So'z chamani ichra so'lmas daraxtim

Shu yilning 23-26 yanvar sanalarida Ozarbayjonda O'zbekiston Respublikasi fan va madaniyat kunlari ko'tarinki ruhda o'tkazildi
Adabiyot, fan, san'at, madaniyat – dillarni dillarga, ellarni ellarga bog'laydigan, do'stu qadrdon aylaydigan qudratli rishtadir. Davlatlar o'rtasidagi o'zaro hamjihatlik, do'stlik va totuvlik muhitining yaratilishida, albatta, so'z san'atining, fan va madaniyatning o'rni va ahamiyati beqiyos. Ana shu qutlug' hikmatli so'z bizni dili, tili, urfu odatlari bir-biriga juda-juda yaqin qardosh Ozarbayjon diyori sari yetakladi.
Joriy yilning 23-26 yanvar kunlari Ozarbayjon Respublikasida “O'zbekiston Respublikasi fan va madaniyat kunlari”ni o'tkazish maqsadida Oliy Majlis Qonunchilik palatasi spikerining birinchi o'rinbosari Akmal Saidov boshchiligidagi davlat va jamoat arboblari, adabiyot, fan, madaniyat sohasining vakillaridan iborat delegatsiya a'zolari yo'lga otlandik.
Xayolimda esa Mir Alisher Navoiy hazratlarining Nizomiy Ganjaviy boboga shogirdlik ehtiromi bilan bitilgan “Emas oson bu maydon ichra turmoq, Nizomiy panjasiga panja urmoq, Kerak sher oldida sher jangi, Magar sher bo'lmas bori palangi” satrlari va yana ustozimiz Abdulla Oripovning mashhur “Ozarbayjon” she'ri misralari charx urmoqda.
…Nizomiy bolidan halvo pishurmish
Navoiy zabt etib turkiy jahonni.
Bir lahza qo'lidan qo'yganmi o'zbek,
O'zing ayt, Fuzuliy bitgan devonni…
She'r xulosasi ham kishi qalbini junbishga keltirib yuboradi.
…Men senday mezbonni topmog'im gumon,
Sen ham topolmassan menday mehmonni.
Mavjud bo'lmasaydi olamda agar,
O'ylab topar edim Ozarbayjonni.
Biz ustozlarimiz qalamga olgan ulug'lar beshigi bo'lgan zaminga – Ozarbayjonga safarimiz shunday yorug' kechinmalar, nurli o'ylar bilan boshlandi.
Tashrifning ilk kunida buyuk o'zbek mutafakkir shoiri, ustozlar iborasi bilan aytadigan bo'lsak, g'azal mulkining sultoni hazrat Alisher Navoiy va Ozarbayjon davlat arbobi Haydar Aliyev haykallari poyiga hamda Shahidlar xiyobonida gul qo'yish marosimlari, shuningdek, Ozarbayjon Yozarlar birligida “Adabiy do'stlik – abadiy do'stlik” mavzusida ijodiy uchrashuv kechasi, Ozarbayjon qo'lyozmalar institutida “O'zbekiston va Ozarbayjon: madaniyatlar muloqoti“ nomli davra suhbati bo'lib o'tdi.
Bundan tashqari, O'zbekiston parlamenti a'zolarining Ozarbayjon Milliy Mejlisi raisi Sahiba Gafarova bilan uchrashuvi hamda parlamentlararo aloqalar bo'yicha do'stlik guruhlarining qo'shma yig'ilishi o'tkazildi.
Ozarbayjon Yozarlar birligida ijodiy uchrashuv
Biz bir guruh yozuvchi-shoirlar – O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Adminstratsiyasi mas'ul xodimi, taniqli yozuvchi G'afur Shermuhammad, O'zbekiston xalq yozuvchisi Erkin A'zam, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a'zosi, shoira Xosiyat Rustamova mehmonxonadan Dunyo yosh turkiy ijodkorlar uyushmasi raisi Intiqom Yashar hamrohligida Ozarbayjon Yozarlar birligi tomon yo'l oldik. Yozarlar birligi binosi Bastakorlar uyushmasi, Milliy kutubxona bilan bir qatorda joylashgan ekan. Bizni Yozarlar birligi raisi o'rinbosarlari Salim Babulla o'g'li hamda Ilg'or Fahmiylar qarshi olishdi. Yozarlar birligida esda qoladigan adabiy-ma'rifiy tadbir va sayohat bo'ldi desam mubolag'a bo'lmas.
