Naqshlarda mujassam mehnat

Gilam oddiy ro'zg'or buyumi emas, uning har bir naqshida hunarmandning mehnati, sabr-toqati, did va mahorati aks etadi. Qo'shtepa tumanida gilamchilik bilan shug'ullanayotgan yuzlab insonlar ana shu qadimiy hunar orqali nafaqat milliy qadriyatlarimizni asrab kelmoqda, balki oilalar farovonligini ta'minlashga ham munosib hissa qo'shmoqda.

Farg'ona viloyatining Qo'shtepa tumanida aholi bandligini ta'minlash, tadbirkorlikni rivojlantirish va oilalar daromadini oshirishga qaratilgan ishlar o'zining amaliy natijalarini bermoqda. Ayniqsa, kasanachilik va o'zini o'zi band qilish asosida tashkil etilgan faoliyat turlari ko'plab oilalarning farovon hayot kechirishiga xizmat qilmoqda.

Bugungi kunda tumanda 350 dan ortiq oila tikuvchilik, to'quvchilik, kosibchilik, gilamdo'zlik, paypoq ishlab chiqarish kabi yo'nalishlarda samarali mehnat qilib, o'z turmush darajasini yaxshilab bormoqda. Mazkur faoliyat turlari aholining doimiy daromad manbaiga aylanib, xonadonlarga baraka va fayz olib kirmoqda.

Ayniqsa, Qo'shtepa tumanida gilam to'qish keng rivojlangan sohalardan biri hisoblanadi. Xususan, Solijonobod mahallasida tadbirkor Saidaxon Fayziyeva rahbarligida faoliyat yuritayotgan gilam to'qish korxonasi bu boradagi ibratli maskanlardan biri sanaladi. Korxonada nafaqat mahalla aholisi, balki tumanning turli hududlaridan kelgan fuqarolar ham mehnat qilib, o'z oilalari farovonligiga munosib hissa qo'shib kelishmoqda.

Bugungi kunda 30 dan ortiq xotin-qizlar mehnat qilib kelayotgan mazkur korxonada gilamning turli nusxalari to'qilib, Turkiya, Braziliya kabi davlatlarga eksport qilinmoqda.

— Gilam to'qish ham mas'uliyatli jarayon sanalib, uning uchun mashaqqatli mehnat, sabru qanoat, qunt va mahorat lozim. Gilam tayyor bo'lishi uchun oylar, hatto yillar kerak bo'ladi, — dedi korxona ishchilari. — Har bir naqsh, har bir rang uyg'unligi ortida hunarmandning mehnati va ijodiy izlanishi mujassam.

E'tirof etish lozimki, tumanda mehnatsevar insonlar tomonidan yaratilayotgan mahsulotlar, ayniqsa, milliy gilamlar xalqimizning boy madaniy merosi va hunarmandchilik an'analarini asrab-avaylashda muhim ahamiyat kasb etmoqda. Eng muhimi, bu mehnat orqali yuzlab oilalar o'z kelajagini qurib, farovon hayot sari dadil qadam tashlamoqda. Zero, mehnat qadrlangan, hunar e'zozlangan yurtda taraqqiyot va farovonlik barqaror bo'ladi. Solijonobodliklarning fidokorona sa'y-harakatlari esa ana shu ezgu maqsadlarga xizmat qilmoqda.

Fotima MANSUROVA.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

16 + 15 =