yilda YuNESKO Ichanqal'ani Butunjahon merosi ro'yxatiga kiritgan. Bu esa uning nafaqat O'zbekiston, balki butun dunyo madaniy merosi uchun muhim ahamiyatga ega ekanligini ko'rsatadi.
Ichanqal'ada sayr qilish jarayonida o'zimizni go'yo bir necha asr oldingi Sharq shahriga tushib qolgandek his qildik. Qadimiy ko'chalar, loy devorlar va moviy koshinlar tarix nafasi bilan uyg'unlashib, inson qalbida unutilmas taassurot qoldiradi.
Ha, muzeylar — o'tmishdan, milliy o'zligimizdan so'zlaydigan muhtasham maskanlardir.
Gulnora RAJABOVA,
Sergey Borodin uy-muzeyi
direktori.