Salim Babulla o'g'li bizni dastlab Yozarlar birligi binosi va ijodkorlari bilan tanishtirdi. “Anar muallim biroz xastalar, bugun kela olmaydilar, ammo “Turkiy adabiyot durdonalari” kitobi taqdimotida qatnashib, sizlar bilan dildan suhbat qilishlarini aytib, uzr so'radilar”, — dedi Salim og'a. So'ngra Anar muallimning xonasi sari yetakladi. Xonaga kirish bilan ustoz yozuvchimiz Erkin A'zam: “Anar muallimning xonasi muzey ekan-ku”, deya o'z hayratlarini bildirdi. Ha, rostdanam Anar muallimning ishxonasi jajji muzeyning o'zginasi edi. Ustoz stoli ustida Ganjaviy, Navoiy, Fuzuliy bobolarning byustlari, tasvirlari tushirilgan esdalik buyumlar turibdi. Devorda Anar muallimga qadar o'tgan Yozarlar birligi raislarining suratlari hamda ozarbayjon mumtoz shoirlarining tasvirlari tushirilgan kichik o'lchamdagi gilamlar ilib chiqilgan. Yozuvchining didi, o'zgacha nigohini xona dizaynidan ham bilish qiyin emasdi. Bularning barchasi o'z yurtiga, millatiga hurmat ifodasi deyish mumkin. Darvoqe, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi raisi, ustoz Sirojiddin Sayyidning xonasi ham xuddi Anar muallimning xonasi kabi o'ziga xos muzeyga o'xshashini esladim. Bu jihatdan ham ikki zabardast ijodkorning o'y-maqsadlari mushtarakligini payqasa bo'ladi. Va albatta, shu o'rinda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasida joylashgan mo''jazgina muzeyimiz ham yodimga tushdi. Unga kirgan odam Uyushmamizning o'tmishidan tortib bugungi kuniga qadar bo'lgan faoliyati xususida muayyan tasavvurga ega bo'lib chiqadi. Uyushma yo'laklari devorlariga o'zbek adabiyotining yetuk namoyandalari suvratlari tartib bilan qo'yilgan. Yozarlar birligi binosida ham shunday rasmlar oz bo'lsa-da bor ekan.
Shunday keyin bizni tadbirlar zali sari yetaklashdi. U yerda bir guruh ozarbayjon shoiru adiblari, adabiyotshunos olimlari, tarjimonlari to'planib turishgan ekan. Bizni: “Vatandan Vatanga galan qo'noqlar, xush galdiniz”, deya kutib olishdi. Tadbir boshlandi. Uni Ozarbayjon Yozarlar birligi raisi o'rinbosari, taniqli shoir Salim Babulla o'g'li olib bordi. Tadbirda so'z olganlar har ikki davlat yetakchilarining adabiyotga bo'lgan e'tiborlari xususida gapirishdi. O'zbek adiblari Erkin A'zam, G'afur Shermuhammad, Xosiyat Rustamova, ozarbayjon adiblari Salim Babulla o'g'li, Ramiz Askar, Ilg'or Fahmiy, Sayfiddin Husaynli, Intiqom Yashar kabilar adabiy almashinuvlar bugun har qachongidan zarur ekanligini qayd etishdi. Tadbir davomida O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi vakillari tomonidan Ozarbayjon Yozarlar birligi qoshidagi “Dunyo adabiyoti” jurnalining 2024 yildagi sonlaridan birini to'liq o'zbek adabiyotiga bag'ishlash taklifi berildi. Jurnalning bosh muharriri Sayfiddin Husaynli turkiy xalqlarning bir-biriga yaqinlashuvida adabiyotning o'rni beqiyos ekanligini ta'kidladi va bizning taklifimizni mamnuniyat bilan qabul qilishini aytib o'tdi. Bu amalga oshsa, katta natijaga erishgan bo'lamiz, albatta. O'z navbatida o'zbek yozuvchi-shoir tarjimonlari ozar adiblarining asarlarini tarjima qilib matbuotda e'lon qilishadi. Tadbir davomida shoira Xosiyat Rustamovaning ozarbayjonda nashr etilgan kitoblari taqdimoti ham bo'lib o'tdi.
