Ijodkorning ikki qanoti
Taniqli adib va jurnalist Sotim Avazning 20 dan ziyod kitoblari chiqqan. “Xorazm haqiqati”, “Xalq so'zi”, “Urganch oqshomi” gazetalarida samarali mehnat qilgan otaxon jurnalist shoir, adib, adabiyotshunos hamdir. U “Mangulik so'qmog'i”, “Muruvvat chog'i”, “Temurg'ozi to'ra”, “Rutba” kabi romanlari, “Madrahim Sheroziy”, “Yillar va yo'llar”, “Ko'na qal'a” qissalari, “Kechikkan bahor”, “Tonggi hislar”, “Huquq”, “Nozbo'ylarim”, “Dil va manzil”, “Iftixor gullari” she'riy kitoblari, “Andisha bog'i” esselar to'plami, “Shafoat”, “Sharofat” devonlari muallifidir.
Otaxon yozuvchi Sotim Avaz bilan suhbatlashgani yo'lga chiqdim.
“Ajabo, uyini bilmasam, qanday topib olar ekanman?” degan hadik bilan telefonda bog'landim.
— 9-raqamli avtobusga chiqib, men aytgan bekatda tushsang, ko'chaning boshida o'zim kutib olaman, — dedi ustoz.
Xuddi aytganlaridek, ustoz ko'chaning boshida kutib oldilar.
Fayzli, chiroyli qilib qurilgan hovliga kirib bordik.
— Sharofat, hoy Sharofat, bu yoqqa chiq, men aytgan shogirdim keldi, — deya turmush o'rtog'ini chorladilar ustoz.
Gul-gul yonib, xush tabassum bilan chiqib kelgan ustozning umr yo'ldoshlari quyuqqina ko'rishib, so'rashdilar.
Ustoz suhbatni o'zlari istagancha boshladilar:
— Har bir insonning sevimli gazetasi bo'ladi. Men uchun ana shunday aziz nashrlardan biri “Hurriyat” gazetasidir, — dedi ustoz so'zni uzoqdan boshlab. — Gazeta sahifalaridagi rang-baranglik, ayniqsa, tanqidiy-tahliliy maqolalarning ko'pligi doimo e'tiborimni tortib keladi. O'zimning ham shu gazetada qator maqolalarim chiqqanligi uchunmi, “Hurriyat”ga mehrim o'zgacha. Har haftada uning yangi sonini qo'limga olar ekanman, har bir maqolani g'oyat qiziqish bilan o'qib chiqaman. Gazeta odamga ma'naviy ruh, huzur bag'ishlaydi…
Shu o'rinda qalamkash uchun kitobning ahamiyati haqida ham to'xtalib o'tishni maqsadga muvofiq deb bilaman. Bolalikda uyimizga tutash mo''jazgina kutubxonadagi aksariyat kitoblarni o'qib chiqqanman, desam, mubolag'a emas. Avvallari kitoblarda uchraydigan hikmatlarning tagiga qalam bilan chizib o'qiganman. Keyin esa kitobga chizish mumkin emasligini chuqur anglab, shu odatdan voz kechganman…
Yaqinda Urganch shahrida yoshlar bilan kitob o'qish masalalariga bag'ishlab, ta'sirchan anjuman o'tkazildi. Shu tadbirda eng nodir kitoblar, xususan, “Avesto” haqida ulug' allomalarning ijodiy merosi to'g'risida to'xtaldim. Nazarimda, kitob bilan do'st tutinmagan odam ko'zi so'qir odamga o'xshaydi. Ijodiy ishlarga, xususan, she'riyatga, jurnalistikaga, ilmu hikmatga bag'ishlangan kitobsevarlar anjumani katta taassurotlarga boy bo'ldi.
Kitobga mehru muhabbat uyg'otishda ustozlarning o'rni beqiyos. Avvalo, ularni tirik kitoblar sifatida tilga olish maqsadga muvofiqdir. O'rta maktabda, keyin pedagogika instituti (hozirgi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Urganch davlat universiteti)da qalbi daryo ustozlardan saboq oldik. Undan keyin tajribali jurnalistlardan bilolmaganimizni o'rgandik. “Xorazm haqiqati”, “Xalq so'zi”, “Urganch oqshomi” gazetalari tahririyatlarining har biri o'ziga xos dorilfunun bo'ldi men uchun.
Tahririyatda xizmat qilish — koni mashaqqat. O'rtamiyona qalamkash sifatida bordi-keldida uzoq yurish mumkin emas. Lekin Erkin Samandarov, Ne'mat Solayev, Matnazar Abdulhakimov, Ullibibi Otayeva singari ustozlar odamning iqtidorini bir qarashdayoq bilishar edi.
Bir kuni “Xorazm haqiqati” gazetasi bosh muharriri Erkin Samandarov (Alloh rahmat qilgan bo'lsin) xonasiga chaqirtirib, so'z bilan ishlash yuzasidan qimmatli maslahatlarni berdilar:
— Bir tilda o'ylab, ikkinchi tilda gapirish — tilning sofligini va go'zalligini buzadi. Sizlar tilni yuksaltirguvchisizlar!
