Omad, umid va ishonch!

Futbol bo'yicha terma jamoamiz muxlisi, taniqli adib

Xurshid DO'STMUHAMMAD bilan suhbat

— Xurshid aka, mana, futbolimiz muxlislarining uzoq yillik orzusi ro'yobga chiqib, O'zbekiston milliy terma jamoasi jahon birinchiligiga yo'llanmani qo'lga kiritdi. Suhbatimizni ushbu tarixiy muvaffaqiyat hayajonlaridan boshlasak.

— Chinakam futbol muxlisi va shinavandasining hayajoni gazeta sahifasiga sig'maydi. Esimizni tanibmizki, shu orzu bilan yashadik va nihoyat, mana shunday shodiyonaning shohidi va ishtirokchisi bo'lib turganimizdan boshimiz osmonda! Birinchi navbatda, biz ushbu shodiyonani munosib nishonlamog'imiz kerak. Futbol uchrashuvlarini tomosha qilish, jarayonlarni kuzatish, baholash, tahlil qilish, xulosa chiqarish zamonaviy futbol ishqibozidan katta bilim, tajriba, ko'tarinki ruh bo'lishni taqozo etadi. Tabiiy, maydonda kurash avj olib turgan bir paytda… tomoshabinga ham oson emas, vaqti kelsa, tomoshabin futbolchidan, murabbiydan kam ter to'kmaydi.

— Futbolni dramaga qiyoslashadi…

— Bu qiyosda jon bor, lekin, mening nazarimda, “drama” so'zi futbolning butun jozibasini qamrab ololmaydigandek ko'rinadi. Futbolning eng qiziqarli sport o'yini ekanligini e'tirof etgan holda, men futbolni boshdan-oyoq falsafa deb hisoblayman. Uning har qadamida, har lahzasida (maydonda bo'ladimi yo undan tashqaridami, qat'i nazar!) hayot manzaralarini, in'ikosini ko'raman (misollarim shu qadar ko'pki, to'plasam, alohida bir kitobga jo bo'ladi). Aks holda, undan bu qadar zavq tuymagan bo'lur edim.

Zamonaviy futbol nihoyatda rivojlandi. Bizning jamoa ana shu darajada rivojlanayotgan futbolda dunyoning manaman degan jamoalari panjasiga panja uradi. Qanday guruhdan joy olishimizdan qat'i nazar, jahon birinchiligi ishtirokchisimiz!

Final o'yinlarini umumlashtirgan holda jahon xalqlari simfoniyasiga qiyoslaydigan bo'lsak, o'zbek milliy futboli ana shu simfoniyaning haqli ishtirokchisi sifatida maydonga tushadi va o'z imkoniyati va mahoratini namoyon etishga harakat qiladi.

— Futbolchilarimiz imkoniyatini chamalash mumkinmi?

— So'nggi yillarda futbolimiz mazmunan o'zgardi. Bu — o'yin sifatida ko'zga tashlanmoqda. Bilasizmi, zamonaviy futbolda jamoa murabbiyining o'rni nihoyatda katta. Dunyodagi eng nomdor murabbiylar shtabini maxsus institut — ilmiy markazga qiyoslasak ham yanglishmaymiz. Bu institut ilmiy dargohdek ishlaydi, izlanadi, jamoa taktika va strategiyasini ishlab chiqadi. Yakuniy xulosani bosh murabbiy chiqaradi va barcha “ichki” mehnat natijasi — falsafasi maydonda ko'rinmog'i kerak. Aytmoqchimanki, maydondagi futbolchilarning bosgan qadami rejissurasi ichkarida boshlanadi. Bunday yondashuv yangi tipdagi murabbiylar va yangi tipdagi futbolchilar avlodi yetishmog'ini taqozo etadi.

— Milliy terma jamoamiz bosh murabbiyligiga jahon futbolining yorqin namoyandalaridan biri bo'lgan Fabio Kannavaro taklif etilganiga qanday qaraysiz? Uning yondashuvi va o'zbek futbolidagi yangilanishlar uyg'unligiga umid bog'lasa bo'ladimi?

— Birinchidan, bu mavzu muhokamasini cho'zmaganimiz ma'qul, chunki terma jamoaga bosh murabbiy tanlandi, u Vatanimizga keldi va o'z vazifasini ado etishga kirishdi. Savolning ikkinchi qismiga kelsak, istaymizmi-yo'qmi, Yevropa futbolining mavqei hammaga ma'lum. O'sha dunyoning taniqli vakillaridan birining kelishidan ko'p narsa umid qilsa bo'ladi. Mantiqan olganda, o'zgacha yondashuv, o'zgacha munosabat, o'zgacha yechim va xulosalar milliy terma jamoamizga mutlaqo yangi “ob-havo” olib kirishi kutiladi, albatta. Biroq bir qancha omillar borki, ular ushbu niyatlarning amalga oshishida muammolar tug'dirmay qolmaydi.