“Turkiy adabiyot durdonalari” adabiy obidasi taqdimoti
Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev 2019 yil 15 oktyabr kuni Boku shahrida o'tkazilgan Turkiy davlatlar hamkorlik kengashining navbatdagi sammitida tashkilotga a'zo davlatlar adabiyotining eng sara namunalaridan iborat “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildlik kitoblar majmuasini har bir mamlakatning ona tilida nashr etish tashabbusini ilgari surgan edi.
Ushbu tashabbus asosida qisqa vaqt ichida birinchi bo'lib O'zbekistonda mazkur muhtasham adabiy to'plam yaratilib, o'zbek tilida chop etildi.
Mazkur yirik adabiy loyihaga umumturkiy adabiyotning eng yetuk namunalari O'zbekiston, Ozarbayjon, Turkiya, Qozog'iston, Qirg'iziston, shuningdek, kuzatuvchi mamlakatlar – Turkmaniston va Vengriya davlatlaridan jami 1100 nafar atoqli shoir, adib va mutafakkirlarning barkamol asarlari kiritilgani uning ko'lami va miqyosidan dalolat beradi.
Yodingizda bo'lsa, “Turkiy adabiyot durdonalari” majmuasi 2022 yil noyabr oyida Samarqandda bo'lib o'tgan Turkiy davlatlar tashkiloti rahbarlari sammitida ilk bor mamlakatlarimizning muhtaram yetakchilariga taqdim qilingan va ularning ijobiy e'tirofiga sazovor bo'lgan edi.
Hozirgi kunda ushbu kitoblar O'zbekistondagi barcha kutubxonalar, oliy o'quv yurtlari, o'rta maktablar, ijodiy uyushmalar, ilm-fan markazlari, xorijiy mamlakatlardagi diplomatik vakolatxonalarimizga tarqatilib, madaniy jamoatchilik va yoshlarimiz tomonidan keng o'qib-o'rganilmoqda.
Ma'lumki, mazkur kitoblar majmuasi taqdimoti dastlab O'zbekistonda, keyin Turkiyaning Anqara shahrida bo'lib o'tdi. Xuddi ana shu tadbir Boku shahrida ham o'tkazilayotganining o'zgacha mazmun-mohiyati bor. Aytib o'tilganidek, Davlatimiz rahbari tomonidan bu muhtasham kitob g'oyasi mana shu o'lkada e'lon qilingan edi.
26 yanvar kuni erta tongdan yozuvchi G'afur Shermuhammad, noshir Umid Hayitov va O'zbekistonning Ozarbayjondagi elchixonasining chaqqon xodimlari hamrohligida Ozarbayjon Xalqaro maqom markazi tomon yo'l oldik. Rejaga muvofiq, bir necha soatlardan keyin “O'zbekiston fan va madaniyati kunlari” doirasida Boku shahridagi Ozarbayjon xalqaro muqom markazida “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildlik asarlar majmuasining taqdimoti bo'lib o'tishi kerak.
Ko'm-ko'k to'lqinlari sollanib turgan Hazar sohilida joylashgan binoda yam-yashil muqovali “O'zbek adabiyoti durdonalari” 100 jildlik kitoblari biram yarashib turibdiki! Tadbirda davlat va jamoat arboblari, ozarbayjonlik va o'zbekistonlik ijodkorlar ishtirok etdi.
Taqdimot tadbirida O'zbekiston Fanlar akademiyasi akademigi Akmal Saidov va boshqa so'zga chiqqanlar ikki qardosh mamlakat o'rtasidagi o'zaro do'stlik rishtalari tobora mustahkamlanib borayotganini ta'kidlashdi.