Shundan so'ng tarjimalardagi nomukammalliklar haqida suhbatlashdik. Erkin Samandar qobiliyatli qalamkash yoshlarni tahririyatga to'plardilar…
Umuman olganda, qalamkashning ikki zabardast qanoti bor: biri — badiiy adabiyot (u ko'proq ko'kda uchadi), yana biri publitsistikadir. U ona zaminda ilmu hikmat to'playdi. Ikkalasi ham o'zaro tortishib turadi.
Hazrat Alisher Navoiyning asarlari go'yo qalamkashning qanotlariga nur kabi quvvat baxsh etadi. Goho maqola va she'riy asar bir-biriga singib, eshilib ketadi. Ayniqsa, bu xorij adabiyotida yaqqol ko'zga tashlanadi.
O'tgan asrning so'nggi choragida Erkin Samandar “Xorazm haqiqati” tahririyatini ko'plab yosh ijodkorlar bilan mustahkamladi. O'sha paytda men ham tahririyatga qo'shilganman, – dedi ustoz Sotim Avaz.
— Ustoz, Sizning Temurg'ozi to'ra haqidagi kitobingizni o'qigandim. Bu asarni yozishga sizga nima turtki bergan?
— 1992 yil. Ustoz adib Anvar Obidjon Xivaga tashrif buyurdi. U kishiga safar davomida hamroh bo'ldim. Pahlavon Mahmud ziyoratgohidan tilovat qilib, yonboshdagi hujraga kirdik. U yerda odam bo'yi keladigan suratlar joylashtirilgan ekan. Ustoz o'n ikki-o'n uch yoshdagi o'spirinning suratini ko'rib, qotib qoldi. So'ng andak g'azabnok va taajjub bilan shunday savol berdi:
— Bu bola kim?
Ustozga Temurg'ozi to'ra va uning ayanchli qismati haqida bilganimcha gapirib berdim.
— Bu bolakay Xorazmning Mo'min mirzosi. U alg'ov-dalg'ov zamona qurboni bo'lgan.
— Sotimjon, sizlar qanaqa yozuvchisizlar? Nahotki shu suratni tor hujradan boshqa yerga qo'yish kerakligini bilmasangiz? U jurnallarning muqovasini bezashi kerakligini tushunmasangiz? Uka, Sizdan iltimos, Muhammad Rahimxon Feruzning nabirasi haqida bir badiiy asar yozib bersangiz…
Shundan so'ng Toshkentda Anvar Obidjon ustozni bir-ikki marta uchratdim. U kishi meni ko'rishi bilan darrov Temurg'ozi to'ra haqida ijodiy ish qanday borayotganini so'rardi. Ammo men “ishlayapmiz”dan nariga o'tolmadim.
Xullas, ustozning ezgu tashabbusi shu tariqa xayrli ishga yetakladi. Umuman olganda, “Temurg'ozi to'ra”ni uch marta qayta yozdim. Oxiri o'zimning ko'nglim ham bir qadar to'ldi. Tahrir va so'z ustida ishlashni ko'nglim doim istab-sog'inib turadi. Ish stolim ustida doim “Navoiy asarlari tilining izohli lug'ati”, “O'zbek tilining izohli lug'ati”, professor Otanazar Madrahimovning “O'g'uz lahjasi tilining izohli lug'ati” turadi. Ularni har kuni o'qib-o'rganaman, desam, mubolag'a emas…
— Ustoz, Siz juda ko'p o'qib izlanasiz. Ulug'larning hikmatlari haqidagi fikrlaringiz…
— Mavlono Rumiy hazratlarining “ko'ringaning kabi bo'l” yoxud “bo'lganingday ko'rin” hikmatida tasavvuf olamining asosiy maqsad-muddaosi jamuljam. Ya'ni har bir muslim va muslimaga xos e'tiqod va sadoqat tajassum topgan. Aks holda, uning insoniyligi, ilmi holi o'tkinchidir. Alisher Navoiy hazratlarining “Nasoyimul muhabbat” asarini qayta-qayta o'qiganim sari yana o'qigim keladi. Oxir-oqibat ulug' alloma, “avliyolar yaratuvchi shayx” Yusuf Hamadoniy haqida ma'naviy-ma'rifiy roman yozish istagi tug'ildi. Tasavvufda xojagon tariqati Yusuf Hamadoniydan boshlanishi qayd etiladi. Bugun esa bu tariqat ilmi bir nechta asarda, bir necha ko'rinishda aks ettiriladi. Ana shu parokandalikni bir asosda jamlash maqsadga muvofiq tuyuldi. Qolaversa, Xorazm viloyatining Shovot tumanida Yusuf Hamadoniy — Ulli pir ziyoratgohi mavjud. Uni ziyorat qilish uchun uzoq-yaqindan ziyoratchilar tashrif buyuradi.