— Masalan?

— Masalan, jiddiy o'zgarishlar qilish uchun vaqt nihoyatda ziq. Ikkinchidan, terma jamoaga eng munosib futbolchilarni jamlab olish uchun ham vaqt kerak. Uchinchidan esa, ixtiyorimizdagi mavjud qisqa fursatlarda terma jamoamizning jahon miqyosidagi yetuk terma jamoalar bilan uchrashuvlar o'tkazish imkoniyati ko'p emas. Bu borada Urugvay terma jamoasi bilan o'tkazilgan uchrashuv ayni muddao bo'ldi. Biroq o'sha o'rtoqlik uchrashuviga Urugvay jamoasi ikkinchi tarkib bilan keldi (rasmiy o'yinlarda ikkinchi tarkib degan tushuncha deyarli bo'lmaydi), agar Janubiy Amerikaning yanada kuchli hisoblangan boshqa terma jamoalari, Yevropa davlatlari terma jamoalari, hatto afrikalik va osiyolik terma jamoalar o'rtasidagi yangilanish-uyg'onish nazarda tutilsa, bizning futbolchilarimiz qanday murakkabliklarga ro'para kelishini tasavvur qilish qiyin emas.

— Turli xorijiy davlatlar jamoalarida to'p tepayotgan futbolchilarimiz ko'payib borayotgani bu boradagi bo'shliqlarni to'ldirmaydi deb o'ylaysizmi?

— Xorijiy mamlakatlarda to'p tepayotgan futbolchilarimiz ko'payib borayotganidan istagancha faxrlanamiz, albatta. Xususan, Abduqodir Husanov, Eldor Shomurodov, Abbosbek Fayzullayev kabi jahon miqyosida mahorat ko'rsatayotgan futbolchilarimiz borligidan nega faxrlanmas ekanmiz?! Ammo-lekin futbol — jamoaviy o'yin. Maydonga chiqqan 11 futbolchi nechog'liq yaxlit jamoaga, ya'ni bir kuch-bir qudrat timsoliga aylana oladi? Gap shunda! Favqulodda mahoratli futbolchilar yig'ilgan, lekin ular chinakam jamoaga aylanishga erisholmay, maydonda hech qanday “hunar” ko'rsatolmagan holatlar oz emas. Yana vaqt ziqligi, yana sinov uchrashuvlarining ozligi va hokazo muammolar mavjudki, ulardan ko'z yumsak, to'g'ri bo'lmaydi.

— Mulohazalaringizda tushkunlik ustunlik qilayotgandek…

— Yo'q, tushkunlikka yo'ymang, men real sharoitimizni tilga oldim, xolos. Mas'ullarimiz va mutaxassislarimiz bu holatlarni biz muxlislardan ko'ra ko'proq va jiddiyroq his etishlariga va zarur choralar ko'rishlariga ishonaman, qolaversa, milliy ruh, kayfiyat, shijoat tuyg'usi futbolchilarimizga juda katta kuch-quvvat, ishonch va dadillik ato etadi, albatta.

— Mavridi kelganda, milliy futbol sharhlovchilik maktabi, tajribasiga munosabatingiz bilan ham o'rtoqlashsangiz?

— Futbol sharhlovchiligiga ixtisoslashgan bir guruh telejurnalistlar, ijtimoiy tarmoq jurnalistlari birmuncha shakllangan. Lekin negadir bosma nashrlarda futbol va boshqa sport turlari mavzuidagi chiqishlar kamayib qolgandek tuyulmoqda, nazarimda. Deylik, futbol bo'yicha jahon birinchiligi davrida “Hurriyat” gazetamiz ushbu masala borasida alohida chora ko'rsa nur ustiga nur bo'lur edi. Loaqal jurnalist, yozuvchi va shoir muxlislarimizni kelgusi yilda bo'lib o'tadigan jahon birinchiligi munosabati bilan futbol sharhlovchiligiga jalb etish ham mumkin-ku!

Xullas, biz uchun hademay hayajonga to'la futbol yili boshlanadi. Uch davlatdagi futbol maydonlarida javlon urajak futbolchilarimizga omadlar yor bo'lib qolishini istaymiz, umid qilamiz, ishonamiz!

— Aytganingiz kelsin!

Suhbatni

Zarina TUYG'UNOVA

yozib oldi.

Yangiliklarni do'stlaringizga ulashing

Fikr bildirish

Email manzilingiz chop etilmaydi. Majburiy bandlar * bilan belgilangan

one × 3 =