“Turkiy adabiyot durdonalari” majmuasi jami turkiy tilli davlatlar adabiyotida munosib o'ringa ega 1100 nafar muallifni qamrab olgan. Majmuada 133 nafar mashhur shoir va adibga alohida jild ajratildi. Shundan 88 nafar ijodkorning asarlari o'ziga zamondosh, uslubi va yo'nalishi jihatidan hamohang bo'lgan boshqa adib va shoir bilan bitta jildga kiritildi. Yakka o'ziga alohida jild ajratilgan ijodkorlar soni 45 nafar bo'ldi.
Majmuada Ozarbayjon adabiyotiga 16 jild ajratilgan. Ozarbayjon adabiyoti Nizomiy Ganjaviyning g'azallari hamda “Layli va Majnun” dostoni bilan boshlanadi. Ozarbayjon mumtoz adabiyotining yirik vakillari Nasimiy, Mahsatiy Ganjaviy, Xoqoniy, Hayron xonim, Xurshidbonu Notavon, Fuzuliy she'riyatidan namunalar, shuningdek, ozarbayjon dramaturgiyasi asoschisi Husayn Jovid dramalari, Yusuf Chamanzaminli, Mamedsaid O'rdubodiy, Mirza Ibrohimov romanlari, Samad Vurg'un, Baxtiyor Vahobzoda, Xalil Rizoning she'r va dostonlari bilan davom ettirildi. Majmua uchun Saidazim Shirvoniy, Muhammad Hodiy, Sobir Aliakbar g'azallari, Ahmad Javod, Sulaymon Rustam, Olmos Yildirim, Mikoil Mushfiq, Rasul Rizo, Nabi Hazriy she'rlari maxsus tarjima qilindi. Zamonaviy ozarbayjon adabiyoti vakillari Anar, Sobir Rustamxonli, Ramiz Ravshan asarlari alohida jildlarda taqdim etildi.
Ozarbayjon zamonaviy she'riyati va nasri antologiyalariga Bunyodzoda Ulviy, Salim Babulla o'g'li, Akbar Qo'shali, G'anira Poshshayeva kabi shoirlar, Firuz Mustafo, Ilg'or Fahmiy kabi yozuvchilarning hikoyalari kiritilgan bo'lib, ushbu antologiyalarga jami 100 ga yaqin ijodkorning asarlari jamlangan.
Ozarbayjon adabiyoti bo'limini nashrga tayyorlash ishlariga O'zbekistonda xizmat ko'rsatgan madaniyat xodimi, shoir va tarjimon Tohir Qahhor boshchilik qildi. Ozarbayjon adabiyoti jildlarini nashr qilishda bugungi kunda faol tarjimonlik faoliyati bilan shug'ullanayotgan Boboxon Muhammad Sharif, Shahlo Qosimova, Karim Bahriyev, Muhiddin Omonlar katta xizmat qilishdi.
G'afur G'ulom, Jumaniyoz Jabborov, To'xtasin Jalolov, Usmon Qo'chqor, Oydin Hojiyeva kabi ustoz tarjimonlarning ozarbayjon she'riyati va nasridan qilgan tarjimalaridan ham keng foydalanildi.
Ushbu 100 jildlik asarlar majmuasini tayyorlashda 200 dan ziyod tarjimon-adiblar qatnashdi. O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi hamda Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi tomonidan yana 50 ga yaqin adabiyotshunos va matnshunos olim, adib, muharrir va rassom nashrga tayyorlash, chop etish ishlariga keng jalb etildi. Majmua chin ma'noda xalqaro loyiha bo'ldi. Qirg'iz adabiyoti namunalarini o'zbek tiliga o'girishda Qirg'izistonda istiqomat qilayotgan 25 nafar o'zbek shoir va adibi, Qozog'istonda yashayotgan 10 dan ortiq ijodkor, Turkmanistondan 3 nafar, Turkiyadan 2 nafar ijodkor ishtirok etdi. Majmuani nashrga tayyorlashda O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasiga faxriy a'zo bo'lgan qardosh mamlakatlar fuqarolari yaqindan yordam berdi. Masalan, ozarbayjonlik tarjimon Ramiz Asqar, qirg'izistonlik ijodkorlar Avliyoxon Eshon, Begijon Ahmedovning ishtiroki samarali bo'ldi.