1994 yilda Yusuf Hamadoniy tavallud topgan Hamadondagi Bo'zanjiroq qishlog'iga Xorazm ilm-fan, adabiyot, san'at, namoyandalari borib keldik. Bir yil oldin esa Turkiyaning Silvan shahrida bo'lib, xalq qahramoni Jaloliddin Manguberdi izlarini aniqlashtirib qaytgan edik.
Temurg'ozi to'ra — Feruzning nabirasi. Uning qismatida Mo'min mirzo taqdiri takrorlanganday go'yo. Shu tariqa tarixga badiiy murojaat faoliyatimning asosini tashkil eta boshladi. Natijada “Muruvvat chog'i”, “Mangulik so'qmog'i” kitoblari ham yuzaga keldi.
Publitsistik asarlarimni jamlasam, katta ikki jild bo'libdi. Ularni nomlashda ham ohori to'kilmaslik jihatlariga alohida e'tibor beraman. Mana, masalan, so'nggi jurnalistik kitobimni “Paykal” deb nomladim (paykal — xorazmcha “xushxabar yetkazuvchi” ma'nosida qo'llanadi). Axir azaldan mavjud purma'no so'zni qo'ldan boy berish, iste'moldan chiqarib tashlash mumkin emas. Adibning yutug'i — ko'p jihatdan shu bilan ham o'lchanadi.
Bu borada ham Hazrat Navoiy “yo'l ko'rsatdi” go'yo. Ulug' bobokalonimiz asarlari izohli lug'atida “payk” so'zining ma'nosi ayon ko'rsatilgan. “Payk” so'zi — xushxabar yetkazuvchi ma'nosini anglatadi. Bugun ham Xorazm shevasida shu so'z aynan xushxabardan darak beruvchi ma'nosida foydalaniladi.
Umuman olganda, respublika va viloyat gazetalarida ikki yuzga yaqin turli janrlardagi maqolalarim e'lon qilingan. Kamtarona ijodim uchun “Do'stlik” ordeni bilan mukofotlanganman. Shuningdek, 2015 yilda “Eng ulug', eng aziz” respublika tanlovida 1-o'rinni egallaganman. Jami 20 dan ziyod publitsistik va badiiy asarlarim chop etilgan.
— Sotimboy og'a, gazetxonlar oilaviy hayotingiz haqida ham bilishni istaydilar…
— Turmush o'rtog'im Sharofat Avazova o'zbek tili va adabiyoti o'qituvchisi. U bilan institutda birga o'qiganmiz. Besh nafar qiz farzandli bo'ldik. Azaldan bir-birimizga mehru hurmat ustuvor. Rafiqam qirq yil o'rta maktabda o'qituvchilik qildi. U bilan til va adabiyot, ijodkorning o'ziga xos mahorati to'g'risida suhbatlashib turamiz. Asarlarimning birinchi o'quvchisi ko'pincha Sharofat bo'ladi, desam, yolg'on emas.
— Shuning uchun ham bir kitobingizning nomini “Sharofat” qo'yib, yangamizga bag'ishlagan ekansiz-da…
Ustoz yengilgina kulimsirab qo'ydilar.
— Kuyovlarimiz har qaysisi o'z sohasida muvaffaqiyatli mehnat qilishmoqda. Ikki-uchtadan farzandlari bor. Ular ham o'zlari sevgan sohasida ijodkor, desam, xato bo'lmaydi.
Suhbatimizni kitobdan boshlagan edim. Yana bir bor kitob haqida to'xtalmoqchiman. Ayniqsa, nabiralarimning kitob o'qishlarini, orzu-umid bilan yashashlarini ko'rib, xursand bo'laman. Bugungi yoshlarga kitob o'qishni har lahzada eslatib turish kerak. Chunki kitob o'qimagan bolaning miyasida ma'naviy bo'shliq paydo bo'ladi. Kitob esa odobni, izzat-hurmat va ma'naviyatni, madaniyatni o'rgatadi…
— Ustoz, bugungi bolalar haqida, ularning tarbiyasi bobidagi fikrlaringiz…
— Bolalarning turli xalqona o'yinlar bilan shug'ullanishlari uchun keng yo'l ochish kerak deb o'ylayman. Men 17 yoshimda shashka sporti bo'yicha viloyat chempioni bo'lganman. Bu o'yinning nafini shu bugungacha ko'p bora his qilganman. Har bir bola — bir dunyo. Ularning qalbiga kirish, ularni tinglash, o'ylari bilan qiziqish shart. Miyasida nimalarni fikrlayotganini bilish, nimaga qiziqayotganini his qilish, ularga yanada yaqinroq bo'lish juda muhimdir!
— Sotimboy og'a, samimiy suhbatingiz uchun katta rahmat. Umringiz uzoq, salomatligingiz mustahkam, ijodiy yutuqlar yor bo'lsin!
Suhbatdosh: Feruza TANGRIBERGANOVA,
“Hurriyat” muxbiri.
