G'ofur qiziq va “Norin askiyachilari”
Vodiy askiyachilik maktabining o'zanlaridan suv ichib kelayotgan Namangan askiyachiligi ham o'ziga xosdir. Norin tumani madaniyat markazida tashkil etilgan “Norin askiyachilari” guruhining o'rni va roli milliy san'atimizning bugungi rivojlanish bosqichida yuqori baholanmoqda.
Ma'lumki, askiya orqali tinglovchilarning kayfiyati ko'tariladi. Qolaversa, tinglovchilarning fikrlash qobiliyatini o'stirish bilan bir paytda askiya inson tafakkurining rivojlanishiga xizmat qiladi. Kulgiga olingan muayyan muammoning tanqid qilinishini ham kuzatish mumkin. Askiyani tushunganlar o'z hayotlarida kamchiliklarga yo'l qo'ymaslikka intiladilar.
“Norin askiyachilari” guruhi tuman madaniyat markazi badiiy rahbari G'ofurjon Mirzayev tomonidan 2002 yilda askiya payrovlari bilan ijod qiluvchi “Askiyachi yigitlar” nomi bilan tashkil etilgandi. Jamoa xalq og'zaki ijodining noyob yo'nalishini tiklab, tuman va viloyat miqyosida ommalashtirib kelmoqda. Ayniqsa, yoshlarga askiya san'atini o'rgatish bilan birga keng omma o'rtasida targ'ib ham qilmoqda. Nomoddiy madaniy merosimiz — askiya va qiziqchilik san'atini rivojlantirish bo'yicha maktab yaratgan farg'onaliklar ta'siri namanganlik san'at shinavandalari qiziqishlarini jiddiy niyatga aylantirgani mubolag'a emas.
G'ofurjon Mirzayev adabiyotning she'riyat yo'nalishida ham ijod qiladi. Uning “Vatan madhi”, “Ozod diyor”, “Biz hech kimga qaram bo'lmaymiz”, “Navro'zing muborak!”, “O'zbekiston”, “O'zbekman”, “Yurtim” nomli Vatanni, mustaqillikni sharaflovchi she'rlari mahalliy san'atkorlar tomonidan qo'shiq qilingan va madaniy-ma'rifiy tadbirlarda omma e'tiboriga havola etilgan.
G'.Mirzayev milliy urf-odatlarimiz, xalq og'zaki ijodi yo'nalishidan tashkil topgan o'lan, lapar, katta ashula, xalq o'yinlari kabi folklor-etnografika janrlarining zamonaviy talqinda ijro etilishiga ham e'tibor qaratib, “Boy buva”, “To'ylar muborak”, “Norin navolari”, “Hashar”, “Xalfana”, “O'zbek xalq o'yinlari”dan iborat dasturlarni yaratgan. “Quroq, yelpig'ich, o'roq-mashoq” nomli folklor dasturlari O'zbekiston teleradiokompaniyasi tomonidan tayyorlangan respublika miqyosidagi Navro'z bayramida viloyat san'atkorlari tomonidan ijro etilgan.
Endilikda G'.Mirzayevning notiqlik, aktyorlik, askiyachilik yo'nalishlarida Hoshimjon Madumarov, Alisher Mirzayev, A'zamjon Sarkarov, Ibrohim Rahmonov kabi ko'plab shogirdlari bor.
“Norin askiyachilari”ning viloyatda o'tkazib kelinayotgan Mustaqillik va Navro'z bayrami tantanalaridagi chiqishlari poytaxtlik mutasaddilarga ham manzur bo'lmoqda. Ular xalqaro miqyosdagi tadbirlarda ham ishtirok etishmoqda.
Buxoro, Marg'ilon va Qo'qon shaharlarida o'tkazilgan Askiyachi va qiziqchilarning an'anaviy respublika ko'rik-tanlovlarida, Andijon viloyatining Qorasuv shahrida Abdulxay Maxsum Qozoqov, Hasanboy Sultonovlar xotirasiga bag'ishlangan “Kulgi” festivalida, Rasulqori Mamadaliyev xotirasiga bag'ishlangan respublika tanlovlarida faxrli o'rinlarni egallagan. “Norin askiyachilari” viloyatimizda bo'lib o'tgan Rustam Hamroqulov, Ergash Karimov xotiralariga bag'ishlangan tanlovlarda ham faxrli o'ringa sazovor bo'lib, “Eng yaxshi askiyachilar guruhi” nominatsiyasi bo'yicha taqdirlangan.
Keyingi yillarda viloyatimizda o'tkazib kelinayotgan Xalqaro gullar festivali doirasida ham mazkur guruhning sezilarli o'rni ko'zga tashlanmoqda. 2023 yilning “Eng yaxshi askiyachilar guruhi” sifatida viloyat hokimligi va viloyat madaniyat boshqarmasi tomonidan pul mukofoti va esdalik sovg'alari bilan taqdirlanishida ham katta mehnat, ijodiy izlanishlar g'ayrati bor.
—2025 yilning bahorida “Norin askiyachilari” mamlakatimiz miqyosida o'tkazilgan Navro'z bayramida ishtirok etib, Prezidentimizning e'tirofiga sazovor bo'ldi, – dedi madaniyat markazi rahbari G'ofurjon Mirzayev.
2024 yil iyul oyida Madaniyat vazirligi huzuridagi Madaniyatshunoslik va nomoddiy madaniy meros ilmiy-tadqiqot instituti tomonidan uyushtirilgan ilmiy ekspeditsiyada ushbu guruh ham ishtirok etib, askiya san'ati YuNESKOning reprezentativ ro'yxatiga kiritilganining 10 yilligi munosabati bilan yana bir bor jamoaning ijro jarayonlari videotasvirga muhrlandi. Bu tan olish va e'tiroflar, albatta, Norin askiyachilari uchun katta yutuqdir.
Jahongir TO'XTASINOV.
Namangan viloyati.