Tadbirda, shuningdek, Ozarbayjon Yozarlar birligi raisi, Ozarbayjon xalq yozuvchisi Anar muallim, O'zbekistonning Ozarbayjondagi elchisi Bahrom Ashrafxonov, O'zbekiston xalq yozuvchisi, “Tafakkur” jurnali bosh muharriri Erkin A'zam, Ozarbayjon Yozarlar birligi raisi o'rinbosari, shoir Salim Babulla o'g'li, O'zbekiston xalq shoiri Mahmud Toir, O'zbekiston xalq shoiri Iqbol Mirzo, ozarbayjonlik adabiyotshunos olim Almaz Ulviy, O'zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Qonunchilik palatasi deputati Gulbahor Saidg'aniyeva va boshqalar so'zga chiqdi.
— Men O'zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni juda hurmat qilaman, yaxshi ko'raman, – dedi Anar muallim. – Birinchidan, u turkiy dunyoni, turkiy mamlakatlarni bir-biriga yaqinlashtirdi. Ikkinchidan, adabiyotga juda katta e'tibor bermoqda. Uchinchidan esa u ozarbayjon xalqining do'sti. Biz ozarbayjonlik ijodkorlar ham, albatta, o'z ona tilimiz – ozar tilida ham ushbu muhtasham majmuani nashr etamiz. Bu kitoblar nashri bilan bog'liq masalalarda o'zbek qalam ahlining tajribalaridan unumli foydalanamiz.
Bokuda “O'zbekiston fan va madaniyat kunlari” katta shukuh bilan o'tayotgan kunlari Portugaliyada bo'lib o'tayotgan Dzyudo kurashi bo'yicha Gran-Pri turnirida hamyurtlarimiz umumjamoa hisobida dzyudo vatani Yaponiyani ham ortda qoldirishganini, Dilshod Baratov, Diyora Keldiyorova kabi sportchi o'g'il-qizlarimiz oltin medallarni qo'lga kiritganlarini eshitib, ko'nglimiz yanada faxr va g'ururga to'ldi.
Darvoqe, taqdimot marosimida O'zbekistonda yangi ta'sis etilgan “Jadid” gazetasi haqida ham so'z bordi. Yig'ilganlar yangi gazetaning konsepsiyasi, uning o'z oldiga qo'ygan vazifalari haqida savollar berishdi.
Tadbirda taniqli san'atkorlar Ramiz Usmonov, Ozoda Nursaidova, Mohichehra Shomurodovaning qo'shiqlari yanada fayz kiritdi.
Tadbir so'ngida “Turkiy adabiyot durdonalari” majmuasidan bir to'plamdan Ozarbayjon Milliy kutubxonasiga, Fuzuliy tumanidagi Mirzo Ulug'bek nomli maktabga, O'zbekiston Respublikasining Ozarbayjondagi elchixonasi kutubxonasiga taqdim etildi.
Shuningdek, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi tomonidan Ozarbayjonda “Turkiy adabiyot durdonalari” majmuasini ozarbayjon tilida tayyorlash taklifi mamnuniyat bilan qabul qilindi. Ozarbayjon Yozarlar birligi tomonidan yaqin kelajakda ushbu loyihani amalga oshirish uchun namuna sifatida “O'zbekiston” nashriyoti tomonidan nashr etilgan “Turkiy adabiyot durdonalari” kitoblarining “PDF” formatini olishda hamda ijodiy hamkorlik ko'rsatish borasida yordam so'raldi.
Yana bir ma'lumot: shu kuni Ozarbayjon Respublikasi Prezidenti Ilhom Aliyev butun turkiy dunyoning sevimli shoiri Muhammad Fuzuliyning 530 yillik yubiley tantanalarini o'tkazish to'g'risidagi hujjatga imzo chekkan ekan. Shu bois ham taqdimot yana ham baland ruhda o'tdi.
Ta'kidlash kerak, O'zbekiston Yozuvchilar uyushmasi, Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi, O'zbekiston Tashqi ishlar vazirligi, Fanlar akademiyasi mutasaddilari va ilmiy-ijodiy xodimlari, nufuzli ishchi guruh a'zolari, muhtaram tarjimonlarimiz, yuzdan ortiq munaqqid va matnshunos olimlar, adiblar, muharrir va musahhihlar, kitob rassomlari, “O'zbekiston” nashriyoti va bosmaxona ishchilari, Turkiy davlatlar tashkilotiga a'zo va kuzatuvchi bo'lgan mamlakatlar elchixonalarining mas'ul vakillari birgalikda mehnat qilib, mana shunday ulkan ijodiy loyihani amalga oshirishga erishdilar.
Mazkur adabiy loyihani amalga oshirish orqali qardosh turkiy davlatlar o'rtasidagi adabiy aloqalar yangi bosqichga ko'tarildi deb ayta olamiz. Shu ma'noda, Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev “Turkiy adabiyot durdonalari” 100 jildlik kitoblar majmuasini har bir mamlakatning ona tilida nashr etish tashabbusini boshqa turkiy davlatlar, xususan, ozarbayjon tomoni ham amalga oshirsa ulug' ish bo'ladi. Natijada adabiy almashinuvlar, adiblarimizning bir-birlarini yaqindan bilish imkoniyatlari yana ham kengayadi. Ushbu 100 jildlik kitoblar majmuasida jam bo'lgan adabiy xazina bugungi global va tahlikali dunyoda insoniyatni tinchlik, do'stlik va hamkorlikka, ezgulik va yaxshilikka, ilmu ma'rifatga da'vat etuvchi beqiyos ma'naviy kuch-qudrat manbai bo'lib xizmat qilishi shubhasizdir.
Men esa shukuhli uchrashuvlar, suhbatlardan ilhom olib ushbu she'rimni bitdim:
So'z chamani ichra so'lmas daraxtim,
Ruhimda porlagan anduhim, baxtim,
Bu adab mulkida azim poytaxtim,
Nizomiy, Navoiy, Fuzuliy, Mashrab.
Mushaf chashmasidan suv ichgan bog'lar,
Mangu oftob yanglig' o'chmas chirog'lar,
Tolib ko'ngillarga boqiy saboqlar,
Nizomiy, Navoiy, Fuzuliy, Mashrab.
Qon dilim, jon dilim – “Maxzan ul asror”,
Ayt kim u so'rsalar, “Hayrat ul abror”,
Yuz marta, ming marta aytaman takror,
Nizomiy, Navoiy, Fuzuliy, Mashrab.
Munojot ayladi yuragim toma,
“Mabdai nur” asli “Muhabbatnoma”,
Olam, alik olgin qutlug' saloma,
Nizomiy, Navoiy, Fuzuliy, Mashrab.
Cho'g' kovlab qoradir kosovning rangi,
Dillarda qolmasin adovat zangi,
Qalblarga taralgan pok ishq ohangi –
Nizomiy, Navoiy, Fuzuliy, Mashrab.
Majnun bo'l, topganing Laylo bo'ladi,
Tuproqni ushlasang kimyo bo'ladi,
Dunyodan ham mangu dunyo bo'ladi,
Nizomiy, Navoiy, Fuzuliy, Mashrab.
O't nadir, oshiqi mardman aslida,
Qirq yil yoqqan yomg'ir – dardman aslida,
Hazrat bobolardan gardman aslida,
Nizomiy, Navoiy, Fuzuliy, Mashrab.
O'qi shoh baytlarni, shoh bo'lasan, der,
Bir kuni muazzam oh bo'lasan, der,
Oppoq nur – quyosh ham, moh bo'lasan, der,
Nizomiy, Navoiy, Fuzuliy, Mashrab.
So'z chamani ichra so'lmas daraxtim,
Ruhimda porlagan anduhim, baxtim,
Bu adab mulkida azim poytaxtim,
Nizomiy, Navoiy, Fuzuliy, Mashrab.
G'ayrat MAJID.